Kontent qismiga oʻtish

Adigeya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Adigeya Respublikasidan yoʻnaltirildi)
bayroq

Adigeya Respublikasi – Kavkaz togʻ tizmasining shimoliy yon bagʻrida, Kuban atrofidagi tekislikda joylashgan. Rossiya Federatsiyasi Krasnodar oʻlkasi tarkibiga kiradi. Maydoni- 7,6 ming km². Aholisi – 450 ming kishidan ortiq (1999). PoytaxtMaykop shahri.

Yer yuzasining aksariyati Shimoliy Kavkazga xos oʻrqirli tekislikdan iborat, janubidagi togʻlarning balandligi 3238 m (Chugush togi). Gaz, neft konlari, maʼdanli buloqlar bor. Sement, ohak, oyna ishlab chiqarish uchun xom ashyo zaxiralariga ega. Togʻlarda koshinkorlik va bezakbop toshlar koʻp. Maykop tuprogʻining xususiyatlari noyob. Adigeya hududining qariyb 40%ni oʻrmonlar ishgʻol qiladi. Togʻ va vodiylarda dub, buk, qayin, shumtol, zarang, kavkaz pixtasi, sharq archasi, qaragʻay, terak, sambit, qayragʻoch, lipa (joʻka) oʻsadi. Adigeyada 60 turdagi sut emizuvchi hayvon, 200 xil parranda yashaydi. Iqlimi – moʻtadil iliq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 193-2°, iyulda 22° atrofida. Yiliga 700 mm gacha yogʻin yogʻadi. Asosiy daryosi – Kuban; uning irmoqlari – Laboy, Beloy va boshqalar. Tuprogʻi— asosan qoratuproq. Kavkaz qoʻriqxonasining aksariyati Adigeya hududida joylashgan. Aholisining koʻpchiligi adigeylar va ruslar. Adigeylarning taxminan 82% oʻz tarixiy hududida yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 58,8 kishi toʻgʻri keladi. Shahar aholisi 54%ni tashkil etadi.

Taxminan XIII asrda gʻarbiy adigey qabilalari adigey elati boʻlib tarkib topa boshladi (antik yozuvchilarning dalolat berishicha, meotlar, sindlar va boshqa ularning ajdodlari boʻlgan). XIII asrda adigeylarni Oltin Oʻrda oʻziga boʻysundirib olgan. XVI asrda turk sultonlari va Qrim xonlari adigeylarni qaram qilish uchun hujum uyushtirgan. 1557-yildan Adigeya Rossiya tarkibida. 1918-yil Maykopda shoʻro hokimiyati eʼlon qilindi, may oyida adigeylar yashovchi hudud Kuban Qora dengiz sovet respublikasi tarkibiga kiritildi. 1922-yil Cherkasiya muxtor viloyati tuzildi, u 1928-yilda Adigeya muxtor viloyati deb ataldi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida 1942-yil avgustda nemis-fashist bosqinchilari Adigeya hududini bosib oldilar. 1943-yil ozod qilindi. 1991-yil Adigeya muxtor viloyati Adigeya respublikasi boʻldi. 1995-yil martda Adigeya konstitutsiyasi qabul qilindi.

Adigeya xalq xoʻjaligida sanoat yetakchi oʻrin oladi. Uning asosiy tarmoqlari – oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati. Energetikasi issiqlik elektr stansiyalari va gidroresurslarga tayanadi. Konserva, vinochilik, Yogʻ-moy, tamaki, qand-shakar, sut zavodlari bor. Oʻrmon, yogʻochsozlik, Mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Asosiy sanoat markazi Maykop shahri. Adigeyada asosiy ekinlar bugʻdoy, makkajoʻxori, sholi, kungaboqar, qand lavlagi, zigʻir, tamaki, choy, efir moyli oʻsimliklar. 250 ming ga haydaladigan yer bor. Parrandachilik qishloq xoʻjaligining muhim tarmogʻi hisoblanadi. Qoramol, qoʻy va echki boqiladi. Yilqichilik va asalarichilik rivojlangan. Asosiy transport turi – temir yoʻl. Avtomobil va havo transporti rivojlangan. Kuban daryosida kemalar qatnaydi. Adigeyadagi mashinasozlik, yogʻochsozlik, yengil sanoat korxonalari mahsulotlari – stanoklar, turli tipdagi reduktorlar, mebel, karton, oziq-ovqat, shuningdek qora metallar, moyli ekinlar urugʻi jahondagi 17 mamlakatga chiqariladi. Maykop shahrida ishlab chiqariladigan yuksak darajada tozalangan insulin chet elda keng tarqalgan.

Adigeyada oʻrta umumiy, hunar-texnika va oliy taʼlim rivojlangan. Adigeyada universitet, Maykop davlat texnologiya instituti, Adigeya xalqaro FA, tarix-oʻlkashunoslik muzeyi, ommaviy kutubxona, klub muassasalari bor. Qadim zamonlardan mardlik eposi, qahramonlik qoʻshiqlari, ogʻzaki tarixiy hikoyalar keng yoyilgan. Adabiyot va sanʼat arboblari – shoirlar L. Kuek, R. Xochemizova, rassomlar P. Amosyan, V. Dolgov, V. Mexed, F. Petuvash, T. Kat, M. Tuguz, Z. Guchev, M. Gogunokovlar mashhur. Jez davridan qolgan oltin va kumush idishlar, hayvonlar tasvirlangan haykalchalar maʼlum, ilk temir davrida zargarlik buyumlari va keramika paydo boʻlgan. Amaliy naqsh sanʼatining anʼanaviy turlari: kumushga gul solish, zar va kumush ip bilan kashta tikish rivojlangan. Hozirgi davrda dastgoh tasviriy sanʼati urf boʻldi. Oʻrta asrlarda Yevropa bilan Osiyoni bogʻlovchi Buyuk Ipak yoʻli respublika hududidan oʻtgan. Adigeylarning ajdodlari jahon arxeologiyasida mashhur boʻlgan Maykop madaniyatini yaratganlar, mahobatli tosh sagʻanalar barpo etganlar. Adigeyada simfonik orkestr, kamer teatri, xalq cholgʻu asboblari orkestri ishlab turibdi. Maykopda Sharq xalqlari sanʼati Davlat muzeyining filiali ochilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil