Vikipediya:Yil maqolalari/2024
2024-yilning 5–29-dekabr kunlari ovoz berish natijalariga koʻra, quyidagi maqolalar „Yil maqolasi“ sifatida tanlangan:
Buxoro qamali
Buxoro qamali — 1220-yil mart oyida, yaʼni moʻgʻullar tomonidan Xorazmshohlar davlatinining bosib olishi davrida sodir boʻlgan harbiy bosqin. Bosqinda Moʻgʻullar imperiyasining xoni Chingizxon sulton Muhammad II boshqarayotgan Xorazmshohlar davlati bilan tutashgan chegaraning turli tomonlaridan hujum uyushtirgan. Xorazmshoh yirik shaharlarni yakka tartibda mudofaa qilishni rejalashtirgan boʻlsa, moʻgʻullar chegara shahar — Oʻtrorni qamal qilib, Xorazmshohlar davlatiga qaqshatqich zarbalar berishni maqsad qilgan edi.
Buxoro shahri Xorazmshohlar davlatining yirik savdo va madaniy markazi maqomida boʻlgan. Shahar Moʻgʻullar imperiyasi bilan chegaradan ancha uzoqda joylashganligi sababli xorazmshoh bu shahar himoyasi uchun 20 000 ga yaqin askar ajratgan. Soni 30 000 dan 50 000 gacha boʻlgan moʻgʻul askarlari katta qoʻshin uchun oʻtib boʻlmas toʻsiq sanalgan Qizilqum choʻlini kesib oʻtishga muvaffaq boʻlgan. Moʻgʻullarni koʻrgan Buxoro mudofaachilari sarosimaga tushib, muvaffaqiyatsiz kechgan jang va uch kunlik qarshlik koʻrsatishdan soʻngra, oxir-oqibat taslim boʻlgan. Xorazmshohga sodiq askarlar qal’a buzib tashlangunga qadar yana ikki haftaga yaqin vaqt mobaynida mudofaani davom ettirgan.
Moʻgʻul qoʻshini qoʻrgʻonga toʻplangan barchani oʻldirib, aholining katta qismini qul qilib olib ketgan. Hunarmandlarga tegishli mehnat mahsuli moʻgʻullar tomonidan olib qoʻyilib, baʼzilari harbiy harakatlarga jalb etilgan. Garchi oʻsha paytda Buxoro yongʻinlar oqibatida vayron boʻlgan boʻlsa-da, talafot nisbatan kamroq boʻlgan. Qisqa vaqt ichida shahar savdo-iqtisodiy hamda madaniy markazga aylanib, Pax Mongolica davrida yanada rivojlangan.
Yoqut al-Hamaviyning geografik maʼlumotlariga koʻra, moʻgʻullar istilosi arafasida Buxoro „Oʻrta Osiyoning eng yirik shaharlari qatorida“ boʻlgan. 300 000 ga yaqin aholi va 45 000 kitobdan iborat kutubxonaga ega boʻlgan shahar ilm va madaniyat markazi sifatida Bagʻdod bilan raqobatlasha olardi. 1121-yilda foydalanishga topshirilgan Poyi Kalon masjidi dunyodagi eng katta masjidlardan biri boʻlib, masjidda Minorai Kalon joylashgan edi. Shaharni V asrda qurilgan Buxoro arki oʻrab turar hamda mudofaa inshooti vazifasini bajarar edi. Dehqonchilik yerlari Zarafshon daryosining suvi yordamida sugʻorilgan.
Shahar XII asr davomida Qoraxoniylar davlati hukmronligi ostida boʻlib, ular tarixan Samarqand, Toshkent va Fargʻona kabi koʻplab boy shaharlarni nazorat qilishgan. Qoraxitoy xonligining nominal vassallari boʻlgan Qoraxoniylarga aholi soni va hududi katta boʻlgani sababli avtonom faoliyat koʻrsatish uchun ruxsat berilgan edi. Qoraxoniylar 1215-yilda Saljuqiylar davlati Gurganjda qulashi natijasida shakllangan va bir vaqtlar qoraxitoylarning vassallari boʻlgan Xorazmshohlar davlati tomonidan boʻysundirildi. 1218-yilda Xorazmshoh Muhammad Hamadon, Eron va Xuroson sultoni boʻlib, Gʻuriylar va Eldegiziylar ustidan hukmronlik oʻrnatgan. Xorazmshohlar davlati moʻgʻul qabilalari ustidan gegemonlik oʻrnata boshlagan Chingizxon istilosidan qochgan qochqinlar tufayli beqarorlashgan Qoraxitoylar hududlarini egallab olgan.
Zebunniso begim
Zebunniso begim (forscha: زیبالنسا; 1638-yil 15-fevral — 1702-yil 26-may; Shohjahonobod, hozirgi Dehli) — shoira, maʼrifatparvar. Boburiylar sulolasidan Avrangzebning qizi. Onasi Dilrasbonuning shajarasi Safaviylarga va Boburning qizi — Gulbadan begimga borib taqaladi. „Maxfiy“ taxallusi bilan ijod qilgani taxmin qilinadi.
Zebunniso begim hayoti va ijodi haqida Bareliy, Sherxoni Ludiy, Hakimxon toʻra kabi tarixchi va tazkiranavis olimlar asarlarida maʼlumotlar keltirilgan.
U yetti yoshida Qurʼonni toʻliq yod olgan, keyinchalik falsafa, mantiq, yulduz ilmi, tarix, fiqh fanlarini yaxshi oʻzlashtirgan, nastaʼliq, nasʼh, shikasta xatlarini mahorat bilan yozgan, bir necha marta husnixat bilan Qurʼonni koʻchirgan.
Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini oʻrganib, sheʼriyatga boʻlgan ixlosi oshgan, atrofidagi shoir va olimlariga turli tarjimalar, qoʻlyozmalarni koʻchirishni buyurtma qilgan, ularni maosh bilan taʼminlab kelgan. Zebunniso begimning kutubxonasi oʻz davri kutubxonalari ichida eng kattasidir.
Malika bobosining istagiga koʻra oʻz amakivachchasi Sulaymonshukuh bilan unashtirilgan. Amakivachchasi vafot etgach, umrining oxiriga qadar boshqa turmush qurmagan.
Zebunniso begimning ismi forscha „زیب“ — „Zēb“; arabcha „goʻzallik“ yoki „zeb-ziynat“ va arabcha „نساء“ — „Nissa“ yaʼni ayollar degan maʼnoni anglatadi, arabchada „Zebunniso“ — „barcha ayollarning eng goʻzali“ degan maʼnoni beradi.
Shirbudun saroyi
Shirbudun saroyi — Buxoro amirlarining siyosiy qarorgohlaridan biri. Saroy Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrlarida qurib bitkazilgan.
1870-yillarda Shirbudun atrofida durezgar Abdurasul, ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov va boshqa ustalar ishtirokida saroy, masjid, hovuz, tomoshagoh kabi binolar qurilgan. Bino tashqi koʻrinishida Eron va Yevropa arxitekturasi belgilarini mujassamlashtirgan. Saroydan, asosan, elchilarni kutib olish, yarmarkalar va turli xil sayllar oʻtkazilishida foydalanib kelingan.
Shirbudun saroyi Yevropa dizayniga xos mebellar hamda qandillari bilan ajralib turgan. Buxoro amiri Amir Abdulahadxon hukmronlik qilgan davrda majmua uchun qoʻshimcha xonalar va koʻngilochar zal qurilgan. Saroy bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.
Shirbudun soʻzi Sherbudin, Shirbadan tarzida talaffuz qilinib, bu soʻzlar maʼno jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi. Shirbadan soʻzi fors tilida Shir — sut, badan — tana degan maʼnoni bildiradi. Shirbudun soʻzi esa shir xalqi yoki elati maʼnolarini anglatadi. Shir, chir, sir kabi nomlar qadimgi turkiy xalqlardan birining nomlanishi boʻlib, bu Sir budun, yaʼni „sir qavmi“, „sir xalqi“ maʼnolarida keladi.
Shirbudun saroyi Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Muzaffarxon (1860–1885) va Amir Abdulahadxon (1885–1910) davrida qurilgan. 1870-yillarida Shirbudunda ganchkor (gilkor) usta Rahim Hayotov, durezgar Abdurasul va boshqalar ishtirokida saroy, masjid, tomoshagoh kabi binolar qurilgan.