Kontent qismiga oʻtish

Uz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Uzlar (qavm)dan yoʻnaltirildi)

Uz — qadimiy turkiy qavm. VII—VIII asrlarda Yettisuv va Sirdaryoning oʻrta oqimlarida yashab, Turk xoqonligi va Qarluqlar davlati tarkibida boʻlishgan. Ularning bir qismi gʻarbga siljib, VIII asrning oxirida Orol dengizining janubi-sharqiy hududlariga borib oʻrnashgan va oʻgʻuzlar tasarrufida boʻlib kelgan. Oʻgʻuzlarga tobe boʻlishni xohlamaganlari Orol dengizining shimoli-sharqiy mintaqalariga (Ili va Emba daryolari oraligʻiga) borib oʻrnashgan. 760-yillarda oʻgʻuzlar uzlarga hujum qilib, Sirdaryo va Orol dengizi vohalarini egallab, Uzlarning bir qismini boʻysundirgan. IX asrning oxiri — X asrning boshlarida uzlar siyosiy hayotga faol aralashib ketgan. Uzlar haqidagi maʼlumotlar X asrning arab geofafi Masʼudiy, XI asr arman tarixchisi Matvey Edisskiyning asarlarida tilga olingan. Uzlar Kaspiy dengizining shimolida yashovchi xazarlar bilan ittifoq boʻlib, Volga va Ural daryolari oraligʻida joylashgan bijanaklar (pecheneglar) va qangʻlilarga hujum qilishgan va bu yerlarni bosib olishgan.

Uzlar 1030-yillarda Dnepr va Dunay daryolari oraligʻiga borib joylashgan. Bu hududni 1060-yil Rus knyazlari birlashib egallaganlar, natijada uzlarning asosiy qismi gʻarbga — Muqaddas Rim imperiyasi yerlariga koʻchgan (yunon tarixchilarining maʼlumotlariga kura, uzlar soni 600 ming kishiga yetgan), kichik bir qismi esa, Kichik Osiyoga, Usmonli turklarga qoʻshilib singib ketgan. Keyinchalik uzlarning bir qismi yana ham gʻarbga siljib, Janubiy Rus choʻllari orqali Gʻarbiy Yevropaga (Yunoniston va Vengriyaga oʻtib ketganlar. Uzlarning keyingi avlodlari — gagauzlar hozir ham Moldaviya, Ruminiya va Vengriyada yashaydi. Uzlarning Janubiy Rus choʻllari va Dashti Qipchoqda qolgan guruhlari qipchoqlar tarkibiga kirgan. XV—XVIII asrlar davomida Dashti Qipchoqdagi uzlar hozirgi Oʻzbekiston hududiga kelishgan. Ular oʻtroqdashish jarayonida oʻz urugʻ-qabila nomlarini unutib, oʻzbek xalqi tarkibiga singib ketganlar. Kichik bir guruhi esa XX asrning boshlarigacha oʻzlarining etnik nomlarini saqlab qolganlar. Uxlar, asosan, chorvachilik bilan shugʻullangan, keyinchalik dehqonchilik ham ularning mashgʻulotiga aylangan. Uzlarning avlodlari, asosan, Zarafshon vohasining oʻrta oqimlarida — Payariq tumani (qora uz), Navoiy tumani, Nurobod tumanining Ulus xoʻjaligida yashaydi. Uzlarning katta qismi Qarshi choʻlidagi Koʻkdala, Harduri, Taloqtepa, Olatoʻn, Oʻtamali, Sufi, Xushali, Moylijar, Shoʻrbozor va boshqa qishloqlarda yashaydi.




__LEAD_SECTION__

[tahrir | manbasini tahrirlash]