Kontent qismiga oʻtish

Kareliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kareliya, Kareliya Respublikasi — Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi respublika. Rossiyaning shimoligʻarbida joylashgan. Maydon 172,4 ming km2. Aholisi 771,1 ming kishi (1999). 16 tuman, 13 shahar, 44 shaharcha bor. Poytaxti — Petrozavodsk shahar.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kareliya — respublika. Qonun chiqaruvchi organi — 2 palata (Respublika palatasi va Vakillar palatasi)dan iborat Qonun chiqaruvchi majlis (parlament). Ijroiya xrkimiyatni hukumat amalga oshiradi.

Kareliya hududi aksari pastbaland (eng baland joyi 578 m) tekislikdir. Relyefida muzlik izlari qolgan. Kareliyaning Finlandiyaga yondosh qismi sertepa. Oq dengiz, Onega va Ladoga koʻllari sohili pasttekislik. Har xil qurilish materiallari (granit, diabaz, marmar va hokazo), pegmatit, slyuda, temir va titan rudasi konlari bor. Iqlimi kontinental va dengiz iqlimi. Qishi yumshoq (fevralda —8° dan —12° gacha), yozi salqin (iyulda 14°—16°) va qisqa, havo namligi nisbatan yuqori. Yillik oʻrtacha yogʻin 400–600 mm. Kareliyada botqoqlik va koʻl (61 ming ta) koʻp; eng yiriklari: Ladoga va Onega koʻllari. Daryolari qisqa, sersuv, serostona, sharshara koʻp. Vodla, Kem, Vig va boshqa yirik daryolarida yogʻoch oqiziladi. Baʼzi daryolarining quyi qismida kema qatnaydi. Kareliya hududining 18% koʻllar, yarmidan koʻpi oʻrmon, 18% botqoqlik. Tuproqlari, asosan, podzol, botqoq-podzol va botqokli tuproq. Kareliyada oq tovushqon, suv qunduzi, ondatra, qoʻngʻir ayiq, shimoliy bugʻusi, los, Grenlandiya tyuleni va turli xil baliqlar bor. Kivach, Kostamuksha qoʻriqxonalari, "Paanayarvi" milliy bogʻi mavjud.

Tub joy aholisi karellar; rus, belorus, ukrain, fin, veps va boshqa ham yashaydi. Aholining 74% shaharlarda istiqomat qiladi. Rasmiy tillari — rus, fin, karel tillari. Dindorlar, asosan, xristianlar. Yirik shaharlari: Petrozavodsk, Kondopoga, Segeja, Kostomuksha va boshqa.

Kareliya hududida odamlar mezolit davridan yashay boshlaganlar. Ular baliq ovlash, ovchilik bilan shugʻullangan. Mil. 1-ming yillik oxirida Kareliya boʻyni va Ladoga koʻlining shimolida karellar, Ladoga va Onega koʻllari oraligʻida vepslar, shim.roqda saamlar yashagan. Kareliyaga mil. 2-ming yillik boshlarida slavyanlar kelib, dehqonchilik, tuz olish ishlari va baliq ovlash bilan shugʻullana boshladi. Kareliya hududi 9-asrdan 12-asr boshlarigacha Qadimgi Rus davlati, keyinroq Novgorod qoʻl ostida boʻldi.

13-asrda Kareliyaning bir qismi shvedlar tasarrufiga oʻtdi va ular Viborg qalʼasini qurdi. Shimoliy urush (1700—21)dan keyin bu hudud Rossiyaga qarashli boʻldi. 18-asr boshlarida Kareliyada bir necha metallurgiya zavodlari qurildi va ular Rossiya qoʻshinlarini zambaraklar bilan taʼminlab turdi. 18-asrda dehqonlarning qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi, lekin ularni podsho Rossiyasi shavqatsiz bostirdi. Krepostnoy huquq bekor qilingach (1861), sanoat, asosan, taxta tilish zavodlari barpo etildi. 1917-yil noyabr — 1918-yil aprelda Kareliyada shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. 1920-yil 8 iyunda RSFSR tarkibida Kareliya mehnat kommunasi tashkil etildi, 1923-yilda u muxtor respublikaga aylantirildi. 1940-yildan 1956-yilgacha ittifoqdosh respublika maqomida boʻldi va Karel-Fin shoʻro respublikasi, 1956— 90 yillarda Kareliya muxtor respublikasi deb ataldi. 1991-yil noyabr dan Kareliya Respublikasi.

Kareliya sanoatida oʻrmon, yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz tarmoklari yetakchi oʻrinda. Shu tarmoklarning korxonalarida taxta tilinadi, faner, yigʻma uylar, changʻi, yogʻoch tolali plita, sellyuloza, karton, qogʻoz ishlab chiqariladi. Mashinasozlik va metallsozlikda yogʻoch sudrash traktorlari, sellyuloza-qogʻoz va kimyo sanoati uchun mashina-uskunalar, yogʻochsozlik stanoklari, kemalar, priborlar va boshqa ishlab chikarish rivojlangan. Rangli metallurgiya Nadvoitsk alyuminiy zavodidan iborat. Qurilish ashyolari va boshqa mineral xom ashyo negizida konchilik sanoati yuzaga kelgan. Kostomuksha temir ruda konida metall boyitish kombinati barpo etilgan. Oziq-ovqat sanoatida baliq, goʻsht-sut, novvoylik va boshqa tarmoqlar, yengil sanoatda trikotaj, tikuvchilik va poyabzal tarmoqlari mavjud. Badiiy hunarmandchilik rivojlangan. Energetika xoʻjaligining asosini GESlar va Petrozavodsk issiqlik elektr stansiyasi tashkil etadi. Bir yilda oʻrtacha 5 mlrd. kVt-soatga yaqin elektr energiya hosil kilinadi.

Qishloq xoʻjaligi, asosan, sut chorvachiligi, parrandachilik va kartoshka yetishtirish, sabzavotchilikka ixtisoslashgan. Baliqchilik, moʻynabop darrandachilik rivojlangan. Temir yoʻl uzunligi 2 ming km dan oshadi, avtomobil yoʻllari uzunligi 7,5 ming km ga yaqin. Eng muhim suv yoʻllari: Oq dengiz, Onega va Ladoga koʻllari, Oq dengiz — Boltiq kanali. Avtomobil va aviatsiya transportidan ham foydalaniladi. Sayyohlik rivojlangan (Valaam, Kiji va boshqa orollar).

Tibbiy xizmat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

4 mingdan ortiq vrach, 10 mingdan koʻproq oʻrta tibbiyot xodimi aholiga xizmat koʻrsatadi. Vrachlar Petrozavodsk universitetining tibbiyot fakultetida tayyorlanadi. Marsial suvlari, Sortavala kurorti, koʻpgina sanatoriy va dam olish uylari bor.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari. Kareliyadagi 336 kunduzgi umumiy taʼlim maktabida 117 ming, 16 oʻrta maxsus oʻquv yurtida 12 ming oʻquvchi, 3 oliy oʻquv yurti (Petrozavodsk universiteti, pedagogika instituti, konservatoriya)da qariyb 10 ming talaba taʼlim oladi. Kareliyada oʻrmon sanoati ilmiy tadqiqot instituti, Shimoliy baliq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot instituti va boshqa ilmiy muassasalar, 4 professional teatr, 10 xalq teatri, 7 muzey, jum-ladan, Kiji muzey-qoʻriqxonasi bor. Karel, fin va rus tillarida gaz. hamda jurlar nashr etiladi. Radioeshittirish va telekoʻrsatuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

Kad. epik qoʻshiklar asosida yaratilgan karel va fin xalklarining eposi — "Kalevala" jahon adabiyoti durdonalaridan hisoblanadi. Yozma adabiyoti 20-asr boshlarida paydo boʻlib rivojlandi. 1934-yil Yozuvchilar uyushmasi tuzildi, 30-yillar adabiyotida X. Tixli dilogiyasi, E. Parras romani dunyo yuzini koʻrdi, lirik sheʼrlar, ocherk va hikoyalarda oʻlka xalqlarining hayoti aks ettirildi. Rus va fin tillarida adabiy jurnallar chika boshladi. Koʻplab yozuvchilar urush mavzuida asarlar yezdi. Urushdan soʻng Kareliya adabiyotiga yozuvchilarning yosh avlodi kirib keldi. A. Timonen, F. Trofimov va boshqaning asarlari nashr etildi. Kareliyada folklorshunoslik, adabiyotshunoslik va tarjimachilik rivojlangan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oq dengiz, Onega koʻli sohillaridagi qoyalarda neolit davri va jez asriga oid odam, hayvon va ov manzaralari tasvirlari topilgan. Kareliyada oʻrmon koʻpligi yogʻoch meʼmorligining tez rivojlanishiga imkon berdi. Ayniqsa, tomi ikki nishabli chorsi yogʻoch uylar, tomi toʻrt nishabli ibodatxonalar koʻp uchraydi. 17-asr 2-yarmida gumbazli, qubbali binolar kurila boshladi. Binolar Kareliya shimolida sodda, bezaksiz, janubiy va janubi-gʻarbida sernaqsh, koʻrimli ishlangan. 18-asrda dastlab Petrozavodskda barokko, soʻngra klassitsizm uslubida 8 binoli aylana maydon (meʼmori Ye. S. Nazarov va boshqa) yaratildi. 20-asr 40—50-yillar meʼmorligida orderlik elementlari qoʻllandi (mas, Aloqa uyi, Rus musiqali drama teatri — meʼmori S. G. Brodskiy va boshqa), shuningdek, xalq yogʻoch meʼmorligi asosida Petrozavodskda yozgi kinoteatr qurildi. Keyingi yillarda koʻpgina maʼmuriy, sanoat va jamoat binolari, uy-joylar zamonaviy uslubda barpo etildi.

Professional tasviriy sanʼatning paydo boʻlishida rassom V. N. Popovning qissasi katta. 20-asrning 2-yarmida koʻpgina manzara asar (S. X. Yuntunen), portret (G. A. Stronk) va natyurmortlar (L. F. Lankinen, M. Sh. Yufa va boshqa) yaratildi; grafika, kitob bezagi ravnaq topib, milliy linogravyura va ofortlar yuzaga keldi. Xalq sanʼatida yogʻoch oʻymakorligi, butxona, uy peshtoklariga naqsh, mebel va idishlarga nafis gullar solish hamda kashtadoʻzlik alohida oʻrin tutadi.

Musiqa sanʼati xalq anʼanalari asosida va qoʻshni xalqlar musiqasi taʼsirida rivojlanib keldi. Kareliyada kantele (chertib chalinadigan), youxikko, virsikannel (kamonli), shuningdek, qayin poʻstlogʻidan yasalgan choʻpon surnayi kabi xalq sozlari tarqalgan. 19-asrda runa ijrochilaridan A. Pertunen bilan uning oʻgʻli Miyxkali, A. Malinen kabilar shuhrat qozongan. 20-asr 1-yarmida xalq qoʻshiqlari toʻplamlari, professional musiqa madaniyatining dastlabki asarlari nashr etildi. G. R. Sinisalo karel simfoniyasi va milliy baletining, R. S. Pergament milliy komik operasining dastlabki mualliflaridir. Kareliya musiqa teatri, drama teatri, simfonik orkestr, "Kantele" ashula va rake ansambli, filarmoniya, musiqa bilim yurti, musika maktablari mavjud. Kompozitorlardan K. Rautio, S. Leonchik, G. Vavilov, qoʻshiqchilardan S. Rikka, I. Gridchina, 3. Petchenko, dirijer I. Sherman va boshqa mashhur.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil