Kontent qismiga oʻtish

Amudaryo

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Río Amu Dariadan yoʻnaltirildi)
Amudaryo
forscha: آمودریا
Amudaryo deltasining samodan koʻrinishi
Amudaryo deltasining samodan koʻrinishi
Tavsif
Uzunligi 2 400
Havzasi Orol dengizi
Suv sarfi 2 525 m³/s
Suv oqimi
Quyilishi [[yoʻq, avvallari Orol dengiziga quyilar edi]]
Joylashuvi
irmoqlar
irmoqlar
Davlat Afgʻoniston, Tojikiston,
Turkmaniston va Oʻzbekiston
Amudaryo

Amudaryo – Yunonlar Oks deb ataganlar. Mahalliy xalq orasida daryo Jayhun nomi bilan mashhur. Daryo uzunligi 2400 km, daryo deltasi 534 739 km². Amudaryo hozirgi Tojikistonning Pomir togʻi etaklaridagi Panj va Vaxsh daryolarining birlashuvidan boshlanib Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Turkmaniston hududlaridan oʻtadi va tobora qurib borayotgan Orol dengiziga quyiladi.

Flora va faunasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryo vodiysi va deltasi toʻqay landshafti bilan ajralib turadi. Hozirgi vaqtda Amudaryoning quyi oqimidagi toʻqaylarda 61 turdagi toʻqay oʻsimliklari mavjud. Bulardan toʻqay oʻsimliklarining asosiy guruhiga turangʻil, tol (5 tur), jiyda (1 tur), yulgʻun, chingʻil, klematis, gospel, qizilmiya kiradi. Toʻqaylarning buta zonasini asosan doimiy tuproq namligi va shoʻrlanish jarayoni bilan bogʻliq turlar bilan qoplangan. Bular yulgʻun, ajiriq, olabuta eshakshoʻra, parnolistnik, kermek, oqbosh, qorabarak va turli shoʻralardir.

Amudaryo suvlarida taqir, qushqoʻnmas, Orol mo‘ylovdori, laqqa baliq, leshch, chexon, oʻtkir qanot, oq amur, kumush sazan uchraydi.

Daryo qirilib ketish arafasida turgan endemik Amudaryo katta kurakburunlarining yagona yashash havzasi hisoblanadi.

Badaytoʻqay va boshqa toʻqaylarda shoqol koʻp uchraydi. Butalar orasida boʻrsiq yashaydi, vaqti-vaqti bilan qamish mushugi va tulki uchrab turadi. Toʻqaylardagi hasharotxoʻrlar quloqli tipratikan va ola koʻrsichqon yashaydi. Kemiruvchilardan tolay quyon va uy sichqonchasi juda koʻp; lamel tishli kalamush, kunduzgi gerbil va boshqalar keng tarqalgan. Tuyoqli hayvonlardan toʻqayning barcha qismida yovvoyi choʻchqa, Badaytoʻqayda buxoro bugʻusi yashaydi. Toʻqaylarda choʻl kalkoʻzi va naqshli ilon koʻp uchraydi. Qirgʻoq chetlarida oʻqilon, dasht agamasi va Oʻrta Osiyo toshbaqasi yashaydi. Amudaryo deltasida va koʻllar yaqinida suv iloni bor.

