Otajonboy madrasasi
Madrasa | |
Otajonboy madrasasi
| |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Xorazm |
Shahar | Xiva |
Manzil | Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 23-uy |
Maktab yoʻnalishi | sunniy |
Mulkdor | Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida |
Madrasa turi | Kichik |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik tashabbuschisi | Otajonboy |
Homiylar | Otajonboy |
Asosiy sana: | |
Maqomi | davlat himoyasida |
Umumiy maydoni | 19,9x17,25 m |
Otajonboy madrasasi (yoki Otajon boy madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyatining Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Madrasa 1884-yilda xivalik mulkdor shaxs Otajonboy mablagʻi hisobiga qurilgan. Bugungi kunda u „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 23-uyda joylashgan.
Otajonboy madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1842-yilda Xiva xonligi hukmdori Olloqulixon Xivaning bir qismini maxsus devor bilan oʻrashni buyurib, shaharning bu qismini „Ichan qalʼa“ deb atagan. XIX asrda Xivada koʻplab madrasa va masjidlar qurilgan. Mashhur madrasalar qatorida binosi badiiy usulda bezatilgan Otajonboy madrasasi ham bor. Otajonboy madrasasi Xivadagi Mozori Sharif madrasasining yonida qad rostlagan. U 1884-yilda xivalik mulkdor Otajonboyning tashabbusi va mablagʻlari evaziga bunyod etilgan. Madrasa Pahlavon Mahmud majmuasidagi oxirgi qurilgan imoratlardan biri hisoblanadi. Yuqoridan qaralganda uning shakli sharqdan gʻarb tomonga koʻndalang choʻzilib borgan, janubida joylashgan devoridagi tashqi kirish eshigiga nisbatan assimetrik toʻrtburchakka oʻxshab koʻrinadi.
Otajonboy madrasasi va Mozori Sharif madrasasi oʻrtasida ichki yoʻlak bor. Ushbu ikki madrasa bir-biriga yaqin joylashganligi sababli yagona majmuaga oʻxshab koʻrinadi[3].
Madrasa 1970—1980-yillarda qayta taʼmirlangan. Bugungi kunda unda amaliy sanʼat – yogʻoch oʻymakorligi ustaxonasi faoliyat olib bormoqda[4].
Qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Madrasa murakkab tarhli (19,9x17,25 m) qilib qurilgan boʻlib, peshtogʻi janub tarafga qaragan. 2 qanoti guldasta bilan bezatilgan. Peshtoq orqali gumbazli miyonsaroyga kiriladi. Kichik hovli (5,65x11,0 m) atrofi hujralar bilan oʻralgan. Masjid gumbazi tomli, bagʻali, qalqonsimon. Bagʻali va janubiy devordagi mehrobga muqarnaslar ishlangan. Hujralar balxi gumbazli[4]. Kirish dahlizi gumbaz bilan bostirilgan boʻlib, shu dahlizdan hovliga chiqiladi. Madrasaning maxsus oʻquv xonasi boʻlmaganligi sababli uning vazifasini bittagina janubi-gʻarbiy tarafdagi katta xona bajargan boʻlishi kerak[5].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Matniyoz Devonbegi madrasasi
- Matrasulboy Mirzaboshi madrasasi
- Yusuf yasovulboshi madrasasi
- Arab Muhammadxon madrasasi
- Muhammad Amin inoq madrasasi
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ „Xiva — Otajonboy madrasasi“. 2024-yil 29-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.
- ↑ 4,0 4,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Otajonboy madrasasi“. Qaraldi: 2023-yil 24-oktyabr.