Kontent qismiga oʻtish

Mustaqillik ordeni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
("Mustaqillik" ordenidan yoʻnaltirildi)
Mustaqillik ordeni
Asl nomi Мустақиллик ордени
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turi davlat mukofoti
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston va chet el fuqarolariga
Taqdirlash asosi mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, respublikada tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar.
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 1994-yil 5-may
Birinchi taqdirlash 1996-yil
Navbat
Toʻngʻich mukofot Oliy darajali doʻstlik ordeni
Kenja mukofot Amir Temur ordeni

"Mustaqillik" ordeni — Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan biri. Bu orden bilan Oʻzbekiston fuqarolari mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, respublikada tinchlik va taraqqiyotni taʼminlashga qoʻshgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar. Ayrim hollarda Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin. 1994-yil 5-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan taʼsis etilgan.[1]

Orden 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan 925 darajali kumushdan tayyorlanib, ikki yon bagʻridan zarhal nur taralgan sakkiz qirrali musamman koʻrinishida. Ordenning markazida mustaqillik ramzi boʻlgan Humo qushi kumush rangda tasvirlangan. „Mustaqillik“ ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi.[2]

„Mustaqillik“ ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi. „Mustaqillik“ ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshiradi. „Mustaqillik“ ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar. „Mustaqillik“ ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar. „Mustaqillik“ ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga taqiladi. „Mustaqillik“ ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.

Taqdirlanganlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „Mustaqillik ordeni“. LexUz.
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil