Kontent qismiga oʻtish

Termiziy Xoja Samandar Muhammad Ibn Baqo

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Termiziy Xoja Samandar Muhammad Ibn Baqo
Tavalludi 1638-yil
Vafoti 1740-yil
Qumqo'rg'on tumani Qopto'qay qishlogʻi
Taʼlimi Buxoro madrasasi
Kasbi Elchi, tarixchi, qozi
Dini Islom
Mashhur ishlari Dastur ul-muluk, Anis ul-fukaro
Unvoni Olim, davlat arbobi

Xoja Samandar Termiziy (toʻliq ismi: Xoja Samandar Termiziy Muhammad ibn Baqo; tax. 1638-yil, Termiz — tax. 1740-yil) — tarixchi olim, elchi, jangchi, shoir, ulamo va davlat arbobi[1].

Xoja Samandar Termiziy Termiz sayyidlari oilasida tugʻilgan. Dastlabki taʼlimni Termizda olgan. Keyin Buxoro Madrasasida tahsil olgan. Yigirma yoshlarda madrasani tugatib Samarqand shahridagi Narpayda qozilik qilgan va qozi mahkamasida ishlagan (16601662-yillar). Soʻngra Sharq va Gʻarb mamlakatlaridagi koʻp joylarni kezib yurgan jumladan, Hindistonda darvesh sifatida yashagan. 1670-yillarda Buxoroga qaytib, Ashtarxoniylardan Abdulazizxon saroyida tarixchi (voqeanavis) lavozimida ishlagan. Subhonqulixon hukmronligi davrida saroyda uning nufuzi oshgan. Xiva xoni Anushaxon qoʻshinlari Buxoroga bostirib kelganida janglarda bevosita qatnashib, jasorat koʻrsatgan (16781680-yillar). Elchi sifatida qoʻshni mamlakatlarga borgan. Oʻzi bevosita ishtirok etgan janglarni tarixnavis sifatida tasvirlab borgan. Nasafda rais (muhtasib) diniy lavozimida ishlagan.

Raislik faoliyati davomida Xoja Samandar Termiziy dushmanlari tomonidan uyushtirilgan tuxmatlar qurboni boʻlgan va mamlakatda notinchlik hukm surayotgani sababli yaqinlari bilan birga Nasafni tark etib, Hisori Shodmonga koʻchib oʻtgan. Hisori Shodmonning Xonaqoh qishlogʻida koʻp vaqt yashamagan va hozirgi Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumaniga qarashli Qoptoʻqay qishlogʻiga kelgan. Shundan keyin bu yerlarda muqim yashab qoladi va yon atrofdagi yerlarni oʻzlashtirgan, daryo atrofi qamishlardan tozalab, toqay suvlarini quritish hisobiga yangi yerlar ochgan. Shu yoʻl bilan katta yer sohibiga aylangan[2].

U fors-tojik tilida ijod qilgan. QarshidaDastur ul-muluk“ („Podshoxlarga qoʻllanma“. 1695-yil) va TermizdaAnis ul-fukaro“ („Fuqarolar doʻsti“. 1734-yil) asarlarini yozgan.

„Dastur ul-muluk“ asari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Dastur ul-muluk“ asari XVII asr Markaziy Osiyo adabiyotining noyob yodgorligi, nasriy asar naʼmunalaridan biri hisoblanadi. Kitob tarixiy va etnografik jihatdan ishonchli manba hisoblanadi, axloqiy-didaktik adabiyotlar sirasiga kiradi. „Dastur ul-muluk“ asari Buxoro xoni Subhonqulixonga bagʻishlangan boʻlib, u muqaddima va 22 bobdan iborat. Kitob axloqiy-taʼlimiy ruhdagi tarixiy va adabiy asar boʻlib, unda davlatni boshqarish toʻgʻrisida podshoxlarga qimmatli maslahatlar mavjud. Asarda muallif yashagan davrda yuz bergan tarixiy voqealar: Buxoro xonlari qoʻshinlarining Xiva xonlari Anushaxon va Arangxon bosqinlariga qarshi olib borgan janglari, Movarounnahr va Xurosonda markaziy hokimiyatga qarshi koʻtarilgan isyonlar va boshqalar bayon etilgan. Asar qoʻlyozmasi Oʻzbekiston FA Sharqshunoslik instituti va Sankt-Peterburgdagi Sharqshunoslik instituti fondlarida saqlanadi. Asar rus tilida faksimilesi bilan (tarjimon: M. Salohiddinova. 1971-yil), tojik tilida (nashrga tayyorlovchi: S. Halimov; Dushanbe, 1990-yil), oʻzbek tilida (tarjimon: J. Esonov. Toshkent, 1997-yil) nashr qilingan[3].

Xoja Samandar Termiziy 1740-yilda Qumqoʻrgʻon tumanining Qoptoʻqay qishlogʻida vafot etgan. Bu joy Qoptoʻqay qishlogʻi bosh mozoriga aylantirilgan[2].

Xoja Samandar tugʻilgan yurt, hayoti, faoliyatiga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston mustaqillik davridan keyin 15-20 yil ichida ilmiy-madaniy jamoatchilikka maʼlum boʻlib boshladi. Termizlik adabiyotshunos olim Jabbor Esonovning tashabbusi bilan Qoptoʻqay qishlogʻi qabristoni haqida va u yerda dafn qilinganlar, shu jumladan hozirda Xoja Samandarning oltinchi-yettinchi avlodlari yashab kelayotgani haqida maʼlumotlar toʻplandi. Bu jamoatchilikka 1997-yilda eʼlon qilindi. Jabbor Esonov Xoja Samandar Termiziyning 1695—1696-yillarda yaratgan „Dastur ul-muluk“ (Shohlarga qoʻllanma) asarini fors-tojik tilidan oʻzbek tiliga tarjima qildi. Unga soʻzboshi va izohlar kiritdi. Asar 1997-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyotida chop etildi[4].

  1. Termiz tazkirasi. Mirzo Kenjabek, Toshkent, 2001-yil
  2. 2,0 2,1 Abdulla Xolmirzayev. Termizdan nur, Qaraldi:2023-yil, 82-bet, "San'at" jurnali nashriyoti, 2015. 
  3. "Dastur ul-muluk" (Nazidaniye gosudaryam), M., 1971; "Dastur ul-muluk" (Podshohlarga qoʻllanma), Toshkent, 1977.
  4. Ahmad Abdullayev, "Dastur ul-muluk"ga soʻng soʻz, 247-bet