Amudaryo – Turkiston oʻlkasidagi eng sersuv, yirik daryo. Amudaryoni|yunonlar] Oks, rimliklar Okosos, arablar Jayxun, yerli xalqlar dastlab Oʻkuz, Balx, Vaxsh, soʻngra Amul deb ataganlar. Amudaryo quyi va oʻrta toʻrtlamchi davrda Qoraqum choʻli orqali oʻtib, Kaspiy dengiziga quyilgan, togʻlardan suv oqimi bilan keltirilgan oqiziqlarning yotqizilishi natijasida qumlar tarkib topgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniy „Amudaryo tarixi“ asarida yozib qoldirgan. Yuqori toʻrtlamchi davrda Amudaryo hozirgi oʻzani boʻyicha oqqan. Miloddan avvalgi 10-mingyillikdan 2-mingyillikkacha Xorazm botigʻini va qisman Sariqamish botigʻini toʻldirgan. Oqimining bir qismi janubga oqib, hozirgi Oʻzboʻy oʻzanini vujudga keltirgan va Kaspiy dengiziga quyilgan. Shu davrda Sariqamish boʻyi deltasi tarkib topgan. Miloddan avvalgi 3-va 2-mingyilliklar orasida Amudaryo hozirgi Tuyamoʻyin qisigʻidan shimolga, Oqchadaryo oʻzanidan oqib Orol dengiziga uning janubi-sharqidan quyilgan va Oqchadaryo deltasi tarkib topgan. Miloddan avvalgi 2- va 1-mingyilliklarda Amudaryo hozirgi yoʻnalishda, yaʼni Orol dengiziga janubdan quyila boshlagan. Miloddan avvalgi 1-mingyillikning oʻrtasida hozirgi Orolboʻyi Amudaryo deltasi (Orolboʻyi deltasi) vujudga kela boshlagan. Oʻsha vaqtdan Amudaryo Orol dengiziga quyilmoqda. Baʼzan oqimining bir qismi Sariqamish koʻliga ham borib turgan. XIII asrda moʻgʻul bosqinchilarining Xorazm davlatiga hujumi vaqti (1220)da Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi damba va toʻgʻonlar buzib tashlangan, natijada Amudaryo suvi yana Dovdan va Daryoliq quruq oʻzanlari orqali Sariqamish botigʻiga oqqan. Keyinroq toʻgʻon va dambalar tiklangach, Amudaryo yana avvalgi oʻzani orqali Orol dengiziga quyila boshlagan. XIV asrda oʻzaro urushlar sababli qirgʻogʻidagi inshootlar buzilgan, suv yana Sariqamishga oqqan, Oʻzboʻy oʻzanida suv hatto Kaspiy dengiziga yoʻnalgan. XVII asr boshida Amudaryoning chap qirgʻogʻidagi toʻsiqlar yana qayta tiklanishi bilan suv eski oʻzani orqali oqa boshlab, XVIII-XIX asrlarda baʼzan oqimning bir qismi Sariqamishga oqqanligi tarixiy manbalarda qayd etilgan.

Sovet Ittifoqi 1920-yillar boshida hukmron kuchga aylandi va Amir Olimxonni Buxorodan quvib chiqardi. Keyinroq bosmachilar harakatini bostirib, Ibrohimbekni oʻldiradi. Turkmanlar, tojiklar va oʻzbeklardan iborat boʻlgan markaziy osiyoliklarning koʻp sonli qochoq aholisi Afgʻoniston shimoliga qochib ketdi[1]. 1960—1970-yillarda sovetlar Oʻrta Osiyo tekisligidagi keng paxta maydonlarini sugʻorish uchun Amudaryo va Sirdaryodan foydalana boshladilar. Bu vaqtgacha daryolardagi suv qishloq xoʻjaligi uchun ishlatilgan, ammo bu katta miqyosda boʻlmagandi. Qoraqum kanali, Qarshi kanali va Buxoro kanali irrigatsiya tizimlarining eng yiriklaridandir. 1970-yillarda Sovet-Afgʻon urushi paytida sovet qoʻshinlari Termiz orqali Afgʻonistonga bostirib kirish uchun vodiydan foydalanganlar. 1990-yillarda Sovet Ittifoqi quladi va Markaziy Osiyo Amudaryo havzasi ichida yoki qisman joylashgan koʻplab kichikroq davlatlarga boʻlinib ketdi[2].

