Kontent qismiga oʻtish

Oʻrta Sibir yassitogʻligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(O‘rta Sibir Yassitog‘ligidan yoʻnaltirildi)

Oʻrta sibir yassitogʻligi — Shimoliy Osiyoning markaziy qismidagi keng yassitogʻli oʻlka. Rossiya Federatsiyasi Krasnoyarsk oʻlkasi, Saxa Respublikasi va Irkutsk viloyati hududida. Yenisey va Lena daryolari oraligʻida. Shimolida Shimoliy Sibir tekisligi, janubida Sharqiy Sayan, Baykalboʻyi va Shimoliy Baykalorti togʻlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,5 ming km²chamasida.

Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi geologik jihatdan Sibir platformasiga toʻgri keladi. Uning fundamenti arxey va proterozoy eralariga mansub boʻlgan metamorfizlashgan va burmalangan choʻkindi jinslaridan tuzilgan. Ayrim joylarda (Aldan qalqoni, Anabar massivi) yer yuzasiga chiqib yotadi. Qolgan joylarda paleozoy va mezozoyning qalin yotqiziqlari ostida qolib ketgan. Ularning qalinligi Anabar massivi atroflarida, Aldan qalqonining shimoliy yon bagʻirlarida 1 — 1,5 km dan Tungus sineklizasi va Vilyuy choʻkmasida 8-12 km ga yetadi. Ushbu yotqiziqlar ichida bazalt, diabaz, gabbrodiabaz kabi otqindi jinslar, yaʼni trapplar keng tarqalgan. Qalinligi, baʼzan, 2000 m gacha boʻlgan bu trapplarning maydoni 1 mln. km²dan oshadi. Yassitogʻlikning oʻrtacha balandligi 500-700 m. Mutlaq balandliklari 200 m dan 1500-1700 m gacha. Uning eng baland joylari Putorana togʻi (1701 m) va Yenisey kryaji (1104 m)ga toʻgʻri keladi. Yassitogʻlik chuqur daryo vodiylari bilan oʻyilgan. Vodiylarning yon bagʻirlari qoʻpincha tik tushgan, ayrim joylarda esa dara shaklida. Daryolar oraliklari zinapoyasimon koʻtarilib boradigan keng va yassi hududlardan iborat.

Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi iqlimining eng asosiy xususiyati uning keskin kontinentalligidir. Oʻrtacha oylik tralarning yillik amplitudasi 55—60° gacha, eng issiq kun bilan eng sovuq kun trasidagi farq 102° gacha. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi yassitogʻlikning janubi-gʻarbida — 18°, shimsharqida —46° gacha, iyulniki shimolida 12° dan janubida 20° gacha. Yillik yogʻin miqsori ham hudud boʻylab bir tekis taqsimlanmagan. Yassitogʻlikning gʻarbiy qismida 500-600 mm, sharqiy qismida esa 250-400 mm. Eng koʻp yogʻin (700-800 mm) Putorana togʻlariga toʻtri keladi. Bunday iqlimning vujudga kelishi sabablaridan biri koʻp yillik muzloq yerlarning keng tarqalganidir. Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligining shimoliy chekkalarida muzlab yotgan togʻ jinslarining qalinligi 600-800 m, Marxa daryosi vodiysida esa 1500 m gacha. Yassitogʻlik hududqdan oqib oʻtadigan daryolar (Quyi Tunguska, Toshloq Tunguska, Angara, Lena, Vilyuy, Anabar, Olenyok va boshqalar) sersuv, tezoqar va gidroenergiya resurslariga boy. Ularda yirik GESlar (Irkutsk, Bratsk, UstIlim, Krasnoyarsk, Vilyuy, Xantay va boshqalar) qurilgan.

Keskin kontinental iqlim va koʻp yillik muzloq yerlarning keng tarqalgani tuproq va oʻsimlik qoplami hamda hayvonot dunyosining shakllanishi va geografik joylashishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Yassitogʻlikning katta qismi tayga zonasiga toʻgʻri keladi. Daraxtlari, asosan, sibir tilogʻochi (gʻarbda) va dauriya tilogʻochi (sharqda) dan iborat. Tuproqlari tarkibida mayda tosh zarralari koʻp uchraydigan muzloq tayga tuproqlaridir. Angara daryosi havzasida chimli podzol tuproqlarda qaragʻay va qaragʻaytilogʻoch oʻrmonlari uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan, asosan, moʻynali hayvonlar (olmaxon, suvsar, kolonok, tiyin, ondatra, shimol tulkisi va boshqalar) tarqalgan.

Yassitogʻlikning janubida oʻrmonli dashtga xos hududlar ham uchraydi. Oʻ.Oʻrta Sibir yassitogʻligi foydali qazilmalarga boy. Ayniqsa, toshkoʻmir (Tunguska, Irkutsk havzalari), qoʻngʻir qoʻmir, temir rudasi, nikel, oltin, olmos zaxiralari katta ahamiyatga ega. Ulardan tashqari grafit, tosh tuzi, slyuda, boksit, tabiiy gaz konlari ham mavjud. Qoʻriqxonalar bor.

Oʻrta Sibir yassi togʻlari-Sibirning markaziy qismida Yenisey va Lena-Aldan daryolari oraligʻida joylashgan. U Shimoliy Muz okeani sohillaridan Janubiy Sibir togʻ etaklarigacha choʻzilgan. Oʻlkaning materikdagi eng shimoliy nuqtasi Chelyuskin burni, Severnaya Zemlya arxipelagida esa Arktika burnidir, maydoni 4 mln. km2 atrofida. Oʻlka uchun keskin kontinental iqlim, keng tarqalgan doimiy muzloqlar, muzloq tayga tuproqlari, relefining kuchli kesilganligi tufayli kenglik zonalarining Gʻarbiy Sibirdagiga nisbatan noaniq ifodalanganligi, landshaftlarning balandlik zonalligi kabilar xarakterli. Oʻlkaning katta qismi joylashgan Sibir platformasining poydevori arxeyda vujudga kelgan. Proterozoyda va baykal orogenezida oʻlkaning burmali poydevori shakllangan. Platforma metamorflashgan qadimiy choʻkindi jinslardan tarkib topgan va koʻpgina joylarda granit intruziyalari yorib chiqqan. Bu jinslar yer yuzasiga chiqib, shimolda Anabar kristall massivini, janubi-sharqda Aldan qalqonini hamda Yenisey va Turuxan koʻtarilmalarini vujudga keltirgan. Poydevorning massivlari va koʻtarilmalari keng, chuqur tektonik botiqlar bilan boʻlinib ketgan. Ular paleozoy va mezozoyning choʻkindi jinslari bilan toʻlgan Lena-Xatanga, Tunguska va Vilyuy botiqlaridir. Kaledon orogenezida Severnaya Zemlya va Taymirning shimoliy qismidagi burmali strukturalar vujudga kelgan, Sibir platformasining geologik tuzilishining oʻziga xos xususiyati lava qoplamlari — trappalarning keng tarqalganidir. Trappalarning umumiy maydoni 1 mln. km2 dan ortiq, qalinligi 1200-1500 m ga teng va Rossiya platformasidan ana shu xususiyati bilan farqlanadi. Oʻrta Sibir yassi togʻligida keng tarqalgan temir, platina, mis, nikel ruda konlari, polimetallar grafit, oltin, olmos va bir qancha foydali qazilmalarning hosil boʻlishi vulkanik jinslarga bogʻliq. Botiqlarda esa neft va toshkoʻmir konlari joylashgan. Oʻrta Sibir yer yuzasining hozirgi qiyofasi alp bosqichining tektonik harakatlari natijasida shakllangan. Shu davrda Birranga, Putorana, Anabar va Yenisey massivlari faol koʻtarilgan, Shimoliy Sibir va Markaziy Yoqutiston pastekisliklari ancha choʻkkan. Daryo vodiylarida supachasimon past-baland terrasalar koʻp tarqalgan. Oʻlka hududida yassi togʻlik relefi hukmronlik qiladi. Uning katta qismi Oʻrta Sibir yassi togʻligi bilan band. Yassi togʻlikning dengiz sathidan oʻrtacha balandligi 400-600 m ni tashkil etadi. Eng baland nuqtasi Putorana togʻlarida 1701 m ga yetadi. Yassi togʻlikka sharq tomondan Markaziy Yoqutiston pastekisligi va shimol tomondan kenglik boʻylab choʻzilgan Shimoliy Sibir pastekisligi tutashgan. Pastekislikdan shimol tomonda joylashgan Taymir yarim orolida Birranga togʻlari (Lednikovaya, 1146 m) qad koʻtarilgan. Yassi togʻlikning gʻarbiy qismida Yenisey va Angara kryajlari, Tunguska, Angaraorti, Lena-Angara platolari, janubi-sharqiy qismida Lenaboʻyi platosi, Aldan togʻlari ajralib turadi. Oʻrta Sibirning asosiy iqlim xususiyatlarini uning geografik oʻrni - Shimoliy Osiyoning oʻrta qismida joylashganligi, iliq dengizlardan uzoqligi, Shimoliy Muz okeanining taʼsiri va boshqa omillar belgilaydi. Oʻlkaning iqlimi keskin kontinentalligi bilan Gʻarbiy Sibir va Sharqiy Yevropa tekisliklari iqlimidan keskin farq qiladi. Iqlimining kontinentalligi shimoldan janubga va gʻarbdan sharqqa tomon kuchayib, Markaziy Yoqutistonda maksimal miqdorga yetadi. Qishda materik yuzasining qattiq sovushi natijasida Oʻrta Sibirning katta qismi Osiyo antisiklonining baland bosimi taʼsirida boʻladi. Yanvarning oʻrtacha harorati juda past, oʻlkaning janubi-gʻarbida −20°S ni, shimoli-sharqida −40°S ni, Yoqutistonda −45°S ni tashkil etadi. Qishda barqaror ob-havo tarkib topib, sovuqli kunlar uzoq davom etadi. Yozda Oʻrta Sibir ustida past atmosfera bosimi shakllanib, iyulning oʻrtacha harorati yuqori boʻladi. Jumladan, tayga zonasining shimoliy chegarasida oʻrtacha harorat +11°,+12°S dan Yoqutistonda +19°S gacha koʻtariladi. Haroratning minimal koʻrsatkichi botiqlarda - 64°,-68°S gacha pasaysa, maksimal koʻrsatkichi +35°S gacha koʻtariladi. Atmosfera yogʻinlarining aksariyat qismi yozning ikkinchi yarmiga toʻgʻri keladi. Sovuq faslda esa yogʻin juda kam boʻladi. Turli yillarda yogʻin miqdorining keskin oʻzgarib turish odati xarakterli. Masalan, qurgʻoqchil yillarda Dudinkada yogʻin miqdori 125 mm, yomgʻirli yillarda 350 mm gacha oʻzgarsa, Krasnoyarskda yillik yogʻin miqdori 127 mm, 475 mm gacha oʻzgaradi. Oʻlka hududida keskin kontinental iqlim oqibatida koʻp yillik muzloq yerlar keng tarqalgan. Doimiy muzloqlar Quyi Tunguska va Vilyuy vodiylaridan shimolda keng tarqalgan. Ularning qalinligi Xatanga qoʻltigʻi sohillarida 800 m ga, Marxa daryosi havzasida (Markaziy Yoqutiston) 1500 m ga yetadi. Janubda muzloqlarning tarqalishi orollar shaklida boʻlib, ularning qalinligi janubga tomon 50 m dan 5-10 m gacha kamayib boradi. Koʻp yillik muzloq yerlar oʻlka tabiatidan xoʻjalik ehtiyojlari uchun foydalanishni bir muncha qiyinlashtiradi. Oʻrta Sibirda daryolar toʻri yaxshi rivojlangan. Daryolari asosan Yenisey va Lena tizimlariga qaraydi va Shimoliy Muz okeani havzasiga quyiladi. Bulardan tashqari oʻlkaning Pyasina, Taymira, Xatanga, Popigay, Anabar va Olenyok daryolari toʻgʻridan-toʻgʻri Kara va Laptevlar dengizlariga quyiladi. Oʻrta Sibir daryolari iqlim sharoitiga qaramasdan juda sersuv. Ular qor suvlaridan, yozgi yomgʻir suvidan va koʻp yillik muzloq yerlarning erigan sizot suvlaridan toʻyinadi. Daryolarning koʻpchiligi oktyabrda, janubda noyabrning boshlarida muzlaydi va bu davr 6-7 oy davom etadi. Yillik suv oqimining 90-95% iliq-issiq davrga va qolgan 5-10% sovuq davrga toʻgʻri keladi. Enisey daryosi Gʻarbiy va Sharqiy Sayan togʻlaridan boshlanib, Kara dengizining Yenisey qoʻltigʻiga quyiladi. U oʻrta oqimida Oʻrta Sibir yassi togʻligidan boshlanuvchi Podkamennaya Tunguska, Quyi Tunguska daryolarini, Baykal koʻlidan