Kontent qismiga oʻtish

Al-Qoim (Fotimiy xalifa)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Al-Qoim

Al-Qoimning oltin dinori
Saltanat 4-mart 934 – 17-may 946
Oʻtmishdoshi Abdulloh al-Mahdiy Billoh
Davomchisi al-Mansur Billoh
Tugʻilishi mart/aprel 893
Salamiya, Hamdaniy sulolasi
Vafoti 17-may 946 (53 yosh)
Mahdiya, Fotimiylar xalifaligi
Farzandlari
  • al-Qosim
  • Isma'il
  • bir nechta ismlari nomaʼlum oʻgʻillar
Uy Fotimiy
Otasi Abdulloh al-Mahdiy Billoh
Onasi Abul-Shalagʻlagʻning qizi
Dini Ismoiliy

Abu al-Qosim Muhammad ibn Abdulloh ((arabcha: أبو القاسم محمد ابن عبد الله); 893-yil mart/aprel – 946-yil 17-may), al-Qāʾim (القائم) yoki al-Qāʾim bi-Amr Alloh (القائم بأمر الله) nomi bilan mashhur. Fotimiylar sulolasining ikkinchi xalifasi boʻlib, 934—946-yillarda Ifriqiyada hukmronlik qilgan. U otasi Abdulloh al-Mahdiy Billoh (h. 909–934) dan keyin oʻn ikkinchi Ismoiliy imom (h. 909–934) vazifasini bajargan.

Boʻlajak al-Qoim 893 yil mart yoki aprel oyida Suriyaning Salamiya shahrida tugʻilgan[1]. Uning tugʻilgan vaqtdagi ismi Abdurrahmon boʻlgan. Abdurrahmonning otasi boʻlajak xalifa Abdulloh al-Mahdiy Billoh Said ibn al-Husayn edi. Abdurrahmonning onasi Saidning amakivachchasi, Abu Ali Muhammad Abul-Shalagʻlagʻning qizi boʻlib, uning ismi yozma manbalarda keltirilmagan[1].

Said, xuddi oʻzidan oldingi Abul-Shalagʻlagʻ singari, yashirin imom Muhammad ibn Ismoning qaytishini targʻib qiluvchi yashirin ismoiliy missionerlik tarmogʻi, yaʼni daʼva („daʼvat, daʼvat“)ning rahbari boʻlgan[ iqtibos kerak ]. 899-yildan bir muddat oldin Said oʻzini yashirin imomlar avlodidan boʻlgan haqiqiy yashirin imom deb daʼvo qila boshlagan. Muhammad ibn Ismoil nafaqat uydirma balki ularning faoliyatini niqoblash uchun yashirin ism boʻlgan[1]. Bu daʼvolar hatto Said daʼvani oʻz qoʻliga olishidan avvalroq boshlangan boʻlishi ham mumkin[2]. 899-yildagi ismoiliylar harakatida Saidning imomlikka boʻlgan daʼvolarini maqullaganlar va bu daʼvoni rad etib, Muhammad ibn Ismoilning mahdiy oʻlaroq qaytib kelishini kutishda davom etganlar oʻrtasida kelishmovchilikni keltirib chiqargan. Ikkinchi jamoa vakillari odatda „qarmatiylar“ atamasi bilan tanilgan[1].

