Kontent qismiga oʻtish

Davlat

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Штатdan yoʻnaltirildi)

Davlatjamiyatning oliy siyosiy instituti boʻlib, shu jamiyat yashayotgan mamlakat fuqarolari manfaatini himoya qilish uchun oʻrnatiladi. Davlatlar mamlakat chegaralarini himoya qiladi, boshqa mamlakatlar bilan aloqada boʻladi, qonunchilik bilan shugʻullanadi va hokazo. Mamlakat miqyosida jamiyatni uyushtirish masalalarini hal qilib, uning tashqi munosabatlarini belgilash vakolatlari boʻlgan hukmron tuzilma hisoblanadi. Davlat jamiyatni oʻz qonun-qoidalariga koʻra idora qiladi, turli tip, shakllarda tashkil topadi. Davlat toʻgʻrisidagi nazariya huquqshunoslikning muhim sohasi hisoblanadi. Davlat va uning kelib chiqishi, rivojlanish bosqichlari, mohiyat va vazifalari haqida turlicha fikrlar mavjud.

Davlat masalasi haqidagi qarashlar, taʼlimotlar. Davlat hokimiyati hamda huquqiy hayot hodisalari barcha zamonlarda alohida dolzarblik kasb etib kelgan. Davlat toʻgʻrisidagi ilk tushuncha va qarashlar miloddan avvalgi taxminan 4-3-ming yilliklarda Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda paydo boʻlgan. Ular asosan diniy-mifologik xarakterda edi. Avesto taʼlimotiga koʻra, hokimiyat, haqiqat, adolatlilik 3 axloqiy-huquqiy asosga: ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amalga tayanadi. Davlatning vazifasi yovuzlikka qarshi yaxshilik, tinchlik va insonlarning baxtli-saodatli hayotini taʼminlashdir. Islom dini taʼlimoti boʻyicha, Allohning Oʻzi oliy qonun sohibi. Uning talablari, koʻrsatmalari paygʻambarlar orqali insonlarga yetkaziladi. Davlat boshliqlari — podsholar, xonlar Xudoning Yerdagi soyasi, vakili hisoblanadi.

Diniy-mifologik taʼlimotlar bilan birga, keyinchalik davlat toʻgʻrisidagi dunyoviy qarashlar, gʻoyalar rivojlandi. Bunda Platon, Aristotel, Forobiy, Beruniy, J.J.Russo, G.Grotsiy, Spinoza, Lokk, Monteskye, Kant, Jefferson va boshqalar katta hissa qoʻshdilar. Bugungi dunyoviy davlatlarda ana shu mutafakkirlar taʼlimotlari muayyan darajada oʻz aksini topgan. Aristotel ham, Forobiy ham insonlar hayotiy zarur masalalarni yechishda va oʻz ezgu orzulariga erishishlarida tabiat insonga ato etgan huquqlar (dunyoga kelish, yashash, oila qurish va hokazo) asosida davlatga birlashadilar, deb hisoblagan. Davlatga jamiyatda tinchlikni, tartibni taʼminlovchi, jamiyatni idora qiluvchi hokimiyat sifatida qaragan. "Davlat — huquqqa rioya etish, u umum manfaati yoʻlida tuzilgan erkin kishilarning mukammal ittifoqi" (Grotsiy), "Davlat huquqiy qonunlar himoyasida boʻlgan koʻpchilik odamlarning birlashmasidir" (Kant). Gʻarbiy yevropalik olim J. Boden "Davlat ichki va tashqi siyosatda mustaqildir", deyish bilan suverenitet, suveren hokimiyat haqidagi fikrni ilgari surgan. Fransuz mutafakkiri J.J. Russo esa suverenitet xalqniki degan edi. T. Gobbs bu xususda oʻzicha tavsif berib, suverenitet sohibi bir shaxs, davlat boshligʻi yoki bir necha kishilar boʻlishi mumkinligini eʼtirof etgan. U davlat zimmasiga "qoʻl ostidagilarga tinch-totuvlikni baxsh etish, ular xavfsizligini taʼminlash yuklatiladi", deb yozgan. Davlat haqidagi nazariyalar qanchalik xilma-xil boʻlmasin, davlatning hamma yerda tashkil topish va rivojlana borish jarayoni oʻz yoʻli bilan kechdi.

Davlatchilikning yuzaga kelishi va tarixiy taraqqiyoti.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dastlabki davlatlar sugʻoriladigan dehqonchilik hududlari — Misr, Mesopotamiya, Elam (hozirgi Eron hududida), Hindiston va Xitoyda bundan 3,5-5 ming yillar muqaddam vujudga keldi. Sugʻorish shoxobchalarini bunyod etish bilan mehnat unumdorligining keskin oshishi ularning yuzaga kelishiga sabab boʻldi. D.ning tashkil topish jarayonida piramida shaklida bunyod etilgan jamiyat vujudga keldi: eng yuqorida yagona hukmdor (podshoh, firʼavn, xon va hokazolar), quyiroqda — uning eng yaqin safdoshlari, maslahatchilari (vazirlar, amirlar) turardi. Ulardan keyin quyi martabali amaldorlar, piramidaning asosini esa, qishloq jamoalari tashkil etardi. Davlat oliy hukmdor sanalib, jonli-jonsiz hamma narsalarga, barcha fuqarolarning ham hayoti, ham mulkiga egalik qilardi. Jamiyatning barqaror tabiati davlatning tub oʻzgarishlarsiz yashashini taʼminlab keldi. Chunonchi, Qadimgi Misr davlati mil. av. 4-3-ming yilliklarda paydo boʻlib, 30 asrdan koʻproq yashadi. Gʻarb davlatlari Sharq davlatlaridan ancha keyin paydo boʻlgan, biroq ular ancha tez rivojlangan. Yevropa ijtimoiy jamiyatidagi oʻzgarishlar davlatlarning yangi-yangi tiplarini vujudga keltirib chiqargan.

Oʻzbek davlatchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchiligi tarixi ancha qadim ildizlarga ega. Buni arxeologiya fani va yozma manbalar isbotlaydi. Jumladan, Avesto, ahamoniylar davri mixsimon yozuvlari va Qadimgi dunyo (Yunon-Rim) davriga taalluqli manbalarda bu yurtdagi viloyatlarning nomlari, aholining turmushi, dini, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy tuzumi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishish mumkin. Oʻzbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchilik tizimiga oʻtish jarayoni mil. av. 2-ming yillikning oʻrtalarida boshlandi. Mil. av. VII-VI asrlarda Oʻrta Osiyo hududida eng yirik davlatlar — "Katta Xorazm" va Qadimgi Baqtriya podsholigi mavjud edi. Soʻgʻdiyona va Fargʻona viloyatlari qadimgi tarixning iqtisodiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega boʻldi. Asrlar davomida oʻzbek xalqi ajdodlari chet el bosqinchilari (ahamoniylar, yunon-makedonlar)ga qarshi kurash olib bordilar. Turli sulolalar davrida siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar oʻzgarib turdi. Keyingi asrlar davlatchilik tarixini oʻrganishda va tadqiq etishda Beruniy, Narshaxiy, Abdurazzoq Samarqandiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Bobur, Hofiz Tanish Buxoriy va boshqa mualliflar asarlari muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻrta asrlarda oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixida somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar sulolalarining yirik davlatlari vujudga keldi. XII asrning oʻrtalarida xorazmshohlar mamlakatni markazlashtirishga harakat qildilar, ammo bu jarayonga moʻgʻullar istilosi toʻsiq boʻldi. Oʻzbek xalqi davlatchiligi tarixining yangi bosqichi Amir Temur hukmronligi davri bilan uzviy bogʻliqdir. Bu davrda hamma soha — iqtisodiy hayot, meʼmorlik, hunarmandchilik, ilm-fan, sanʼat yuksak darajada rivoj topdi. Ushbu tarixiy anʼana Ulugʻbek davrida davom etdi. Keyingi asrlarda oʻzaro nizolar va kurashlarga qaramay, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda yangi jarayonlarni kuzatish mumkin. XVIII asr oʻrtalariga kelib Oʻrta Osiyo hududida uchta davlat (Buxoro xonligi, Xiva xonligi va Qoʻqon xonligi) paydo boʻldi. Afsuski, ular oʻrtasida birlik boʻlmadi, siyosiy qarama-qarshiliklar, oʻzaro kurashlar avj oldi. Bunday vaziyatda Oʻrta Osiyo xonliklari podsho Rossiyasi tomonidan istilo qilinib, Turkiston oʻlkasi mustamlakaga aylandi. Shu davrdan boshlab oʻlkada istiqlolga erishish va milliy davlatchilikni tiklash uchun xalq harakatlari boshlandi, ayniqsa, XX asrning 1-choragida bu kurash oʻzining yuqori nuqtasiga chiqdi. Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilinguncha, oʻzbek xalqi oʻz hayotida mana shunday murakkab tarixni boshidan kechirdi (qarang Oʻzbekiston Respublikasi).

