Yerqoʻrgʻon (shahar xarobalari)
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Qadimgi Naxshab, Nashebolo, Nasaf nomlari bilan mashhur shaharning qadimgi xarobalari hozirgi Yerqoʻrgʻonda joylashgan boʻlib, hozirgi Shayxali bekati hududida zamonaviy Qarshi shahri maʼmuriy hududining shimoliy chegaralaridan bir yarim kilometr uzoqlikda joylashgan.
Yerqoʻrgʻonning joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yerqoʻrgʻonning hududi ichki va tashqi devorlari chegarasida eski shahar xarobalaridan iborat boʻlgan turli xil kattalikdagi balandliklar bilan oʻralgan. Eng katta balandlik hukmdor qasri ekanligi maʼlum boʻldi. shuningdek, sitadel (qal'a ichidagi qo'rg'on), shahar ibodatxonasi, maqbara, zardushtiylik ibodatxonasi, hunarmandlar mahallalari qazib olindi. Yerqoʻrgʻon atrofida, butunlay yoʻqolib ketgan, oʻzaro zich joylashgan shahar oldi imoratlar boʻlgan va ilk ming yillikning birinchi yarmida keng jihozlangan shahar oldi hududi g'arbga tomon Qashqadaryo daryosi sohillarigacha choʻzilgan. Yerqoʻrgʻondagi shahar VI asrda eftalitlar davlatini ishgʻol qilish davomida Turk xoqonligi va eron sosoniylarining birlashgan kuchlari tomonidan yoqib yuborilgan va vayron qilingan.
Yerqoʻrgʻon shahri qazilmalaridan olingan koʻplab buyumlar toʻplami Qarshi vohasi hamda poytaxt shahri tarixi va madaniyati bir necha bosqichda rivojlanganligini isbotlashga yetarli asos boʻla oladi.
Shaharning tashkil topishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Vohaning dastlabki markaziy shahri mil. avv. VIII-VII asrlarga kelib ilk marta himoya devorlari bilan oʻraldi. Bu devor keyinchalik buzilib ketgan boʻlib, uning qoldiqlarini kulollar mahallasining eng quyi qismidan topishga erishildi. Er. Av. VI asrda shaharlar kengayib, yangi devor qurildi. Eski devor shahar ichida qolib ketdi va keraksizligi tufayli kulollar tomonidan sopol idishlar tayyorlash uchun loy sifatida ishlatila boshlandi. Shuningdek, bu yerda Yerqoʻrgʻon shahri tarixining intihosigacha faoliyat koʻrsatgan kulollar mahallasi paydo boʻldi. Qadimgi devor, aniqrogʻi, uning qoldiqlari eramizning boshlariga kelib, kulollar mahallasi madaniy qoldiqlari ostida koʻmilib ketdi. Yerqoʻrgʻonda qadimiy devor, aniqrogʻi uning qoldiqlari eramizning boshlariga yaqin kulollar hududi madaniy qatlami ostida toʻliq koʻmilib qolgan edi.
Qadimiy Yerqoʻrgʻon shahri tarixi haqida biz yana quyidagilarni aytishimiz mumkin: Qashqadaryo daryosi vodiydan vohaga kirib kelishida bir qancha irmoqlarga boʻlinar va quruq deltani hosil qilar edi; deltadan oqib oʻtuvchi irmoq chap qirgʻogʻining quyi qismida miloddan avvalgi VIII-VII asrlarda tarqoq holdagi dehqonlarning istiqomat joylari, yaʼni qishloqlari paydo boʻla boshladi. Uning markaziy qismi himoya devori bilan oʻralgan. Shu yoʻl bilan Qashqadaryo vohasining eng dastlabki poytaxt markazlari vujudga kelgan.
Eramizdan oldingi 1 ming yillikning oʻrtalarida shahar tobora kengayib borgan. Yangi himoya devorlarining baʼzi yerlari 8 metrgacha balandlikni saqlab qolgan boʻlib, asosi 3 metr qalinlikka ega boʻlgan. Qalin va baland devorlar shaharni sak otliqlaridan himoya qilar, ammo devor buzuvchi qurollarga qarshilik qilolmas edi. U 40 gektar maydonga yaqin hududni oʻrab olgan edi. Bu davrda Qarshi vohasida ham So'g'd va Baqtriyadagi kabi konus shaklidagi silindrik kulolchilik idishlari keng tarqalgan edi. Ushbu idishlar sekin harakat qiluvchi kulolchilik uskunalarida yasalar edi.
Zahoki Moron qal’asi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Miloddan avvalgi II asrda Qarshi vohasida, Yerqoʻrgʻondan janubroqda Qarshi shahrining temir yo'l vokzali yaqinida katta qalʼa – Qalʼai Zaxoki Moron bunyod etiladi. Qalʼaning markaziy qismida to'rtburchak shakldagi ulkan qasr mavjud boʻlib, u taxminan 100x100 m hududga va 15 metrgacha balandlikka ega boʻlgan. u 200x200 m li birinchi qator devori bilan oʻralgan boʻlib, ikkinchi qator esa 400x400m hududga ega boʻlgan. Uchinchi (saqlanib qolmagan) qator, akademik M.Ye. Masson fikricha, 1.5x1.5 km hududga ega boʻlgan. Ushbu uchinchi qator devorlarini M.Ye. Masson revolyutsiyadan oldingi topografik xaritalar yordamida tiklamoqda. Minora ham devor kabi mil. Av. V-IV asrlarda bir necha marotaba qayta qurilgan. Zahoki Moron qalʼasining oʻz arxitektura prototipi skiflarning babaishmulla qalʼasi boʻlib, u sharqiy orolboʻyida joylashgan chirikrabot madaniyatiga tegishli hududdan topilgan. Zahoki Moron qalʼasi hududi va uning gipertroflangan fortifikatsiyasi bu yerda Soʻgʻdning yangi xonliklariga oid qurilishlar mavjud boʻlganini koʻrsatib turadi. Ularning hukmronlik doirasi naxshabdan ham oʻtib ketib, butun Soʻgʻd hududlarigacha yoyilgan. Yerqoʻrgʻondagi shahar oʻzining ellinlashgan madaniyati bilan birga Qarshi vohasining hunarmandchilik, savdo va madaniyat markazi rolini saqlab qolgan edi. yangi hokimlarning Yerqoʻrgʻonga eʼtibor berayotganligi haqida shu narsa dalolat beradiki, shahar kattalashib borar edi, u ikkinchi himoya devori bilan oʻrab olinadi va bu devor 150 gektarga yaqin hududni tashqi xavfdan saqlab turar edi. Yerqoʻrgʻon tashqi devori asosi 8 metr qalinlikda boʻlib, har 60 metrda yarim doirali minoralar qurilgan edi. Devorning tepa qismida devor ichi koridori, oʻq-yoychilar xonalari mavjud boʻlgan.
