Kontent qismiga oʻtish

Tusiy Nosiriddin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tusiy Nosiriddin
Tavalludi 1201-yil 18-fevral
Vafoti 25-iyun 1274-yil(1274-06-25)
(73 yoshda)
Fuqaroligi Xorazmshohlar davlati, Abbosiylar, Ismoiliylar davlati va Hulokuiylar davlati

Tusiy Nosiriddin (toʻliq ism sharifi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Muhammad ibn Hasan Nosiriddin Tusiy) (1201-yil 17-fevral, hozirgi Eron — 1274-yil 25-iyun, Bagʻdod) — oʻrta osiyolik astronom va matematik olim.

Eronda Koʻhistonning ismoiliylar hokimi Nasriddin Muhtasham saroyida xizmat qilgan. „Axloqi Nosiriy“, „Tajrid“ kabi asarlari Sharqda keng tarqalgan. 1256-yilda Eronga bostirib kirgan moʻgʻul istilochilari boshligʻi Huloku saroyiga xizmatga olingan. Tusiy oʻzining mavqeyidan foydalanib, Yaqin Sharq va Oʻrta Sharq madaniyatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan. 1259-yilda Marogʻa rasadxonasi qurilishiga rahbarlik qildi, atrofiga turli mamlakat olimlarini toʻplab, Marogʻa ilmiy maktabini yaratgan. Bu rasadxonada oʻsha davrning mukammal astronomik jadvallaridan biri „Ziji Elxoniy“ tuzilgan.

Tusiy matematika faniga ham katta hissa qoʻshgan olim. „Tahriri uklidis“ (Yevklid „Negiz“lariga qoʻshimchalar) asarida Yevklidning 5 postulatini isbotlashga urinib, noyevklid geometriyaning ayrim teoremalari va aksiomalarini taʼriflagan. „Shaklulqittaʼ“ („Trigonometriya asoslari“) asarida trigonometriyani mustaqil soha sifatida bayon qildi. Bu asar trigonometriyaning Yevropada tarqalishida asosiy oʻrin tutgan. Tusiyning mineralogiya, tibbiyot, fizika, mantiq (logika), falsafa va boshqa sohalarga oid asarlari ham maʼlum. Koʻpgina yunon olimlari asarlarini arab tiliga tarjima qilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar fondida Tusiy asarlarining 20 dan ortiq noyob nusxalari bor.