Dunyo miqyosida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turli xalqlar oʻz davlatchiligining shakllanish bosqichini ijtimoiy, iqtisodiy va tarixiy-madaniy vaziyatlarga bogʻliq holda turli tarixiy davrlarda bosib oʻtdilar. Yer yuzida oʻz davlatchiligini hech qachon yarata olmagan elatlar va qabilalar saqlanib qolgan boʻlib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bir necha ming yillar ilgarigidek, urugʻ va qabilaning maʼnaviy oʻlchamlari, urugʻ boshliqlarining obroʻ-eʼtibori bilan boshqarib turilmoqda. Tamaddun insoniyat madaniyati rivojinigina anglatib qolmay, shuningdek, davlatchilik taraqqiyoti hamdir, biroq yaqin-yaqingacha hukm surib kelgan markscha-lenincha taʼlimotga koʻra, davlat sinfiy xarakterga ega, hukmron sinflarning qoʻlidagi ekspluatatsiya quroli, jamiyat rivojlana borib, pirovardida davlat oʻz qiyofasidan mahrum boʻladi va dastavval, "yarim davlat"ga aylanib, keyinroq (zarurat boʻlmaganligi bois) umuman barham topadi. Leninning "Davlat va inqilob" asarida bayon etilgan bu xildagi "nazariy qoida"larning tagi puch ekanligini jahon tarixidagi keyingi voqealar isbotlab berdi. Tarixiy taraqqiyot shuni koʻrsatdiki, insoniyat hech qachon hokimiyatsiz, davlatsiz yashay olmagan, aksincha, tom maʼnodagi davlatning rivojlanishi jamiyatning yuksalishiga olib kelgan. Zotan, davlat jamiyatda barcha sinflar, tabaqalar va millatlarni murosaga keltirib turuvchi kuchdir. U barcha boshqa nodavlat tashkilotlardan oʻzining asosiy belgilari bilan va qonunlarining bajarilishi hamma uchun majburiyligi bilan farqlanadi.

Davlatchilikning asosiy belgilari.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlatning belgilari toʻgʻrisidagi masalani huquqshunoslar turlicha talqin qilib kelganlar. Bunda aholining hududiy boʻlinishi, odamlar ustidan rahbarlik qiluvchi hokimiyat, soliqlar tizimi alohida ajratib koʻrsatilgan. Hozirgi vaqtda davlatning umumiy eʼtirof etilgan quyidagi asosiy belgilarini koʻrsatish mumkin: davlat oʻz chegaralari doirasida fuqarolik belgisi boʻyicha birlashgan butun jamiyat, aholining yagona vakili sifatida maydonga chiqadi; davlat — suveren hokimiyatning yagona egasidir; davlat — yuridik kuchga ega boʻlgan va huquq normalarini aks ettirgan qonunlar va ularga asoslanib chiqarilgan hujjatlarni qabul qiladi; davlat — oʻz funksiyalarini bajarish uchun zarur davlat organlari hamda tegishli moddiy vositalar tizimidan iborat mexanizm (mahkama)ga, huquqni muhofaza qilish (jazolash) organlari — sud, prokuratura, militsiya, politsiya kabilarga, oʻz mudofaasi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va xavfsizligini taʼminlovchi qurolli kuchlar hamda xavfsizlik organlariga ega boʻladi (qarang Davlat xavfsizlik organlari).

