Kontent qismiga oʻtish

Toʻrtkoʻl tumani

Koordinatalari: 41°33′0″N 61°0′0″E / 41.55000°N 61.00000°E / 41.55000; 61.00000
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(To'rtko'l Tumanidan yoʻnaltirildi)
Toʻrtkoʻl tumani
Toʻrtkuʼl rayonı
tuman
Tegishli Qoraqalpogʻiston
Maʼmuriy markazi Toʻrtkoʻl
Asos solingan sanasi 1927-yil 13-iyul
Rahbari Rustam Shamuratov[1]
Xaritada
Toʻrtkoʻl tumani xaritada
41°33′0″N 61°0′0″E / 41.55000°N 61.00000°E / 41.55000; 61.00000

Toʻrtkoʻl tumani (qoraqalpoqcha: Toʻrtkuʼl rayonı, Төрткүл районы) — Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tuman. 1927-yil 13-iyulda To'rtko'l shahri nomi bilan qayta tashkil etilgan. Gʻarbdan Ellikqalʼa tumani, janubi-gʻarbdan Xorazm, sharqdan Navoiy va Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni — 7,48 ming km2. Aholisi — 224,7 ming kishi (2023-y. 1-yanvar). Tumanda 1 shahar (Toʻrtkoʻl), 14 qishloq (ovul) fuqarolari yigʻini (A. Durdiyev, Jambasqala, Kaltaminor, Koʻkcha, Otauba, Oxunboboyev, Oqboshli, Oqqamish, Paxtachi, Tozabogʻyop, Ullubogʻ, Chubukli, Shoʻraxon, Qumboskan) bor. Markazi — Toʻrtkoʻl sh..

Tuman hududi Amudaryoning oʻng sohilida, past-baland tekislikda (169–206 m) joylashgan. Shimoli-sharqiy va shimoliy qismi Qizilqum choʻli bilan band. Bir qancha shoʻr koʻllar (shimoli-gʻarbida Suvyorgan, shimoli-sharqida Soʻkkili, shimolida Jumaketgan va boshqalar) bor. Suvyorgan koʻlidan sharqda katta maydonlar shoʻrxoklardan iborat. Tuman hududi, asosan, Paxtaarna (27,5 km), Bogʻyop (9,0 km), Kaltaminor (72,0 km), Oqboshli (18 km), Shoʻraxonep (10,0 km), Yonboshqalʼa (45,5 km), Arazqalʼa (17,0 km), Amirobod (9,0 km), Bitleu (24,7 km), Boʻzyop (18,0 km), Beton (31,0 km) kanallaridan sugʻoriladi. Zax suvlar 433,3 km uzunlikdagi 21 ta kollektor sistemasi orqali tuman hududidan chiqariladi. Tuproqlari shoʻrxok, qumloq, boʻz tuproqlardan iborat. Yovvoyi oʻsimliklardan jiyda, turangʻil, tol, saksovul, yulgʻun, yantoq, qamish, oqbosh, shoʻra, ajriq oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyaboʻri, qobon, quyon, toshbaqa, jayran, ondatra, yumronqoziq, kaltakesaklar; qushlardan qirgʻovul, chumchuq, toʻrgʻay, qargʻa, boyoʻgʻli va boshqa bor.

Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati —4,9°, eng past harorat —28°, —35°, iyul oyining oʻrtacha harorati 28,2°, eng yuqori harorati 44°. Yillik yogʻin 100 mm. Vegetatsiya davri 150—200 kun.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (62%), turkmanlar (23,8%), qozoqlar (9%), qoraqalpoqlar (5,5%), shuningdek, rus, tatar, ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi oʻrtacha 1 km2 ga 21,5 kishi. Shahar aholisi — 84,7 ming kishi, qishloq aholisi — 140,0 ming kishi (2023-y.).

Tuman iqtisodiy negizini paxtachilik tashkil etadi. Shu sababli tuman sanoati ham paxta xom-ashyosini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Toʻrtkoʻl tumanida 7 sanoat korxonasi, jumladan, paxta tozalash zavodi (Toʻrtkoʻl), asfalt va temirbeton zavodlari, Uzbekistan—Turkiya—Amerika „Toʻrtkoʻlteks“ qoʻshma korxonasi, „Toʻrtkoʻlmoy“, „Toʻrtkoʻlyogʻ“ qoʻshma korxonalari, 13 aksiyadorlik jamiyati, 228 kichik va oʻrta xususiy korxonalar, aholiga xizmat koʻrsatuvchi kichik korxonalar va boshqa bor.

Chorvachilik, ipakchilik, bogʻdorchilik sabzavot va polizchilik ham rivojlangan. Tumanda paxtachilikka ixtisoslashgan 11 ta shirkat, 4 ta dehqon-fermer xoʻjaliklari uyushmalari; qorakoʻlchilikka ixtisoslashgan „Qizilqum“ chorvachilik xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi.

Tumanda 580 dan ziyod fermer xoʻjaligi boʻlib, ular dehqonchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Paxta yetishtirishning 40%, gʻalla yetishtirishning 40%, sabzavot-poliz mahsulotlarining 60—70% fermerlar hissasiga toʻgʻri keladi. Jami 22,2 ming ga maydonda dehqonchilik qilinadi. Ekin maydonlariga paxta, kartoshka, sabzavot va poliz, ozuqa ekinlari ekiladi. 218 ga yer bogʻlar bilan band, shundan, 178 gektari mevazor. Oʻrmonlar — 49,8 ming ga. Shirkat va fermer xoʻjaliklarida 7,7 ming qoramol (shundan 2,2 mingdan ziyod sigir), 30,1 ming qoʻy, 1,2 ming yilqi, 682 tuya boqiladi.

Avtomobil yoʻllari uzunligi 1152 km (shundan asfalt yotqizilgani 308 km), temir yoʻl 140 km. Tuman hududidan Amudaryo oqib oʻtadi (tuman hududidagi uzunligi 50 km). 65 umumiy taʼlim maktabida 36,6 ming oʻquvchi taʼlim oladi (2004). 6 kasb-hunar kolleji (bank, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, sanoat-transport, maishiy xizmat, yengil sanoat), sil kasalligini davolash sanatoriy maktab-internati (240 oʻquvchi) faoliyat koʻrsatadi.

Tumanda 12 klub muassasasi, 10 madaniyat uyi, xalq teatri, 34 kutubxona, 2 oʻlkashunoslik muzeyi, 2 uymuzeyi, sanʼat maktabi, kasalxona (625 oʻrin), 2 tibbiy dispanser (95 oʻrin), 4 qishloq uchastka kasalxonasi, 22 vrachlik davolash profilaktika shoxobchasi va boshqa tibbiy muassasalarda 270 vrach ishlaydi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli sanatoriysi (80 oʻrin, A. Durdiyev xoʻjaligida) mavjud.

Tumanda (1933-yildan „Doʻstlik bayrogʻi“) 2004-yildan „Toʻrtkoʻlnoma“ (oʻzbek tilida, adadi 3000), „Meken“ (turkman tilida, 2004-yildan, 2001-yil 1-yanvardan „Oydin yoʻl“, adadi 1000) gazetalari chiqadi.