Kontent qismiga oʻtish

Krit amirligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Krit amirligi
tax. 900-yilda Krit amirligi
tax. 900-yilda Krit amirligi
Maqom De facto mustaqil, nominal Abbosiylar xalifaligi vassali
Poytaxt Chandax
Rasmiy til(lar) Arab, yunon
Din
Islom dininng Sunniylik mazhabi
Kalsedon xristianligi
Hukumat Monarxiya
Amir  
• 820-yillar — tax. 855
Abu Hafs Umar I (birinchi)
• 949—961
Abdulaziz ibn Shuʼayb (soʻnggi)
Asos solinishi 824/827
Tarixiy era Oʻrta asrlar
Pul birligi Oltin dinor, dirham
Avvalgi davlat
Keyingi davlat
Vizantiya Kriti
Vizantiya Kriti
Hozirda hududida quyidagilar mavjud Gretsiya

Krit amirligi (arabcha: إقريطش or إقريطية, Iqrīṭiya[1]; grekcha: Κρήτη) 820-yillarning oxiridan 961-yil Vizantiya imperiyasi orolni qayta bosib olishigacha Oʻrta yer dengizidagi Krit orolida mavjud boʻlgan islom davlati. Garchi amirlik Abbosiylar xalifaligi hukmronligini tan olgan va Tuluniylar Misri bilan yaqin aloqada boʻlsa-da, amalda mustaqil edi.

Abu Hafs Umar al-Iqritishiy boshchiligidagi bir guruh Andalusiya qochqinlari 824 yoki 827/828-yillarda Kritni bosib olib, mustaqil islom davlati barpo etdi. Vizantiyaliklar 842—843-yillarda Feoktist davrida yurish boshlab, orolning koʻp qismini qaytarib olishdi. Qayta bosib olish tugallanmay, tez orada vizantiyaliklar ortga qaytarildi. Keyinchalik Vizantiya imperiyasining orolni qaytarib olishga urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchrab, taxminan 135 yil davomida amirlik Vizantiyaning asosiy dushmanlaridan biri boʻlib qoldi. Krit Sharqiy Oʻrta yer dengizi dengiz yoʻllarini boshqargan va Egey dengizining Vizantiya nazorati ostidagi qirgʻoqlarini talagan musulmon korsar flotlari uchun tayanch va boshpana vazifasini oʻtagan. Amirlikning ichki siyosati tarixi toʻliq maʼlum emas, ammo barcha mavjud maʼlumotlar nafaqat qaroqchilikdan, balki keng savdo va qishloq xoʻjaligidan ham farovonlikka erishganiga ishora qiladi. Amirlikka 960—961-yillarda muvaffaqiyatli qarshi yurish qilgan Nikiforos II Fokas batamom tugatdi.

Kritga 7-asr oʻrtalarida musulmonlar bosqinining birinchi toʻlqinidayoq bostirib kirilib, boʻysundirilgan. Orol dastlab 654—yilda, keyin esa 674/675—yilda yana bir bosqinga uchrab[2], orolning bir qismi umaviylar xalifasi Volid I (h. 705–715) davrida vaqtincha bosib olingan[1]. Biroq, oʻsha davrda orol zabt etilmagan va 8-asrda vaqti-vaqti bilan boʻlgan bosqinlarga qaramay, Vizantiya qoʻlida saqlanib qolgan[3]. Krit Levantdagi arab dengiz bazalaridan ancha uzoqda boʻlgani sababli orolga qarshi samarali yurish amalga oshirilmagan[4].

Kritning zabt etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vizantiya imperatori Mixail II (h. 820–829) hukmronligining ikkinchi yarmida bir guruh Andalusiya qochqinlari Kritga kelib, orolni bosib olishni boshladilar[5]. Bu qochqinlar uzoq vaqt ko‘chmanchilikda yashagan edi. Manbalarda ular 818-yilda Kordova amiri Hakam Iga qarshi muvaffaqiyatsiz qoʻzgʻolondan omon qolganlar ekanligi aytilgan. Qoʻzgʻolon bostirilgandan soʻng, Kordova chekkasidagi Rabad fuqarolari ommaviy surgun qilindi. Baʼzilari Marokashning Fos shahriga joylashdilar. 10 000 dan ortiq kishilar qaroqchilik bilan shugʻullanib,, ehtimol, boshqa Andalusiyaliklar bilan birga Iskandariyaga oʻrnashishdi va 827-yil Abbosiylar generali Abdulloh ibn Tohir al-Xurosoniy shaharni qamal qilib, quvib chiqarguniga qadar shaharni nazorat qilishdi[6][7][8]. V.Kubyak taʼkidlaganidek, ularning Kordovadan kelib chiqqanligi haqidagi taxmin boshqa manbalarga zid boʻlib, ularda 798/799-yillarda Iskandariyada Andalusiya korsarlari borligi qayd etilgan va ularning shaharni egallab olishi 814-yilga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, Andalusiyaliklarning yoʻlboshchisi Abu Hafs nomi bilan tanilgan Umar ibn Hafs ibn Shuayb ibn Iso al-Ballutiy Kordovadan uzoqda joylashgan hududdan (Fahs al-Ballut, hozirgi Los Pedroches) kelgan[9].

Sarasen floti Krit tomon suzib ketmoqda. Madrid skylitzes qoʻlyozmasidan miniatyura.

Andalusiyaliklarning Kritga kirib kelish xronologiyasi nomaʼlum. Musulmon manbalariga koʻra, Andalusiyaliklar Iskandariyadan quvilganidan keyin 827 yoki 828-yillarda orolgan kirib kelgan[10]. Biroq, Vizantiya manbalari bunga qarama-qarshi boʻlib, ular Foma Slavyaninning (821—823) yirik qoʻzgʻoloni bostirilganidan keyin tez orada orolga kirib kelgan. Bosqinchilarga qarshi boshlangan Vizantiya yurishlarining soni va xronologiyasi hamda ularga boshchilik qilgan Vizantiya generallarining prosopografik savollariga oid keyingi mulohazalar Vasilios Kristides va Xristos Makrypulias kabi boshqa olimlarni tax. 824-yildan oldingi sanani taklif qilishga undagan[11]. Ibn Tohir bilan tuzilgan kelishuvga ko‘ra, Andalusiyaliklar oilalari bilan 40 ta kemada Iskandariyadan jo‘nab ketishgan. Tarixchi Warren Treadgold ularni 12 000 nafarga yaqin, ulardan 3 000 nafarga yaqini jangchilar, deb hisoblagan[12]. Vizantiya tarixchilarining fikriga koʻra, Andalusiyaliklar oʻtmishda orolga bostirib kirishgani sababli Krit bilan allaqachon tanish boʻlgan. Ular, shuningdek, musulmonlarning kelishi dastlab bosqinchilik maqsadida boʻlib, Abu Hafs vizantiyaliklarning kemalariga oʻt qoʻyganidan keyin jarayon fathga aylanganini daʼvo qiladilar. Biroq, Andalusiya surgunlari oʻz oilalarini bilan kelishgani sababli yangilik sifatida qabul qilingan boʻlishi mumkin[10]. Andalusiyaliklarning joylashgan joyi ham nomaʼlum. Baʼzi olimlar bu joy shimoliy qirgʻoqda, Souda koʻrfazida yoki ularning asosiy shahri va keyinchalik qurilgan qalʼa Chandaxda (arabcha: ربض الخندق, rabḍ al-xandaq, „Moat qalʼasi“, hozirgi Iraklion) boʻlgan deyishsa[10][13], boshqalar, ehtimol, ular orolning janubiy qirgʻoqlariga tushib, keyinroq orolning ichki qismi va shimoliy qirgʻogʻidagi aholi zichroq joyga koʻchib oʻtishgan, degan fikrni bildirishadi[14][15].

Imperator Michael II arablarning joylashgani haqida xabar topishi bilan andalusiyaliklar butun orol ustidan nazoratni qoʻlga olishidan oldin javob sifatida orolda nazoratni qayta tiklash uchun ketma-ket harbiy ekspeditsiyalar yubordi[16]. Foma Slavyanin qoʻzgʻoloni davrida koʻrilgan yoʻqotishlar Vizantiyaning javob berish qobiliyatiga toʻsqinlik qilgan. Agar joylashish 827/828-yilda sodir boʻlgan boʻlsa, Tunis Aglobiylarining Sitsiliyani asta-sekin bosib olishiga qarshi turish uchun kemalar va odamlarning safarbar qilinishi ham xalaqit bergan[17]. Anatolik strategi Photeinos va otxona grafi Damian boshchiligidagi birinchi ekspeditsiya ochiq jangda magʻlubiyatga uchrab, Damian oʻldirildi[5][16][18]. Keyingi harbiy ekspeditsiya bir yil oʻtib yuborildi. 70 ta kemadan iborat ekspeditsiyani strateg Kivirreotilik Krateros boshqargan. Dastlab gʻalaba qozongan vizantiyaliklar oʻziga haddan tashqari yuqori baho berib, tungi hujumda magʻlub etildi. Krateros flotning qolgan qismi bilan Kosga qochishga muvaffaq boʻldi. U yerda arablar tomonidan qoʻlga olinib, xochga mixlangan[19][20]. Makrypuliasning fikriga koʻra, bu harbiy kampaniyalar Andalusiyaliklar Chandax qurilishini tugatmasdan avval poytaxtni Gortynning ichki qismidan koʻchirishidan oldin sodir boʻlgan boʻlishi kerak[21].

Qaroqchi amirlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Egey dengizi xaritasi. Krit quyi qismda joylashgan.

Abu Hafs Vizantiyaning dastlabki hujumlarini qaytarib, asta-sekin butun orol ustidan nazoratni mustahkamladi[20]. Abbosiylar xalifaligi hokimiyatini tan olsa-da, amalda mustaqil hukmronlik qilgan[10]. Orolning zabt etilishi muhim ahamiyatga ega edi. Chunki orol Sharqiy Oʻrta yer dengizidagi dengiz kuchlari muvozanatini oʻzgartirib, Egey dengizi sohilini tez-tez va halokatli bosqinlar uchun ochib bergan[22].

Andalusiyaliklar dastlabki yillarda bir nechta Kiklad orollarini ham egallab olishdi. Michael II yana bir keng koʻlamli harbiy ekspeditsiya uyushtirib, yurishga butunlay yangi dengiz korpusi - Tessarakontarioni jalb qildi va yangi kemalar qurdi. Yangi flot admiral Oorifa qoʻmondonligida arablarni Egey orollaridan quvib chiqarishga muvaffaq boʻlsa-da, Kritni qaytarib ololmadi[23][24]. Michael IIning vorisi Teofilos (h. 829–842) Kordovalik Abdulrahmon IIga elchi yuborib, Andalusiya surgunlariga qarshi birgalikda harakat qilishni taklif qildi. Elchilik Abdurahmon Vizantiyaning Kritga qarshi har qanday harakatlariga rozilik beriganidan boshqa hech qanday natijaga erishmadi[10]. 829-yil oktyabr oyida oʻsha arablar Tasos yaqinidagi imperator flotini yoʻq qildi. Oorifaning koʻp ishlarini yoʻqqa chiqarib, Egey va uning qirgʻoqlarini talon-taroj qilish uchun yoʻl ochdi[25][26][27]. Keyinchalik ular Evbeya (835-840), Lesbos (837) va Frakisiya qirgʻoqlariga hujum qilishdi. Frakisiyadagi Latros togʻining monastirlik markazini vayron qilishdi. Biroq, bosqinchilarni mahalliy strateg Konstantin Kontomytes magʻlub qildi[10][28][29].

842-yilda Theophilosning oʻlimidan soʻng, Vizantiyadagi yangi rejim Krit tahdidiga qarshi kurashish uchun qoʻshimcha choralar koʻrdi. Jumladan, 843-yilda arablar bosqinlariga qarshi samarali kurashish uchun Egey dengizida yangi dengiz fematasi tashkil etildi. Kritda hokimiyatni qayta tiklash uchun kuchli logofet va regent Theoktitosning shaxsan rahbarligida harbiy yurish boshlandi. Orolning katta qismi bosib olingan boʻlsa-da, Konstantinopoldagi siyosiy fitnalar tufayli Theoktist qoʻshinni qoldirib, ortga qaytishga majbur boʻlgach, orolda qolgan qoʻshin arablar tomonidan qirib yuborildi[30][31]. Vizantiya floti 853-yilda arablarni zaiflashtirish maqsadida Sharqiy Oʻrta yer dengizida bir nechta muvofiqlashtirilgan operatsiyalarni amalga oshirib, Misrning Dumyot dengiz bazasiga hujum qildi va Krit uchun moʻljallangan qurollarni qoʻlga kiritdi[10][26]. Vizantiyaning arablarga qarshi kurashda keyingi yillardagi muvaffaqiyatlariga qaramay, Kritliklar 860-yillarning boshlarida Peloponnes, Siklad va Atosga hujum qilib, harbiy harakatlarini davom ettirdilar[10][32]. 866-yilda Vizantiyalik Sezar Bardas Kritni boʻysundirish uchun yana bir yirik qoʻshin toʻpladi. Biroq, flot poytaxtdan joʻnaganidan ikki hafta oʻtib uning makedoniyalik Vasiliy tomonidan oʻldirilishi tashabbusning tugashiga sabab boʻldi[33][34].

Ooryfa Krit Sarasenlarini jazolamoqda. Madrid skylitzes qoʻlyozmasidan

870-yillarning boshlarida Krit yurishlari yangi bosqichga chiqdi. Asosan Vizantiya renegatlari tomonidan boshqariladigan flotlar Egey dengizi va undan uzoqroqdagi, Dalmatsiya qirgʻoqlariga qadar yetib bordi[10]. tax. 873-yilda Photios boshchiligidagi Krit floti Marmara dengiziga kirib borib, Prokonnesosga muvaffaqiyatsiz hujum qildi. Bu 717—718-yillardagi Konstantinopol ikkinchi marta arablar tomonidan qamal qilinganidan keyin birinchi marta musulmon floti Vizantiya poytaxtiga shunchalik yaqinlashishi edi. Kardiya jangida Vizantiyaning yangi admirali Niketa Oorifa arablarni ogʻir magʻlubiyatga uchratdi. Koʻp oʻtmay, Oorifa Korinf koʻrfazida kritliklarni yana bir bor magʻlub etib, koʻplab asirlar oldi. Bosqinlar uchun qasos sifatida asirlarni qattiq qiynoqqa soldi[10][35]. Taxminan shu vaqtda Yazaman al-Xadim boshchiligidagi Tars musulmon floti Evriposga qilingan hujumda yoʻq qilindi[36]. Vizantiyaning bu gʻalabalari aftidan vaqtinchalik sulhga sabab boʻlib, Krit amiri Saypes (Shuʼayb ibn Umar) taxminan oʻn yil davomida Vizantiyaga soliq toʻlashga majbur boʻlgan[37].

Koʻp oʻtmay harbiy harakatlar qayta boshlandi. Bu safar Kritliklarga Shimoliy Afrika va Suriya flotlari qoʻshildi[38]. Ayniqsa, Peloponnes, shuningdek, Evbeya va Siklad orollari bosqinlardan ancha zarar koʻrdi. Patmos, Karpatos va yaqin atrofdagi Sokastro orollari Krit nazorati ostiga oʻtdi. Krit hukmronligi shimolda Saron koʻrfazidagi Eginagacha, Peloponnesning janubiy qirgʻoqlaridagi Elafonisos va Kitiragacha choʻzildi. Buyuk Kikladdagi orol Naxos, ehtimol, qoʻshni Paros va Ios orollari bilan birga, kritliklarga jon soligʻi (jizya) toʻlashga majbur boʻlgan. Musulmonlar hukmronligi odatda biroz moddiy yoki adabiy iz qoldirgani sababli bir vaqtning oʻzida musulmonlar nazorat qilgan yoki egallab olgan orollar roʻyxati uzunroq boʻlishi mumkin[39][40]. Shunga qaramay, arab yurishlarining yangi toʻlqini Egey dengizi boʻylab taʼsir qildi. Baʼzi orollar butunlay boʻshab qoldi. Boshqa hududlardagi qirgʻoq boʻylari yaxshiroq himoyalangan ichki hududlarga koʻchish hisobidan tashlab ketildi[41]. Afina tax. 896 —  902-yillarda bosib olingan boʻlishi mumkin[3]. 904-yilda Tripolilik Leo boshchiligidagi Suriya floti Vizantiya imperiyasining ikkinchi shahri Salonikini talon-taroj qildi. Krit arablari suriyalik hamkasblari bilan yaqin hamkorlik qildilar. Suriyaliklar Kritdan koʻpincha baza yoki toʻxtash joyi sifatida foydalanishgan. Tripolilik Leo Salonikidan qaytib kelgach, 20 000 dan ortiq salonikilik asirlarning katta qismi Kritda qul sifatida sotilgan yoki sovgʻa qilingan[39][42]. Xuddi shunday, Krit amirligi Misrning tuluniy hukmdorlaridan (868–905) kuchli yordam oldi. Tuluniylarning ixshidiy vorislari Kritga yordam boʻyicha eʼtibor qaratishmadi[43]. 911-yilda admiral Himerios boshchiligida Vizantiyaning Kritga qarshi 100 dan ortiq kemadan iborat yana bir yirik yurishi boshlandi. Biroq bir necha oydan keyin orolni tark etishga majbur boʻlishdi. Ortga qaytayotgan Himerios floti Suriya floti bilan Chios yaqinidagi jangda yoʻq qilindi[39][44][45][46].

Vizantiyaning qayta bosib olishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Krit musulmonlarining asosiy qalʼasi Chandaxning qamal qilishi. Madrid skylitzes qoʻlyozmasidan.

Krit qaroqchiligi 930—940-yillarda yana yuqori darajaga koʻtarilib, janubiy Gretsiya, Atos va Kichik Osiyoning gʻarbiy qirgʻoqlarini vayron qildi. Natijada imperator Konstantin VII (h. 913–959) 949-yilda yana bir harbiy ekspeditsiya yubordi. Bu yurish kutilmagan hujum natijasida magʻlub boʻldi. Vizantiya yilnomachilari mazkur magʻlubiyatni qoʻshin, amaldor kamerlen Konstantin Gongylesning qobiliyatsizligi va tajribasizligi bilan izohlashgan[39][47][48]. Konstantin VII taslim boʻlmay, hukmronligining soʻnggi yillarida yana bir harbiy ekspeditsiya tayyorlay boshladi. Bu yurish keyingi imperator Romanos II (h. 959–963) davrida amalga oshirilgan boʻlib, qoʻshin qoʻmondonligi qobiliyatli general Nikiforos Fokasga ishonib topshirilgan. Fokas ulkan flot va armiyani boshqarib, 960-yil iyun yoki iyul oylarida orolga tushgan va musulmonlarning dastlabki qarshiliklarini magʻlub etgan. Chandax qish boʻyi uzoq vaqt qamal qilinib, 961-yil 6-martda shaharga bostirib kirilgan[39][49].

Shahar talon-taroj qilindi, masjidlar va devorlar buzib tashlandi. Musulmon aholisi yo oʻldirildi yoki qullikka olib ketildi. Orolning soʻnggi amiri Abdulaziz ibn Shuayb (Kuroupas) va uning oʻgʻli Numon (Anemas) asir olinib, Konstantinopolga olib kelindi va Fokas u yerda Fokas gʻalabani nishonladi[39][50]. Orol Vizantiya femiga aylantirildi. Qolgan musulmonlar Nikon „Metanoeite“ kabi missionerlar vositasida nasroniylikni qabul qildilar. 970—971-yillardagi ruslarga qarshi urushda Vizantiya xizmatiga kirgan va Dorostolonda halok boʻlgan knyaz Anemas nasroniylikni qabul qilganlardan biri edi[50][51][52].

Kritning ilk musulmon davriga oid ichki tarixi ushbu davrga oid mavjud manbalarning kamligi tufayli nisbatan noaniq boʻlib qolmoqda. Bundan tashqari, arablar hukmronligini eslatuvchi obidalar 961-yilda Vizantiya tomonidan qasddan vayron qilingani sababli bir nechta joy nomlaridan tashqari asosiy arxeologik qoldiqlar saqlanib qolmagan[53]. Bu holat amirlikka nisbatan umumiy nuqtai nazarga ham taʼsir qildi. Asosan Vizantiya manbalariga tayanishga majbur boʻlgan olimlar anʼanaviy ravishda Krit amirligini Vizantiya nuqtai nazaridan qaroqchilik va qul savdosi hisobidan yashagan „qaroqchilar makoni“ sifatida tavsiflashgan[10][54].

Boshqa tomondan olib qaraganda, musulmon dunyosidagi Krit amirligi haqida mavjud kam sonli va nomaʼlum mualliflar tomonidan chizilgan rasmga koʻra, mustahkam iqtisodga va keng savdo aloqalariga ega tartibli davlat ekanligi haqida tasavvur hosil boʻladi. Chandax baʼzi xalqlarning ahamiyatga ega madaniy markazi boʻlgani haqida ham dalillar mavjud[55][56]. Og‘irligi va tarkibi deyarli o‘zgarmas bo‘lgan ko‘plab oltin, kumush va mis tangalarning saqlanib qolgani iqtisodiyotning mustahkamligi va aholi turmush darajasining yuqoriligidan dalolat beradi[57]. Iqtisodiyot boshqa musulmon dunyosi bilan, ayniqsa Misr bilan keng savdo va qishloq xoʻjaligining jadal rivojlanishi tufayli mustahkamlandi. Davlat mustaqilligini saqlab qolish, shuningdek, musulmon dunyosi bozorlariga chiqish zarurati dehqonchilikning rivojlanishiga olib keldi. Bundan tashqari, bu davrda Kritda shakarqamish yetishtirish boshlangan boʻlishi mumkin[58].

Musulmonlar istilosidan keyin orol nasroniylari bilan nima sodir boʻlgani maʼlum emas. Anʼanaviy nuqtai nazarga koʻra, koʻpchilikning dini oʻzgargan yoki chiqarib yuborilgan[59]. Musulmon manbalarida, boshqa musulmon istilolarida boʻlgani kabi, Kritda nasroniylarning subʼekt sinf sifatida saqlanib qolgani toʻgʻrisida dalillar mavjud. Xuddi shu manbalarga koʻra, musulmonlar, xoh Andalusiyaliklarning avlodlari boʻlsin, xoh yangi muhojirlar, xoh dinga kirganlar (yoki boshqalar) koʻpchilikni tashkil qilgan[60]. Orolda bir-biriga qarama-qarshi tabaqalarning mavjudligi haqida ham dalillar mavjud. Diakon Feodosiyning xabar berishicha, yer egalari boʻlmagan qoyalar va gʻorlarda yashovchi Kritning qishloq aholisi Nikiforos Fokas Chandaxni qamal qilayotgan davrda oʻz yetakchilari Karamountes boshchiligida qamaldagilarga yordam berish uchun togʻlardan tushib kelishgan[61]. Aftidan, qishloqda yashovchi vizantiyalik nasroniy aholi oʻz holiga tashlab qoʻyilgan. Shaharlarda esa musulmonlar (jumladan, mahalliy dinini oʻzgartirganlar) ustunlik qilgan[56].

Amirlar roʻyxati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Krit amirlarining ketma-ketligi arab va Vizantiya manbalari, asosan zarb etilgan tangalar orqali aniqlangan. Shuning uchun hukmronlik sanalari taxminan berilgan[62][63]:


Nomi Yunon manbalaridagi nomi Hukmronligi
Umar I ibn Hafs Apohaps/Apohapsis (Ἀπόχαψ/Ἀπόχαψις) 827/828 – tax. 855
Shuayb (I) ibn Umar Saipes/Saet (Σαΐπης/Σαῆτ) tax. 855–880
Umar II ibn Shuayb Babdel (Βαβδέλ) tax. 880–895
Muhammad ibn Shuayb al-Zarkun Zerkounes (Ζερκουνῆς) tax. 895–910
Yusuf ibn Umar tax. 910–915
Ali ibn Yusuf tax. 915–925
Ahmad ibn Umar tax. 925–940
Shuayb (II) ibn Ahmad 940–943
Ali ibn Ahmad 943–949
Abdulaziz ibn Shuayb Kouroupas (Κουρουπᾶς) 949–961
  1. 1,0 1,1 Canard 1971, s. 1082.
  2. Treadgold 1997, ss. 313, 325.
  3. 3,0 3,1 Miles (1964), p. 10
  4. Treadgold (1997), p. 378
  5. 5,0 5,1 Makrypoulias (2000), pp. 347–348
  6. Canard (1971), pp. 1082–1083
  7. Miles (1964), pp. 10–11
  8. Christides (1981), pp. 89–90
  9. Kubiak (1970), pp. 51–52, esp. note 3
  10. 10,00 10,01 10,02 10,03 10,04 10,05 10,06 10,07 10,08 10,09 10,10 Canard 1971, s. 1083.
  11. cf. Makrypoulias (2000), pp. 348–351
  12. Treadgold (1988), pp. 251, 253
  13. Treadgold (1988), p. 253
  14. Makrypoulias (2000), p. 349
  15. Miles (1964), p. 11
  16. 16,0 16,1 Christides (1981), p. 89
  17. cf. Treadgold (1988), pp. 250–253, 259–260
  18. Treadgold (1988), pp. 253–254
  19. Makrypoulias (2000), pp. 348, 351
  20. 20,0 20,1 Treadgold (1988), p. 254
  21. Makrypoulias (2000), pp. 349–350
  22. Makrypoulias (2000), pp. 347, 357ff.
  23. Makrypoulias (2000), pp. 348–349, 357
  24. Treadgold (1988), pp. 255, 257
  25. Miles (1964), p. 9
  26. 26,0 26,1 Christides (1981), p. 92
  27. Treadgold (1988), p. 268
  28. Christides (1981), pp. 92, 93
  29. Treadgold (1988), pp. 324–325
  30. Makrypoulias (2000), p. 351
  31. Treadgold (1997), p. 447
  32. Treadgold (1997), p. 451
  33. Makrypoulias (2000), pp. 351–352
  34. Treadgold (1997), p. 453
  35. Wortley (2010), pp. 147–148
  36. Christides (1981), p. 93
  37. Canard (1971), pp. 1083–1084
  38. Miles (1964), pp. 6–8
  39. 39,0 39,1 39,2 39,3 39,4 39,5 Canard (1971), p. 1084
  40. Christides (1981), pp. 95–97
  41. Christides (1981), p. 82
  42. Treadgold (1997), p. 467
  43. Christides (1981), p. 83
  44. Makrypoulias (2000), pp. 352–353
  45. Christides (1981), p. 94
  46. Treadgold (1997), p. 470
  47. Makrypoulias (2000), pp. 353–356
  48. Treadgold (1997), p. 489
  49. Treadgold (1997), pp. 493–495
  50. 50,0 50,1 Treadgold (1997), p. 495
  51. Canard (1971), pp. 1084–1085
  52. Kazhdan (1991), p. 96
  53. Miles 1964, ss. 11, 16–17.
  54. Christides 1981, ss. 78–79.
  55. Miles 1964, ss. 15–16.
  56. 56,0 56,1 Christides 1981, s. 98.
  57. Christides 1984, ss. 33, 116–122.
  58. Christides 1984, ss. 116–118.
  59. Treadgold 1988, s. 254.
  60. Christides 1984, ss. 104–109.
  61. Miles 1964, s. 15.
  62. Miles 1964, ss. 11–15.
  63. Canard 1971, s. 1085.

Qoʻshimcha oʻqish uchun

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Christodoulakis, Stavros (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "Η Εκκλησία της Κρήτης κατά την Αραβοκρατία (824-961 μ.Χ.)" (Greek). Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 51–71. ISSN 1108-4103. 
  • Gigourtakis, Nikos M. (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "«ΑΚΡΩΤΗΡΙΩι ΤΩι ΧΑΡΑΚΙ». Αρχικές παρατηρήσεις για το σημείο απόβασης των Αράβων του Abu Hafs Omar στην Κρήτη" (Greek). Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 73–95. ISSN 1108-4103. 
  • Andoza:The Age of the Galley
  • Mazarakis, Andreas D. (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "The Coinage of the Amirs of Crete in a Private Collection". Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 97–104. ISSN 1108-4103. 
  • Starida, Liana (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "Το αραβικό φρούριο της τάφρου όπως αποκαλύπτεται από τις ανασκαφικές έρευνες" (Greek). Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 105–118. ISSN 1108-4103. 
  • Tibi, Amin (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "Two Sources on Arab Crete: Al-majālis wa'l-Musāyarāt and Muʿjam al-Buldān". Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 119–122. ISSN 1108-4103. 
  • Yannopoulos, Panagiotis (2011). Chatzaki, Eirini. ed. "Η παρουσία των Αραβοκρητών στον ελλαδικό χώρο σύμφωνα με τις τοπωνυμικές πηγές" (Greek). Graeco-Arabica (Heraklion: Vikelaia Library and the institute for Graeco-Oriental and African Studies) XI: 123–134. ISSN 1108-4103.