Kontent qismiga oʻtish

Kuvayt

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Kyuuwaitdan yoʻnaltirildi)
Quvayt Davlati
دولة الكويت
Shiorدولة الکوݐت
Arabcha: Quvayt Davlati
Madhiya: Al-Nasheed Al-Watani
Location of Kuvayt
Poytaxt Al-Quvayt
Rasmiy til(lar) Arabcha
Hukumat Semi-Konstitutsion Rohiblik
• Amir
Navvof al-Ahmad al-Jobir as-Saboh
Saboh al-Xolid as-Saboh
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
19-iyun 1961
Maydon
• Butun
17,820 km2 (157-oʻrin)
• Suv (%)
ahamiyatsiz
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
2,335,648 (140-oʻrin)
• Zichlik 131/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$53,310 mil. (74-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$22,825
Pul birligi Kuwaiti Dinar (KWD)
Vaqt mintaqasi UTC+3
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma KW
Telefon prefiksi 965
Internet domeni KW

Kuvayt,[1] Kuvayt Davlati baʼzan Quvayt (Davlat al-Kuvayt) — Arabiston yarimorolida, Fors qoʻltigʻining shimoli-gʻarbiy sohilidagi davlat. Maydoni 17,8 ming km². Aholisi 2,04 mln. kishi (2001). Poytaxti — Al-Kuvayt shahri. Maʼmuriy jihatdan 3 viloyatga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quvayt — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1962-yil 16-noyabrda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — amir (1977-yildan shayx Jobir al-Ahmad al-Jobir as-Saboh). Qonun chiqaruvchi hokimiyatni amir va parlament — Milliy Majlis, ijro etuvchi hokimiyatni amir va Vazirlar Kengashi (hukumat) amalga oshiradi.

Yer yuzasining koʻp qismi gʻarbdan sharqqa pasayib boruvchi plato. Fors qoʻltigʻining sohili botqoqli pasttekislik. Quvayt hududi AfrikaArabiston platformasining Shimoli-sharqida. Basra - Kuvayt sineklizasida joylashgan. Iqlimi quruq, tropik iqlim. Yanvarning temperaturasi 11°, iyulniki 34°. Yillik yogʻin 100–150 mm. Landshafta: shimoliy qismida toshloq, markaziy va janubiy qismiga tomon qumli choʻl bilan almashinib boradi. Oʻsimlik kam, tuprogʻi boʻz tuproq.

Aholisining 90% ga yaqini arablar, ularning yarmidan koʻpi muhojirlar. Koʻchmanchi badaviylar, hindistonlik va pokistonliklar, eronliklar ham yashaydi. Rasmiy tili — arab tili. Dini — islom. Aholining 96%i shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: al-Kuvayt va al-Ahmadi.

Miloddan avvalgi 3-ming yillikkacha Quvayt hududi Bobil, Ossuriya va Eron davlatlari tarkibiga kirgan. Undan keyingi davrlarda esa turli davlatlar oʻrtasida talash boʻlib keldi.

VII asr dan Quvayt Arab xalifaligi, XVI asrdan Usmonli turk saltanati tarkibida. XVIII asr oʻrtalaridan Kuvaytda hokimiyat as-Saboh sulolasi shayxlari qoʻlida. XVIII asrning 60-yillaridan Kuvaytga Britaniyaning Ost-Indiya kompaniyasi kirib kela boshladi. 1899-yildan Quvayt amalda Buyuk Britaniya tasarrufiga oʻtdi. Kuvayt xalqining kurashi natijasida 1961-yil 19-iyunda Quvayt mustaqillikka erishdi. Hukumat bir necha ilgʻor islohot oʻtkazdi. Mamlakatda siyosiy hayot faollashib, 1967-yilda Quvayt kasaba uyushmalari federatsiyasi tuzildi. Kuvayt hukumati ijobiy betaraflik, hamma mamlakatlar bilan hamkorlik qilish siyosatini rasmiy ravishda eʼlon qildi. 1990-yil 2-avgustda Iroq Quvaytni bosib olib, oʻz viloyati deb eʼlon qildi. BMT Xavfsizlik Kengashining qaroriga binoan, 29 mamlakatdan iborat koalitsiya kuchlari Kuvaytni 1991-yil 26-fevralda butunlay ozod qildi.

Kuvayt 1963-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1994-yil 8-iyulda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 25-fevral — Milliy kun (1961).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuvaytda siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlangan. Kuvayt demokratik forumi, muxolifatdagi partiya, 1991-yil 7 muxolifat guruhining birlashuvi natijasida tuzilgan. Kuvayt ishchilari umumiy federatsiyasi kasaba uyushmasi 1967-yil dekabrda tuzilgan. Arab kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi va Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasi aʼzosi.

Ikkinchi Jahon urushigacha Quvayt iqtisodiyotining asosiy tarmogʻi koʻchmanchi chorvachilik, sohilda esa dengiz jonivorlarini ovlash boʻlgan, aholining bir qismi savdo-sotiq va xususan, marvarid savdosi bilan shugʻullangan. Urushdan keyin boy neft konlari negizida neft qazish sanoati rivojlandi. 1970-yillarga kelib yalpi milliy mahsulotning salkam 60%, valyuta tushumining 94% neft sanoatiga toʻgʻri keldi. Iroq agressiyasi Kuvayt iqtisodiyotiga, ayniqsa, neft konlariga katta zarar yetkazdi, ammo 1993-yildayoq neft eksportidan olingan mablagʻ urushdan avvalgi darajadan oshib 9,9 mlrd. va 1994-yil 11,2 mlrd. dollarni tashkil etdi. Quvaytda neftdan olinadigan daromadlarning 10% "Kelgusi avlodlar jamgʻarmasi"ga oʻtkaziladi. Asosiy neft konlari: Al-Burkon, Al-Makva, Vafra, Ahmadi. Yiliga 25 mln. tonna neftni qayta ishlab oladigan 3 ta zavod mavjud. Tabiiy gaz ham qazib olinadi. Shuningdek, kimyo (kimyoviy oʻgʻit, ammiak, oltingugurt, kaustik soda, boʻyoq), kemasozlik, metall ishlash (quvur, akkumulyator), oziq-ovqat, qurilish ashyolari sanoati (sement, gʻisht, cherepitsa va boshqalar) ishlab chiqarish kabi tarmoqlari ham rivojlangan. Elektr stansiyalar, dengiz suvini chuchitadigan qurilmalar bor. Temir-tersakdan metall eritadigan, neft sanoati uskunalarini, roʻzgʻor elektr va radio asboblarini taʼmirlaydigan korxonalar, hunarmandchilik ustaxonalari ham mavjud. 90-yillarda neft sanoati yalpi ichki mahsulotning 42% ni, boshqa sanoat tarmoqlari 14,5%, qishloq xoʻjaligi esa 0,3% ni tashkil etdi. 1 yilda oʻrtacha 16,8 mlrd. kVt/soat elektr energiyasi hosil qilinadi.

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligida hamon koʻchmanchi chorvadorlik ustun. Vohalarda xurmo, bugʻdoy, arpa, sabzavot yetishtiriladi. Umuman, mamlakat hududining atigi 1% qishloq xoʻjaligiga yaroqli. Bu aholinig qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ehtiyojining 50% nigina qondiradi. Oziq-ovqatning koʻp qismi chetdan keltiriladi. Baliq ovlash aholi ehtiyojining 25% ni qondiradi. Quvaytda temiryoʻl yoʻq. Avtomobil yoʻllari oʻz. — 4 ming km dan ortiq. Dengiz transporti, ayniqsa, tankerlar katta ahamiyatga ega. Asosiy dengiz portlari: Shuvayx (Quvayt), Ash-Shuayba, Mino-al-Ahmadi. Chetga neft va neft mahsulotlari, kimyoviy oʻgʻit, suyultirilgan gaz, asbest quvurlar, sement va boshqa chiqaradi. Chetdan mashina va asbob-uskuna, transport vositalari, qurilish ashyolari, metall va metall buyumlar, oziq-ovqat keltiradi. Kuvaytning bir qancha mamlakatlardagi sarmoyalarning katta qismi koʻchmas mulkka aylantirilgan. Jumladan, Gollandiya va Daniyada Kuvaytga qarashli neftni qayta ishlash zavodlari, Yevropadagi 9 davlatda 5117 avtomobil yoqilgʻisini quyish tarmoqlari mavjud. Bundan tashqari, Angiyaning "British petroleum", "Midlend", Germaniyanig "Daymler bens", "Folksfagen", "Simens", Ispaniyaning "Taras", Fransiyaning "Pariba" kabi yirik kompaniya va banklari hissadoridir. "Santa-Fe" xalqaro neft kompaniyasi Kuvaytning toʻla xususiy mulki hisoblanadi. Asosiy savdo mijozlari: Yaponiya, AQSh, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, arab mamlakatlari. Pul birligi — Kuvayt dinori.

Tibbiy xizmati, maorifi va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shifokorlar Quvayt davlat universitetida va chet ellarda tayyorlanadi. Davlat oʻquv yurtlarida barcha turdagi taʼlim bepul. Xususiy maktablar ham bor. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati — 4 yil, oraliq maktabda 4 yil va oʻrta maktabda 4 yil Boshlangʻich va oraliq maktablarda 6— 14 yoshdagi bolalarning oʻqishi majburiy. Mamlakatda 1 oliy oʻquv yurti — Quvayt davlat universiteti (1966-yilda asos solingan) mavjud. Ilmiy muassasalari: Quvayt ilmiy-tadqiqot instituti (1967), qishloq xoʻjaligi tajriba styasi (1953), Arab rejalashtirish instituti (1966)— hammasi Quvayt shahrida. Kuvayt markaziy kutubxonasi (1936), universitet kutubxonasi, Kuvayt shahrida Kuvayt muzeyi va tabiiy-tarixiy muzey bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kuvaytda bir necha gazeta va jurnal nashr etiladi. Eng muhimlari: "Al-Anba" ("Xabarlar", arab tilidagi kundalik gazeta, 1976-yildan), "Arab tayme" ("Arab vaqti", ingliz tilidagi gazeta, 1977-yildan), "Al-Vatan" (arab tilidagi kundalik gazeta, 1974-yildan), "Al-Jamahir" ("Omma", arab tilidagi kundalik gazeta, 1984-yildan), "Al-Kabas" ("Bilim", arab tilidagi kundalik gazeta, 1972-yildan), "Kuweit time" ("Kuvayt vaqti", ingliz tilidagi kundalik gazeta, 1961-yildan), "Ar-Risola" ("Maktub", arab tilidagi haftalik gazeta, 1961-yildan), "As-Siyosa" ("Siyosat", arab tilidagi kundalik gazeta, 1965-yildan), "Al-Xadaf" ("Maqsad", arab tilidagi haftalik gazeta, 1961-yildan), "Al-Amal" ("Ishchi", haftalik jurnal), "Al-Arabi" ("Arab", oynoma, 1958-yildan), "Al-Kuvayti" ("Kuvaytlik", haftalik jurnal, 1961-yildan), "At-Talia" ("Ilgor", haftanoma, 1962-yildan). Kuvayt axborot agentligi (KUVA) 1976-yilda tuzilgan. Kuvayt radioeshittirish xizmati 1951-yil, televideniyesi 1961-yil tashkil etilgan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Faylaka oroldan qad. ibodatxona vayronasi, jez haykalchalar, ioniy kolonnali Satir ibodatxonasi, keramika buyumlari topilgan (miloddan avvalgi III asr). Quvayt shahrining eski uylari 1—2 qanatli boʻlib, tosh va loydan ishlangan hamda tashqi (devon) va ichki (haram)ga ajratilgan. Gumbazli 1 va 2 minorali jome masjidlar (Katta masjid, as-Suk va boshqalar) qurilgan. 1950—60 yillarda shahar qayta qurildi. Sanoat inshootlari barpo etildi. Koʻp qanatli uylar qurilib, koʻchalar koʻkalamzorlashtirildi. Temir-beton va oynadan qurilayotgan koʻp qanatli uylar koshinli, shishaband. Xalq ustalarining sanʼati bezak buyumlarda (yogʻoch kosa, shisha munchoqlar, qimmatbaho tosh koʻzli oʻzuklar, kumush yoki qoʻrgʻoshin qoplab vaqshlangan chilimlar va boshqalar) koʻzga tashlanadi.

Musiqasi arab musiqa sanʼati bilan bevosita bogʻlangan. Hanaskorlik musiqa sanʼati rivojlangan. Chet elda oʻqib kelgan musiqa mutaxassislari maktablarda daryo beradi va hanaskorlar orkestrini tashkil qiladi. Yirik milliy professioval orkestr — radio va televideniye orkestri bor. Unga mahalliy bastakorlar musiqa yozib beradi.

1957-yil Xalq teatri tuzildi. 1959-yildan Arab teatri ishlay boshladi. Uning repertuarini Misr va mahalliy mualliflar pyesalari boyitib keldi. 1964-yil truppani miyerlik rejissor Zakiy Toʻlaymat boshqarib, arab pyesalarini sahnalashtirdi va mamlakatda ilk bor teatr bilim yurtini tashkil etdi. 1963-yil Fors koʻrfazi Kuvayt teatri paydo boʻldi va unda mahalliy dramaturglar asarlari qoʻyildi. 1967-yil yava bir teatr truppasi — Quvayt teatri tashkil etildi.

60-yillar boshidan qisqa metrajli voqeiy va hujjatli filmlar suratga olina boshladi. 1971-yil "Shafqatsiz dengiz" (rejissor Xolid Saddiq) badiiy filmi namoyish qilindi. Quvaytning oʻz kinostudiyasi yoʻq.

Oʻzbekiston — Quvayt munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1994-yil iyulda ikki davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatilgach, turli sohalarda hamkorlik yoʻlga qoʻyila boshladi. 1994-yilda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Quvayt oʻrtasida "Havo qatnovi toʻgʻrisidagi bitim" kelishib olindi.

1997-yilda Quvayt iqtisodiy rivojlanish jamgʻarmasi Nukus va Urganch shaharlarini suv bilan taʼminlash loyihasi uchun 18 mln. AQSh dollari miqdorida pul ajratdi. Ayni vaqtda Oʻzbekistonga 6 mln. Kuvayt dinori miqdorida kredit berish haqidagi shartnoma imzolandi; 20 yil muddatga berilgan bu kreditda 5 yillik imtiyozli davr koʻzda tutilgan.

1998-yil 250 ming Quvayt dinori miqdoridagi kredit mablagʻi oʻzlashtirildi. Ikki davlat oʻrtasida siyosiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bunga Quvayt parlamentida Quvayt — Oʻzbekiston doʻstlik qoʻmitasi tashkil etilgani yaqqol misol boʻla oladi[2]

  1. „Quvaytmi yoki Kuvayt“. 2023-yil 20-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 20-avgust.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil