Kontent qismiga oʻtish

Leningrad viloyati

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Leningrad viloyati - Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. Shimoli-Gʻarbiy iqtisodiy rayonga kiradi. 1927-yil 1-avgustda tashkil etilgan. Maydoni 85,9 ming km². Aholisi 1681,7 ming kishi (Sankt-Peterburg shahridan tashqari, 1998), Sankt-Peterburg shahri va unga boʻysunuvchi shahar va shaharchalar bilan birga 6430,2 ming kishi. Asosan, ruslar; eston, ukrain, fin, tatar, karel, belorus, veps, yahudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 75 kishi. Shaharliklar 66% (Sankt-Peterburgsiz). 17 tumanga boʻlingan; 29 shahar, 37 shaharcha bor (1998). Markazi – Sankt-Peterburg shahri Leningrad viloyati shimoli-gʻarbda Finlandiya, gʻarbda Estoniya bilan chegaradosh. Hududining koʻp qismi Boltiq boʻyi pasttekisligida, sharqiy va shimoli-sharqiy qismlari Valday va Olonets qyrlarida joylashgan. Leningrad viloyati Fin qoʻltigʻi, Ladoga va Onega koʻllari bilan qurshab olingan. Toʻrtlamchi davr muzlanishlaridan qolgan morena tepalari va tekisliklari sakdangan. Fin qoʻltigʻi va Ladoga koʻli oraligʻida Kareliya boʻyni qirlari joylashgan. Yer yuzasining balandligi 300 m gacha. Fin qoʻltigʻi sohillari pasttekislik, ayrim joylarda qum tepalar uch-raydi. Shimoliy sohillarida juda koʻp qoʻltiq va qoyali orollar bor. Foydali qazilmalardan boksit, yonuvchi slanets, fosforit, torf, kvars qumlari, oʻtga chidamli gil va boshqa mavjud. Iqlimi moʻʼtadil, dengiz iqlimi bilan kontinental iqlim oraligʻida. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi –7°, iyulniki 15°. Yillik yogʻin 850 mm. Vegetatsiya davri 150– 173 kun. Asosiy daryolari: Neva, Volxov, Svir, Luga, Vuoksa, Syas. Koʻl koʻp. Tuproqlari podzol va turli xil botqoq tipli, chirindiga boy karbonatli tuproqlar. Viloyat hududining qariyb yarmi oʻrmon bilan qoplangan. Yovvoyi hayvonlardan olmaxon, krot, tulki, oq quyon, los va boshqa uchraydi. Daryo va koʻllarda turli xil baliqlar bor. Quyi Svir qoʻriqxonasi mavjud. Neva qoʻltiqchasi va Viborg qoʻltigʻi suvlari sanoat chiqindilari bilan juda ifloslangan.

Leningrad viloyati sanoati eng yirik sanoat markazi Sankt-Peterburg bilan bogʻliq. Iqtisodiyotining asosini sanoatning, asosan, oʻrmon, yogʻochsozlik, yoqilgʻi, sellyuloza-qogʻoz va alyuminiy tarmoqlari tashkil qiladi. Eng yirik korxonalari: Svetogorsk va Syas sellyuloza-qogʻoz kombinatlari. Priozyorsk sellyuloza zavodi va Gatchina karton-qogʻoz fabrikasi. Alyuminiy sanoati Volxov alyuminiy zavodi (maxsus toza metall ishlab chiqariladi), Boksitogorsk rayonidagi boksit koni, Boksitogorsk va Pikalyovo glinozem zavodlaridan iborat. Mashinasozlik sanoati, elektrotexnika, energetika, kemasozlik va vagonsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ogʻir mashinasozlik ham mavjud. Elektrotexnika va radio-elektronika, priborsozlik, kemasozlik va vagonsozlik, turli xil sanoat jihozlari ishlab chiqarish sanoat tarmoqlari bor. Kime sanoatida kon-kimyo (fosforit) tarmoqlari rivojlangan. Yonilgʻi sanoatining eng yirik korxonalari: Kirishi shahridagi neftni qayta ishlash zavodi (dizel yonilgʻisi, mazut, benzin ishlab chiqaradi). Oʻnlab torf va slanets, boksit korxonalari ishlab turibdi. Qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Yengil sanoatning tikuvchilik, trikotaj, poyabzal tarmoqlari, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Svir, Volxov, Vuoksa, Narva daryolarida GES, Kirishi GRES, AES (Sosnoviy Bor shahrida) qurilgan.

Qishloq xoʻjaligi, asosan, shahar atrofini meva, sabzavot bilan taʼminlashga ixtisoslashgan. Sut-goʻsht chorvachiligi, choʻchqachilik, parrandachilik bilan shugʻullaniladi. Yem-xashak (jami ekin maydonining 2/3 qismi), gʻalla ekinlari, SanktPeterburg atrofida kartoshka, sabzavot ekiladi. Volga – Boltiqsuv yoʻli, Oq dengiz–Boltiq kanali, Ladoga va Onega koʻllarida, Neva, Svir va boshqa daryolarda kema qatnaydi. Dengiz portlari – Sankt-Peterburg, Viborg, Kronshtadt (Boltiq harbiy dengiz floti bazasi); daryo portlari – Sankt-Peterburg, Shlisselburg, Sviritsa, Voznesenye, Podporojye, Lodeynoye Pole.

Leningrad viloyati hududida koʻpgina xlorid-natriyli mineral suvli buloqlar, Fin qoʻltigʻi sohili boʻylab sapropelli balchiqlar konlari joylashgan. Kurort zonalari – Leningrad (tarkibiga Sestroretsk kurorti va Zelenogorsk, Solnechnoye, Repino, Komarove, Ushkovo, Serovo, Molodyojnoye, Smolyachkovo kurort joylari kiradi) va Viborg hamda Lujsk kurort rayoni. "Staraya Ladoga" tarixiy-meʼmoriy va arxeologiya hamda "Monrepo parki" tarixiy-meʼmoriy va tabiiy muzey-qoʻriqxonalari faoliyat koʻrsatadi. Leningrad viloyatida oʻzining meʼmoriypark ansambllari bilan mashhur boʻlgan Gatchina, Lomonosov, Pushkin, Petrodvorets, Pavlovsk shaharlari bor.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil