Kontent qismiga oʻtish

Xoʻjash mahram madrasasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Xo`jash Mahram Madrasasidan yoʻnaltirildi)
Madrasa
Xoʻjash mahram madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 11-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. „Ichan-qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Kichik
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Xoʻjashoh mahram
Homiylar Xoʻjashoh mahram
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida[1]
Holati Yogʻoch oʻymakorligi maktabi
Umumiy maydoni 21x19,5 m
Balandligi 7,5 m
Qurilish materiali Pishiq gʻisht

Xoʻjash mahram madrasasi (yoki Xoʻjashoh mahram madrasasi) – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Bugungi kunda madrasa „Ichan qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 11-uyda joylashgan. U 1839-yil Xoʻjashoh mahram tomonidan Ichan qalʼa hududidagi Pahlavon Mahmud maqbarasi yonida qurilgan.

Xoʻjash mahram madrasasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[2]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[3].

Xiva xonligida Olloqulixon hukmronlik qilayotgan davrning 18391840-yillari davomida 30 nafar talabaga moʻljallab bitkazilgan Xoʻjash mahram madrasasi Bojxona boshligʻi Xoʻjashoh mahram mablagʻlari hisobiga bunyod etilgan. Unda asosan diniy va dunyoviy bilimlar berilgan. Shunga qaramay, ushbu madrasa bojxona xodimlarini tayyorlash uchun ham moʻljallangan boʻlib, bu Xoʻjash mahramning istagi edi. Bojxona boshligʻi mansabiga koʻtarilib, boyib ketgan oddiy eroniy qul – Xoʻjash mahram oʻzining shaxsiy mulkidan madrasa taʼminoti uchun 1784 tanob (715 gektar) yerni vaqf qilib ajratgan. Xoʻjash mahramning mardligi va ishbilarmonligini koʻrgan Muhammad Rahimxon unga katta lavozimlar bergan. Mahram soʻzi bir-biriga nikohlanib boʻlmaydigan eng yaqin qarindosh, ulfat, hamdam, sirdosh degan maʼnolarni anglatadi. Shu qatori xususiy xizmatchi, ichki xizmatchi maʼnolarini ham bildiruvchi soʻz hisoblanadi. Mahramlar – Xiva xonligi davlat boshqaruvida bevosita xon maslahatchilari boʻlib faoliyat olib borgan, ular tashqi va ichki mahramlarga boʻlinadi.

Bugungi kunda madrasa ichida yogʻoch oʻymakorligi maktabi faoliyat koʻrsatmoqda[4].

Qurilish uslubi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasa toʻrtburchak tarhli, bir qavatli qilib qurilgan boʻlib, umumiy maydoni 21x19,5 m ni tashkil qiladi. Bosh tarzi peshtoqli (balandligi 7,5 m), gumbaz tomli, ikki yonida hovli atrofi boʻylab hujralar joylashgan, ikki burchagida guldastalar bor. Hovlining maydoni 11,8x11,8 m boʻlib, uning shimoli-sharqiy burchagidagi darsxona (3,8x3,8 m) tashqariga bir oz turtib chiqqan. Peshtoq ortidagi ikki qavatli, gumbazli miyonsaroy orqali hovliga oʻtiladi. Bino tarzlari gʻishtdan, faqat bosh tarzi, peshtogʻi va minora – guldastalar, „dandana“li hoshiyalar hamda sirli koshinlar bilan bezatilgan[5].