Kontent qismiga oʻtish

Oq Shayx bobo qasri (qoʻrgʻoni)

Koordinatalari: 41°22′49″N 60°21′28″E / 41.380167°N 60.357689°E / 41.380167; 60.357689
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oq Shayx bobo qasri
Oq Shayx bobo qoʻrgʻoni
Umumiy maʼlumot
Maqomi Arxeologiya yodgorligi
Turi Qasr
Manzili „Ichan qalʼa“ MFY, Boltayeva koʻchasi, 41-uy
Shahar Xiva shahri
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°22′49″N 60°21′28″E / 41.380167°N 60.357689°E / 41.380167; 60.357689
Qurilishi boshlangan VI asrVIII asr
Qurilishi tugagan XVII asr
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Map
Oq Shayx bobo qasri xaritada

Oq Shayx bobo qasri (yoki Oq Shayx bobo qoʻrgʻoni) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi madaniy meros obyekti va arxeologiya yodgorligi. Obyekt VIVIII asrlarga tegishli boʻlib, bugungi kunda „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boltayeva koʻchasi, 41-uyda joylashgan.

Oq Shayx bobo qasri Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda Xorazm viloyati madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

Tarixi va foydalanilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oq Shayx bobo qasri Ichan qal’a hududida joylashgan Koʻhna Arkning ichida, gʻarbiy devoriga tutashgan holda bunyod qilingan. Rivoyatlarga koʻra, bu yer XIV asrda yashab oʻtgan Shayx Muxtor Valining ziyoratgohi boʻlgan va bu koʻshkda oq yaktak kiygan moʻysafid chol yashagan. Shuning uchun tepalik Oq Shayx bobo nomi bilan atalgan. Aslida, tepalik xon saroyining kuzatuv nuqtasi boʻlib xizmat qilgan, chunki bu yerdan shahar hududi va tashqarisi yaqqol koʻrinib turadi. Ikkinchi qavatda harbiy qurol-yarogʻlar saqlanadigan katta xona va uning pastida porox, oʻq-dori saqlanadigan ombor boʻlgan. Tepalik saroy gʻarbiy devorini qoq oʻrtasidan ikkiga ajratib turadi. Janub tomonida xon qabulxonasi va davlat idoralari, shimol tomonda esa haram joylashgan. Haramda xon oilasi istiqomat qilgan va unda tugʻruqxona ham mavjud boʻlgan. Haram bilan qabulxona orasidagi qum toʻshalgan maydonda xon uchun turli xil otlar koʻrgazmasi, sport musobaqalari, ot sporti, qoʻchqor va tuya urishtirish tomoshalari koʻrsatilgan. Zaruriyat tugʻilgan paytda bu yerdan qurol-yarogʻ ham tarqatilgan[3].

1984—1985-yillarda Xivani oʻrgangan arxeologlar M. Mambetullayev hamda V. Yagodinlar boshchiligida Oq Shayx Bobo tepaligi yonida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida olingan maʼlumotlarga koʻra tepalik VI—VIII asrlarda bunyod qilingani aniqlangan. Bu inshootni qurishda kvadrat shakldagi (35—39x35—39x8—9 sm) xom gʻishtlardan foydalanilgan boʻlib, bunday hajmdagi va koʻrinishdagi gʻishtlardan Xorazmdagi ilk oʻrta asr binolarining qurilishida keng foydalanilgan. Qasrni oʻrganish vaqtida topilgan sopol buyumlar ham Xorazmning ilk oʻrta asrlar yodgorliklariga oʻxshaydi. Tadqiqotchilarning xulosalariga koʻra bu tepalikda qal’a ichida barpo etilgan ilk oʻrta asrlarga xos boʻlgan mustahkam feodal qoʻrgʻoni boʻlgan. Bunday kvadrat shaklidagi qoʻrgʻon (11,5x11,5 m) Ichan qal’aning janubiy-sharqiy burchagida ham mavjud boʻlgan. Qal’a ichida shunga oʻxshash mustahkam qoʻrgʻonlarning soni qancha boʻlganligi yoki ular ilk oʻrta asrlar shahrining ajralmas qismi boʻlganmi, hozircha bu maʼlum emas[4].

Oq Shayx bobo qasri XVII asrning boshlarida qaytadan taʼmirlangan. Tepalikda saqlanib qolgan ikki qavatli uying xarobalari soʻnggi davrda qasrning kuzatuv minorasi vazifasini bajarganligidan dalolat beradi. Xiva xoni shu yerda xorijlik mehmonlarni qabul qilgan. Qasrdagi kumush bilan bezatilgan yogʻoch taxt bugungi kungacha saqlanib qolmagan. Shuningdek, qasrda gʻazna va nodir qoʻlyozmalar saqlanadigan kutubxona ham mavjud boʻlgan[5]. Tepalikning ichki xonalarida XIX asrda toʻp quyish ustaxonasi va porox saqlanadigan ombor mavjud boʻlgan. Bino 1991-yilda ham qayta taʼmirlangan va bugungi kunda sayyohlar qasrning baland ayvoni orqali shaharni tepadan tomosha qilish imkoniyatiga ega[4].

Vayangan bobo maqbarasi

Poyanda maqbarasi

Yusuf Hamadoniy maqbarasi

Tugʻon Turk maqbarasi

Uch avliyo maqbarasi