Yerqoʻrgʻonning shimoliy-gʻarbiy tomonida qazish ishlari olib borilganda shu davrga tegishli zardushtiylik ibodatxonasi ham topildi. Milodiy III asrdan boshlab Yerqoʻrgʻonda shaharsozlik yangi sifat bosqichiga koʻtariladi. Yerqoʻrgʻonda katta hajmdagi qurilish ishlari olib borilgan boʻlib, bu yerda shahar ibodatxonasi, hukmdor qasri, tsitadel bunyod etilgan hamda ichki va tashqi devor qayta taʼmirlangan. Kulollar va temirchilarning hududlari kengayib borgan.
Xionitlar va eftalitlar davrida Yerqoʻrgʻon markaziy osiyoning gullab-yashnagan shaharlaridan biri boʻlgan. Markaziy shahar atrofida shahar oldi aglomeratsiyasi tashkil topa boshlagan. Qarshi vohasining III-IV asrlardagi poytaxt markazida bunyod etilgan jamoat binolaring mohiyatiga toʻxtalib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Shahar infratuzilmasi murakkab koʻrinishga ega boʻla boshlaydi. U alohida birliklarga boʻlinar edi. Koʻchalar ibodatxona, qasr va tsitadelga olib borar edi. III-IV asr shahar tuzilmasi ikki qatlamli baland devor bilan chegaralangan boʻlib, jamoat binolari shakli bilan belgilangan. Ular shahar ijtimoiy hayotining yoʻnaltiruvchisi boʻlib, maʼmuriy,diniy hamda mudofaa markazlari hisoblangan. Yerqoʻrgʻonning kulollar va temirchilar mahallalarida bunyod etilgan inshootlarning oʻziyoq bu yerda shaharsozlik juda rivojlanganligidan dalolat beradi.
Shaharning vayron etilishi va inqirozi
[tahrir | manbasini tahrirlash]V asrda shahar yongʻin ostida qolgan, soʻngra esa yana qayta tiklangan. VI asrda esa shahar butunlay vayron boʻldi. Bu eftalitlarning turk hoqonlari va Eron sosoniylarining birlashgan qoʻshinlari bosqini natijasida hukmronlikni qoʻldan chiqarishi natijasida sodir boʻldi. Shundan soʻng esa VI asr oxiri VII asr boshlarida tashlandiq shahar xarobalari ustida kulollar mahallasi bunyod etiladi. Shahar ibodatxonasi qayta tiklandi. Biroq avvalgi iloh haykalchasi oʻrniga toʻgʻri burchakli olov mehrobi oʻrnatildi. Bu ibodatxonaning soʻngi davri VII asrda Keshda zarb etilgan tangalarda oʻz aksini topgan.
Yerqoʻrgʻondagi qazishmalarda muhim topilmalar bu davr toʻgʻrisida muhim ilmiy xulosalar chiqarishga toʻla asos boʻla oladi. Olimlar bularga asoslanib, qadimgi nahshabliklarning maʼnaviy dunyosiga sayohat qilishga muvaffaq boʻldilar. Samarali nazariy tadqiqotlar olib borgan olimlar Yerqoʻrgʻonliklarning goʻzallikka naqadar oshno boʻlganliklarini oʻz koʻzlari bilan koʻrdilar.
Qadimgi Qarshi vohasining aholisining qadimiy madaniyati, sanʼati va mafkurasiga tegishli boʻlgan topilmalar va kuzatishlar haqidagi hikoyani shundan boshlash kerakki, dastlabki temir davrida Soʻgʻdda ham baqtriyada ham mil. Av VII-V asrlarga tegishli shaharlar axolisining izlari topilmagan. Bu fakt olim va mutaxassislarni shunday fikrga olib keladiki, ular ilm-fanga allaqachon maʼlum boʻlgan murdani tashlab ketish kabi zardushtiylik odatini qoʻllaganlar. yunon-rim va arab manbalariga koʻra markaziy osiyo islom dinigacha zardushtiylikning makoni hisoblangan. Zardushtiylar oʻliklarni yoqishmagan xam, koʻmishmagan xam. Ular murdani balandliklar, qir-adirlarga tashlab ketishgan. Tana chirib bitgach, suyaklarni yigʻib olib ossuriy idishlariga solgan holda koʻmishgan. Ammo dastlab suyaklarga hatto tegishmagan boʻlsa kerak. Keyinchalik suyaklarni koʻmishni boshlaganlarida ham faqat kalla va yirik suyaklarni terib olishgan, xolos. Biroz vaqt oʻtgach zardushtiylar suyaklarni saqlash uchun maxsus bino – nauslar qurishgan. Nauslarda yiliga ikki marta Navroʻz va Mehrjon bayramida ajdodlar ruhiga bagʻishlab diniy marosimlar amalga oshirilgan. Bular Yerqoʻrgʻonning oʻziga tegishlidir. Bizga shahar aholisining qabrlari nomaʼlumdir. Yerqoʻrgʻonning qadimiy madaniy qatlamida olib borilgan qazishmalar natijasida baʼzi joylaridan ajralib ketgan inson suyaklari topilgan. Iskandar Zulqarnayn tarixchilarining xabar berishicha, Soʻgʻd bilan qoʻshni boʻlgan baqtriyada shahar devorlarining ichlari inson suyaklari bilan toʻla boʻlgan va faqat Iskandar davriga kelib bu odatga barham berilgan.
Yerqoʻrgʻonning monumentlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yerqoʻrgʻondagi shahar ibodatxonasi xarobalaridagi qazishmalar ostida yana ikkita inshootlarning qoldiqlari shaharga stratigrafik shurfni qoʻllaganda aniqlandi. yuqori qatlam ellin davriga tegishli boʻlib, pastki qatlam esa mil. Av. 1 ming yillikning oʻrtalariga tegishlidir. Olimlar III-IV asrda qurilgan ibodatxona shaharning qadimiyroq ibodatxona xarobalari ustida qad koʻtargan boʻlsa kerak, degan taxminga bordilar. bunga shu narsa dalolat beradiki, eng pastki inshootning ochilgan qismi gʻishtli platformadan iborat boʻlib odam boʻyi boʻlgan. Uni materikdan yupqa toshkoʻmir qatlami ajratib turadi. Bizga shu narsa maʼlumki, zardushtiylar oʻz diniy rasm-rusumlarini ochiq joylarda oʻtkazishgan. Ushbu muqaddas joy platforma ustida joylashgan boʻlib, u taxminan mil. av. 1 ming yillikka tegishlidir. Platforma ostida esa kul uyumi mavjud boʻlib, u maydonni tozalash natijasida yigʻilib qolgan.
Otashparastlar daxmasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zardoʻshtiylik oʻrta osiyo va Soʻgʻdda qadimdan mavjud boʻlgani toʻgʻrisida yozma manbalar guvohlik beradi. Bu maʼlumotlar Yerqoʻrgʻonda daxmani qazish ishlari olib borilganda oʻz isbotini topdi.
Yerqoʻrgʻon daxmasi – Soʻgʻdiyona antik arxitekturasidagi oʻz mohiyati va maqsadiga koʻra noyob toʻrt burchakli monolit shakliga ega boʻlgan, -gʻarbiy va sharqiy old tomonida ikki marosim maydoni mavjud boʻlgan shaklni eslatadi. Yerqoʻrgʻon daxmasini boʻrtma asosi oʻziga xos boʻlib, na Hindistondagi parslarning „jimlik minoralari“, na erondagi qoya sagʻanalari va ustunli yodgorlik inshootlariga oʻhshaydi. Biroq daxma arxitektonika va dekorining detallari etarli darajada qadimgi sharqiy va ellin arxitekturasida anʼanaviydir. Devorlarining bir maromda vertikal tarzda tekislab chiqilishi, asosiy zinaning konstruktsiyasi, daxma old tomoni devorining ustki qismini bezab turgan tishli merlonlar va bezakli toʻgʻri burchakli gʻishtchalar – bularning hammasi qadimgi sharq arxitekturasida, shuningdek, orol oldi sak qabilalarining qabr inshootlari va ellin shahri oyxonumdagi ibodatxona – yodgorlik arxitekturasida ham oʻz aksini topgan.
Daxmadan topilgan oz miqdordagi sopol material miloddan avvalgi II asrga oid. Daxma koʻp faoliyat koʻrsatmagan, u taxminan mil. av. II asrda xom -gʻisht bilan yopib tashlangan. Ehtimol u shahar tashqi devori barpo qilingandan soʻng bu ahvolga kelib qolgan boʻlishi mumkin, chunki u daxma toʻgʻrisidagi ilohiy qonunlarga amal qilgan holda amalga oshirilgan. Ushbu qonunlarga koʻra, bu kabi marosimlarni shahar kvartallari orasida oʻtkazish mumkin boʻlmagan. yuqoridagi maydon vayron qilingan. Gʻarbiy tomonda olib borilgan tozalash ishlari jarayonida ustki tomonidan gʻisht va tuproq aralashmasidan yopilgan oq ohakli qoplamalarning qoldiqlari topildi. Shu bilan birga, odam mayda suyaklari, tishlar, qimmatbaho taqinchoq va noyob sopol boʻlaklari topildi. Daxmaning sharqiy old qismidan esa odam bosh chanogʻining baʼzi qismlari va erkak kishining naysimon suyaklari joylashgan siniq xumcha topildi. Ikkinchi bosh chanoq gʻarbiy yon bagʻirning etagidan topildi. Daxmaning ustki qismida Soʻgʻdning yunon-baqtriyaliklardan tortib olgan mil. av. I asrda yashagan, kelib chiqishi saklardan boʻlgan Naxshab hukmdorlari sulosasiga talluqli boʻlgan kishilarning jasadi saqlangan va daxma ularga tegishli boʻlgan.
Fanda maʼum boʻlgan Hindiston va Eron parslarining daxmalari yangi davr va qisman oʻrta asrlar davriga mansub edi. Biroq 1940-yildayoq Xorazmdagi Chilpak tepaliklarida s.p. Tolstov tomonidan asosi aylana shaklida boʻlgan (er. III-IV asrlariga tegishli boʻlgan) daxma qoldiqlari topildi. Yerqoʻrgondagi daxma shunga oʻxshash boʻlgan eng qadimgi inshoot hisoblanadi. Eronda topilgan, suyaklari tozalangan qabrlar Axamoniylardan keyingi davrga oid boʻlib, ular Yerqoʻrondagi daxma bilan deyarli bir vaqtga tegishlidir. Xorazmning haykalsimon ossuariylari ham mil. av. IV-III asrlarga toʻgʻri keladi. Daxmalar bu vaqtgacha jasadlar saqlanadigan inshoot vazifasini oʻtamaganligi ehtimoldan xoli emas, chunki maʼlum va mashhur zardoʻshtiylik dafn marosimlari va u bilan bogʻliq rasm-rusumlar, koʻpchilik tadqiqotchilarning fikriga koʻra mil. av. II-I asrda tuzilgan videvdatada keltirilgan.
Eramizning III-IV asrlarida Nahshabda Marvlik Arshakiylar sulolasi vakillarining hokimiyat tepasiga kelishi va undan keyingi qabilalarning koʻchishi natijasida keskin etnomilliy oʻzgarishlar roʻy berdi. Ushbu davrda Marv va Nahshab oʻrtasida madaniy aloqalarning mavjud boʻlgani Yerqoʻrgʻon shahar ibodatxonasi va uning ustki qismida olib borilgan qazish ishlari natijasida oydinlashdi.
Sharqiy ibodatxona
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shahar markazida joylashgan ibodatxona kompleksi yonma-yon turgan va fasadlari janub tomonga qaragan ikki alohida binodan iborat boʻlgan. Sharqiy ibodatxona – keng xovliga chiquvchi katta toʻgʻri burchak shakliga ega boʻlgan janubida ikki ustunli ayvonli zal shaklida boʻlgan. U oldin mavjud boʻlgan bino xarobalarini yopib turgan baland gʻishtin platforma ustida joylashgan. Ayvon pastroqda joylashgan. Undan ham pastroqda xovliga kiraverishda janubga tomon pasayib boruvchi koʻndalang terassalardan iborat boʻlgan xovlining ustki qismi joylashgan. Ibodatxona milodiy III-IV asrlardan to VII asrgacha faoliyat koʻrsatgan, shu bilan birga u bir necha bor qayta qurilgan. Kamida besh marotaba yirik qayta qurishlar boʻlib oʻtgan. Biroq bir qatordagi ibodatxona, ayvon va xovlining umumiy rejasi oʻzgarmay qolgan. Ibodaxona (13,2x7,5 m) devorlarida gumbazsimon qubbali oʻyiqli tokchalar mavjud boʻlgan. Ustunlar ganchli qoplamaning qalin qatlamini yopib turgan boʻlib, ular tiniq qizil rangda boʻlgan. Devorlar va tokchalarda rang-barang yozuvlar boʻlgan, afsuski, ulardan deyarli hech narsa saqlanib qolmagan. Tokchadagi yozuvlardan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ular ichki bezakli ornamental xususiyatga ega boʻlgan. Devorlardagi yozuvlar esa lavhali shaklda boʻlgan. Boʻyoq qadimgi rassom tomonidan mayin alebaster suvogʻi ustidan oʻtkazilgan, baʼzi joylarda esa boʻyoq loy suvoq ustidan mohirlik bilan surilgan. Ibodaxona janubidagi peshayvonning hajmi 18,5x7,0 metr boʻlgan. Uning devorlari boʻylab qator-qator sufalar joylashgan. Ayvonning shimoliy devori qadamjoga kirishning uyachalari har ikki tomondan har birida kichik ustunli yirik tokchalarga ega boʻlgan. Tokchalar va ustunlar qizil rangga boʻyalgan, ayvonning devorlari yarim xromli yozuv bilan yozib chiqilgan, u ham deyarli saqlanmagan. Ayvonning tomi, ehtimol ikki qatordan qilib qoʻyilgan sakkiz ustunga tayangan.
Ayvonning shimoli – gʻarbiy burchagida marosim gulxanlari yoqiladigan toʻsiq bilan toʻsilgan – gʻarbiy maydonga chiqadigan yoʻlakcha joylashgan. Chamasi u yerda ibodatxonaning boshqa yerlarida yoqilgan gulxanlarning kuli saqlangan. Har bir yoqishdan soʻng kul albatta bir qator qurbonliklardan soʻng, loy va tuproq bilan yopib tashlangan. Gʻarbiy maydonda toʻplangan kulning qalinligi ikki metrga yetadi. U tuproq bilan qoplangan yupqa kul qatlamlardan iborat boʻlgan. Eng pastki gulxan butun maydonning ustki qismida kuzatildi. Uning markazida qalinligi loyli qatlam bilan 0,5 metrga teng. Unda tuproq va kul aralashtirilgan katta siniq xum topilgan. Kulning oldida jangchining qalqonidan qolgan koʻplab boʻlaklar topilgan, ular bilan bir qatorda kamon oʻqlarining uchlari va taqinchoqlar ham topilgan. Bu topilmalar orasidan toʻgʻri burchakli himoya minorasi va tuproq qoʻrgʻonning ikki qalʼa qismi va minoradagi nayzasimon tuynuk tasviri tushirilgan oltin nishona ajralib turadi. Kulning yuqori qatlamida qurbonlik qilingan hayvon suyaklari va siniq idishlar bilan birga yorugʻlik taratuvchi koʻplab asboblar topilgan.
Ibodatxona hovlisini qazish ishlari koʻrsatganidek, u qoʻshimcha binolar bilan oʻrab olingan edi. Mazkur binolar loy bilan toʻldirilgan maydondan koʻtarilib turgan maydoncha ustida barpo etilgan.
Sharqiy ibodatxonani qazish ishlari shuni koʻrsatadiki, u uzoq vaqt davomida oʻzgarishsiz faoliyat koʻrsatgan. ibodatxona poli va ayvonida taʼmirlash ishlari olib borilganligi natijasida suvoqning qalin qatlami vujudga kelgan. Ehtimol milodiy IV asrda ibodatxona qayta qurilgan boʻlishi mumkin. Ibodaxonada xudoning haykali turgan kirish qismining qarshisida turgan katta markaziy peshayvondan tashqari koʻplab boshqa peshayvonlar ham qurilgan. Sufalarda tashqi devorlarni mustahkamlovchi devorlar qurilgan. Ayvondagi polning sathi ibodatxona poli sathigacha koʻtarilgan. Ayvon ichida bir qatorda turli tipdagi ustunlar saqlanib qolgan. Asosning ikkinchi qatori janubiy qismda boʻlib, ular saqlanmagan. Ayvonda ibodatxonadan farqli oʻlaroq ustunlar asosi yogʻochdan boʻlgan. Ayvonda ham tokchalar qoʻyib chiqilgan. Tez orada uchunchi qayta qurish ham roʻy bergan. Bu jarayonda markaziy tokcha oxirigacha qad rostlagan va keng pogʻonali postament sufa qurilgan boʻlib, unda ilohning haykali mavjud boʻlgan, degan taxmin qilinmoqda.
