Kontent qismiga oʻtish

Koʻkaldosh madrasasi (Buxoro)

Koordinatalari: 39°46′23″N 64°25′12″E / 39.77306°N 64.42000°E / 39.77306; 64.42000
Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Madrasa
Koʻkaldosh madrasasi
Koʻkaltosh madrasasi
Koʻkaldosh madrasasining bosh fasadi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Manzil J. Ikromiy MFY
Mehtar Ambar koʻchasi
(Labihovuz ansambli)
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Buxoro viloyati madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Qulbobo koʻkaldosh
Homiylar Qulbobo koʻkaldosh
Binokorlik 15681569-yillar
Asosiy sana:
1569-yil
Map
Koʻkaldosh madrasasi xaritada
Maqomi davlat himoyasida[1]
Holati S. Ayniy va J. Ikromiy muzeyi
Sayt Rasmiy sayt

39°46′23″N 64°25′12″E / 39.77306°N 64.42000°E / 39.77306; 64.42000


Koʻkaldosh madrasasi (Koʻkaltosh madrasasi) — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Buxoro shahrining tarixiy markazida, Labihovuz ansamblining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti.

Buxoro xonligining poytaxtida 1568/69-yilda Qulbobo koʻkaldosh tomonidan bunyod etilgan madrasa, shu davrdan boshlab, hozirgi kungacha Markaziy Osiyoning eng yirik madrasasi maqomini oʻzida saqlab turibdi.

Buxoro xonligi, Buxoro amirligi va Buxoro xalq sovet respublikasining[2] oʻziga xos Fanlar akademiyasi (Dor ul-fununi) boʻlgan[3].

Hozirda Buxoroda eng ogʻir ahvolda qolib ketgan madaniy meros obyektlaridan biri boʻlib, unda ayollar goʻzallik saloni, video-montaj ustaxonasi, ofislar, doʻkonlar, hunarmandchilik ustaxonasi va hujra-muzeyi joylashgan. Aksariyat hujralari taʼmirtalab ahvolda qolib ketgan.

Madrasaning vaqf hujjatlarini oʻrganishga doir tadqiqotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatlari ilk bora professor Muso Saidjonov tomonidan oʻrganilib, oʻzbek tiliga tarjima qilingan[4]. Keyinchalik, hujjatlar Abdusattor Jumanazar tadqiqotlari davrida qayta oʻrganib chiqilgan[3].

Madrasaning bizgacha ikkita vaqf hujjati yetib kelgan. Biri asl (1593—1594-yillarda tuzilgan), ikkinchisi Buxoro amirligi hukmdori Amir Shohmurod (1785—1800) davrida koʻchirilgan nusxa. Asl nusxa charm gʻilofli, oʻram shaklida, tili forsiy, nastaʼliq xatida yozilgan. Koʻchirma nusxa ham asliga mos[3].

Vaqf hujjatida Koʻkaldosh madrasasi qurilishi bilan bogʻliq shunday maʼlumotlarni koʻrish mumkin:

Amir Yormuhammad otaka oʻgʻli Qulbobo Koʻkaltosh pishiq gʻishtdan koʻp hujrali, toqli-ravoqli, ichki va tashqi sahnli, masjidi, darsxonasi va tahoratxonasi bor ajoyib madrasa qurdirdi[5].

Madrasaga asos solinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buxoro xonligi hukmdori Abdullaxon IIning portreti

Shayboniylar oʻzbek sulolasi davrida davlat poytaxti boʻlgan Buxoro shahri ilm va maʼrifat kishilari jamlangan bir goʻshaga aylangan. Ubaydullaxon davrida (1509—1540) Buxorodagi ilmu-hunar ahli shunday yuksak bir darajaga erishdiki, bu jihatdan shahar Sulton Husayn Boyqaro zamonasidagi Hirotni ham esga solib turgan boʻlsa[6][7], Abdullaxon II hukmronligi davrida (1557—1598) poytaxtning sarhadi koʻpaydi. Shaharda rekonstruksiya ishlari davom ettirildi, ana shu taʼmirlash va takomillashtirish jarayonida eski toʻkilgan binolar taʼmirlangan yoki butunlay buzib tashlangan va ayrim koʻchalar kengaytirilgan edi. Eski shahar va Yangi shahar bozorlari hududida meʼmorchilik majmualari — masjidlar, hammomlar, karvonsaroylar va hokazolarni oʻz ichiga olgan oʻziga xos diniy-ijtimoiy markazlar vujudga keldi. Bozorlar kengayib borishi natijasida turarjoy binolarini siqib, nari surish jarayoni ham yonma-yon kechdi. Yangi turarjoy mavzelari, xonaqoh, masjid va madrasalar Buxoro chekkalaridagi odamlar bir mahallar tashlab ketgan maskanlarda bunyod etila boshladi. Abdullaxon II va uning amirlari, ularning orasida esa eng nufuzlisi Qulbobo koʻkaldosh qurilishlarning asosiy donatorlaridan (homiylari va buyurtmachilaridan) biri sifatida ish koʻrgan edi[8].

Koʻkaldosh madrasasi 1568—1569-yillarda Buxoro xonligi poytaxtining markaziy koʻchalaridan birida, Qoqilai hurd[9] yoki Koʻkaldosh guzarida, oʻzbek hukmdori Abdullaxon II (1557—1598) hukmronligi davrida, xonning hohishi bilan[sharh 1][10], uning yaqin vaziri va sarkardasi Qulbobo koʻkaldosh donatorligida bunyod etilgan. U kattaligi va egallagan maydoni jihatidan avvalgi madrasalardan ustun oʻlaroq[11], bu davrda nafaqat Buxorodagi[12][13][14][15] balki Markaziy Osiyodagi (Oʻrta Osiyodagi[16]) eng yirik madrasa inshooti boʻlib, hozirga qadar shu maqomni oʻzida saqlab qolgan[17].

Madrasa uchun Qulbobo koʻkaldosh Buxorodagi tim, govxona, nonvoyxona, hammom, 2 karvonsaroy, 27dan ortiq doʻkonlarni (paxta savdosi, sarroflik, qassoblik, oshpazlik, boʻyoqchilik, tarvuzfurushlik va hokazolar); Kasbidagi Nayiston qishlogʻini toʻlaligicha; Harqonruddagi Xatoizza (yoki Xatogʻarra), Zulayho qishloqlarini; Gʻijduvondagi Qasri quzzot qishlogʻini vaqf qilgan. Oradan bir qancha vaqt oʻtib, jamoat arboblari, olim-u ulamolar va din peshvolari ham oʻzlarining turli miqdordagi mulklarini ushbu madrasa uchun vaqf qiladi[3]. Shuningdek, dinga, fiqh va arab grammatikasiga oid kutubxona kitoblari ham madrasa foydasiga vaqf qilingan boʻlib, ularning roʻyxati bizgacha yetib kelgan[18].

Rivoyat qilinishicha, Koʻkaldosh madrasasining vaqfiga kiritilgan hammom, hozirgi Mavlono Sharif xonaqosi oʻrnida boʻlgan. Vaqf taʼsischisining vasiyatiga koʻra, ushbu hammomda madrasa talabalari bepul choʻmilishlari kerak boʻlgan. Bino yomon holatga kelib qolgandan soʻng, Mavlono Sharif madrasa vaqfi foydasiga topshirish uchun Dungiyon qishlogʻidan yer maydoni sotib oladi. Buning evaziga hammom uning xususiy mulkiga oʻtadi, u hammomni buzdirib, oʻrniga xonaqo bunyod ettiradi[19].

Koʻkaldosh madrasasi vaqfi istifodasiga kiritilgan 2 karvonsaroydan biri Soʻxta deb nomlangan. Unga oʻt ketishi natijasida yonib ketgan va oʻrnida bizgacha yetib kelgan Noʻgʻay karvonsaroyi qurilgan. U unchalik ham sezilarli boʻlmagan oʻzgarishlar va chekinishlar bilan oʻz oʻtmishdoshini deyarli aynan takrorlagan[8].

Madrasa hayoti va undagi taʼlim tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Eski Buxoroning eng qadimiy eskizi. Old planda Koʻkaldosh madrasasi fasadining chap qanoti va guldasta, bir oz uzoqroqda — Ernazar elchi madrasasi. (1880-yil).

Koʻkaldosh madrasasi Buxoro xonligi (amirligi) taʼlim tizimining eng oliy toifadagi oʻquv dargohi — oʻziga xos Fanlar akademiyasi edi[3]. U oʻzining ushbu maqomini Buxoro xalq sovet respublikasi tashkil etilgandan soʻng ham yoʻqotmadi. Madrasa bu davrda yagona Dor ul-funun boʻlib qoldi. Qolgan yirik madrasalar esa Dor ut-tolibin (Mulla Tursunjon, Govkushon, Abdullaxon madrasalari) va Doril-mudarrisin (Mir Arab madrasasi) deya ataladigan boʻldi[2].

Buxoro ilm va taʼlim-tarbiya tizimining eng oliy toifadagi olimlari — oxund, aʼlam, muftilar biror masalani hal etish maqsadida, odatda, ushbu madrasada yigʻilishgan[3]. Madrasaning mudarrisi oxund[20][14][21], oliy taʼlim sohasidagi oliy darajani egallagan, ziyoli olimlar ichidan taʼyinlangan[22]. Abdurahmon Abdulloh oxund ushbu toifa vakili toʻgʻrisida shunday maʼlumot yozib qoldirgan:

Buxoroda faqat birgina oxund boʻlgan. Yaʼni 11 nafar muftidan biri Gavkushon madrasasida aʼlam unvoniga yetgach undan soʻng Koʻkaldosh madrasasida oxund boʻlardi va undan boshqa oʻringa bormasdan shu yerda vafot etardi. Shu sababli Koʻkaldosh madrasasini oxundga nisbatan Darvozai mar, yaʼni Oʻlim qopqasi derlar[23].

Madrasaning 1 nafardan mudarrisi, imomi, muazzini va 2 nafar farroshi vaqf mablagʻidan ish haqi, talabalar esa — stipendiya olishgan[3].

Maliho Samarqandiy, Ziyo Sadr kabi olimlar yozishicha, oʻtgan besh yuz yil mobaynida Markaziy Osiyodan tashqari Hindiston, Afgʻoniston, Eron, Rossiya, Turkmaniston, Kavkaz kabi oʻlkalarning ilm talab ziyolilari Koʻkaldosh madrasasida taʼlim olishgan.

Talabalar hujralarda yashashgan. Bitta hujrada 2 nafar talaba yashagan. Mashgʻulotni 2 oy uzrli sababsiz tark etgan talaba madrasadan chetlashtirilgan[3].

Koʻkaldosh madrasasining vaqf hujjatida uning muassisi qayd etgan shartga koʻra, vaqfga oʻtkazilgan kitoblar 2 mutavallining ixtiyoriga berilgan. Ularning biri madrasa vaqfining koʻchmas mulk mutavallisi, ikkinchisi esa kutubxona mutavallisi boʻlgan[24].

Madrasada talabalarning oʻqitilishi taxminan 20 yil davom etgan. Madrasa oʻquvchisi (mullobacha) birinchi 3—4 yildan soʻng muazzin (yoki soʻfi) unvonini olgan. Yana 1—2 yil oʻtib dahyak unvonini qoʻlga kiritgan. Bu unga stipendiya olish huquqini bergan. Dahyak stipendiyasining qiymati yiliga 120 tangani tashkil etgan. Yana bir qancha vaqt oʻtib esa dahyak qori boʻlgan. Taʼlimning keyingi bosqichida talaba salovot dushambegi unvonini olgan. Shundan soʻnggina madrasa kursi tugallangan hisoblanib, talabaga mudarris unvoni berilgan. Mudarris bir necha yillar davomida bir guruh talabalarni qabul qilgan holda bepul taʼlim bergan. Soʻngra unga madrasa vaqfidan yilik maosh belgilangan[25].

Maʼlumotlarga koʻra, madrasa talabalari quyidagi 3 toifaga ajratilgan. Past qadam — yillik maoshi 3 tilla, Sarf ilmidan Tahzibgacha oʻqigan; Miyona — yiliga 3,5 tilla olgan, Tahzibdan Mulla Jalolgacha oʻqigan; Pesh qadam — Mulla Jaloldan keyin davom ettirgan va yiliga 5 tilla haq olgan[26].

Buxoro xonligi (amirligi) davrida madrasada bir-necha marotaba kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan: peshtoqining qulab tushgan ravoqi qayta tiklangan, sharqiy tomonining 2-qavati arkadalari qayta qurilgan va boshqalar[12].

Koʻkaldosh madrasasi mudarislari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Mudarris Mudarrislik davri Izoh
Oxund Yusuf Qorabogʻiy[27] Imomqulixon davri 1645-yilda vafot etgan
Mavlaviy (Mavlono) Sharif Buxoriy[27][28] Abdulazizxon va Subhonqulixon davri 1690-yilda vafot etgan
Oxund Inoyatulloh Buxoriy[27] Subhonqulixon va Ubaydullaxon II davri
Hodixoja ibn Nizomiddinxoja[27] Abulfayzxon davri
Atoullaxoja ibn Hodixoja[27] Abulfayzxondan Amir Shohmurod davrigacha
Domulla Abduboqi Namanganiy[27] Amir Haydar davri
Qozi Ibodullaxoja[27] Amir Haydar davri
Shermuhammad oxund[27] Amir Haydar davri
Domullo Hasan oxund ibn Xol az-Zarir al-Buxoriy[27] Amir Nasrullaxon davri
Muhammad Sultonxoja oxund[27] Amir Nasrullaxon davri 1868-yil 7-iyulda 83 (milodiy 81) yoshida vafot etgan
Oxundi Aʼlam Buxoriy Abdumoʻminxoja Mujaddidiy[27] Amir Nasrullaxon davri 1869/70-yilda vafot etgan
Oxund Ixtiyorxon Shahrisabziy[27][29] Amir Muzaffarxon davri
Mulla Yahyo fayz[30] Amir Abdulahadxon davri 1887-yilda taʼyinlangan

Koʻkaldosh madrasasida tahsil olgan mashhur shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Nomi Rasmi Yashagan davri
Boborahim Mashrab[31] 1640—1711
Mahtumquli[31] 1733—1791
Amir Shohmurod[32] 1741—1800
Marjoniy Shahobiddin[33] 1818—1889
Sadriddin Ayniy[31] 1878—1954
Jalol Ikromiy[31] 1909—1993

Madrasada taʼlim berish tugatilgandan keyingi davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Madrasa hovlisi oʻrtasiga yevropacha uslubda qurilgan imoratning koʻrinishi

1929-yil madrasa hovlisiga yevropacha uslubda qurilgan imorat[34] bizgacha yetib kelmagan.

Old planda Koʻkaldosh madrasasi fasadining chap qanoti va guldasta, bir oz uzoqroqda — Ernazar elchi madrasasi. (1925-yil).

1930-yillarda madrasada muzey joylashgan. Uning ekspozitsiyasi uchun esa madrasaning 2 katta zali (masjid va darsxona) ajratilgan. Muzey xodimlarining kabinetlari madrasa hujralarida joylashgan[35].

Bu davrda binoning holati achinarli holatda boʻlgan: bir nechta kuchli deformatsiyaga uchragan, katta yoriqlari va yemirilgan qismlari mavjud boʻlgan. Ayniqsa, chuqur yoriqlari boʻlgan guldastali janubi-gʻarbiy qismi halokatli ahvolda qolib ketgan. Shuningdek binoning sharqiy qismi ham sezilarli darajada vayron boʻlgan[12].

Madrasa taʼmirlangandan soʻng atrofi ochilib kichik skverga aylantirilgan. 1950-yillarning soʻngi — 1960-yillar boshida madrasada Buxoro oblasti (viloyati) arxivi joylashgan[36].

1960—1970- va 1995—1997-yillarda madrasa taʼmirdan chiqarildi[37]. Koʻkaldosh madrasasi 1970-yillari taʼmirlanib, koshinlar bilan qaytadan bezatilib, peshtoqiga koʻrsatkich-taxta osib qoʻyildi. 1980-yillari oʻrtasida shu holat saqlanib, ammo qayta qoʻyilgan koshinlari pishiq boʻlmagani yoki quyosh nurlari taʼsirida, yo ob-havo taʼsirida nuray boshlagan. Bir necha yillardan soʻng oʻsha koshinlar ham tushib ketgan.

2010-yilda tasdiqlangan hukumat dasturiga koʻra, 2015—2016-yillarda madrasani tadqiq etish, favqulodda hududlarini qismlarga ajratish (demontaj qilish), konstruktiv mustahkamlash, umumiy koʻrinishini (dekorini) tiklash, asl holiga keltirish va konservatsiya qilish, shuningdek zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish maqsadida 350 million soʻm ajratish rejalashtirilganligiga[38] qaramay u hozirga qadar Buxoroda eng ogʻir ahvolda qolib ketgan madaniy meʼros obyektlaridan biri boʻlib qolmoqda[39].

Shu dasturga koʻra, 2020-yilda madrasa hovlisidagi yevropacha uslubda qurilgan imoratni tadqiq etish, tiklash, asl holiga keltirish, zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish maqsadida alohida 10 million soʻm ajratish rejalashtirilgan[38]. Lekin, nomaʼlum sabablarga koʻra madaniy meʼrosning ushbu boʻlagi 2010-yillarda buzilib, butkul yoʻq qilib yuborilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti qaroriga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari evaziga, madrasada turistik mavsum boshlanganida oʻzbek milliy musiqasi, shashmaqom va xalq qoʻshiqlaridan foydalanib teatrlashtirilgan konsert tomoshasi oʻtkazilishini tashkillashtirish rejalashtirilgan[40].

2020-yilda tasdiqlangan yangi dasturga koʻra madrasada restavratsiya-taʼmirlash ishlari uchun yana mablagʻlar ajratilgan[39].

Hozirda madrasaning miyonsaroyi, masjidi, darsxonasi va old tomonidagi tashqi hujralarida doʻkonlar, ichki hujralarida esa ofislar, hunarmandchilik ustaxonasi va ayollar goʻzallik saloni oʻz faoliyatini yuritib kelmoqda. Madrasaning faqatgina toʻridagi burchak katta hujrasida Buxoro muzeyining koʻrimsizgina filliali joylashgan[37]. Koʻpgina hujralari ogʻir ahvolda boʻlib, oʻnlab yillar davomida taʼmirtalab holatda qolib ketgan.

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasi Labihovuz ansamblining shimolida joylashgan. U hajmi va koʻlami jihatidan nafaqat Buxorodagi balki Markaziy Osiyodagi eng yirik madrasa inshootidir[16][17].

Madrasaning old fasadi asosiy kirish peshtogʻidan va ikki qanotdan tashkil topgan va Labihovuz ansambli maydoniga qaratilgan[34]. Qanotlar tarkibiga 2 qavatli hujralar va 2 ta gumbazsiz guldastalar kiradi. Madarasa ichkarisiga peshtoqning naqshinkor darvozasi orqali kiriladi. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan boʻlib, u orqali madrasa hovlisiga eltuvchi yoʻlaklar oʻtgan va uning ikki yonida madrasa zallari (masjid va darsxona) joylashgan. Zallarning tashqi gumbazlari buzilib ketgan. 2 ayvonli hovli, 2 qavatli katta-kichik hujralar bilan oʻrab olingan[17]. Inshoot oʻz davri meʼmorchilik qoidalariga koʻra mozaika va mayolika bilan bezatilgan[10]. Madrasa hujralarining umumiy soni 160 ta.

Madrasa eksteryeri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasaning old tomoni peshtoqli boʻlib, Labihovuz ansambli maydoniga qaratilagan. Peshtoq markazda joylashgan boʻlib, u bosh fasadning ikki qanotini birlashtirib turadi. Uning pastki qismida, 2 tomonda yashil oniksdan bir xilqilib bejirim ishlangan kichik ustunchalar oʻrnatilgan. Peshtoqni avvallari bezatib turgan koshinlari (kitobasidagi yozuvlardan tashqari) hozirgacha saqlanib qolmagan[34]. Oxirgi kapital taʼmirdan soʻng kitoba va qanoslargina koshinlar bilan bezatilgan.

Peshtoq tarkibidagi madrasaga kirish darvozasi alohida eʼtiborga sazovordir. U girih va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Xotamkori uslubida terib mahkamlangan (mix qoqmay, „tirno“ qilib mahkamlangan), pilakchalardan (yogʻoch parchalaridan[36]) yasalgan darvozaning har bir tabaqasi yaxlit taxtadan tayyorlangandek koʻrinadi[34]. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan[17].

Fasad qanotlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Madrasa fasadining oʻng qanoti va guldasta

Fasad qanotlarida Buxoro meʼmorligiga xos qadimgi milliy anʼanalar aks ettirilgan. Ular 2 qavatli va 3 qismga ajratilgan chuqur ravoqlardan, ravoqlar orti esa hujralardan tashkil topgan. Peshtoqning ikki yonida joylashgan ushbu hujralar, madrasa zallarining (masjid va darsxonaning) oldida qurilgan. 1-qavatning markaziy chuqur ravoqlarida oʻrnatilgan eshiklar madrasa tashqarisidan zallarga kirish/zallardan tashqariga chiqish uchun moʻljallab qurilgan. Qanotlarning ikki yonida, devorlar burchagiga tirgak va bezak vazifasini oʻtovchi gumbazsiz guldastalar oʻrnatilgan[17].

Madrasaning fasadorti binolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining diqqatga sazovor joylari fasadortida joylashgan miyonsaroy, masjid va darsxonadagi ichki gumbazlardir. Ular ganchga bezak berib ishlangan[11].

Miyonsaroy madrasaga kirish darvozasi ortida joylashgan. Adabiyotlarda miyonxona, darvozaxona, vestibul tarzida ham nomlanadi. U 5 gumbazli boʻlmalardan tashkil topgan boʻlib, madrasa hovlisiga kirish uchun koridor vazifasini bajaradi. Miyonsaroyning ikki yonida madrasa zallari joylashgan[17].

Miyonsaroyning sernaqsh qubbalari oʻz konstruksiyasi bilan tashrif buyuruvchilar eʼtiborini oʻziga tortadi. Ular ganchdan xilma-xil qilib quyilgan ravoqlardan yigʻilgan[34][36]. Uning ichki gumbazlari va bagʻallari, shipi oʻziga xos turli shakldagi murakkab toʻrsimon, yulduzsimon, qolipkori va iroqi uslubida pishiq gʻishtdan ganch qorishmasida terilgan. Miyonsaroyning oʻng tomonidan oʻtuvchi yoʻlakda botiq va yotiq qovurgʻali, mozaik plafonli, maydalangan gʻishtlardan yasalgan bukma yuzali ravoq shaklida dekorativ kvadrat bostirma diqqatga sazovor[11].

Madrasa zallari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Dasxonaning ichki gumbazi

Mir Arab madrasasida boʻlgani kabi Koʻkaldosh madrasasi rejasida ham burchak xonalarining tugunlari ishlab chiqilgan. Binoning 2 old tomonidagi burchaklarda 2 asosiy zal — masjid (miyonsaroydan gʻarbda) va darsxona (miyonsaroydan sharqda) joylashgan boʻlib, ular assimetrik chuqur nishlarga ega xoch shaklida rejalashtirilgan[11]. Masjid va darsxona ichki gumbazlari alohida, quyma ganchli ravoqlardan tuzilgan. Ravoq burchaklariga muqarnaslar ishlangan, katta qiya yassiliklar yulduzsimon ornament bilan bezatilgan[11].

Madrasa hovlisi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Madrasa hovlisining koʻrinishi

Toʻgʻri burchak shaklidagi[34](42x37 metr) uzun qilib solingan madrasa hovlisiga miyonsaroy orqali kiriladi. Hovli tomondagi 2 qavatli chuqur ravoqlar qatorini yuzma-yuz qilib joylashtirilgan peshtoqli 2 ta baland ayvonlar ajratib turadi. Mablagʻni va turar joyni tejash uchun madrasa boʻylama oʻq boʻylab ikkitagina gumbazli ayvon qilib qurilgan[41]. Har bir ravoqdan alohida hujraga kiriladi. Hovli atrofi 2 qavatli hujralar bilan oʻrab olingan[11]. Yon tomonidagi hujralarning pastki qavatiga (tashqi devorlarida) xonani yoritish uchun panjaralar oʻrnatilgan. Yuqori qavatiga esa qator qilib chuqur ravoqlar ishlangan. Ravoqlar tepasini va baʼzi darcha panjaralarini bezatishda sirkor koshin ancha tejab ishlatilgan[37]. Hovlidagi shimoliy peshtoq ganchga yopishtirilgan sirkor koshin boʻlaklar bilan bezatilgan. Bu koʻk, yashil va oq naqshinkor bezaklar oʻsimliklarni tasvirlaydi[34]. 1950-yillarda peshtoq oʻzining avvalgi shaklini deyarli yoʻqotgan va shuning uchun temir bilan tiralib, troslar bilan tortilib[42] mustahkamlab qoʻyilgan holatda boʻlgan[36].

Burchakdagi katta hujralar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasaning ikki orqa burchagida vestibullar joylashgan boʻlib, ulardan hujralar va omborxonalarga eltuvchi, radial ravishda ajratilgan yoʻlaklar mavjud[11].

Afsona va rivoyatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining qurilishi bilan bogʻliq afsona va rivoyatlar mavjud.

Buxoro afsonalaridan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro afsonalaridan biriga koʻra[43], Abdullaxon va Qulbobo koʻkaldosh ikkovi amakivachcha ekan. Hali Abdullaxon hukmdor boʻlmasidan avval Qulbobo koʻkaldosh ikkovi polizzorga kelib, qovun va tarvuz soʻyib yebdilar. Kuz boʻlsa ham kun issiq ekan. Shu yerda kigiz ustida Abdullaxon bilan Qulbobo koʻkaldosh choʻzilib uxlamoqchi boʻlishibdilar. Abdullaxon darrov uxlab qolibdi, ammo Qulbobo koʻkaldosh uxlay olmabdi.

Bir mahal Qulbobo koʻkaldosh qarasa, Abdullaxonning burnidan bir chivin chiqib bir tarafga ravona boʻlibdi. Uchib bora turib yerda yotgan pichoqning ustidan oʻtib, bir jirandaga kirib, keyin jiranda ichidagi bir yoriqqa kirib ketibdi. Picha vaqtdan keyin chivin yoriqdan chiqib ortiga qaytibdi. Kelgan yoʻlidan yurib, qaytib kelib Abdullaxonning burniga kirib ketibdi. Bir mahal Abdullaxon uygʻonib Qulbobo koʻkaldoshga qarab:

— Men bir tush koʻribman. Tushimda bir yoqlarga boribman. Yoʻlda bir temir koʻprikdan oʻtibman. Keyin juda katta jarday quruqlik bor ekan. Oʻsha chuqurlikda kattaligi tepaday keladigan koʻza bor ekan. Koʻzaning ichida har biri gʻalvirday keladigan son-sanoqsiz koʻp tilla bor ekan. — debdi.

Boyadan beri bu voqeani kuzatib turgan Qulbobo koʻkaldosh Abdullaxondan bir necha daqiqada ayrilib qolibdi. Qulbobo koʻkaldosh haligi yoriqqa maxsus belgi qoʻyibdi-da, Abdullaxon xizmatida yuraveribdi. Davr aylanib Abdullaxonga Buxoro xonligi tegib qolibdi. Shundan keyin Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshni chaqirib:

— Sen menga koʻp xizmat qilding. Mana bugun mening oshigʻim olchi turdi, yaʼni xon boʻldim. Endi mendan koʻnglingda nima maqsading boʻlsa, tila, — debdi.

Qulbobo koʻkaldosh haligi polizzorni tilabdi. Darrov Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshga polizzorning oʻrnini vasiqa qilib beribdi. Qulbobo koʻkaldosh oʻsha polizzorga borib, belgi qoʻyilgan joyni topibdi-da, xazinani qazib olibdi. Chivinning koʻziga tepaday boʻlib koʻringan koʻza tandirdan sal kattaroq ekan va gʻalvirday boʻlib koʻringan tillalar qirq tangalik yoki yarim misqollik tillalar ekan. Qulbobo shu xazinani sarflab, Buxoroda Koʻkaldosh degan katta bir madrasani qurdirgan ekan.

Qozoq rivoyatlaridan

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining qurilishi bilan bogʻliq, goʻyoki Buxoro va Toshkent aholisi orasida tarqalgan bir afsonaga koʻra[44], madrasa binosining qurilishi qozoq xalqi vakiliga borib taqalar ekan. Bu toʻgʻrida qozoq professori X. Dosmuhamedov shunday deb yozadi:

Bu haqda menga, biz 1923-yilning oktabrida Buxoroda oʻtkazilgan butunoʻzbek ilmiy syezdi qatnashchisi sifatida mazkur madrasada yashaganimizda, toshkentlik Munavvar-Qori Abdurashitov aytib berdi. Afsuski, Abdrashitov menga batafsil maʼlumot berolmadi. Keyinchalik, men qozoqlarning oʻzlari orasida muomalada boʻlgan bunday afsonalar bormikan deya soʻroqlashni boshladim; Turkiston qozoqlari orasida haqiqatdan ham ularning qabiladoshlaridan biri tomonidan qurilgan Kogeltosh madrasasi[sharh 2] toʻgʻrisida rivoyatlar bor ekan. Menga Tama qabilasidan boʻlgan qozoq, Turkiston uyezdining Kurchusk volostilik Omar Dixanbayev aytib bergan va Qiziloʻrda uyezdilik qozoq Jumanazar Urumkulov tomonidan sheʼr shakliga oʻgirilgan ushbu afsonalardan birining qisqacha mazmuni keltiriladi[44].

Vaqtida, tojiklar, oʻzbeklar, qozoqlar Buxoro xonligining hukmdoriga boʻysungan paytlarda, Buxoroda Shamsi Muhammad ismli mulla boʻlgan ekan. Bu mulla, choʻlda, Muhammadning haqiqiy diniga ergashmaydigan va shariat qoidalarini bajarmaydigan, qozoq deb nomlanadigan xalq borligini xonga yetkazib, xondan qozoqlarni kofir deya eʼlon qilishga va ularni bozorlarda qul qilib sotishga farmon chiqarishini soʻragan ekan.

Xon yigʻilish oʻtkazib, unda masalaning tagiga yetmasdan butun bir xalqni kofir deb eʼlon qilish noqulayligi, avval ularning vakillarini chaqirib, ularning shariat qoidalari boʻyicha bilimlarini imtihon qilish kerakligiga kelishib olgan ekan. Agarda ular mullalarning savollariga yetarli darajada javob berisholmasa, barcha qozoqlar kofir deya eʼlon qilinib, ularni bozorlarda qul qilib sotishga ruxsat berilishi kerak boʻlar ekan.

Buxoro xonligi hukmdorining xulosasidan xabar topgan qozoqlar, kimnidir Buxoroga, xon va mullalar savoliga javob berishga yuborish uchun katta yigʻilish oʻtkazgan ekan. Yigʻilganlar, qanday javob berish kerakligini va kimni yuborish mumkinligini koʻp oʻylashgan, shu payt Koge ismli bir qozoq, yigʻilganlardan uni Buxoroga mullalar bilan savol-javobga borishi va qozoq xalqini qullikdan qutqarishi uchun izn soʻragan, yigʻilganlarning barchasi bunga rozi boʻlgan ekan.

Koge Buxoroga peshin namozi paytiga yetib kelgach, Shamsi Mahammad imomlik qilib turgan masjidga kirib, boshqalar bilan birga namoz oʻqishni boshlagan. Masjid eshigi oldida, qoʻlida qamchi ushlagan zobit turib, namozxonlarni kuzatib turgan. Namoz tugagach, Koge qoʻlida qoʻlqop kiygan holda duo qilgan ekan. Mulla Shamsi Muhammad zobitga yuzlanib:

— Bu kishini qoʻlga ol va shariat qoidalarini bilmagani uchun jazola — debdi.

Shunda Koge Shamsi Mahammadga yuzlanib:

— Agar Xudo faqat yalangʻochlarni eshitsa, unda kiyimingizni yeching va kiyimsiz namoz oʻqing. Nega namoz vaqtida aynan qoʻllarni yalangʻoch qoldirib, tananing qolgan qismlarini kiyim bilan yopish kerak? Olloh faqatgina kiyimdagi namozxonlarni eshitadi deb qaysi muqaddas kitoblarda yozilgan? — debdi.

Mulla jimib qolib, nima deyishni bilmay qolibdi. Koge xon oldida oʻzi va oʻzining xalqi — qozoqlar — musulmonligini isbotlash uchun undan Buxoroda 4—5 yil yashab qolishga izn soʻrab, xonning ruxsatini olibdi.

Shundan soʻng, Koge oʻzi bilan choʻldan olib keltirgan otini, kiyimini va hattoki oziq-ovqatini kambagʻallarga tarqatib, kambagʻal boʻlib olibdi. Koge yashab, oʻzining halol mehnati bilan mol-mulk orttirishga qaror qilibdi. Shahar tashqarisidan supurgi oʻtini terib, undan tayyor supurgilar tayyorlab bozorda sotibdi. Supurgini sotishdan orttirgan puliga tovuqlar sotib olishni boshlabdi. Koʻp oʻtmay Koge son-sanoqsiz tovuqlarga ega boʻlibdi. Keyin u gʻisht tayyorlay boshlabdi. Juda koʻp gʻisht tayyorlaganidan soʻng, u xon oldiga kelib, masjid qurish uchun izn soʻrabdi. Xon ruxsat beribdi. Shunda Koge xondan qurilish uchun, oʻzining talablarini qondira oladigan usta berishini soʻrabdi. Xon rozi boʻlib, barcha buxorolik ustalarni yigʻib, Kogega oʻz talablarini aytishni buyuribdi. Koge:

— Menga bir umr besh vaqt namoz oʻqishga va ulardan birirtasini ham qoldirmaslikka; doim tahoratda yurib, hech qachon yomon fikrda boʻlmaslikka; hech qachon juftiga xiyonat qilmaslikka va doimo halol hayot tarzini kechirishga; eshigini taqillatib kelgan kambagʻalni har safar hojatini chiqarishga; haqiqiy musulmon bajarishi kerak boʻlgan majburiyatlarga amal qilishga; kelgan mehmonni, u qayerdan va nima uchun kelganligidan qatʼiy nazar mehmon qilishga; kim boʻlishidan qatʼiy nazar, barchaning koʻziga qarab haqiqatni gapirishga; Ollohdan boshqa hechkimga hechqachon qulluq qilmaslikka qasam icha oladigan usta kerak. Faqat shunday kishining qasamidan soʻng men masjid qurilishiga ruxsat berishim mumkin — debdi.

Buxoro ustalarining birortasi ham bu qasamni icholmay, qurilishni boshlashga rad javoblarini berishibdi. Shunda xon butun Buxoro ahliga Kogening talabini aytib, rozi boʻlganlarni chaqirtirishni buyuribdi. Xonning chaqirigʻiga hech kim javob bermabdi. Buxoroda Kogening talabini bajara oladigan bitta ham kishi topilmaganidan soʻng, uning oʻzi yuqoridagi qasamni ichib, masjidni qurishga tushib ketibdi. Birovning yordamisiz, Kogening bir oʻzi masjidning devorlarini koʻtarganidan soʻnggina ustalarga qurilishni tugatishga va masjidni bezashga ruxsat beribdi.

Yangi masjidni koʻrgan Buxoro ahlining koʻzi quvnab, shaharda birgina Koge taqvodor boʻlgani uchun masjidni Koge ismi bilan Kogetosh, hozirda esa Kogeltoshga aylangan va Koge qurgan bino maʼnosini bildirgan soʻz bilan atashibdi. Koge esa xon oldiga kelib:

— Agarda mening ishlarim abdol boʻlsa, qozoq xalqini haqiqiy musulmonlar deya eʼlon qilib, ularni bir umrga qul qilib sotilishidan qutqaruvchi farmonni eʼlon qiling — debdi.

Xon Kogening iltimosini ado etibdi va butun qozoq xalqiga nisbatan qilgan boʻhtoni uchun, mulla Shamsi Muhammadni jazolashni, keyin esa uni osib oʻldirishga farmon beribdi.

Oʻzining xalqini qullikdan ozod qilgan Koge, Makkaga borib, umrining oxirigacha oʻsha yerda yashab oʻtibdi.

Koge — qozoq xalqini qullikdan qutqargan kishi boʻlib, u qurgan va Kogeltosh deb nomlangan bino hozirga qadar Buxoroda turgan ekan va u oʻz joyida dunyo turguncha mangu turar ekan.

Sharhlar
  1. Abdullaxon II Oʻrta Osiyoda yirik madrasa qurishga qaror qilib, bu ishni Qulbobo koʻkaldoshga ishonib topshiradi
  2. Rivoyatga koʻra Koʻkaldosh madrasasi «Когельташ» deb nomlanadi.
Manbalar
  1. „Моддий маданий мероснинг кўчмас мулк объектлари миллий рўйхатини тасдиқлаш тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 846-сон 04.10.2019 й. қарори“. Lex.uz. Qaraldi: 2020-yil 22-sentyabr.
  2. 2,0 2,1 Baljuvoniy 2001, s. 77.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 Jumanazar 2017, s. 308—315.
  4. Общественные науки в Узбекистане 1993, s. 47—50.
  5. OʻzR MDA. И-323. 55-9. Koʻkaldosh madrasasi vaqf hujjati
  6. Mirza Muxammad Xaydar. Tarixi Rashidi.
  7. Норик 2011, s. 503—508.
  8. 8,0 8,1 Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar 2016, s. 423.
  9. Baljuvoniy 2001, s. 94.
  10. 10,0 10,1 Toʻraev 2020, s. 171.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 Сокровища зодчества народов СССР 1949, s. 46—47.
  12. 12,0 12,1 12,2 Шишкин 1936, s. 61—62.
  13. Ремпель 1962, s. 211—267.
  14. 14,0 14,1 Сухарёва 1966, s. 299.
  15. Сухарёва 1976, s. 183.
  16. 16,0 16,1 Всеобщая история архитектуры 1969, s. 313.
  17. 17,0 17,1 17,2 17,3 17,4 17,5 Захидов 1985, s. 49—50.
  18. Шишкин 1943, s. 26.
  19. Сухарёва 1976, s. 210.
  20. Сухарёва 1958, s. 98.
  21. Сухарёва 1976, s. 204.
  22. Asrorova 2017, s. 43.
  23. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muhammad Orif. Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo. ShQM. №1595 (toshbosma)
  24. Bobojonova 2014, s. 69.
  25. Ремпель 1981, s. 50—52.
  26. Xanikov N. V. Opisanie Buxarskogo xanstva. — SPb.b 1843.
  27. 27,00 27,01 27,02 27,03 27,04 27,05 27,06 27,07 27,08 27,09 27,10 27,11 Jumanazar 2017, s. 315.
  28. Сухарёва 1976, s. 212.
  29. Сухарёва 1976, s. 243.
  30. Маджлисов 1967, s. 28.
  31. 31,0 31,1 31,2 31,3 „Медресе Кукельдаш“. Bukharamuseums.uz. 2021-yil 2-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 31-may.
  32. Yoʻldoshev 2012, s. 110.
  33. Buxoriy 2012, s. 279—281.
  34. 34,0 34,1 34,2 34,3 34,4 34,5 34,6 Buxoro tarixi 1991, s. 133—134.
  35. Ремпель 1981, s. 29—30.
  36. 36,0 36,1 36,2 36,3 Buxoro. Qisqacha spravochnik 1959, s. 48—49.
  37. 37,0 37,1 37,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  38. 38,0 38,1 „Государственная программа по исследованию, консервации, реставрации и приспособлению для современного использования объектов культурного наследия г. Бухары до 2020 года“. Nrm.uz. Qaraldi: 2021-yil 31-may.
  39. 39,0 39,1 „Бухорода энг оғир аҳволда бўлган 12 та маданий мерос объектларида қайта тиклаш ишлари бошланди“. Madaniyat.uz. 2020-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 1-iyun. (Wayback Machine saytida 2020-09-25 sanasida arxivlangan)
  40. „Ўзбекистон Республикаси Президентининг Қарори. 2017 — 2019 йилларда Бухоро шаҳри ва Бухоро вилоятининг туризм салоҳиятини жадал ривожлантириш чора-тадбирлари тўғрисида“. Lex.uz. Qaraldi: 2021-yil 1-iyun.
  41. Toʻraev 2020, s. 150.
  42. Ремпель 1981, s. 29.
  43. Buxoro afsonalari 2002, s. 64.
  44. 44,0 44,1 Досмухамедов 1927, s. 193—197.
Ushbu maqolani tinglang (30 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 13-avgust, 2022-yil(2022-08-13) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Qoʻlyozma adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Muhammad Orif. Tarixi Buxoro va tarjumat ul-ulamo. ShQM. № 1595 (toshbosma);
  • Mirza Muxammad Xaydar. Tarixi Rashidi.
  • Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi nofeiy. Toshkent: Akademiya, 2001 — 122-bet. 
  • Xanikov N. V. Opisanie Buxarskogo xanstva. — SPb., 1843.
  • OʻzR MDA. I-323. 55-9. Koʻkaltosh madrasasi vaqf hujjati

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Asrorova L. Q.. Buxoro madrasalari tarixidan. Toshkent: Hilol-Nashr, 2017 — 224-bet. ISBN 978-9943-4818-6-2. 
  • Barakayev J. Haydarov Y.. Buxoro tarixi (eng qadimgi davrdan Ulugʻ Oktabr inqilobigacha). Toshkent: Oʻqituvchi, 1991 — 144-bet. 
  • Bobojonova F.. Buxoro amirligida taʼlim tizimi (XIX asr oxiri — XX asrning boshlari). Toshkent: Adib, 2014 — 128-bet. ISBN 978-9943-44278-9-1. 
  • Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Joʻrayev M., Saidova R.. Buxoro afsonalari. Toshkent: A. Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002 — 126-bet. 
  • Buxoro. Qisqacha spravochnik. Nomozov D. (отв. ред.): . Toshkent: Oʻzbekiston SSR Davlat nashriyoti, 1959 — 106-bet. 
  • Sadriddin Salim Buxoriy. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona, 2012 — 300-bet. 
  • Toʻraev H.. Buxoro tarixi: oʻquv qoʻllanma. Buxoro: „Sadriddin Salim Buxoriy“ Durdona nashri, 2020 — 320-bet. ISBN 978-9943-6571-0-6. 
  • Yoʻldoshev N.. Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi. Buxoro: Buxoro, 1993 — 144-bet. 
  • Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro. 1-qism Abduxoliqov F. F. (loyiha rahbari): . Toshkent: Uzbekistan Today, 2016 — 558-bet. 
  • Всеобщая история архитектуры в 12 томах: Архитектура стран Средиземноморья, Африки и Азии. VІ—XIX вв : в 12 т. Яралов Ю. С. (отв. ред.): . Москва: Изд-во литературы по строительству, 1969 — 491-bet. 
  • Досмухамедов Х. Д.. В. В. Бартольду. Туркестанские друзья, ученики и почитатели: Легенда о постройке медресе Когельташ в Бухаре. Ташкент: Типо-литография №2, 1927 — 556-bet. 
  • Захидов П.. Архтектурные памятник Зарафшанской долины. Ташкент: Узбекистан, 1985 — 64-bet. 
  • Маджлисов А.. Аграрные отношения в Восточной Бухаре в XIX — начале XX века. Душанбе — Алма-Ата: Ирфон, 1967 — 332-bet. 
  • Норик Б. В.. Библиографический словарь среднеазиатской поэзии (XVI — первая треть XVII вв.).. Москва: издательский дом Марджани, 2011 — 977-bet. 
  • Ремпель Л. И.. Далёкое и близкое. Бухарские записи.. Ташкент: Изд-во литературы и искусства имени Гафура Гуляма, 1981 — 302-bet. 
  • Ремпель Л. И.. Из истории градостроительства на Востоке (Материалы по планированию Старой Бухары) // Истусство зодчих Узбекистана. Ташкент: АН УзССР Ин-т Искусствознания, 1962. 
  • Пугаченкова Г. А., Ремпель Л. И.. Сокровища зодчества народов СССР: Бухара. Москва: Изд-во Академии Архитектуры СССР, 1949 — 110-bet. 
  • Сухарёва О. А.. Бухара XIX — начала XX в. (Позднефеодальный город и его население). Москва: Наука, 1966 — 328-bet. 
  • Сухарёва О. А.. К истории городов Бухарского ханства (историко-этнографические очерки). Ташкент: Изд-во АН УзССР, 1958 — 146-bet. 
  • Сухарёва О. А.. Квартальная община позднефеодального города Бухары. (В связи с историей кварталов). Москва: Наука, 1976 — 366-bet. 
  • Шишкин В. А.. Архитектурные памятники Бухары. Ташкент: Из-во комитета наук УзССР, 1936 — 100-bet. 
  • Шишкин В. А.. Города Узбекистана. Ташкент: УзФАН, 1943 — 36-bet. 

Ilmiy maqolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Об архиве М. Ю.Саиджанова // Общественные науки в Узбекистане. — 1993. — № 11—12.