Davlatchilik turlari va shakllari.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlatshunos olimlar davlatni oʻrganishga tarixiy jihatdan yondashib, qadimgi, oʻrta asr hamda hozirgi davlatlarni ajratib koʻrsatadilar. Tarixiy va madaniy rivojlanish qoʻshib hisobga olinadigan boʻlsa, dehqonchilik bilan shugʻullanuvchi va sanoat bilan shugʻullanuvchi (yoki sanoat taraqqiyotigacha, industrial va postindustrial) davlatlarga boʻlinishi mumkin. Tamaddun xarakteriga koʻra, davlatlar sharqiy, gʻarbiy va aralash (oraliq) davlatlarga, iqtisodiy taraqqiyot darajasi boʻyicha esa yuksak rivojlangan, oʻrtacha rivojlangan hamda "kambagʻal" davlatlarga ajratiladi. Hozirgi kunda fanda keng foydalanilayotgan davlat tasnifi quyidagicha: totalitar, avtoritar, liberal va demokratik davlatlar. Liberal davlatda fuqarolarning huquq va erkinliklari jamiyat hayotining barcha sohalarida rasman amal qiladi, davlat ishlarida fuqarolarning rasman ishtiroklariga yoʻl qoʻyiladi. Man etilmagan hamma narsaga ruxsat etiladi, biroq mavjud davlat va ijtimoiy tuzumni oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Totalitar davlatda hamma narsa bir gʻoyaga — "davlat — bu hamma narsa, inson esa — hech nima" degan gʻoyaga boʻysundirilgan. Butun hokimiyat hukmron elita qoʻlida boʻlib, boshqalar davlatni boshqarishdan chetlatilgan. Avtoritar davlatda ham hokimiyat tor guruh kishilar qoʻlida boʻlib, shaxsiy manfaatlar davlat manfaatlari yoʻlida qurbon qilinadi. Siyosiy jabhada ruxsat etilganidan tashqari hamma narsa man etilishi tamoyili amal qiladi. Demokratik davlat fuqarolarning davlat va jamoat ishlarini boshqarishdagi huquqlarini amalda taʼminlaydi, shunday ishtirokka amalda yordam beradi. Shaxsning huquq va erkinliklari doirasi juda keng boʻlib, ularni amalga oshirish taʼminlangan boʻladi. Ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonun bilan toʻgʻridan-toʻgʻri taqiqlanmagan hamma narsaga yoʻl qoʻyiladi (qarang Demokratiya).

Davlat qurilishida davlat shakli katta rol oʻynaydi. Yangi davlatlar tashkil topayotganda uning shakli toʻgʻri tanlanishi, joriy etilishi muhimdir. Davlat shakli boshqaruv shakli, davlat tuzilishi shakli va siyosiy idora usuli (tartib, rejim) tushunchalarini oʻz ichiga oladi. Davlat boshqaruv shakli — davlat hokimiyati va boshqaruvni tuzish hamda tashkil etishning muayyan tartibidir. Boshqaruv shaklining eng qadimgi va hozirgi kunga qadar rivojlanib kelayotgan shakli monarxiya va respublikadir. Monarxiya koʻproq Qadimgi Sharq, shu jumladan, Turon zaminida tashkil topgan davlatlar shakli edi. Monarxiyaning oʻzi ham mutlaq monarxiya va cheklangan monarxiya koʻrinishlariga ega. Mutlaq monarxiya davlatlarida davlat boshligʻining huquqi cheklanmagan, hokimiyat muddatsiz, taxt meros sifatida avloddan avlodga oʻtadi, davlat boshligʻining ustidan nazorat yoʻq va u hech kimga hisobot bermaydi.

Oʻzbekistonda davlat va huquq nazariyasi hamda tarixining fan sifatida shakllanishi va rivojlanishi O. Eshonov, M.H.Hakimov, A.A.Aʼzamxoʻjayev, Sh.Z.Oʻrazayevlar olib borgan ilmiy tadqiqotlari bilan bogʻliq. Jamiyat taraqqiyotidagi yangi realliklar davlat toʻgʻrisidagi fanga tamomila yangicha yondashuvlarni taqozo etdi. Davlatshunoslik, yangi tashkil topgan davlatlardagi siyosiy tizimlar tarixi va ularning rivojlanishi, demokratik institutlar tuzilishi, ularning huquqiy Davlat hayotidagi oʻrni xolisona tadqiq qilina boshladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari va demokratik jamiyat barpo etish muammolari (A.A.Azizxoʻjayev), Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi va davlat hokimiyatini tashkil etish masalalari (A. Toʻlaganov), davlat suvereniteti (M.Fayziyev), davlat hamda qonun chiqaruvchi organlarning tuzilishi, faoliyat koʻrsatishi, vakolatlari muammosi, ularning ijtimoiy va davlat hayotidagi roli (Z. M. Islomov, S. D. Niyatullayev, U. Tojixonov, O.T. Husanov), huquqiy munosabatlar (X.T. Odilkrriyev), inson huquqlari, xalqaro huquq (A.Saidov), huquqiy parlamentarizmning rivojlanishi (E.H.Halilov), oʻzbek davlatchiligi tarixi (A.Ziyo) boʻyicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

  1. Karimov I. A., Tarixiy xotirasiz kelajak yoʻq, T., 1998;
  2. Karimov I. A., Kuchli davlatdan kuchli jamiyat sari, T., 1998;
  3. Forobiy, Fozil odamlar shahri, T., 1993;
  4. Temur tuzuklari, T., 1996;
  5. Nikkolo Makiavelli, Gosudar, M., 1990;
  6. Gobbs, Sochineniye v 2-x tomax, M., 1992;
  7. Aʼzamxoʻjayev A. A., Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining huquqiy asoslari, T., 1993;
  8. Boboyev H., Amir Temur va uning qarashlari, T., 1992;
  9. Davlat va ququq nazariyasi (masʼul muharrirlar: H.B. Boboyev, H.T.Odilqoriyev), T., 2000;
  10. Islomov Z., Davlat va huquq: umumnazariy masalalar, 2000;
  11. Saidov A., Tojixonov U., Davlat va Huquq nazariyasi [2 jildli], 1-jild, Davlat nazariyasi, T., 2001;
  12. Istoriya politicheskix i pravovix ucheniy, M., 1996;
  13. Avesto va uning insoniyat taraqqiyotidagi oʻrni, T., 2001;
  14. Sagdullayev A., Aminov B., Mavlonov Oʻ., Norqulov N., Oʻzbekiston tarixi; davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000;
  15. Ziyo A., Oʻzbek davlatchiligi tarixi (eng qadimgi davrdan Rossiya bosqiniga qadar), T., 2000; Oʻzbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001.

Halimboy Boboyev, Olim Husanboyev.[1]