Sovet Ittifoqi davrida Qirgʻiziston va Tojikiston yozda Amudaryo va Sirdaryodan suvini Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston bilan baham koʻradigan resurslarni taqsimlash tizimi oʻrnatildi. Buning evaziga Qirgʻiziston va Tojikiston qishda qozoq, turkman va oʻzbek koʻmiri, gaz va elektr energiyasini olgan. Sovet Ittifoqi qulagandan keyin bu tizim parchalanib ketdi va Markaziy Osiyo davlatlari uni tiklay olmadilar. Notoʻgʻri infratuzilma, yomon suv boshqaruvi va eskirgan sugʻorish usullari muammoni yanada kuchaytirdi[3].

Amudaryo yuqori qismi Tojikiston va Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegarasidan oqadi, uzunligi 2540 km (Vahjir – Vohondaryo bilan birga), havzasining maydoni qariyb 465 ming km², shundan 227,3 ming km² suv toʻplaydigan togʻli qismiga toʻgʻri keladi. Amudaryo Afgʻonistonda Hindukush togʻlarining shimoliy yonbagʻridan 4950 m balandlikdagi muzlikdan boshlanadi; Vohondaryo Pomirdagi Zoʻrkoʻ chiqib keladigan Pomir daryosi bilan qoʻshilgandan keyin Panj deb ataladi. Panjga oʻngdan Gʻunt, Bartang, Yazgʻulom, Vanj, Qizilsuv irmoqlari kelib qoʻshiladi, nihoyat, eng yirik va sersuv irmogʻi – Vaxsh daryosi qoʻshilgandan soʻng Amudaryo nomini oladi; bu qismida unga yana chapdan Qunduzdaryo, oʻngdan Kofarnixon, Surxondaryo qoʻshiladi. Sheroboddaryo suvi esa Amudaryoga ahyon-ahyonda yetib boradi, undan gʻarbdagi Koʻhitangdaryo suvi ham yoʻl-yoʻlakay sugʻorishga sarf boʻladi. Surxondaryo quyilgandan keyin Amudaryoga to Orol dengiziga yetguncha 1200 kmdan ziyod masofada boshqa irmoq qoʻshilmaydi. Zarafshon bilan Qashqadaryo esa Amudaryoning qadimgi irmoqlari boʻlib, ularning suvi butunlay sugʻorishga sarflanadi. Amudaryoning asosiy suv rejimi uning yuqori, togʻli qismida shakllanadi. Bu joyda Amudaryo tor, baʼzan chuqur va nishabi katta oʻzandan oqadi. Oʻzan oʻrta hisobda har bir kmga 4 mdan (ayrim joylarda esa 10 mdan ham koʻp) pasayib boradi. Shu tufayli daryo juda tez oqadi, oqimning tezligi 4-6 m³/sek. Daryo vodiysi ham tor, u Pomir togʻ sistemasiga kiruvchi tik koʻtarilgan qoyali togʻlarni aylanib oʻtadi. Togʻ oralaridan joʻshqin irmoqlar kelib qoʻshiladi. Vodiy eni 3-4 kmdan oshmaydi, baʼzi joylardagina uchraydigan qayirlar koʻpincha toʻqayzor. Qizilsuv, Vaxsh, Kofarnihon, Surxondaryo quyiladigan joylarda daryo vodiysi kengaygan va bu yerlarda oqindi jinslardan tarkib topgan terrasalarda dehqonchilik qilinadi, baʼzan terrasalar qalin toʻqayzorlardan iborat. Amudaryo Surxondaryo qoʻshilgandan soʻng tekislikdan oqa boshlaydi va taxminan Karkidan Pitnakkacha boʻlgan oraliqni daryoning oʻrta oqimi deb hisoblash mumkin. Daryo tekislikka chiqqach, Qoraqum va Qizilqum choʻllaridan oʻtib, Orol dengiziga quyiladi. Oʻrta qismida oʻzanning oʻrtacha kengligi 1500 m. Daryoning tekislikdan oquvchi qismida nishabi kam (har bir kmga 0,2-0,3 m). Daryo oqimining tezligi kattaligidan (2-3 m/sek) oʻzan va qirgʻoqlarini muttasil yemiradi, shu sababli oʻzan doimo oʻzgarib turadi. Amudaryoning oʻrta va quyi oqimida, ayniqsa, Xorazm vohasi va Qoraqalpogʻistonda (Urganch, Ellikqal’a) qirgʻoqlarning oʻpirilish hodisasi – deygish kuzatiladi. Keyingi davrda daryo oʻzanining yuvilishi ham kuzatilmoqda. 1990-yillardan Amudaryo quyi oqimi Tuyamoʻyin suv ombori orqali boshqarilgach, bu yerlarda deygish hodisasining taʼsiri biroz pasaydi. Qishda daryoning yuqori oqimida asosan qirgʻoqqa yaqin joylari muzlab, shovush hosil boʻladi va qisqa muddat muz oqadi, Karki shahri yaqinida qish qattiq kelgan yillari esa 10-15 kun davomida daryo yoppasiga muzlaydi. Chorjoʻy shahri va undan quyida daryoning yoppasiga muzlashi undan ham uzoqroq davom etadi. Nukus shahridan quyida esa daryo deyarli toʻrt oy davomida butunlay muzlaydi. Erta bahorda ayniqsa, oʻzan keskin burilgan va tor joylarda muz tiqilib suv sathi keskin koʻtariladi va baʼzan toshqinga sabab boʻladi. Tekislikda Amudaryo vodiysining eni 10- 15 km boʻlib, ayrim joylarda 20-25 kmga yetadi. Vodiy kengaygan joyda uchta terrasa vujudga kelgan. Daryoning past togʻlar orasidan oʻtgan joylarida vodiyning eni 350-380 mdan oshmaydi. Pitnak yaqinida Tuyamoʻyin, oʻrta oqimida Duldulhatlagan va Eljik qisiqlari bor. Tekislik qismida daryoning har ikkala sohilida qumgildan tarkib topgan, eni 2-3 km keladigan qayirlar uchraydi. Amudaryoning quyi oqimi Pitnak yaqinidagi Tuyamoʻyin qisigʻidan to Orol dengiziga qadar boradi, quyi oqimining uzunligi 500 km, shundan 325 km Nukus bilan Orol dengizi oraligʻiga – daryoning hozirgi deltasiga toʻgʻri keladi. Amudaryo sersuv daryo, muzlik va qorlardan suv oladi, havzasida 1000 ga yaqin muzlik (shu jumladan, Yer kurrasidagi eng katta togʻ-vodiy muzligi – Fedchenko muzligi) bor. Suv yigʻish havzasida katta maydonlarni qor dalalari egallagan.

Xoʻjalikda foydalanilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryo havzasida joylashgan mamlakatlarning suvga boʻlgan talabini eʼtiborga olgan holda mavjud suv boyliklarini oʻzaro taqsimlaydi (chunki har yili havzalarda turli miqdorda suv resurslari vujudga keladi). Oʻrta Osiyo davlatlari va Qozogʻiston suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish davlatlararo komissiyasi ham Amudaryodan foydalanish bilan shugʻullanadi. Amudaryo havzasi ulkan gidroenergetika resurslariga ega. Jami gidroenergetika resurslari 63,2 mln. kVt ni tashkil qiladi. Havza boʻyicha mazkur gidroenergetika resurslarining 29,8% Panj, 38% Vaxsh, 5,6% Kofarnihon, 3,0% Surxondaryo, 1,0% Qashqadaryo, 5,4% Zarafshon, 17,1% Amudaryo havzalariga toʻgʻri keladi. Hozirgacha Amudaryo havzasidagi gidroenergetika resurslarining faqat 2%dan ziyodroq qismi amadda foydalanilmoqda. Ishga tushirilgan gidroinshootlarning eng kattasi Vaxsh daryosining Pulisangin darasida qurilgan Norak suv ombori va GESdir. 60-yillargacha Amudaryoda suv transporti keng yoʻlga qoʻyilgan edi. Lekin, keyingi yillarda Chorjoʻy – Qoʻngʻirot temir yoʻlini qurish hamda avtomobil yoʻllari tarmoqlarining rivojlanishi, ayni vaqtda daryoning sayozlanishi natijasida umumiy yuk tashishda Amudaryo suv transportining hissasi keskin kamayib ketdi[4].

Turkmanoboddan muntazam yuk tashiladi. Amudaryo yaqinida Urganch, Nukus, Termiz shaharlari, shuningdek, Amudaryo qoʻriqxonasi joylashgan.

Amudaryoning suvlari butunlay sugʻorish uchun sarflanadi. Oʻzbekiston sugʻoriladigan maydonlarda jahon paxta hosilining 10-20 foizini beradi. Ammo sugʻorish tufayli yilning koʻp qismida suvlari Orol dengiziga yetib bormaydi, bu esa ikkinchi dengizning qurib ketishiga olib keldi. Dunyodagi eng yirik kanal – Qoraqum Amudaryo suvining 45% ga yaqinini oladi; Shuningdek, Oʻzbekiston hududini sugʻoradigan Amu-Buxoro mashina kanali ham Amudaryodan chiqariladi. Bu kanallar va Amudaryo boʻylab (Turkmanistonda) ulkan paxta va bugʻdoy maydonlari choʻzilgan. 1950-yillar boshida Nukus shahridan boshlanib, Oʻzboy kanalidan foydalanishga moʻljallangan Bosh Turkman kanalini qurish ham koʻzda tutilgan edi, lekin bu reja amalga oshirilmagan. 2020-yildan daryoning Afgʻoniston shimolidan oʻtgan qismida ulkan Qoʻshtepa kanali qurilmoqda; uning uzunligi 285 km, eni 100 m boʻlishi taxmin qilinmoqda[5]. Tojikiston eksport qiladigan elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun daryo va uning irmoqlarida (ayniqsa, Tojikistonda) koʻplab toʻgʻonlar qurilgan.

Quyi oqimlarda baliq ovlanadi. Ilgari Amudaryoning endemik kurakburuni tutilgan boʻlsa, hozir u yoʻq boʻlib ketish arafasida.

Amudaryoning Sariqamish deltasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryoning Sariqamish deltasi Turkmaniston shimolida joylashgan, Amudaryoning qadimgi deltasi boʻlib, daryoning quyi oqimidan boshlanib, Sariqamish koʻliga choʻzilgan tekislikdir. Bu qadimgi dehqonchilik va sugʻoriladigan hududda, miloddan avvalgi VI asrda qadimgi Xorazm davlati vujudga kelgan joy. X asr oxiridan XVI asr oxirigacha Xorazmning markazi. Hozirgi vaqtda Turkmanistonning Toshhovuz viloyatining tabiiy-geografik tabiiy rayonlaridan biri hisoblanadi[6].

Qoʻshtepa kanali

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2022-yil mart oyidan beri Afgʻoniston shimolida Amudaryodan suv oqimini yoʻnaltirish uchun uzunligi 285 km boʻlgan Qoʻshtepa kanali qurilishi davom etmoqda[7]. Oʻzbekiston kanalning qishloq xoʻjaligiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotir bildirdi[8]. Shuningdek, kanal Orol dengizi falokatini yanada ogʻirlashtirishi kutilmoqda va 2023-yilda Oʻzbekiston rasmiylari Tolibon bilan kanal boʻyicha muzokaralar oʻtkazgan[9]. Planet Labs tomonidan taqdim etilgan suratlar 2022-yil aprelidan 2023-yil fevraligacha 100 km dan ortiq kanal qazilganini koʻrsatadi[10]. Tolibon tomoniga koʻra, tashabbus 550 000 gektar choʻlni qishloq xoʻjaligi yerlariga aylantirishi kutilmoqda[10].

2023-yil yanvar oyida Shinjon Markaziy Osiyo neft va gaz kompaniyasi (CAPEIC) Afgʻoniston Tolibon hukumati bilan Amudaryo havzasi tomonida gaz qazib olish uchun 720 million dollarlik toʻrt yillik investitsiya shartnomasini imzoladi. Kelishuvga koʻra, Afgʻoniston hukumatiga 25 yillik muddati davomida ijara uchun foydaning 15% toʻlanadi[11][12][13][14][15][16][17][18][19]. Xitoyliklar bu havzani dunyodagi uchinchi yirik potensial gaz koni deb bilishadi[19].

  1. Taliban and Talibanism in Historical Perspective, M Nazif Shahrani, chapter 4 of The Taliban And The Crisis of Afghanistan, 2008 Harvard Univ Press, edited by Robert D Crews and Amin Tarzi
  2. Pavlovskaya, L. P. „Fishery in the Lower Amu Darya Under the Impact of Irrigated Agriculture“. Karakalpak Branch. Academy of Sciences of Uzbekistan. Qaraldi: 2010-yil 9-fevral.
  3. International Crisis Group. „Water Pressures in Central Asia (Wayback Machine saytida 2016-05-20 sanasida arxivlangan)“, CrisisGroup.org. 11 September 2014. Retrieved 6 October 2014.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  5. Beshenaya sushka: talibi dobivayut glavnuyu reku Tsentralnoy Azii. Gigantskiy arik mojet sprovotsirovat „vodnuyu voynu“ // Известия, 29 marta 2023
  6. „Велаяты Туркменистана/Академия наук Туркменистана“ (ru). science.gov.tm. 2022-yil 14-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 18-iyun.
  7. „Uzbekistan pursues dialogue with Afghanistan on fraught canal project“. Eurasianet (2023-yil 24-mart). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  8. Safarov, Ilyos „"Толибон"ни Ўзбекистон учун фожиали канални қуришдан тўхтатиб бўладими? — экспертлар билан суҳбат“ (Uzbek). Kun (2023-yil 10-fevral). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  9. Duffy, Seamus „What Afghanistan's Qosh Tepa Canal Means for Central Asia“. The Diplomat (2023-yil 19-aprel). Qaraldi: 2023-yil 18-may.
  10. 10,0 10,1 „The Taliban are digging an enormous canal“. The Economist (2023-yil 16-fevral). Qaraldi: 2023-yil 26-mart.
  11. Hoyt, Conrad. „Chinese company signs oil extraction deal with Taliban“. Washington Examiner (2023-yil 6-yanvar).
  12. „Times of India“. Bennett, Coleman & Co. Bloomberg (2023-yil 6-yanvar).
  13. „Afghanistan's Taliban administration signs oil production deal with China“. Verdict Media Limited. Offshore Technology (2023-yil 6-yanvar).
  14. Gul, Ayaz. „Taliban Seal Afghan Oil Deal With China“. Voice of America (2023-yil 5-yanvar).
  15. Madhok, Diksha; Popalzai, Ehsan; Popalzai, Masoud. „A Chinese company has signed an oil extraction deal with Afghanistan's Taliban“. Cable News Network. Warner Bros. Discovery (2023-yil 6-yanvar).
  16. Yawar, Mohammad Yunus. „Afghanistan's Taliban administration in oil extraction deal with Chinese company“. Reuters (2023-yil 5-yanvar).
  17. „Afghanistan signs oil extraction deal with Chinese company“. Al Jazeera Media Network (2023-yil 6-yanvar).
  18. Hoskins, Peter. „Taliban and China firm agree Afghanistan oil extraction deal“. BBC (2023-yil 6-yanvar).
  19. 19,0 19,1 SEIBT, Sébastian. „Pourquoi la Chine se laisse tenter par le pétrole des Taliban“ (fr). France24 (2023-yil 10-yanvar).