Sijilmasaga koʻchish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Said oʻzining yashirin imom ekanligini oshkor qilgandan soʻng, uning eng ashaddiy izdoshlari Suriyada Abbosiylar xalifaligiga qarshi bir qator badaviy qoʻzgʻolonlarini boshlaydilar. Ular Said bilan oldindan maslahatlashmaganligi sababli ham bu qoʻzgʻolonlarning boshlanishi uning hayotini xavf ostiga qoʻyadi. Chunki uning shaxsi va yashayotgan hududi Abbosiylar hukumatiga maʼlum boʻlib qoladi. Abbosiylar unga qarshi qidiruv boshlaydilar, shuning uchun Said Abdurrahmon va uning bir necha yaqin oila aʼzolari bilan Salamiyadan Falastindagi Ramlaga joʻnab ketadi. U yerda yashirincha ismoiliy dinini qabul qilgan mahalliy hokim ularni Abbosiylar taʼqibidan yashiradi[1]. Badaviy qoʻzgʻolonchilari oʻzlarini „fotimiylar“ deb atab, Suriyaning katta qismini egallab olishadi va oʻzlarining yashirin xoʻjayini nomidan shia rejimini oʻrnatadilar. Garchi Saidga ularning jamoasiga qoʻshilishga undagan bir necha xat yuborishlariga qaramay, Said Ramladagi yashirin yeridan chiqmaydi[3]. Qoʻzgʻolonchilar nihoyat 903-yil noyabrida Abbosiylar qoʻshini tomonidan uyushtirilgan hujumda magʻlubiyatga uchraydilar va ularning boshliqlari qoʻlga olinib, soʻroq qilinadi[1][3].

Bu yana bir bor Saidni Ramladan chiqib, keyinchalik avtonom Tulunidlar sulolasi tomonidan boshqarilgan Misrdagi Fustat shahriga koʻchishga majbur qiladi[1]. Said, Abdurrahmon va ularning atrofidagilar u yerda 905-yil yanvarigacha, Abbosiylar mamlakatga bostirib kirib, Tulunidlar tuzumini agʻdarib tashlagunlaricha yashashadi. Said musulmon dunyosining gʻarbiy chekkalaridan biri boʻlmish Magʻribga koʻchib oʻtishga qaror qiladi[1]. U yerda uning tarafdorlaridan biri, daʼi Abu Abdulloh ash-Shi’i, Kutamadagi berberlarini ismoiliy yoʻnalishiga oʻtkazgan edi. Shu sabab bilan 905-yilga kelib nominal Abbosiylar hukmronligi ostida Ifriqiyani (zamonaviy Tunis va Sharqiy Jazoir) boshqargan avtonom Aglobidlar sulolasiga qarshi baʼzi gʻalabalarga erishiladi[4]. Gʻarb tomon safarda guruh aʼzolaridan biri, Abu Abdullohning ukasi Abul-Abbos Muhammad hibsga olinadi va Aglobidlar guruh aʼzolarining shaxsi va tashqi koʻrinishi haqida bilib oladilar[1]. Natijada, guruh janubiy chegaralari boʻylab Aglobid hududini kesib oʻtadi va hozirgi Marokashning sharqiy qismidagi Sijilmasa voha shahriga yoʻl oladi[1]. Said, Abdurrahmon va ularning atrofidagilar keyingi toʻrt yil davomida badavlat savdogarlarning xonadonida farovon hayoti kechirib, Sijilmasada yashay boshlaydilar[1].

Vorislik va harbiy qoʻmondon sifatidagi faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

909-yil mart oyida Abu Abdulloh ash-Shiiy boshchiligidagi Kutama nihoyat Aglobid qoʻshinini magʻlub etib, amir Ziyadat Alloh IIIni surgunga joʻnatadi. Shuningdek, Ifriqiya poytaxti Qayravon va yaqin atrofdagi Aglobid saroyi Raqqadani egallab olishadi[1]. Abu Abdulloh gʻoyib boʻlgan va hali nomi oshkor qilinmagan imom[4] nomiga shia hukumatini oʻrnatiladi va yangi tuzum barqarorlashishi bilanoq Said va uning oilasini Ifriqiyaga olib kelish uchun qoʻshin joʻnatiladi[1]. Kutama qoʻshini yaqinlashayotganidan xabar topgan Sijilmasa amiri Saidni Abdurahmon bilan birga soʻroqqa tutib, uy qamogʻiga hukm qiladi, lekin shunda ham ularga yaxshi munosabatda boʻladi. Lekin boshqa tomondan, usha vaqtda ularning xizmatkorlari qamoqqa tashlangan va muntazam ravishda qamchilangan[1]. 909-yil 26-avgustda Kutama qoʻshini Sijilmasaga yetib kelgan va asirga olingan imomni ozod qilishni talab qilgan. Midrarid qoʻshinlari bilan qisqa toʻqnashuvlardan soʻng amir al-Yasa, bosib olingan va talon-taroj qilingan shahrini tark etishga majbur boʻlgan. Otga mingan, nafis liboslar kiygan Abdurrahmon va uning otasi diniy koʻtarinki hayqiriqlar va koʻz yoshlari ostida qoʻshin oldiga chiqishgan. Ertasi kuni, 27-avgustda Said taxtga oʻtirgan[1].

Armiya Sijilmasada bir necha hafta turadi, bu vaqt davomida gʻarbiy Magʻribdan kelgan boʻysunish taklifini bergan delegatsiyalar 12-oktyabr kuni Ifriqiyaga joʻnab ketishadi. Yoʻlda bir necha berber qabilalarini oʻziga boʻysundirgan qoʻshin 910-yil 4-yanvarda Raqqada shahridag Aglobid saroyiga yetib keladi[1]. Ertasi kuni, 910-yil 5-yanvar, juma kuni, juma namozi xutbasida xalifalikni qonuniy egalari boʻlmish Muhammad oilasiga qaytishini olqishlovchi manifest oʻqiladi va yangi hukmdorning ismi va unvonlari rasman eʼlon qilinadi: „Abdulloh Abu Muhammad, moʻminlarning amiri Alloh tomonidan toʻgʻri yoʻlga boshlovchi sifatida yuborilgan imom“[3]. Xuddi shu munosabat bilan Abdurrahmon Abulqosim Muhammad degan yangi ism oladi. Otasining yangi ismi bilan birlashganda, bu islom paygʻambari Muhammad tugʻilgan vaqtdagi ism bilan bir xil holatga keladi: Abul Qosim Muhammad ibn Abdulloh[4]. Bu mahdi uchun uzoq yillar davomida bashorat qilingan ism edi[4]. Zamonaviy olimlarning fikriga koʻra, bu tanlov yangi xalifaning oʻz izdoshlarining ming yillik umidlarini oʻgʻliga oʻtkazish uchun qoʻllagan nozik hiylasi boʻlgan[1].

Mahdiyning qulashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mahdining oxirizamon masihi emas, balki bir qator imomlardan biri boʻlgani[1] va yangi hukmdorning inson sifatidagi haqiqati Abu Abdulloh targʻib qilgan taʼlimotlar bilan toʻqnash keladi. U oʻz xoʻjayinining daʼvolarini qayta tahlil qila boshlaydi va uning fikriga Aglabiylarga qarshi Kutama yurishini boshqargan bir qancha taniqli Kutama boshliqlari ham qoʻshiladi[1]. Ularning niyatlaridan xabar topgan al-Mahdi birinchi boʻlib zarba beradi. 911-yil 18-fevralda Abu Abdulloh va Abul-Abbos Muhammad xalifaning oʻz saroyida sodiq Kutama askarlari tomonidan oʻldiriladi. Tez orada fitnada qatnashgan boshqa Kutama boshliqlari ham ularga ergashdilar[1].

912-yil aprel oyida yosh bola Kadu ibn Mu’arik al-Mavatiy baʼzi kutamaliklar tomonidan haqiqiy mahdi deb eʼlon qilingan, yangi da'i tayinlangan va yangi muqaddas kitob yozilgan[1]. Abu Abdulloh missiyasining asl markazi boʻlgan Ikjandan boshlab, Mila va Konstantin shaharlariga qadar qoʻzgʻalon tarqaladi, ularga qarshi yuborilgan sodiq qoʻshin esa, oʻz saflaridagi koʻplab Kutama qoʻshinlari harakati sababli ortga chekinadi[1].

Bunga javoban 912-yil aprel/may oylarida al-Mahdiy rasman Abulqosim Muhammadni merosxoʻr (wali al-ahd) deb eʼlon qiladi, unga al-qa'im bi-amr Allah (“Allohning amrini bajaruvchi”) unvonini beradi va uni qoʻzgʻolonni bostirish uchun yuborilgan qoʻshinga boshliq etib tayinlaydi[1]. 912-yil 21-iyunda sodiq armiya Mila yaqinida qoʻzgʻolonchilarni magʻlub etadi. Anti mahdi al-Mavatiyga qarshi va boshqa isyonchilarning yetakchilari tezda qo'lga olinadi. Bu jarayon al-Qoimning kuzda Qayruanga zafarli kirib kelishida muhim o'rin ahamiyat kasb etadi[1].

Boshqa faoliyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Qoim merosxoʻr sifatida, shuningdek, otasiga shikoyat qilishda vositachi sifatida tilga olinadi. Masalan, Qayruan hokimi Abu Said al-Dayfning zolim xatti-harakatlariga qarshi qilgan ishlari shular jumlasidandir[1].

Hukmdorlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Mahdiy 934-yil 4-martda bir muddat davom etgan kasallikdan soʻng Mahdiyada vafot etgan[1]. Al-Qoim ptasining oʻlimini yuz kun sir tutib, motam eʼlon qilgan[1]. Imom-xalifaning tayinlangan vorisi (nass) sifatida al-Qoim taxtga oʻtirishda hech qanday qarshiliklarga uchramagan. 928-yildagi bir voqeadan tashqari, uning kanizaklardan boʻlgan koʻp sonli oʻgay ukalari va singillari (olti oʻgʻil va yetti qiz) tarixda hech qachon muhim rol oʻynamagan. Al-Mahdiy ularni saroydan chiqarmagan, ularga gubernatorlik yoki harbiy qoʻmondonlik ishlarini ishonib topshirmagan[1].

Achir xarobalari koʻrinishi

Shunday qilib, Al-Qoim otasidan katta imperiyani meros qilib oldi, ammo uning zabt etilishi toʻliq va mustahkamlanmagan edi. Yangi xalifa gʻarbiy Magʻribda (zamonaviy Marokash) katta inqirozga duch keldi, u yerda Fotimiylar hukmronligi 931/932-yilda Fotimiylar noibi va Miknasa berberi boshligʻi Muso ibn Abi’l-Afiyaning Umaviylar lageriga qochib ketishi bilan qulagan[5]. Al-Qoim ikki slavyan zobiti Sandal al-Fata va Maysur al-Fataga hududni qayta bosib olishni ishonib topshirgan. Sandal Nekor amirligiga qarshi, Maysur esa Fesga yurish qilgan[6]. Sandal Nekorni zabt etgan va 936-yil sentyabr oyida Fesda Maysur qoʻshinlariga qoʻshilishidan oldin oʻldirilgan. Yetti oylik qamaldan soʻng shahar taslim boʻlgan va uning hokimlari Mahdiyaga surgun qilingan. Maysur Ibn Abi’l-Afiya tomonidan taʼqibga uchragan Idrisiylarni Fotimiylarning vassallari sifatida taxtga oʻtkazgan va dindan qaytgan Miknasa boshligʻini taʼqib qilishda davom etgan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan[5].

Oilasi Salamiyani tark etishidan oldin yoshlik paytidayoq uylangan. Uning rafiqasi Ummu Habiba u bilan birga Magʻribga borgan vaqtida, hali ancha yosh boʻlgan[7]. Uning oltita kanizaklari ham boʻlib, ulardan biri Karima al-Qoimning vorisi al-Mansurning onasi boʻlgan[7].

Vafoti va merosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rasmiy Fotimiy maʼlumotlariga koʻra, al-Qoim 946-yil 17-mayda vafot etgan. Uning oʻrniga oʻgʻli Ismoil oʻtirgan va al-Mansur Billoh (h. 946–953) ismi bilan halifalik unvonini olgan[1]. Hokimiyat almashinuvi muammosiz kechgan. Lekin mamlakatdagi holat oʻta tartibsiz edi, chunki Ismoil al-Qoimning toʻngʻich oʻgʻli boʻlmagan. Toʻngʻich oʻgʻil al-Qosimning taqdiri nomaʼlum – u oʻsha paytda vafot etgan. Fotimiylar tarafdorlari tomonidan yozilgan manbalarda, Ismoilni otasi tomonidan rasman merosxoʻr etib tayinlanganiyozilgan. Javzar oʻz xotira yozuvlarida, 934-yilda al-Qoim taxtga oʻtirgan paytdayoq Ismoil uning merosxoʻri sifatida asosiy nomzodi boʻlganligini taʼkidlaydi. Shunga qaramay, yangi hukmdorning barcha amakilari va aka-ukalari hibsga olinib, ushlab turilishi Heinz Halm va Michael Brett kabi Fotimiylar davrini oʻrgangan zamonaviy tarixchilarda Ismoilning hech qanday muammosiz halifalikka koʻtarilganiga shubhalanishiga sabab boʻladi. Uning hokimiyati Javzar boshchiligidagi al-Qoim haramining boshqa arboblari ishtirokidagi saroy fitnasi natijasi boʻlgan degan taxminlar ham mavjud[1].