Davlatning kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlat birdaniga yuzaga kelmaydi, balki asta-sekin, vujudga kelayotgan sinflar oʻrtasidagi ziddiyatlar kuchayishi davomida paydo boʻladi. Insoniyat davlat paydo boʻlguniga qadar oʻz taraqqiyotida uzoq yoʻlni bosib oʻtgan. Davlat ham, huquq ham boʻlmagan ibtidoiy jamiyat bir-biridan asosan ishlab chiqaruvchi kuchlarning rivojlanish darajasi bilan farq qiladigan yovvoyillik, varvarlik va tamaddun kabi uch bosqichni oʻtgan. Davlat hali urugʻchilik tizimi ishidayoq shakllangan boshqaruv organlarini qisman oʻzgartirib qisman yangi organlarni joriy etgan holda siqib chiqarib yuzaga keladi va nihoyat, ularni haqiqiy davlat hokimiyati bilan almashtiradi. Mehnat qurollarining rivojlanishi va takomillashishi, yirik ijtimoiy mehnat taqsimoti mehnat unumdorligi oshib, ortiqcha mahsulot hosil boʻlgan, bu esa xususiy mulkchillikka va jamiyatning mulkiy jihatdan qatlamlarga ajralishiga olib kelgan. Shu tariqa, asosiy mashgʻuloti xususiy mulkchilik munosabatlarini va mulkdorlar manfaatini muhofaza qilishdan iborat boʻlgan maxsus guruhlar vujudga kelgan. Ibtidoiy jamiyatda oqsoqollar, urugʻ va qabila boshliqlari hamda diniy hokimiyat sohiblariga tegishli boʻlgan ijtimoiy hokimiyat asta-sekin davlat hokimiyatiga aylangan. Agar davlat paydo boʻlgunicha mavjud boʻlgan jamiyatda ijtimoiy hokimiyatni saqlashning asosiy vositasi oliy ruhoniylarning shaxsiy obroʻsi boʻlsa, davlat hokimiyatining mohiyatini majburlash tashkil eta boshlagan. Insonning jamiyatdagi mavqei oʻzgargan. Oldin uning mavqei alohida shaxsning oilaga, urugʻga yoki qabilaga mansubligi bilan belgilansa, endilikda uning mavqei mulkiy holatiga va davlat hokimiyati egalariga shaxsiy yaqinligiga qarab belgilangan. Davlatning paydo boʻlishi turli xalqlarda turlicha yuz berdi. U oʻzining shakllanishi va rivojlanishida uzoq va murakkab yoʻlni bosib oʻtgan. Eng avvalo, majburlashga asoslangan davlat dastlabki bosqichlarida yetarlicha rivojlanmagan siyosiy hosila boʻlgan.

Davlatning kelib chiqishi toʻgʻrisida nazariyalar :

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Teologik nazariya — davlatni xudo yaratgan degan gʻoyani ilgari suradi, teokratik davlat tarafdorlari fikrini aks ettiradi.
  2. Patriarxal nazariya — davlat kattalashib ketgan oiladan kelib chiqqan deb hisoblaydi. Nazariya dastlab Yunonistonda paydo boʻlgan va Aristotel asarlarida asoslab berilgan. XVII asrga kelib ingliz olimi Filmerning „Patriarx“ asarida rivojlantirilgan.
  3. Shartnoma nazariyasi — XVII-XVIII asrlarda tarqalgan boʻlib, unga koʻra, davlat-oʻzaro kelishuv asosida va ongli tarzda birlashgan kishilar tashkiloti boʻlib, ana shu shartnoma asosida ular oʻzlarining erkinliklari va hokimiyatning bir qismini davlatga beradilar. Nazariyani Grotsiy, Spinoza, Lokk, Gobbs, Russo, Radishshev rivojlantirgan.
  4. Zoʻrlik nazariyasi— davlatning kelib chiqishi zoʻrlikka asoslanadi, bir xalqning boshqa xalqni bosib olishi bilan davlat tashkil topgan deb tushuntiriladi. Uning asoschilari — Gumplovish, Kautskiy.
  5. Irrigatsiya nazariyasi — Qadimgi Sharqda yirik irrigatsiya inshootlari qurilishi jarayonida davlat paydo boʻlgan, deb tushuntiradi. Nemis olimi Vittfogelning „Sharq istibdodi“ asarida bayon etilgan.
  6. Sinfiylik nazariyasi — davlat jamiyatning qarama-qarshi iqtisodiy manfaatlarga ega sinflarga ajralichi tufayli kelib chiqqan, deb tushuntiradi. Asoschilari — Karl Marks, F.Engels, V.I.Lenin[2].
  7. Tarixiy-materialistik nazariya - Ushbu taʼlimotning dastlabki asoschilari L.Morgan, K.Marks, F.Engels va boshqalar. Davlat ibtidoiy jamiyatning tabiiy rivojlaninshi, evolutsiyasi oqibatida kelib chiqishini asoslashga intilish mavjud. Darhaqiqat, davlatchilikning dastlabki kurtaklari, hokimiyatning siyosatlashuvi asoslari, avvalo, ibtidoiy tuzum qaʼrida, uning obyektiv rivojlanishi sharoitida paydo boʻlgan. Ibtidoiy jamiyatning iqtisodiy oʻsishi nafaqat davlat paydo boʻlishining moddiy asosini, balki uning sotsial asoslarini ham taʼminlaydi