Ibodatxonaning binosi qoʻshimcha ikki devor bilan uch alohida qismga boʻlingan; markaziy kirish qarshisida sanam turgan, oʻrta hajmdagi ibodatxona, yon tomonda esa xizmatkorlar uchun ikki tor bino mavjud boʻlgan. Ibodatxona polining sathi 70 santimetrga koʻtarilgan. Uchinchi qurilish jarayonida polning sathi ayvonda ilgarigidek saqlangan. Devor oldidagi sufalarning shakli oʻzgargan. III davr ohirida gʻarbiy maydondagi kulxona gʻisht va loy bilan yopib tashlangan va uning ustida IV-V qurilish davrida faoliyat koʻrsatgan qoʻshimcha binolar qurildi. Nisbatan yahshiroq saqlanib qolgan shimoli-sharqdagi kvadrat shaklidagi bino ichidagi xonadan turli xildagi sopol idishlar va bronza ashyolari topib olindi va ular ibodatxona faoliyatining oxirgi davri boʻlmish VI asrga tegishli ekanligi aniqlandi.
IV-V qurilish davridagi binolarni qayta qurish unchalik ahamiyatli emas edi va faqatgina ibodatxona bilan cheklanib qolgan, ayvon va hovli qismlari deyarli qayta qurilmagan.
Yuqorida qayd etilganidek, I-II davrga tegishli boʻlgan gʻarbiy maydon kuldonlaridagi keramikani oʻrganish natijasida uni III-IV asrlarga tegishli, deyishga asos bor. Uning faoliyati soʻnggi davri toʻgʻrisida Soʻgʻdning yangi davrdagi podshosi shishpira tangasi guvohlik beradi. ushbu tanga V davr qurilishi poli tepasidan topib olindi.
Bu yerda bir vaqtlar juda boy boʻlgan tasviriy sanʼat yodgorligidan, shuningdek, Yerqoʻrgʻoʻnning sharqona ibodatxonasidan deyarli hech narsa qolmagan. I qurilish davri yozuvlari II davrgacha boʻlgan uzoq faoliyat davomida deyarli koʻchib tushgan. Ayniqsa, II davr uchun ustun boʻlib xizmat qilgan devorlar buzilgach, I davr devorlari yuzasida boʻyoq dogʻlarigina qolgan edi. Biroq II davr tokchalaridagi yozuvlar yaxshi saqlangan. Ushbu tokchalar oq fonda chizilgan panjara tarzidagi rasmlar bilan bezalgan ornament shaklida jangchini tasvirlovchi fragmentlardan iboratligini namoyish etib turibdi. pastdan panjara tarzidagi bezaklar yarim aylanalar bilan oʻrab olingan. Asrab qolingan eng yirik fragment markaziy tokchaning yon devorchasidan topib olindi. Unda oq nimbalardan iz qolgan tabiiy kattalikdagi anfas tasviri koʻrinib turadi. Tasvir kengroq boʻlgan qora ramka bilan oʻrab olingan, xuddi shunga oʻxshash chiziqning boʻlaklari rasm boʻlagidan pastroqda ham kuzatiladi. Gʻarbiy ustunning asosida ham uslubiy jihatdan farqlanib turuvchi tasvirlar tushirilgan, taxminlarga koʻra ular biroz kechroq chizilgan. Ular asosdan 1 m balandlikda joylashgan boʻlib, ustun asosini oʻrab turuvchi bir qancha ramziy belgilardan iborat boʻlgan: afsonaviy 2 boshli qush va olov mehrobining mayin qora konturli chiziqlari yordamida qizil fonda ritmik ravishda takrorlanib turuvchi tasviri mavjud. Ibodatxonaning markazga yoʻnalib turgan tomonida qizil fonda oq rang bilan chizilgan ikki insonning surati tushirilgan. Ehtimol ular madhiya aytayotgan paytda chizilgan kohinlarning tasviri boʻlishi mumkin. Ulardan birining qoʻlida tirnavli aylana predmet, ikkinchisining qoʻlida – uzuk va boshqa ayrim predmetlar bor.
Ibodatxonaga bagʻishlab qurilgan ilohning haykali u yerda oʻziga xos oʻrin egallagan. Haykallar soni toʻrtta boʻlgan shekilli, har bir qayta qurishdan soʻng eski sanamning haykali sindirilib, uning boʻlaklari devor va pollar orasiga va ostiga tashlangan, uning oʻrniga boshqa haykal oʻrnatilgan. Bu yerda hatto oxirgi davrda ham gʻishtdan qilingan, tepadan oq chang suvoq bilan surkalgan toʻgʻri burchakli mehrob bino qilingan. Ushbu mehrob tozalanganda ham uning yuqori qismi toza kul qatlami bilan qoplanganligi maʼlum boʻldi. Mehrob ostidan yogʻoch karkasda qilingan va boʻyalgan loy haykal qoldiqlari topildi. Mazkur qoldiqlarni oʻrganish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, ular uzun va eni tor koʻylakda boʻlgan iloh haykalining parchalari boʻlgan. Haykalning faqatgina orqa tomoni saqlanib qolgan. U IV davr qayta qurishdan soʻng peshtoqda turgan. Undan oldin boʻlgan haykalcha sindirilib, pol ostiga tashlangan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Haykalcha bosh boʻlagining kattagina qismi topilgan boʻlib, yuzi – yorqin boʻyalgan, peshonasida va iyagida qizil va oq aylanachalardan bezaklar chizilgan. Ibodatxonada, shuningdek, II davr haykaltaroshligi qoldiqlari ham topildi.
Sharqiy ibodatxona qazilmalarida topilgan topilmalar orasida Yerqoʻrgʻon qadimgi aholisining gʻoyaviy qarashlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan va ibodat uchun ishlatilgan buyumlar alohida ahamiyatga ega. III davrga oid markaziy tokchaning tosm sagʻanasida I va II davrlarda ham ishlatilgan buyumlarning kichik xazinasi koʻmilgan. Shuningdek, aqiqdan yasalgan iloh va qurbaqaning mitti haykallari kiradi. IV davrga oid pol ostidan anchagina temir buyumlar, oltindan yasalgan osma barg koʻrinishidagi zargarlik buyumlari va bandli kichkina bronza oyna bilan birga yumshoq och rangli qorishmadan quyilgan ilon shakli topilgan. Zardushtiylarning muqaddas hayvoni – tipratikan bilan birga Avesto boʻyicha yovuzlik homiysi Axuramazdaning mavjudotlari boʻlmish ilon va qurbaqaning shakli joylashgan topilmalar majmuasi Yerqoʻrgʻon aholisining oʻziga xos mafkurasidan darak beradi.
