Kontent qismiga oʻtish

Musa toʻra madrasasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Madrasa
Musa toʻra madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Boʻyoqchilar koʻchasi, 8-uy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Xorazm meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Musa toʻra
Homiylar Musa toʻra
Asosiy sana:
Maqomi Davlat himoyasida
Umumiy maydoni 38,7x28,2 m

Musa toʻra madrasasi (yoki Muso toʻra madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Boʻyoqchilar koʻchasi, 8-uyda, shuningdek, Ichan qalʼaning markaziy qismida joylashgan. Yodgorlikni 1841-yilda Olloqulixonning nabirasi Musa toʻra mablagʻlari hisobiga qurdirgan.

Musa toʻra madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].

XIX asrning birinchi yarmiga tegishli Musa toʻra madrasasi Koʻhna Ark meʼmoriy yodgorligining kunchiqar tarafida, „Ichan qalʼa“ning markazidan shimoliy qismidagi Yusuf yasovulboshi madrasasi yonida peshtogʻini janub tomonga qaratib qurilgan[3]. Baʼzi manbalarga koʻra, madrasa 1841-yilda Muhammad Rahimxon I ning nabirasi va Olloqulixonning jiyani boʻlgan Rahmonquli Inoqning oʻgʻli Musa toʻraning (Xon sulolasi avlodlari ismiga „toʻra“ soʻzi qoʻshib aytiladi) buyrugʻi bilan bunyod etilgan. Musa toʻra 1885-yilda boʻlgan Turkman yovmutlariga qarshi jangda halok boʻlgan va Xivaga keltirilib, ushbu madrasaga dafn qilingan.

Bugungi kunda madrasada yogʻoch oʻymakorligi maktabi va hunarmandchilik doʻkoni faoliyat olib bormoqda[4].

Qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa yuqoridan qaralganda trapetsiya shaklidagi tarhli qilib qurilgan va umumiy maydoni 38,7x28,2 m ni tashkil qiladi. Orqa va ikki yon tarzi oddiy, bezaksiz. Bosh tarzdagi peshogʻi Xorazm meʼmorchiligiga xos sharafali, sirkori koshin bilan qoplangan, gʻishtlar mavjli shaklda terilgan. Ikki yon qanotidagi 3 ravoqli hujralar peshtoqdan pastroq qilib ishlangan. 4 burchagida guldastalar bor. Darvozasi yogʻoch oʻymakorligida bezatilgan va orasida yozuvlari saqlangan. 2 gumbazli, boʻgʻim-boʻgʻimli miyonsaroy orqali hovliga oʻtiladi. Miyonsaroyning 2 yonida masjid (6,0x6,0 m) va darsxona (4,2x4,2 m) joylashgan. Hovli (21,5x14,28 m) atrofidagi hujralar oldi qator ravoqli, tomi balxi gumbazli, masjid, darsxona va miyonsaroy charxi gumbazli, ichki gumbaz osti qalqonsimon bagʻallar bilan bezatilgan. Hujralar darchasiga ganchkori panjaralar oʻrnatilgan[5]. Darvozaga „Musa toʻra oz muddat davomida martabaga erishgan, keyin jangda shahid boʻlib Jannatga ketgan. Vafotidan soʻng onasi uning xotirasi uchun ushbu madrasani barpo ettirgan“ maʼnosidagi soʻzlar sheʼriy tarzda bitilgan. Yozuvlar 1856-yilda arab alifbosida nastaʼliq uslubida oʻyib ishlangan, sheʼr esa shoir Komil Pahlavon Niyoz tomonidan yozgan[6].

  • Mankovskaya L., Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.