Davlat va uning belgilari, shakllari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlatning mohiyatini tushunishda uch asosiy nazariy yondashuv mavjud:

  1. Ijtimoiy yondashuv;
  2. Sinfiy yondashuv;
  3. Siyosiy-huquqiy yondashuv.

Demak, davlat - umumiy muammolar va ishlarni hal etish vositasi, u hukmdorlar va xalqning oʻzaro munosabatini tartibga soladi — ijtimoiy yondashuv. Davlat sinflarning paydo boʻlishi bilan yuzaga kelgan, sinfiy kurash bir sinfning boshqasini bostirish quroli boʻlib xizmat qiladi — sinfiy yondashuv. Davlat jamiyatning va davlatning oʻzining hayotini tashkil etuvchi huquq manbaidir — siyosiy-huquqiy yondashuv. Davlat butun mamlakat miqyosidagi hokimiyatning maxsus boshqaruv va majburlov apparatiga ega boʻlgan, barcha uchun majburiy qonunlar chiqaradigan va suverenitetga ega boʻlgan yagona siyosiy tashkilotdir.

Davlat - jamiyat siyosiy tizimining odamlar, guruhlar, sinf, tashkilot, hamkorlikdagi faoliyatini va oʻzaro munosabatini tashkil etuvchi, yoʻnaltiruvchi va nazorat qiluvchi asosiy institutdir. Davlat - hokimiyatning bosh institutidir. Hokimiyat davlat orqali oʻz siyosatini amalga oshiradi[3].

Davlatning asosiy belgilari:

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Davlat hokimiyatining, yaʼni hokimiyat va boshqaruv apparatining, majburlash apparatining mavjudligi.
  2. Aholining hududlar boʻyicha uyushganligi. Maʼmuriy-hududiy birliklarda yashash.
  3. Suverenitet - ichki va tashqi siyosatda toʻla mustaqil boʻlish.
  4. Huquqiy ijodkorlik. Bu ijtimoiy tuzumning mohiyatidan kelib chiqadigan va davlat tomonidan mustahkamlangan, ijro etilishi umumiy majburiy boʻlgan normalar, xulq-atvor qoidalari.
  5. Soliqlarning mavjudligi. Aholidan davlat apparatini saqlash hamda aholining kam taʼminlangan qismiga yordam berishga sarflanadigan soliqlarni toʻplash.
  6. Umuminsoniy funksiyalarni bajarish. Hududni qoʻriqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, umumiy farovonlik maqsadlarini amalga oshirish.

Davlatning asosiy funksiyalari:

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Ichki funksiyalar - davlat ichki hayotini boshqarishga qaratilgan faoliyatning asosiy yoʻnalishlari:

a) regulyativ (tartibga solish, boshqarish); b) qoʻriqlash (saqlash, muhofaza qilish).

  1. Tashqi funksiyalar — davlatning xalqaro maydondagi faoliyatining asosiy yoʻnalshilari;

a) Xalqaro hamkorlik-tashqi siyosiy faoliyat, tashqi iqtisodiy faoliyat; b) Mudofaa va xavfsizlik[4].

Davlatning shakllari:

[tahrir | manbasini tahrirlash]

I. Boshqaruv shakli: monarxiya va respublika. Monarxiya mutlaq va cheklangan shakllarda boʻladi (absolyut va konstitutsion).

Respublika prezidentlik va parlamentar respublika koʻrinishida boʻladi. Masalan, Saudiya Arabistoni (mutlaq monarxiya) Buyuk Britaniya, Daniya, Norvegiya, Shvetsiya (cheklangan monarxiya, konstitutsion). AQSh, Oʻzbekiston (Prezidentlik) Avstriya, Italiya,Olmoniya (Parlamentar).

II. Davlat tuzumi shakli:

Masalan, AQSh, GFR, RF, Braziliya, Hindiston davlatlari — federativdir.

Shveysariya (1848-yilgacha), Yevropa Ittifoqi — konfederativ.

Oʻzbekiston — unitar davlat.

III. Siyosiy rejimga koʻra davlat shakllari.

Davlat mexanizmi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jamiyatni boshqarish va xalq manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradigan davlat idoralari va muassasalari tizimi. Davlat idorasi (organi) — davlat mexanizmining qonunga muvofiq ravishda oʻz tuzilishiga, ijtimoiy hayotning muayyan sohasini boshqarish boʻyisha aniq belgilangan vakolatiga ega boʻlgan hamda davlat mexanizmining boshqa qismlari bilan uzviy aloqadorlikda boʻlgan va yaxlit birlik hosil qiladigan tarkibiy qismidir.

Davlat idoralari 3 turga boʻlinadi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. Vakillik idoralari:

a) Qonun chiqaruvchi;

b) Mahalliy hokimiyat va oʻzini oʻzi boshqarish idoralari.

  1. Ijroiya idoralari:

a) Markaziy idoralar;

b) Davlat boshligʻi (monarx, prezident);

v) Hukumat;

g) Vazirlik va davlat qoʻmitalari;

d) Mahalliy idoralar.

  1. Sud, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va konstitutsiyaviy nazorat idoralari:

a) sudlar;

b) prokuratura;

v) ichki ishlar vazirligi va uning organlari;

g) adliya vazirligi;

d) milliy xavfsizlik xizmati

Huquqiy davlat va uning belgilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Huquqiy davlat — huquqning hukmronligi, qonunning ustuvorligi, barchaning qonun va mustaqil sud oldida tengligi taʼminlanadigan, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlanadigan, hokimiyat vakolatlarining boʻlinish prinsipi asosida tashkil etilgan demokratik davlat. Huquqiy davlat gʻoyalarining ildizi juda chuqur. Uning boshida xalq hokimiyati tashkil etilishining nazariy asoslarini koʻrgan Salon, Aristotel, Sitseron turgan edi. XVII asrning mutafakkiri D. Lokk huquqning hukmronligi qonun hukmronlik qiladigan davlat koʻrinishida tasavvur qildi. Huquqiy davlat nazariyasining falsafiy asosini I.Kant ifodalab berdi. „Davlat- bu huquqiy qonunlarga boʻysundirilgan juda koʻp odamlarning birlashuvidir“ (I.Kant.Asarlar, 4-tom,233-bet). Huquqiy davlat gʻoyasining mohiyati-ijtimoiy va siyosiy hayotda huquqning ustun boʻlishidadir. Huquqiy davlat belgilari:

  1. Huquqning hukmronligi;
  2. Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi;
  3. Inson huquqlari va erkinliklariga rioya etish, ularni himoya qilish, taʼminlash;
  4. Davlat va fuqaroning oʻzaro masʼuliyati;
  5. Hokimiyat vakolatlarining boʻlinishi;
  6. Sudning mustaqilligi;
  7. Huquqni muhofaza qilish organlarining samarali ishlashi;
  8. Huquqiy madaniyatning yuqori ekanligi;
  9. Demokratiyaning rivojlanishi va takomillashuvi.
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Пиголкин А. С., Головистикова А. Н., Дмитриев Ю. А., Саидов А. Х. Теория государства и права: учебник под редакцией А. С. Пиголкина. — Москва: Юрайт-Издат, 2005. — С. 61-63. — ISBN 5-94879-145-9.
  3. Общая теория права и государства: Учебник. Под ред. Лазарева В. В.. — М.,1994. — С.23
  4. Ожегов С. И., Шведова Н. Ю. Толковый словарь русского языка: 80 000 слов и фразеологических выражений / Российская академия наук. Институт русского языка им. В. В. Виноградова — 4-е изд., дополненное. — М.: Азбуковник, 1999. — 944 с. — ISBN 5-89285-003-X.