Ikkinchisi, markaziy yoki gʻarbiy ibodatxona deb ataluvchi inshootning pastki qismi 50X50m, tepaligi 7 metrli toʻrtburchak shakldan iborat boʻlib, janubiy tarafdan kirishda chuqur oʻyiq joy boʻlgan. Bu bino ham koʻp marta qayta qurilgan. Muhimi shundaki, bu bino sharqiy bino bilan bir vaqtda qurilgan boʻlib, ular birgalikda yagona meʼmoriy majmuani tashkil qilgan (Panjikentdagi kabi). Lekin oʻz meʼmoriy rejasi boʻyicha u sharqiy ibodatxonadan butunlay farq qiladi.
Ibodatxona majmuasining markaziy yoki gʻarbiy qismi (I qazilma, markaziy tepalik) keyinroq qurilgan. Tashqi jihatdan ehromsimon koʻrinishga ega boʻlgan toʻrtburchak devorlar massivi etisar madaniyatiga mansub boʻlgan koʻmish inshooti xususiyatlarini kattalashtirilgan xolatda namoyon etadi. Ushbu bino faqatgina tashqi tomondan oʻrganligan boʻlib, hali uning funktsional vazifalari toʻliq oʻrganilmagan. Massivning shimoli-sharqiy tomondagi devorlari tashqi devorlar burchagidan topildi. Bu yerda tik yoʻnaltirilgan fasadga ega boʻlgan toʻrburchaksimon yirik ibodatxona mavjud boʻlib, u koʻrinishidan yanada qadimiyroqdir. bu inshoot oʻz koʻrinishi va hajmi bilan oks va surx-kotol ibodatxonalariga oʻxshab ketadi. Uning yoshi sharqiy tepalikning I, II qurilish davrlariga borib taqaladi. U ham olov saqlanadigan joy vazifasini bajargan boʻlishi mumkin.
Qoʻsh ibodatxonalar qurish anʼanasiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu narsa eronda salavkiylar va parfiyaliklar davrida va keyinchalik, Soʻgʻdda ham maʼlum boʻlgan. Yerqoʻrgʻon qasri binosi ichki shaharning shimoliy qismida ibodatxonalar majmuasi orqasida joylashgan. Oldingi qismi ibodatxona majmuasi kabi janubga qaratilgan mazkur yirik inshoot avvalroq hukmdor saroyi sifatida eʼtirof etilgan. Bu bino tikkasiga ikki qismli boʻlgan va 1 gektarga yaqin maydonni egallagan. Pastdan 12 metr balandlikda boʻlgan yuqori maydon keng yoʻnalishga moʻljallangan. Janubiy tarafdan unga 4-5 metr pastda pastki maydon joylashgan. Chuqur pastlikni inobatga olgan holda qasrga kirish yoʻli janubiy tarafning markazida joylashgan.
Qasr yuqori maydonchasi shurfi shuni koʻrsatadiki, u toʻrtburchak shakldagi xom gʻishtdan iborat mustaxkam platforma asosida qurilgan. Platformaga nisbatan 5 metr baland boʻlgan, ilgari qurilgan devorlar suvab tashlangan.
Qasr majmuasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yerqoʻrgʻon qasri oʻz tuzilishi va umumiy mazmuniga koʻra, Oʻrta Osiyoning mashhur qasrlaridan biri boʻlgan. U har biri alohida reja asosida qurilgan mustaqil ikkita, yaʼni yuqori va pastki maydonchalarga boʻlinganligi bilan ham oʻziga xosdir. yuqori maydonda keng chiziq boʻyicha choʻzilgan alohida tsellalar (xonalar), vestibyullar, sharqqa qaratilgan ayvonlar, hovlilar va ovqatlanish xonalari mavjud boʻlib – bularning bari tor yoʻlaklarining ikki qatori bilan tutashtirilgan edi. Uni qasr ibodatxonasi boʻlgan deb hisoblash mantiqan toʻgʻridir. Yerqoʻrgʻon qasrining tor yoʻlakchalar bilan birlashtirilgan hovlichalar va imoratlar tuzilishiga ega boʻlgan pastki maydoni rejasi tuzilishi qadimgi sharqning koʻpgina qasr majmualariga xos. Bularga Bobildagi Navuxodonosor qasri va Suzadagi Doro qasrini misol qilib olish mumkin. Qadimgi Oʻrta Osiyo qasrlari bilan Yerqoʻrgʻon qasrini unda alohida ibodatxona majmuasi mavjudliga yaqinlashtiradi. Qizilqir, Kalolqir, Tuproqqaˑla, Yerqoʻrgʻon va Panjikent qasrlari shu jihatlari bilan Ahamoniylarning Pasargad, Suza va Persapoldagi mashhur qasrlaridan farq qiladi va ularning saroy qurilishidagi yanada qadimiy hisoblanmish Ossuriya va Midiya anʼanalariga borib taqalishi ehtimoli mavjud. Balki, „davlatlar qirolligi“da juda koʻp muhim ibodatlar (ilohlar) boʻlgandir. Shuning uchun rasmiy qabullar boʻladigan zal „apadanalar“ Ahamoniylar qasrida markaziy oʻrin tutgan boʻlib, ularda sajda qilish inshootlari boʻlmagan. Ahamoniylar qasrlari umumimperiya maʼmuriy integratsiya markazlari hisoblangan.
Yerqoʻrgʻon qasri xususiyatlari haqida xulosa qilib shuni aytish kerakki, shahar va qasr ibodatxona majmualari bir-biridan tamomila farq qilgan. Markazida olov yongan qasr ibodatxonasi tsellasi, yoʻlaklar tizimi orqali kunduzga yorugʻlik va atmosfera taʼsiridan butunlay ajratib qoʻyilgan. Shuningdek, tasviriy sanʼat izi ham sezilmaydi, bu taxminan qasr va shahar muqaddas dargohlari ibodatdagi farq bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Qasr ibodatxonasi doimiy olov saqlashga moʻljallangan edi. Olov maʼbud (iloh) sharafiga, yoki III-IV asrlardagi Naxshab hukmdorlarining ilohiylashtirilgan ajdodi sharafiga yoqilishi mumkin edi.