Qonuniyligidan qatʼi nazar, Ismoilning vorisligi Fotimiylar davlati uchun zarur edi. U darhol qoʻzgʻolonchilarga qarshi hujumga oʻtadi va qisqa vaqt ichida Sus va Qayruanni qoʻzgʻalonchilardan ozod etadi. Abu Yazidning keyingi urinishlarini yoʻqqa chiqaradi. Fotimiylarning yangi hukmdori shaxsan oʻzi Abu Yazidni togʻlarga qadar taʼqib qiladi va nihoyat 947-yil avgustida qoʻlga olib qatl etiltiriladi[4]. Ismoil va uning hukumati isyonchilarga ustunlik bermaslik uchun al-Qoimning oʻlimini yashirishadi. Barcha jamoat ishlari va marosimlar bir qancha vaqt al-Qoim nomidan oʻtkazilgan, Ismoil esa goʻyoki uning merosxoʻri sifatida harakat qilgan[1]. Hattoki uning al-Mansur („Gʻolib“) nomi ham qoʻzgʻolon toʻliq bostirilgandan keyin keng omma oldida eʼlon qilingan[4].

Hukmronlik faoliyatining baholanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Qoim hokimiyat tepasiga kelgan vaqti ancha tajribali boʻlgan. Chunki otasi xalifalikka tayinlanganidan soʻng, koʻp oʻtmay, garchi uning qoʻmondonlik mahorati unchalik yuqori boʻlmasa-da, unga davlat ishlarida bir ulush ishonib topshirilgan. Misr yurishlarida al-Qoim oʻz qobiliyati va qatʼiyatliligini namoyish etgan[6]. Uning hukmronligining koʻp qismida Ifriqiyada tinchlik hukm surgan, yilnomachilar bu davrda deyarli hech qanday muhim voqeani qayd etmaganlar[6].

Tarixchi Farhat Daxroni uni „sulolaning unchalik mashhur boʻlmagan vakillaridan biri“[6] deb atagan va uning oʻz hukmronligini mustahkamlashga urinishidagi „haddan tashqari yuqori soliqlarni amalga oshirish va diniy taʼqiblar uyushtirishi“, aslida Abu Yazid qoʻzgʻolonining kelib chiqishiga turtki boʻlganligini taʼkidlaydi[6]. Daxroni al-Qoimning passiv mudofaa strategiyasi qurolli kuchlarining boʻlinib ketishiga sabab boʻlganligini tahlil qiladi, bu Abu Yazidga tashabbusni ustunlik bergan va unga ularni qisman magʻlub etishga imkon yaratgan[6].

  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 1,30 Halm 1991.
  2. Halm 1991, ss. 61–62.
  3. 3,0 3,1 3,2 Daftary 2007.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 Brett 2017.
  5. 5,0 5,1 Benchekroun 2016.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 6,5 Dachraoui 1978.
  7. 7,0 7,1 Halm 2015.
al-Qoim
Tavalludi: mart/aprel 893 Vafoti: 17-may 946
Humkdorlik unvoni
Oldingisi Fotimiylar xalifaligi
4-mart 934 – 17-may 946
Keyingisi
Shialik unvonlari
Oldingisi Ismoiliy imomlari roʻyxati
4-mart 934 – 17-may 946
Keyingisi