Kontent qismiga oʻtish

Bagʻdod qamali (1157)

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bagʻdod qamali
AbbosiySaljuqiy urushlarining bir qismi

Sanalar 1157-yil 12-yanvar — 2-iyul
Urush yeri Bagʻdod, Abbosiylar xalifaligi (hozirgi Iroq)
Natija Abbosiylar gʻalabasi
Raqiblar
Hamadon saljuqiylari
Mosul zangiylari
Bagʻdoddagi xalifalik
Qoʻmondonlar
Muhammad II ibn Mahmud (Hamadon),
Qutbiddin Mavdud (Mosul)
al-Muqtafiy
Kuchlar
30 000 nafar turkman askar 28 000 nafar turk va daylamiy askar

1157-yilgi Bagʻdod qamali saljuqiylarning Bagʻdodni Abbosiylardan tortib olish yoʻlidagi soʻnggi urinishi edi. Xalifa al-Muqtafiy poytaxtni Saljuq sultoni Muhammad Hamadoniy va mosullik Qutbiddinning ittifoqdosh qoʻshinlaridan muvafaqqiyatli himoya qila oldi.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

10-asrda Abbosiylar xalifaligi sobiq viloyatlarining aksariyatini nazorat qila olmay qoldi. Koʻplab noiblar oʻz sulolalari hokimiyatini oʻrnatishga muvaffaq boʻldi. Shu bilan birga, markaziy hukumat xalifalik ichidagi mustaqillikka intilish harakatlarini toʻxtata olmay qoldi. Shunday boʻlsa-da, yangi davlatlar (tuluniylar, ixshidiylar, hamdoniylar va boshqalar) Abbosiy xalifalarni davlat rahbari va paygʻambar vorisi deya tan olishgani sababli xalifalar maʼnaviy rahnamo statusini oʻz qoʻlida saqlab qoldi. 1055-yilda Saljuqiy hukmdor Toʻgʻrulbek Abbosiy xalifa al-Qoimning topshirig‘i bilan Bag‘dodni buvayhiylardan tortib oldi.

Al-Mustarshid (h. 1118–1135) oʻn olti yil xalifalik qilgan, biroq hukmronligining soʻnggi uch yili Saljuqiylar sultoni Masʼud (oʻz noibi) bilan urushlarda oʻtgan. Damashq qamalidan koʻp oʻtmay, 1133-yil yanvarda al-Mustarshid Bagʻdodda oʻzidan unvon olgan Saljuqiylar sultoni Masʼudga qarshi harbiy yurish boshladi. Dushman tomonlar Hamadon yaqinida toʻqnashdi. Jangda qoʻshinlari tark etgan xalifa asir olinib, oʻz saroyidan chiqmaslikka vaʼda berishi evaziga afv qilindi. Xalifalik chodirida boʻlgan xalifa sulton yoʻqlik vaqtida xalifadan nafratlanadigan hashshoshiylar tomonidan Qurʼon oʻqiyotganda oʻldirilgan holda topilgan. Oʻsha davrning koʻzga koʻringan ikki tarixchisi Ibn al-Asir va Ibn al-Javziy boshqacha fikrda boʻlganiga qaramay, zamonaviy tarixchilar qotillikni Masʼud uyushtirgan deya gumon qilishgan. Al-Mustarshid koʻk koʻzli, sepkil yuzli mallasoch kishi boʻlgan[1].

Bagʻdod qamalida zangiylar qoʻshinini boshqargan Mosul hukmdori Qutbiddin Mavdud (h. 1149–1170). Hijriy 556-yilgi (milodiy 1160—1161) tangalar[2].

Otasining oʻlimi uchun qasos olishni maqsad qilgan yangi xalifa ar-Rashid billoh sulton Masʼudning elchisini haqorat qilgan. Bunga javoban Abbosiylar xalifaligi qarorgohi boʻlgan Bagʻdod 1136-yilda 50 kun davomida qamal qilingan edi. Qamal Iroqning saljuqiy hukmdori Gʻiyosiddin Masʼud xalifa ar-Rashid billohga hujum qilgach, boshlangan. Qamal vaqtida Bagʻdod aholisi xalifaga qarshi isyon koʻtarib, Tohiriy saroyini talon-taroj qilgan. Oxir-oqibat, ar-Rashid Mosulga qochib ketib, u yerda xalifalikdan voz kechgan. Oʻrniga amakisi al-Muqtafiy taxtga chiqqan. Shundan soʻng, ar-Rashid billoh sharqqa chekingan[3].

1157-yilda Muhammad II ibn Mahmud 30 000 kishilik qoʻshin bilan Bagʻdodga yurish boshladi. Uning ittifoqchisi Qutbiddin esa Iroqning markaziy qismidagi xalifalik viloyatlarini egallash uchun Mosuldan yurish boshladi. 1157-yil 12-yanvar kuni Muhammad gʻarbiy Bagʻdod devori oldiga yetib keldi. Bunga javoban xalifa poytaxtni himoya qilish uchun Hilla va Vositdagi barcha qoʻshinlarni toʻpladi. Fevral oyida gʻarbiy Bagʻdodni himoya qila olmagan xalifa Bagʻdodning gʻarbiy qismidan chiqib, Dajla daryosi ustidagi shaharning sharqiy qismiga olib oʻtuvchi barcha koʻpriklarni yoʻq qilishni buyurdi. Muhammad qoʻshinlari gʻarbiy qismga kirib borib, uni osongina egallab, oʻz qarorgohini tikladi. Xalifa esa sharqiy Bagʻdod devorlarini mustahkamlashni buyurdi. Shahar devorlariga bir nechta katapulta va ballistalar oʻrnatildi. Shuningdek, xalifa aholiga qurol-yarogʻ tarqatib, ularni qurollantirgach, aholini xalifalik dushmanlariga qarshi kurashishga undadi. Xalifa shahar ostonalaridagi dushmanlarni kofirlar deb eʼlon qildi. Chunki ular xalifaga — paygʻambar vorisi va ummat yetakchisiga qarshi urush olib borishayotgandi. Xalifa vaziri Avn ud-Davla ibn Hurayraga har bir yarador askarga besh oltin dinordan tarqatishni buyurdi.

4-mart kuni Sulton Muhammad va ittifoqchisi Qutbiddinning vaziri Zayniddin sharqiy Bagʻdodga hujum qilib, shaharni oʻqqa tutdi. Bagʻdodliklar va naffatunlarning jasorati tufayli Bagʻdod qoʻshini hujumni qaytarishga muvaffaq boʻldi.

Qamalning tugashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Abbosiy xalifa al-Mustarshidning oʻlimi. Qotillik 1135-yilda sodir etilgan.

Saljuqiylar 29-mart kuni koʻpriklardan birini taʼmirlab, shaharning sharqiy qismiga oʻtishdi. U yerda xalifa qoʻshini va Bagʻdodning mahalliy xavfsizlik kuchlari bilan toʻqnash kelishdi. Naffatunlar bir nechta katapultani yoʻq qilishdi. Saljuqiylar „qoʻchqor“ nomli qurilma yordamida darvozani buzishga urinib koʻrishdi, ammo devordagi katapultalar uni vayron qildi. Jang natijasi ikkala tomon uchun ham noaniq boʻldi. 29-iyun kuni Sulton Muhammad oʻz odamlariga shahar devoriga chiqishni buyurdi. Bagʻdod devorlariga chiqish uchun 400 ta narvon koʻtarilgan vaqtda sodir boʻlgan kuchli yongʻin va qurbonlar tufayli hujum qaytarildi. Bu orada Nuriddin Zangi xalifa saltanatiga hujum qilishda akasini ayblashi Zangiy—Saljuqiy ittifoqini yoʻq qildi. Zayniddin qamalni toʻxtatib, Mosulga qaytdi.

Muhammadga ukasi Malikshoh Hamadonni egallab olgani haqidagi xabar yetib kelgach, qamalni toʻxtatishga majbur boʻldi. Oxir-oqibat, qamalning foydasizligini tushungan Muhammad oʻz taxti uchun kurashishni afzal koʻrdi. Shu tariqa 1157-yil 13-iyul kuni Bagʻdod qamali tugadi.