Hukmdorlar maqbarasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yerqoʻrgʻonning yana bir ulkan xotira inshooti III-IV asrlarga taqaluvchi hukmdorlar maqbarasidir. Meʼmoriy jihatidan ushbu topilma shahar tomonga qaratilgan va uch tomondan tor yoʻlaksimon imorat bilan oʻralgan toʻrtburchak markaziy zal yoki ayvon koʻrinishiga ega boʻlgan noyob ijodiy yodgorlikdir. Majmua yuqori zinali, ehromli platformada qurilgan boʻlib, tepaga olib chiquvchi ganch surilgan pishiq gʻishtdan terilgan paradli (hashamatli) zinasi ham mavjud boʻlgan. Maqbara interyeri tuzilishi echimi mashhur Kushon ibodatxonasi surxkotalning rejasini takrorlaydi. Yerqoʻrgʻonda rejalashtirishning bu turi hashamatli maqbaralar qurilishida koʻp bor qoʻllangan.
Yerqoʻrgʻondagi hukmdorlar dafn marosimlari oʻsha davrdagi Oʻrta Osiyo shahar aholisi uchun xosdir. Markaziy zal asosan yodga olish (xotira) xususiyatiga ega boʻlgan marosimlar uchun xizmat qilgan, perimetr boʻyicha joylashgan tor imoratlarda III-IV asrlardagi Naxshab hukmdorlarining tozalangan suyaklari koʻmilmasi koʻmish anjomlari bilan birgalikda topilgan boʻlib, bu imoratlar suyaklar, diniy xayr-ehsonlar va xotira rekvizitlari saqlanadigan joy boʻlgan.
Temirchilar mahallasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Naxshab markazining aholi yashaydigan inshootlari meʼmorchiligiga toʻxtaladigan boʻlsak, Yerqoʻrgʻonning yuqori qismi IV- VI asrlardagi aholi yashash joylarinint toʻliq suratini berib, bu yerda qullar va temirchilar mahallasi koʻproq oʻrganilgan. Birinchisi ichki shaharda joylashgan boʻlib, oʻzining qazilgan qismi (13 qazilma) mahallani tashkil etuvchi alohida uy xoʻjaliklari qatorlaridan iborat. Bir necha xonadan iborat boʻlgan anchagina katta uylar tegishli jihozlarga ega boʻlgan. Sajdagohga ega boʻlgan (olov yoqish izlari boʻlgan mehrob, loydan yasalgan haykal) koʻpgina uy xoʻjaliklari hovlilarga ega emas edilar. Kulollar mahallasi boʻylab oʻtkazilgan yagona devor mahallani sharqiy va gʻarbiy qismlarga boʻladi. Barcha xoʻjaliklar kattaroq yoki kichikroq toʻrtburchakli qismlarda yoki sektsiyalarda joylashgan boʻlib, ushbu mahalla tuproqqalʼa va qadimiy xorazmning boshqa shaharlari yashash mahallalariga monand yagona massiv shaklida qurilgan.
Yerqoʻrgʻon tashqi shahrida joylashgan temirchilar mahallasi boshqacha taassurot uygʻotadi. Mahalla ichki devor darvozasidan to Samarqand va Kesh yoʻnalishiga olib chiquvchi tashqi darvozagacha choʻzilgan koʻchaning ikki tarafida joylashgan edi. Temirchilarning butun xoʻjaligi chiqish yoʻli koʻchaga qaratilgan boʻlib, janubiy tomonda faqat ishlab chiqarish ustaxonalari joylashgan. Shu yerning oʻzida savdo ishlari olib borilgan. Shimoliy tarafda esa aholi istiqomat qiluvchi uylar joylashgan edi.
Naxshabning V-VIII asrlarga oid qishloq joylaridagi inshootlarida olib borilgan qazishmalarning (Kunjutlitepa, Qoʻshtepa va b.) koʻrsatishicha, shahar va qishloq aholisi xoʻjaliklari ichki tuzilishida koʻzga koʻrinarli farqlar boʻlmagan.
Madaniyatning Yunonlashtirish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mil. Av. II-I asrlardan to milodiy III-IV asrlargacha boʻlgan haykaltaroshlik sanʼatining uncha koʻp boʻlmagan uzuq-yuluq boʻlaklari bezakli asoslaridan Panjikent syujet tasviriga oʻzining yanada erkin chiziqlari bilan rivojlanishi orqali xorazm tuproqqalʼasi uslubiga yaqinlashuvchi janubiy sugʻdning evolyutsion yoʻli haqida dalolat beradi.
Oʻsha davrdagi Yerqoʻrgʻon kulollari mahsuloti antik davrdan ilk oʻrta asrlarga oʻtish davridagi kulolchilik namunalarini oʻzida mujassamlashtirgan. Oʻtgan davrlarga xos boʻlgan qadahlar saqlanib qolmagan. Ilk oʻrta asrlardagi Yerqoʻrgʻon kulolchiligi namunalari oʻziga xos tarzda uning koʻrinishini xalqasimon tutqichga ega boʻlgan kichik koʻzachalar va ingichka devorli qizil hoshiyali idishlar belgilaydi. Koʻpgina yopishtirilgan idishlar ham mavjud boʻlib, ular orasida kuldonlar yoritgichlar va ibodat qilinadigan manqallar bor.
Naxshabning er.av. III-I asrlarga tegishli terrakotikaga oid ilk shakllari idishga meduza-gorgona yuzi va qomatning yopishtirilgan shakl koʻrininshiga oʻxshab ketuvchi ellincha qiyofalarning alohida topilmasi koʻrinishida ifodalangan. Shirikrobot madaniyatiga maʼlum boʻlgan oddiy ibtidoiy shakli qoʻlbola erkak haykali toʻplamini boyitadi.
Milodiy I-II asrlar uchun ellinlashgan va mahalliy uslublarning Yerqoʻrgʻon koraplastikasi tipologik qiyofalarini ishlab chiqarish uchun oʻzaro hamohanglik xos. Milodiy birinchi ming yillikning birinchi yarmida Yerqoʻrgʻonda haykalchalarning ellincha kiyimda boʻlishi naxshab uchun odatiy holat boʻlgan. Ushbu haykalchalardagi qoʻl holati quyidagicha: oʻng qoʻl – koʻkrak ostida, chap qoʻl esa qorinda joylashgan. Ayniqsa, haykalchalar ichida bir ayol haykalchasi juda mashhur edi. Bu xilda kiyim kiygan antik ayol qiyofasi Baqtriya, Margʻiyona va Sugʻdda keng tarqalgan boʻlib, mumtoz yunon xitonasiga borib taqaladi.
Ellincha qiyofadagi haykalchaning boshqa xili – engi boʻlmagan uzun xitondagi kelishgan ayol qomati boʻlib, chap qoʻli yuqoriga qaratilgan va oʻng qoʻli tanasi boʻylab choʻzilgan. Bu tipdagi haykalcha koʻp hollarda peoniyning mashhur nika haykalchasi shakli va ikonografik belgilarini takrorlaydi.
Yerqoʻrgʻon terrakotasi uslubiyatidagi ikkinchi yoʻnalish yovvoyilashtirilgan shaklda ayol maʼbudasining tekis, sxematik chizilgan qomati va koʻkragi ostida kerilgan barmoqlari shaklida ifodalangan. Uning keng koʻylagi elpigʻichsimon shaklda valiklarga boʻlingan. Bu kiyim koʻchmanchilarga taalluqli boʻlib, otda yurish qulay boʻlishi uchun etagi keng qilingan. Beldan pastga qoʻngʻiroqsimon tarzda kengayuvchi ushbu kiyim turi tekislikdagi tosh haykaltaroshligiga, shuningdek, surxkotal, shotorakka xos edi. Terrakot shakllar orasida esa saksanoxur, xolchayon, mirzakoʻltepa va dalvarzintepaga xos.
III-IV asrlar naxshab koroplastika sanʼatiing eng rivojlanish nuqtasiga etgan davr edi. Haykallarni talqin qilish shartliroq detallar sxemalashtirilgan, harakatning tashqi jismoniy shakldan ichki jamlanganlik va haykalchalar yuzining ruhlanganiga oʻtish seziladi. haykalchalar badiiy munosabatda va realizm jihatidan ilgari davrda yaratilgan eng yaxshi naʼmunalardan qolishmaydi. Personajlar qoʻlida u yoki bu attributlar paydo boʻladi. Kostyumlar – ellincha, sharqiy yoki aralashgan shaklda.
Ellin madaniyatiga xiton va kalafga oʻxshaydigan bosh kiyimli gimatiya kiygan maʼbuda qiyofasi tegishlidir.
Qoʻliga oyna olgan maʼbuda haykalchasining bir necha variantlari saqlanib qolgan. Yerqoʻrgʻondagi shahar maʼbudasi ibodatxonasida bir necha oynalar topilishi, u shahar va naxshab viloyatini himoyasiga olgan maʼbudaning ramzi boʻlganini koʻrsatadi va bu haykalchalar aynan shu maʼbudani aks ettirgan boʻlishi mumkin. Bu haykalchalar birinchi boʻlib xorazmda, keyin esa baqtriyada topilgan, ammo bu turdagi haykalchalar marvda eng keng tarqalgan boʻlib, ularda odatda maʼbudaning oyogʻi ostida ilon yoki ajdarholar bilan birga aks ettirilgan (meshkeris).
Tasviriy sanʼat
[tahrir | manbasini tahrirlash]O'rta Osiyoda tasviriy sanʼatning rivojlanishi va yoyilishiga ikki uslub: qadimiy sharq va koʻchmanchi skif – sak tasviriy sanʼatiga mansub ellin va maxalliy uslublarning oʻzaro bir biriga samarali taʼsiri oʻziga xos oʻrin tutadi. Vaqt oʻtgan sari tasviriy sanʼat koʻproq ieratik, shartli silliqlashib hamda yorugʻlik soyasini va istiqbol illyuziyasini yoʻqotgan holda ellin uslubiga xoslikni, yaʼni jonlilikni, haqqoniylikni yoʻqotib borgan. Bu avtoxtonizmning gʻalabasidan dalolat beradi, deb aniq aytolmaymiz, chunki bu belgilar, antik merosning anʼanasi kuchli boʻlganiga qaramay, vizantiyaning ilk xristian sanʼatida ham uchraydi.
Naxshab terrakotasi, Oʻrta Osiyoning koroplastika sanʼatining umumiy oqimida rivojlangan boʻlib, bundan tashqari kiyim, koʻrinish va atributlarni tasvirlashda oʻziga xosligi bilan ajralib turgan. Nashxab haykallarining proportsiyasi oʻzining balandligi bilan ham ajralib turadi. kiyimlar borsida, ayniqsa, ayollar kiyimlari, koʻproq ellin uslubiga mansub boʻlib, Buxoro va Samarqand terakotasiga esa koʻproq ogʻir, osiyo uslubida bichilgan, durlar, uzuklar, oʻyib ishlangan har hil bezaklar bilan bezalgan kiyimlarga oʻxshash kiyimlar shiberganga yaqin boʻlgan tillatepadagi hukmdorlar maqbaralarida uchraydi. Nashxab uchun mesopotam uslubidagi yalangʻoch haykallar ham xos boʻlganmikan, vaholanki barcha musiqachi ayollar yalangʻoch tasvirlangan. Naxshab terrakotasida ayollar qoʻllarining koʻpincha boʻsh holda tasvirlanishini koʻrish mumkin. Ilk oʻrta asrlar koroplastikasiga xos plaketikalar Yerqoʻrgʻonning qoʻshni mintaqalarida kuzatilmagan. III-V asrlarga mansub baʼzi haykalchalarda gandxar maktabi usulining taʼsiri kuzatiladi.