Kontent qismiga oʻtish

Abdulloh ibn Xozim

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Abu Solih Abdulloh ibn Xozim ibn Asmo’ as-Sulamiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti milodiy 691-yil (hijriy 72-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi Xuroson voliysi

Abdulloh ibn Xozim (arabcha: عبد الله بن خازم — Abu Solih Abdulloh ibn Xozim ibn Asmoʻ as-Sulamiy,? — 72/691) —Xuroson voliysi.

Hirot va Saraxsni fath qilgan. Onasi Ajlo kabi qora tanli bo‘lgan Abdulloh ibn Xozimning Payg‘ambardan hadis rivoyat qilgani hamda sahoba bo‘lganini eʼtirof etuvchilar ham bor.

Usmon xalifaligi davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Xozim Usmon xalifaligi davrida Basra voliysi bo‘lgan Abdulloh ibn Omir buyrug‘i bilan Eron va Xuroson fathlarida qo‘mondonlik qilgan, ko‘p yerlarning fath etilishida katta xizmat ko‘rsatgan. 651-652-yillarda Hirot va Saraxsni fath etish, bir yil keyin esa isyon qilgan Qorunni yengishning uddasidan chiqqan. Buning oqibatida Basra voliysi Abdulloh ibn Omir tarafidan Xurosonga voliy etib tayinlanadi. Ibn Omir ikkinchi marta Basra voliyligiga saylangach, u Balx va Sijistonni fath etishga yuboriladi. Abdulloh ibn Xozim 665-yilga qadar Xurosonda qator harbiy harakatlarda qatnashgan. 684-yildan eʼtiboran Makkada xalifaligini eʼlon qilgan Abdulloh ibn Zubayrga bay’at qiladi va o‘ldirilishiga qadar uning voliysi sifatida Xurosonda qoladi.

Urushlardagi ishtiroki

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdulloh ibn Xozim Rabi’a qabilasiga mansub sinf­lar bilan jang qilish asnosida tamimiylardan yordam ko‘radi. Bu janglardan keyin Xurosonga hokim bo‘ladi va o‘g‘li Muhammadni Hirotga voliy qilib ta­yinlaydi. Bukayr ibn Vishohni ham xavfsizlik tashkilotining rahbari qi­lib tayinlaydi. Tamim qabilasidan Shammos ibn Disor al-Utoridiy Abdulloh ibn Xozimga qo‘shilgan holda, u Muhammad va Bukayr ismli qabila aʼzolarini Hirotga kiritmaslikka qaror qiladilar. Shu sabab 685-yilda Hirotda yuz bergan urushda o‘g‘li Muhammadning o‘ldirilishi Abdulloh ibn Xozimni ham jangga kirishga majbur qiladi. Uning bu kabi Arab yarimorolining turli yerlaridan kelib Xurosonga joylashgan qabilalar bilan olib borgan ichki urushlari Abdulmalik ibn Marvon hokimiyatni qo‘lga kiritishiga qadar davom etgan.

Abdulmalik ibn Marvon Abdulloh ibn Zubayr tomonidan Iroq voliysi etib tayinlangan Mus’ab ibn Zubayrni qarshisidan olib tashlagan vaqtda Abdulloh ibn Xozim Abdulmalik nomidan Xurosonda hokimiyatni qo‘lga kiritishga harakat qilgan Bohir ibn Varqo bilan jang qilayotgan edi. Xurosonga yuborilgan Mus’­abning boshi Abdulmalik tarafdorlari tomonidan ko‘chalarda olib yurilganida, Abdulloh ibn Xozim shaharni o‘z qo‘liga oladi. U Mus’­abning boshini hurmat bilan yuvadi va janoza namozini o‘qib dafn etadi.

Abdulloh ibn Xozim yuzaga kelgan urushlar natijasida Marv­ni bosh­qarishni Bukayrga topshiradi va Nishopurga yurish qiladi. 691-yilda Bahiyr bilan jang qilarkan, Abdulmalikdan uni xalifa sifatida tan olib bay’at etsa, yetti yil muddatda Xuroson voliyligida qolishi mumkinligi haqida maktub oladi. Bu taklifdan g‘azablangan Abdulloh ibn Xozim maktubni keltirgan elchiga: „Men Rasululloh sahobasining o‘g‘li (Abdulloh ibn Zubayr)ga bergan bay’atimni buzib, Rasululloh quvgan kimsaning o‘g‘li (Abdulmalik ibn Marvon)ga bay’at qilib Allohning huzuriga borishni istamayman“ deydi. Uning bunday keskin rad javobidan so‘ng, Abdulmalik Xuroson voliyligiga Bukayr ibn Vishohni ta­yinlaydi. Abdulloh ibn Xozim oilasi bilan Termizdagi o‘g‘li Musoning yoniga borish uchun yo‘lga chiqqanida Bukayr tomonidan taʼqib etiladi va Marvga yaqin bo‘lgan joyda qo‘lga olinib o‘ldiriladi. Abdulloh ibn Xozimning voliyligi davrida o‘z nomidan oltin tanga zarb qilgani haqida maʼlumotlar mavjud[1].

  1. Ibn Qutayba. Al-Maʼārif. — Qohira: 1960. 418;
  2. Al-Balozuriy. Futӯh al-buldān. — Qohira: 1956-60. 488, 499, 500-501, 505, 508, 511-513;
  3. At-Tabariy. Tarӣx. — Leyden: 1879-1901. I, 2831-2832, 2886-2887, 2904-2906; II, 25-26, 65-66, 170, 488-496, 537, 593-598, 695-700, 753, 783, 831-835, 859;
  4. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1285-87. III, 148-149;
  5. Ibn al-Asir. Al-Kāmil. — Bayrut: 1979. III, 102, 125, 135, 360, 363, 417, 423, 437, 438; IV, 96, 156, 157, 207-210, 254-255, 260, 280, 296, 305, 332, 345-347, 368, 505, 508, 521; V, 183;
  6. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. II, 301;
  7. Mustafa Fayda. „Abdullah b. Hâzim“. TDV İA. — İstanbul: 1988. I, 106-107.
  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.