boshlanuvchi Angara daryosini qabul qiladi. Yeniseyning uzunligi 4092 km, havzasining maydoni 2,6 mln. km2 ga yaqin, oʻrtacha yillik suv sarfi 19800 m3 /sek. Lena daryosi Baykalboʻyi va Zabaykale togʻlaridan boshlanib Laptevlar dengiziga quyiladi. Uning eng yirik irmoqlari Aldan va Vilyuy daryolaridir. Lenaning uzunligi 4400 km, havzasining maydoni 2,5 mln. km2 atrofida, oʻrtacha yillik suv sarfi 17000 m3 /sek. Lena yuqori qismida tik yonbagʻirli vodiylardan oqib oʻtadi. Lena-Vilyuy pastekisligida daryo vodiysi kengayib, eni 25-30 km gacha yetadi. Daryo dengizga quyilish joyida koʻplab tarmoqlarga boʻlinib, maydoni 30000 km2 boʻlgan delta hosil qiladi. Oʻrta Sibirda koʻllar Gʻarbiy Sibirdagiga nisbatan ancha kam tarqalgan. Koʻllarga Markaziy Yoqutiston, Shimoliy Sibir, Taymir pastekisliklari va Putorana togʻlari boy. Eng katta koʻl Birranga togʻlari etagida joylashgan Taymir koʻlidir. Uning maydoni 4650 km2 , maksimal chuqurligi 26 m. Koʻl akvatoriyasi fasllarga qarab oʻzgarib turadi. Putorana togʻlarida Pyasino, Lama, Keta, Xantay kabi tektonik koʻllar joylashgan. Markaziy Yoqutistonda termokarst yoʻli bilan vujudga kelgan mayda koʻllar keng tarqalgan, yer osti suvlariga ham boy. Uning doirasida Tunguska, Xatanga, Yoqutiston, Angara-Lena artezian havzalari joylashgan. Oʻrta Sibir oʻlkasi tuproq-oʻsimlik qoplamining zonal ifodalanish xarakteriga koʻra Gʻarbiy Sibir pastekisligidan farq qiladi. Uning tuproq-oʻsimlik zonalari Arktika sahrosi, tundra, oʻrmon-tundra, tayga va orollar shaklida tarqalgan oʻrmon-dashtlardan tarkib topgan. Balandlik amplitudasi katta boʻlgan shimoliy hududlarda balandlik mintaqalari vujudga kelgan. Quyi Tunguskaning quyi qismidagi togʻlarda 400 m balandlikkacha qoramtir igna bargli tayga, yuqorida yorugʻ igna bargli tilogʻoch oʻrmonlari, 700-800 m dan yuqorida togʻ toshloq tundrasi joylashgan. Mazkur oʻlkada eng koʻp tarqalgan oʻsimlik tipi tayga oʻrmonlaridir. Tayga zonasi oʻlkaning 70% hududini ishgʻol etadi. Uning gʻarbida Sibir tilogʻochi, Chekanovskiy tilogʻochi, sharqida Dauriya tilogʻochi keng tarqalgan. Qoramtir igna bargli oʻrmonlar gʻarbda va janubda uchraydi. Oʻrmonlar tagida gileyli-muzloq-tayga, chimli-oʻrmon va chimli podzol tuproqlari rivojlangan. Oʻrmon-dashtlarda orollar shaklida boʻz oʻrmon tuproqlari va qora tuproqlar uchraydi. Birranga, Putorana togʻlarida va Anabar massivida togʻ tundra tuproqlari mavjud. Arktika sahrolarida moxlar, lishayniklar, tundra lolasi, toshyorar, ayiqtovonlar uchraydi. Tundrada moxlar va lishayniklar keng tarqalgan, pastqam joylardagi botqoqliklarda qiyoq va momiqboshlar oʻsadi. Oʻlka faunasi Gʻarbiy Sibir faunasiga nisbatan boy va xilma-xil. Ayniqsa bu yerda tayga oʻrmonlari faunasiga mansub boʻlgan moʻynali hayvonlar — olmaxon, sobol, kolonka, tulki, oqsichqon, ondatra, nutriya va boshqalar koʻpchilikni tashkil etadi. Tuyoqli hayvonlardan shimol bugʻusi, los, Putorana togʻlarida qor qoʻyi ovlanadi. Oʻtloq dashtlarda uzun dumli yumronqoziqlar koʻp uchraydi. Qushlardan qarqur, chil, qora qargʻa, kasatka-oʻrdak, churraklar yashaydi.

  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]