Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Isroil munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston–Isroil munosabatlari

Oʻzbekiston

Isroil

Oʻzbekiston — Isroil munosabatlariIsroil davlati Oʻzbekiston mustaqilligini tan olganidan keyin ikkala mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar uchun huquqiy negiz yaratishga kirishildi. 1994-yildan investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoya qilish, havo qatnovi, avtotransport va sayyohlikni rivojlantirish xususida bitimlar imzolandi. 1997-yil aprelda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining Isroilga rasmiy tashrifi chogʻida madaniyat, fan va ma-orif sohasidagi hamkorlik haqida bitim tuzildi.

1998-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning Isroilga tashrifi davomida hamkorlikning turli jihatlariga oid 8 ta shartnoma imzolandi. Hukumatlararo oʻzbek-isroil savdo-iqtisodiy komissiyasi ish boshladi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 2000-yilda 27,1 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Isroil dastlabki yillarda Oʻzbekistondan, asosan, qimmatbaho toshlar, roʻzgʻor paxtasi, kigiz xarid qilgan boʻlsa, keyinchalik ularning yoniga paxta tolasi va gazlama, kimyoviy mahsulotlar ham qoʻshildi. Oʻzbekiston esa undan mexanik va elektr asbob-uskunalar, qora metall, plastmassa va ulardan yasalgan buyumlar, optika apparatlari, qandolat mahsulotlari, kofe, choy, goʻsht va baliq mahsulotlari, sport anjomlari, doridarmon, oʻyinchoqlar xarid qiladi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida Isroil firma va kompaniyalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 1994-yildan buyon Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanining Ahmad Yassaviy nomidagi xoʻjaligida 46 ga yerda tomchilatib sugʻorish usulining ilgʻor texnologiyasi joriy etilishi sabzavot va kartoshka hosildorligini 3 baravar oshirdi. Oqqoʻrgʻon tumanidagi „Oqqoʻrgʻon“ xoʻjaligida qurilgan kichik sut zavodi 9 xil mahsulot beradi. Yemxashak sexi va 2 ta xususiy chorvachilik fermasi qurib ishga tushirildi, ular uchun zarur asbob-uskunalar keltirildi. 1998-yil iyunida Toshkent viloyati Qibray tumanida sutni qayta ishlab, turli mahsulotlar ishlab chiqradigan oʻzbekisroil-amerika „Turon-97“ qoʻshma korxonasi ishga tushirildi. Isroilning „Zeraim Gedera“ va „Netafim“ kompaniyalari bilan hamkorlikda Isroil paxta na-vlarini yetishtirishga kirishildi. Oʻzbekistonning bir qancha tumanlarida Isroilning "Marav" firmasi asbob-us-kunalari asosida 15 ta kichik sut zavodi kurish ishlari boshlab yuborildi. Ularning har biri smenada 1, 1,5, 2 ming litr sutni qayta ishlaydi; qurilish mablagʻini Isroil banklari beradi. „Netafim“ kompaniyasining „Qoraqalpoqissiqxona“ birlashmasi bilan 120 ga yerda tomchilatib sugʻorish usulida pomidor yetishtirish va tomat pastasi ishlab chiqarish uchun tuzgan shartnomasiga binoan 4,67 mln. dollarlik texnologiya jihozlari keltiriladi. Irrigatsiya ilmiy tadqiqotlar instituti va Isroilning „Plastro Texnoloji“ firmasi tomonidan tuzilgan „Saniplast“ Oʻzbekiston-Isroil qoʻshma korxonasi turli ekinlarni, jumladan, gʻoʻzani sugʻorishda tejamli texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirish bilan shugʻullanadi.

1996-yildan Isroilning "M.A.D" firmasi bilan parrandachilik sohasida kurka goʻshti yetishtirishning intensiv texnologiyasini amalga oshirishga kirishildi. 8 mln. AQSH dollari turadigan loyihani bajarish uchun Isroilning „Diskont“ banki 6,8 mln. dollar beradigan boʻldi. Bu pulga texnologiya uskunalari, veterinariya preparatlari, ozuqa qoʻshimchasi va zotdor kurkalar keltiriladi. 6 ta broyler parrandachilik fabrikasini kurkachilik fabrikasiga aylantirish, kurka goʻshti yetishtirishni yiliga 12 ming t ga yetkazish koʻzda tutilgan. Kelgusida 15 ta parrandachilik fabrikasini qayta jihozlash va namunali sutchilik majmuini barpo etish rejalari bor.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Isroilning „Metek“ kompaniyasi bilan amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Mis saralash fabrikasi chiqitlarini qayta ishlaydigan qoʻshma korxona barpo etish, reniy va osmiy kabi nodir metallarni ajratib oladigan sanoat kurilmalari oʻrnatish ishlari nihoyasiga yetay deb qoldi. Pochta va telekommunikatsiya tarmogʻida ham qamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. 1997-yil martda „I Si Ai Telekom“ kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, yer sunʼiy yoʻldoshlari orqali ishlaydigan telefon stansiyasi va Toshkent telefon-telegraf stansiyasi uchun asbob-uskunalar keltirib oʻrnatildi.

Oʻzbekistonda Isroil sarmoyasi ishtirokidagi 45 korxona roʻyxatga olingan. Ular qishloq xoʻjaligi mahsulotini qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlari va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish, savdo-sotiq bilan shugʻullanadi.

Isroil Samarqanddagi „Sharq taronalari“ festivallarida qatnashib kelayotir. Toshkentda 2 ta foto koʻrgazma uyushtirdi, Toshkent Yosh tomoshabinlar teatri ishtirokidagi "Humo" festivalida qatnashish uchun 3 ta teatr gu-ruhini yubordi. Yosh tomoshabinlar teatrining badiiy rahbari Nabi Abdurahmonov Isroilga borib, Bet-Svi teatr maktabi bilan birgalikda spektakllar sahnalashtirdi. Maorif va fan arboblari delegatsiyalarining oʻzaro tajriba almashishlari yoʻlga qoʻyilgan.[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil