Kontent qismiga oʻtish

Qoʻtirbuloq makoni

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Qo'tirbuloq makonidan yoʻnaltirildi)
Qoʻtirbuloq makoni
Mamlakat Oʻzbekiston
Joy Kattaqoʻrgʻon, Samarqand
Davr Oʻrta paleolit
Hamkorlik Polsha va Rossiya
Tadqiqotchilar Yu. F.Buryakov
N. X. Toshkenboyev
Topilgan ashyolar 10 mingdan ziyod
Madaniy qatlamlar 5 ta

Qoʻtirbuloq makoni – 1) mustye davriga oid qad. manzilgoh (mil. av. taxminan 33-ming yillik). Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahridan 20 km gʻarbda, Charxin qishlogʻi yaqinidagi Qoʻtirbuloq nomli buloq atrofida joylashgan[1].

Manzilgoh 1971—1972-yillarda Yu.F.Buryakov boshchiligidagi Oʻrta Zarafshon ekspeditsiyasi tomonidan aniqlangan. Dastlab 1971—90 yillar davomida manzilgohda N.X.Toshkenboyev arxeologik qazuv ishlarini olib bordi. Keyingi yillarda manzilgohda Q.Shimchak boshchiligidagi Oʻzbekiston-Polsha qoʻshma ekspeditsiyasi, Oʻzbekiston-Rossiya[2] qoʻshma ekspeditsiyalari ish olib borgan.

Qoʻtirbuloq makonida mustye davriga oid 5 ta madaniy qatlam aniqlangan; chaqmoqtosh, diorit, kvarsit, kvars va daryo toshlaridan yasalgan qirgʻichlar, oʻtkir uchli paykonlar, teshgichlar, 2 tomo-niga ishlov berilgan bargsimon qurol, daryo toshlaridan yasalgan tosh qurollar topilgan. Manzilgoh sohiblari qurol yasash uchun xom ashyoni Zi-rabuloq togʻlari va Zarafshon daryosi qirgʻoqlaridan olganlar. Manzilgohdan, shuningdek, turli hayvon suyaklari ham topilgan. Bundan koʻrinadi-ki, qoʻtirbuloqliklar xoʻjalik hayotida ovchilik katta ahamiyat kasb etgan. Manzilgoh tosh qurollarini oʻrganish Qoʻtirbuloq madaniyatining paleolit davri manzilgohlari (Teshiktosh, Obirahmat va boshqalar) madaniyati bilan oʻxshash ekanligini koʻrsatdi;

Qoʻtirbuloq makonidan topilgan barcha topilmalar asosan buloq boʻylarida joylashgan. Bu esa hududdagi buloq ilk paleolit davrida ham mavjud boʻlganligini bildiradi. Makondan neandertal jamoalar istiqomat qilgan. Ular ovchilik bilan shugʻullanib fil, ot, buqa, qulon, Buxoro bugʻusi va boshqa hayvonlarni ushlagan[3]. Shu hayvonlarga tegishli suyak qoldiqlari, gulxan kullari va oʻchoq izlari ham topilgan. Olib borilgan qazishma ishlari natijasida yuqori qatlamdan tosh qurollar pastki qatlamdagi topilmalarga qaraganda ancha takomillashib borgan. Bu hodisa inson jamoalari uzoq davr mobaynida hududda yashaganligi, oʻz tirikchiligi uchun mehnat va ov qurollarini doim takomillashtirib borganini bildiradi.

Oʻrta paleolit davri oid Qoʻtirbuloq makoni hududida yashagan jamoalar toshdan turli qurollar ishlab chiqarish texnologiyasini oʻzlashtirgan. Tosh qirgʻichlardan hayvon terisi qayta ishlashda foydalanilgan hamda yogʻochga ishlov beradigan randasifat qurollar yasalgan. Kishilar har xil teshgich, kesuvchi qurollarni, qoʻl chopqilarini, nayza tigʻlarini ham yasashni bilgan[4].

Tadqiqotlar natijasida Qoʻtirbuloq makonining ibtidoiy odamlari yasagan mehnat qurollarida foydalangan texnik uslublar Teshiktosh gʻori, Omonqoʻton, Obirahmat, Zirabuloq oʻrta paleolit davri jamoalarinikiga oʻxshashligi aniqlandi. Obyekt hududida 10 mongdan ziyod ashyolar topilgan. Aholi qurol tayyorlash uchun zarur mahsulotni shu atrofda joylashgan chaqmoqtosh konidan olgan. Arxeologlar Zirabuloq togʻ tizmalarining shimoliy qismidan va Zarafshon daryosining oʻng qirgʻoqlaridan ibtidoiy kishilarning bir qancha qarorgohlarini ham roʻyxatga olganlar. Ushbu madaniyatlar ham Qoʻtirbuloq madaniyatiga oʻxshash boʻlib, ularning baʼzilarida madaniy qatlamlar yaxshi saqlanmagan[5]

2) samarqand viloyati Nurobod tumanidagi Sazagʻon qishlogʻida joylashgan buloq. Sazagʻonsoyning soʻl qirgʻogʻida tosh qoʻrgʻonlardan iborat nekropol mavjud; qabrlar ustiga 1516-asrlarga oid qabrtoshlar qoʻyilgan. Buloq yaqinida, shuningdek, ilk oʻrta asrlarga oid Sartepa, ilk antik davrga mansub Boysaritepa bor. 2003—05 yillarda Boysaritepada Oʻzbekiston-Italiya arxeologiya ekspeditsiyasi ish olib borgan.

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi(2000-2005)
  2. Д. М. Джуракулова, С. Т. Мирсоатова, А. Ш. Умаров (2018). „КАМЕННЫЙ ВЕК ДОЛИНЫ ЗАРАФШАНА И ЕГО ИЗУЧЕНИЕ СОВМЕСТНЫМИ МЕЖДУНАРОДНЫМИ ЭКСПЕДИЦИЯМИ“ (PDF). O'zbekiston arxeologiyasi. 2-jild, № 2. 29-bet. ISSN 2181-032X. Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format () CS1 maint: multiple names: authors list ()
  3. Ташкенбойев Н. Новая среднепалеолитическая стоянка Кутурбулак. ИМКУ, Ташкент 1973 — 28-bet. 
  4. Шилинский В. Трасологическое изучение функции каменных орудый Губской среднепалеолитической стоянки Прикубанья. Москва, Ленин нашриёти, 1975 — 33-bet. 
  5. Egamberdiyeva N. Arxeologiya. Toshkent, 2011: Fan va texnologiya nashriyoti — 29-bet. ISBN 978-9943-10-465-5. 
  • N. A. Egamberdiyeva Arxeologiya (oʻquv qoʻllanma) Toshkent-2011.