Kontent qismiga oʻtish

Mard oʻgʻlon davlat mukofoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Mard oʻgʻlon“ davlat mukofoti
Mamlakat Oʻzbekiston Oʻzbekiston
Turi faxriy unvon
Kimga topshiriladi Oʻzbekiston fuqarolariga va fuqarosi boʻlmagan shaxslarga ham
Taqdirlash asosi respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik koʻrsatayotgan tajribali, yetuk jismoniy tarbiya va sport sohasi vakillari
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2017-yil 22-noyabr.

“Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti — oʻqishdagi muvaffaqiyatlari, ijtimoiy faolligi va iste’dodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan 14 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan iqtidorli yigitlarga fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot, san’at, sport, ishlab chiqarish, harbiy xizmat sohalarida hamda huquqni muhofaza qilish organlaridagi faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun beriladi[1][2][3][4].

  • “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotining koʻkrak nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va sakkiz qirrali boʻrtma yulduz shaklida boʻladi. Yulduzning har bir qirrasi oltita boʻrtma nurlardan tashkil topgan boʻlib, nurlarning qarama-qarshi uchlari oraligʻi — 38 millimetr.
  • Koʻkrak nishonining oʻrta qismi diametri 25 millimetr boʻlgan doira shaklidagi boʻrtma gardish bilan oʻralgan. Doiraning markazida, koʻtarilayotgan quyosh nurlari fonida vatanparvarlik va jasorat timsoli sifatida tulpor ustidagi mard oʻgʻlon tasviri hamda yurtimizning goʻzal va betakror tabiatini ifodalovchi ulugʻvor togʻlar, ikki daryo va koʻrkam vodiylar aks ettirilgan. Suvoriy tasvirining yuqori qismida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻining hilpirab turgan, rangli emaldan ishlangan tasviri mavjud.
  • Koʻkrak nishonining pastki qismida aylana boʻylab ikkita sakkiz qirrali yulduz oraligʻida “MARD OʻGʻLON” yozuvi joylashgan. Harflarning balandligi 1,8 millimetr.
  • Koʻkrak nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.
  • Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning boʻyi — 16 millimetr, eni — 25 millimetrdan iborat.
  • Qadagʻich eni 22 millimetrli koʻk rangli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, lentaning chetlaridan 1 millimetr masofada eni 2 millimetr boʻlgan ikkita oq rangli vertikal yoʻl oʻtgan. Oq rangli yoʻllar oʻrtasidagi oraliq 1 millimetrni tashkil etadi.
  • Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.