Kontent qismiga oʻtish

Anushaxon

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Anushadan yoʻnaltirildi)
Abulmuzaffar Muhammad
Anushaxon
Xiva xoni
Mansab davri
1663 – 1686
Oʻtmishdoshi Abulgʻozixon
Vorisi Xudoydodxon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi Nomaʼlum
Vafoti 1686-yil
Xiva
Bolalari

Xudoydodxon,

Erengxon
Otasi Abulgʻozixon
Mansubligi Shiboniylar

Anushaxon, Abulmuzaffar Muhammad – Xiva xoni (1663-86). Shayboniylardan. Abulgʻoziy Baxodirxonning oʻgʻli[1].

Buxoro xoni Abdulazizga qarshi jang (1657-yil) da qahramonlik koʻrsatib, jang taqdirini xivaliklar foydasiga hal qilgan va otasini oʻlimdan saqlab qolgan. Buning uchun otasi Anushaxonga katta lashkar va Hazorasp shahrini inʼom etgan va Xivada uning nomiga katta hammom qurdirgan (Anushaxon hammomi). Otasi vafotidan soʻng, Anushaxon taxtga oʻtirgach 1663-yilda tuzilgan tinchlikni buzib, Buxoroga qarshi urushni qayta boshlagan. Xonlik chegaralarini mustahkamlash uchun Yangi Kot, Shohobod qal’alarini qurdirgan. Soʻng, yana bir bor 1686-yil Buxoro xonligiga yurish qilib, Gʻijduvon, Hazora, Samarqand, Qarshi va Shahrisabzni egallagan. Savdoda oʻzbeklarning raqibi boʻlgan Buxoroga qarshi urush aslida tijorat yoʻllari tufayli boʻlgan va bu toʻqnashuv 1664—1680 va 1683—1687-yillar davom etgan.

Anushaxon oʻzbeklar bilan yaqin aloqada boʻlgan va otasi davrida turkmanlar bilan buzilgan munosabatlarni tiklagan, bu Turkmaniston hududi orqali Kaspiy dengizi va Xiva oʻrtasidagi savdo yoʻlini qayta ochish imkonini bergan. U Astraxan ruslari bilan ham aloqalarni tiklagan va hatto 1676—1687-yillar oraligʻida bir necha bor ulardan Mangʻishloq yarim oroli porti boʻlmish Qaragʻandada istehkom qurishni soʻragan. Savdogarlarini kazaklar, turkmanlar va qalmoqlar hujumidan himoya qilish evaziga ularga boj toʻlashni ham taklif qilgan[2].

1683-yilda Buxoroga hujum qilib shahar va qishloqlarni yoqib yuborgan. Bu tufayli Subxonqulixon (1684-yil) Balx kalxoni etib tayinlangan oʻgʻli Sodiqxondan yordam soʻrashga majbur boʻlgan. Lekin bunga javoban uning oʻgʻli rad javobini bergan va Anushaxon bilan munosabarlari buzilishini xoxlamagan. Subxonqulixon oʻziga xiyonat qilgan oʻgʻlini jazolashga qaror qilgan. 1685-yilda u oʻgʻliga xat yozgan, agar Sodiqxon kechirim soʻrab boradigan boʻlsa uni kechirishini xatida bayon etgan. Sodiqxon uni koʻrgani borgan va otasi tomonidan qoʻlga olingan va zanjirband qilingan. Xon oʻgʻlining sheriklarini dahshatli azoblar ichida oʻldirgan. Sodiqxon uch oylik qamoqdan keyin vafot 1686-yilda vafot etgan. Subxonqulixon oʻgʻlining oʻlimidan soʻng Balx ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olgan. 1686-yilda Anushaxon Balxdagi mojarodan foydalanib Buxoroga yana bostirib kirgan va magʻlubiyatga uchragan. 1687-yilda Subxonqulixon Mashhadga ziyorat qilganidan foydalanib Anushaxon uning Buxoroga yana yangi hujum uyushtirgan, ammo bu uning soʻnggi urinishi boʻlgan, chunki u qattiq magʻlubiyatga uchragan[3]. Anushaxon davrida Qoraqalpogʻistondagi Sulton Vays bobo va Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbaralari, Oq masjid taʼmirlangan, „Shajarayi turk“ asari oxiriga yetkazilgan. Anushaxon Xivadagi Pahlavon Mahmud maqbarasiga dafn etilgan[1].

  1. 1,0 1,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Article a Encyclopaedia Iranica“.
  3. „Howorth, Henry Hoyle. History of the Mongols, from the 9th to the 19th Century. Part II division II. The so-called tartars of Russia and Central Asia. Londres: Longmans, Green and Co, 1880.“.