Belgorod viloyati
Belgorod viloyati – Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi viloyat. 1954-yil 6-yanvarda tuzilgan. Belgorod viloyatida 21 maʼmuriy tuman, 9 shahar va 22 shaharcha bor. Maydoni 27,1 ming km². Markazi – Belgorod shahri Belgorod viloyati Oʻrta Rossiya qirlarining janubi-gʻarbiy qismida. Yer yuzasi nisbatan baland tekislik, jar va soylik koʻp. Yirik temir ruda konlari (Kursk magnit anomaliyasi), boʻr, turli xil gillar bor. Iqlimi moʻtadil kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi gʻarbida – 8,1°, sharqida – 8°,– 7°, iyulniki gʻarbida 19,6° va sharqida 21°, yiliga 420 – 590 mm yogʻin tushadi. Daryolari: Severskiy Dones, Oskol, Tixaya Sosna, Vorskla. Bir necha suv omborlari qurilgan, koʻproq qoratuproq, daryo vodiylarida allyuvial tuproq uchraydi. Belgorod viloyati oʻrmondasht zonasiga kiradi, janubiy qismi dasht zonasida. Los, yelik, qobon, buri, tulki, boʻrsiq, quyon, yumronqoziq yashaydi.
Aholisi 1450 ming kishi (1999), shundan shahar aholisi 936 ming, qishloq aholisi 514 ming. Asosiy aholisi – ruslar; ukrain va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Yirik shaharlari: Belgorod, Stariy Oskol, Gubkin, Alekseevka, Valuyki va boshqa
Belgorod viloyatida qurilish materiallari, mashinasozlik va oziq-ovqat sanoati koʻproq taraqqiy etgan. Mashinasozlik sanoati korxonalari: Belgorod (yirik bugʻ qozoni zavodi), Stariy Oskol (mexanika zavodi), Shebekino (mashinasozlik zavodi), Volokonovkada (qishloq xoʻjaligi mashinalari tuzatish zavodi). Qurilish materiallari korxonalari koʻproq Belgorodda. Kursk magnit anomaliyasidagi temir konlari asosida konchilik sanoati rivojlangan. Oziq-ovqat sanoatida shakarqand, turli konservalar ishlab chiqariladi. Asosan arpa va bugʻdoy, shuningdek qora bugʻdoy, grechixa, tariq, makkajoʻxori, qand lavlagi ekiladi. Sabzavotchilik va bogʻdorchilik rivojlangan. Viloyat kashnich (koriandr) ekishda Rossiyada birinchi oʻrinda. Kashnichdan parfyumeriya sanoatida ishlatiladigan efir moyi olinadi. Chorvachilik sutgoʻshtga ixtisoslashgan. Qoramol, choʻchqa, parranda boqiladi. Belgorod viloyati dan bir qancha magistral temir yoʻllar va Moskva – Simferopol avtomobil yoʻli oʻtgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |