Kontent qismiga oʻtish

Kubro

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Najmiddin kubrodan yoʻnaltirildi)
Najmiddin Kubro

Najmiddin Kubro maqbarasi
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi 1145-yil BE
(540-yil HY), Koʻhna Urganch, Xorazmiylar imperiyasi
Vafoti 1221-yil BE
(618-yil HY)
Koʻhna Urganch, Turkmaniston
Dini Islom
Era Islom oltin davri
Hudud Koʻhna Urganch
Mazhab Sunniylik
Yurisprudensiya Shofiʼiylik maktabi
Imom Mutakallim
Asosiy qiziqish(lar)i Soʻfiylik
Tariqat Kubroviya (asoschi)

Kubro, Najmiddin Kubro (taxallusi; asl ism-sharifi Ahmad ibn Umar ibn Muhammad Xivaqiy al-Xorazmiy) (1145Xiva1221) – ulugʻ shayx, tasavvufning taniqli vakillaridan biri, kubroviylik tariqatining asoschisi (uning taxallusi „dinning ulugʻ yulduzi“ maʼnosini beradi).

Najmiddin Kubro 1146-yilda Xorazmda tugʻilib, umrining birinchi yarmini sayohatda (Nishopur, Hamadon, Isfahon, Makka, Iskandariya) oʻtkazgan. 1184-yilda vataniga qaytib keladi. Oʻshandan beri uning faoliyati Oʻrta Osiyoda boʻlib, koʻplab shogirdlari boʻlgan.

Najmiddin Kubroning karomat koʻrsatish, voqealarni oldindan bilish, oʻtkir nazari bilan taʼsir eta olish hislatiga ega inson boʻlganligi haqida rivoyatlar tarqalgan. Najmiddin Kubro yoshligidan ilmga qiziqqan, qobiliyatli boʻlgan. Islom asoslari, shariat, hadis va tafsirni juda tez oʻzlashtirib oladi. 16—17 yoshlarida tahsilni chuqurlashtirish maqsadida Xorazmdan chiqib, Eron, Misr, Shomu Iroq mamlakatlarini kezadi. Tariqatdan xabardor boʻlishga intilib, bir necha shayx, darvishlar suhbatida boʻladi. Ilk dafʼa Misrda shayx Roʻzbixon Vazzon Misriy (1189-yil)ga murid toʻshadi, undan tariqat odobini oʻrganadi, shayxning qiziga uylanadi. Keyinchalik Hamadonda shayx Ammor Yosir (1187-yil), Dizfulda shayx Ismoil Qasriy (1193-yil) kabi ustozlardan saboq oldi. 25 yildan ortiq umrini ilm tahsiliga bagʻishlagan Kubro 1185-yil Xorazmga kaytib keladi. Bu yerda katta xonaqoh qurdirib, oʻz diniy maktabini yaratadi. Kubro kishilarni ezgulikka, ilmga, saxonat va mardlikka daʼvat etdi. Uning tarbiyasini olgan yuzlab odamlar irfoniy maʼrifatdan bahramand boʻldilar. Najmiddin Kubroning muridlari Majdiddin Bagʻdodiy (1209/1219-yil), Saʼdiddin Humaviy (1252-yil), Najmiddin Doya (1256-yil) tasavvuf tarixida nom qozongan shayxlardir.

Najmiddin Kubro oʻzining „Al-usul al-ashara“, „Risola at Turuk“, „Fi axbob-us-solikin“, „Favoyid ul jamol“ va boshqa koʻplab asarlarida „latoif“ nazariyasiga muhim eʼtibor beradi. Unga koʻra, koinot ong, his-tuygʻular, ruh va tana bilan oʻralgan koʻrinmas markazdan iborat. Soʻfiy maxsus mashqlar yordamida holat, shakl va rang oʻzgarishi natijasi boʻlgan bu markazni his qilishi va koʻrishi kerak. Kubroning fikricha, muridning ruhiy holati uch komponentdan: aylana, dogʻ va nuqtadan oʻtishi kerak. Doira – Koinot, dogʻ – dunyo timsoli, nuqta – Olamning markazi (vahdat). Nuqtaning mohiyatini anglash ilohiy olamning mohiyatini anglashdir[1].

Najmiddin Kubro Misrda Sharq falsafasi bilan shugʻullanadi va uning sirlarini oʻrganadi. U hadis ilmi bilan qiziqib Nishopurda Abul Makkorim Lubon va Abu Jafar Samdloniy, Tabrizda Abu Mansur Xaft, Makkai Mukarramada Abu Muxammad Tabbex va Iskandariyada Abu Tohir Salafiy xizmatlariga yetishib ulardan hadis ilmlarini oʻrganadi.

Najmiddin Kubro ulardan har tomonlama saboqlarni olgach yana safarga chiqadi. U Tabrizga Abumansur Hafdah oldiga borib shogird tushadi, u yerda hadis ilmiga bagʻishlangan „Sharhus–sunna“ kitobidan saboq oladi.

Najmiddin Kubro oʻz qarashlarini arab tilida yozgan bir necha risolalarida bayon etgan. Ulardan asosiylari: „Favoih aljamol va favotih al-jalol“ („Jamol xushboʻyliklari va jalolning kashfi“), „Al-usul al-ashara“ („Oʻnta usul“), „Risola at-turuq“ („Tariqatlar risolasi“), „Risolat al-xoif al-hoim min lavm alloim“ („Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola“) va boshqa Kubroning fors tilida yozgan „Fi odobus solikin“ („Soliklar odobi haqida“) risolasi ham bor. Kubro Qurʼonga mutasavviflar nuqtai nazaridan sharh berishni oxirigacha yetkaza olmadi, bu ishni uning shogirdlari tugalladi. Forscha ruboiylarida javonmardlik, pok axloq gʻoyalari ifodalangan.

Kubroviya tariqati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Najmiddin Kubro – tasavvufning mashhur shayxlaridan biri „Kubraviya“ tariqatining asoschisidir. Najmiddin Kubro Xorazmga 1185-yilda qaytib keladi. U 25 yildan ortiq umrini ilm olishga bagʻishlaydi. U Xorazmga qaytgach, katta xonaqoh qurdirib Kubraviya taʼlimotiga asos soladi. Uning qoʻli ostida yuzlab odamlar tarbiyalanib tahsil olishadi[2].

Kubroviya Najmiddin Kubro asos solgan tasavvuf tariqati boʻlib, uning asosiy vazifasi komil insonni tarbiyalash edi. Kubroviya tariqatida talab, sadoqat, ishq, muhabbat, oshiqlikning inson uchun naqadar zarur ekanligi eʼtirof etiladi[3]. Kubroviyaning Eronda kuchli taʼsirga ega shialik bilan aloqasi tufayli butun Islom olamiga mashhur boʻlganini koʻrish mumkin[4]. Kubroviya XIII asrda Kubro vafot etguniga qadar unchalik mashhur boʻlmagan. Kubroviylik Markaziy Osiyodan tashqarida ham katta rivojlanishga erishdi, lekin uning taʼsiri va mavjudligi faqat XV-XVI asrgacha davom etdi. Tariqat Usmonlilar imperiyasi davrida Naqshbandiyaning (yana bir tasavvuf tariqati) soyasida qoldi, ammo bu paytda unga ergashuvchilar hali ham topilar edi. Bu hodisalardan oldin, kubroviylik Ishhoh al-Xuttaloniy (vaf. 1423) rahbarligidan keyin nurbaxshiya va zahabiyaga boʻlindi. Nurbaxshiyaga ergashganlar oxir-oqibat XVI asr oxirida Safaviylar davrida taʼqibga uchradilar, zahabiya esa hozirgacha saqlanib qolgan, uning markazi Sheroz shahri hisoblanadi[5].

Kubroviyaning Oʻrta Osiyodagi taʼsiri u yerda koʻplab siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faoliyatni yoʻlga qoʻydi, biroq naqshbandiya bu gʻoyalarni oʻzining toʻliq salohiyati bilan rivojlantirdi. Kubroviyaning asosiy taʼlimoti „koʻrish tajribasi tahliliga asoslangan yaxshi rivojlangan tasavvuf psixologiyasi“ edi"[6]. Ular soʻfiylarning kundalik hayotda boshdan kechirgan ruhiy kechinmalarini tushuntirishga eʼtibor qaratadilar. Ularning eng katta tashvishi ruhiy tasavvurlarni idrok etish vositasi sifatida zikrga toʻliq eʼtibor berish edi[6].

Hindistonning Bihar va Bengal mintaqalarida Biharsharifga dafn etilgan Maxdum Sharfuddin Ahmad Yahyo Maneri Hoshmiy tomonidan Firdavsiy Kubroviya tariqati targʻib qilingan.

Najmiddin Kubroning oʻn ikki shogirdi orasida Najmiddin Roziy, Sayfiddin Boharziy, Majdiddin Bagʻdodiy, Ali ibn lala Gʻznaviy va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahoviddin Valadlarni keltirish mumkin. Biroq, uning eng taniqli va nufuzli shogirdlaridan biri Saʼdiddin Humaviy edi. Kubro Humaviyga yaqinlashib kelayotgan moʻgʻullar istilosi xavfi ostida yashayotgan shaharni tark etishini aytgan. Biroq, u Kubro bilan qolib, uning ijozasini oldi. Bu uning soʻfiy ustozi oldida nafaqat shogirdlik, balki doʻst sifatidagi yaxshi xislatini koʻrsatadi. Humaviy Kubro ijodi va Kubroviyaning taʼsiri ostida 30 dan ortiq muhim qoʻlyozmalar va boshqa asarlar yozgan.

Najmiddin Kubro moʻgʻul bosqinchilariga qarshi jangda 1216-1221-yillar boʻlib oʻtgan jangda shahid boʻlgan. Qabri Koʻhna Urganchda. Keksa shayx va donishmand insonning bu jangdagi qahramonligi, jasorati avlodlarga ibrat boʻlib qoldi. Kubro shaxsi va uning merosi Oʻzbekistonda mustaqillik tufayli oʻrganila boshlandi. 1995-yilda Oʻzbekistonda Najmiddin Kubro tavalludining 850-yilligi nishonlandi[7].

  1. „Нажмиддин Кубро (1145-1221)“. ziyouz.uz (2012-yil 2-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
  2. „Нажмиддин Кубро“. xorazmiy.uz (2009-yil). Qaraldi: 2023-yil 25-oktyabr.
  3. „Najmiddin Kubro“. Qaraldi: 2023-yil 7-oktyabr.
  4. Algar, Hamid (Winter–Spring 1974). "Some Observations on Religion in Safavid Persia". Iranian Studies 7 (1/2): 287–293. doi:10.1080/00210867408701467. ISSN 0021-0862. 
  5. Algar, H (2012-04-24). "Kubra". Encyclopaedia of Islam. http://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/kubra-SIM_4470?s.num=1&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&s.q=kubrawiyya. Qaraldi: 2013-04-26. 
  6. 6,0 6,1 DeWeese, Devin (1988). "The Eclipse of the Kubraviya in Central Asia". Iranian Studies 21 (1/2): 45–83. doi:10.1080/00210868808701709. 
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bertels Ye. E., Sufizm i sufiyskaya literatura, M., 1965; Komilov N., Najmiddin Kubro, T., 1995; Joʻzjoniy A. Sh., Tasavvuf va inson, T., 2001.
  • Xurshid Davron. Shahidlar shohi yoxud Shayx Kubro tushlari. Tarixiy-maʼrifiy qissa. I nashri: T."Yangi asr avlodi", 1998. II nashr: T. „Fan“, 1998.