Al-Aziz Billoh
Al-Aziz Billoh العزيز بالله | |||||
---|---|---|---|---|---|
Ismoiliylar imomi va Fotimiylar xalifaligi xalifasi | |||||
Saltanat | 975-yil 18-dekabr – 996-yil 13-oktyabr | ||||
Oʻtmishdoshi | Al-Muʼizz li-dinillah | ||||
Davomchisi | Abu Ali al-Mansur | ||||
Farzandlari |
| ||||
| |||||
sulola | Fotimiylar xalifaligi | ||||
Otasi | Al-Muʼizz li-dinillah | ||||
Onasi | Al-Sayyida al-Muʼiziyya | ||||
Dini | Ismoiliylik, shialik, islom |
Islom dinining bir boʻlimi Ismoiliylar |
---|
Islom portal |
Abu Mansur Nizor (arabcha: أبو منصور نزار) (955-yil 10-mayda tugʻilgan – 996-yil 14-oktyabrda vafot etgan) al-Aziz Billoh (arabcha: العزيز بالله) – nomi bilan mashhur boʻlgan Fotimiylar sulolasining beshinchi xalifasi, 975-yildan 996-yilgacha yaʼni vafotiga qadar xalifa boʻlgan. Hukmronligi davrida Damashqning qoʻlga olinishi va Fotimiylar hududining Levantga qadar kengayishi Vizantiya imperatori Vasiliy II Bolgaroboysa bilan oʻrtasida Halab nazorati boʻyicha ziddiyatni keltirib chiqargan. Ushbu kengayish jarayonida al-Aziz koʻp sonli turkiy va daylam qul askarlarini oʻz xizmatiga olgan va shu tariqa oʻsha vaqtga qadar Kutama berberlaridan iborat Fotimiylar xalifaligi harbiy kuchlari tarkibiga oʻzgartirish kiritgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abu Mansur Nizor, boʻlajak al-Aziz Billoh 955-yil 10 mayda tugʻilgan. Otasi Fotimiylarning toʻrtinchi xalifasi al-Mu’iz li-dinillah (h. 953–975) boʻlgan[1]. Al-Mu’izzning bosh kanizagi boʻlgan onasi Durzon al-Sayyida al-Muʼizziya (al-Mu’iz xonim) nomi bilan mashhur boʻlib, kelib chiqishi badaviylardan boʻlgan. Durzon oʻzining goʻzal ovozi bilan tanilgan va Taghrīd (qushlarning sayrashi) laqabini olgan[2]. U, shuningdek, meʼmorchilik ishlariga homiylik qilgan birinchi Fotimiy ayol sifatida ham tanilgan[3]. Durzon 995-yilda vafot etgan[2].
974-yilda Abu Mansur Nizorning katta akasi, al-Mu’izzning merosxoʻri sifatida tayinlangan oʻgʻli Abdulloh ibn al-Mu’iz vafot etgach, Abu Mansur oʻzini merosxoʻr sifatida koʻradi[4]. Al-Mu’izz 975-yilning 18-dekabrida vafot etgan, uning oʻlimidan bir kun oldingi kunga qadar hokimiyat vorisligi sulola va saroy aʼzolari oldida rasman tasdiqlanmagan edi[1]. Abu Mansurning xalifa sifatida rasman eʼlon qilinishi 976-yilning 9-avgustiga qadar kechiktirilgan[1] .
Boshqaruvi va iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalarga koʻra, al-Aziz Billoh boʻyi baland, sochlari qizil, koʻzlari moviy, juda saxiy, jasur, ot va ovni yaxshi koʻradigan, insonparvar va bagʻrikeng inson boʻlgan[1]. U oʻzining hokimiyat boshqaruvidagi keng qarashlari, Fotimiylar davlati moliyasini isloh qilish, amaldorlarning ish haqini meʼyorlashtirish va tartibga solish, ularning halolligini taʼminlash choralarini koʻrishi bilan boshqa hukmdorlardan ajralib turgan[1]. Shu bilan birga, u oʻzining gʻayrioddiy turmush tarzi va qimmatbaho buyumlar va materiallarga, kamyob hayvonlar va lazzatli taomlarga boʻlgan ishtiyoqi bilan mashhur boʻlgan. Aytishlaricha, bir safar unga pochtachi kabutarlar Baʼlabakdan gilos olib kelgan[1]. Al-Aziz Billoh, shuningdek, Misr iqtisodiyotini ham rivojlantirgan va shu orqali koʻchalar va kanallarni kengaytirish, barqaror valyutani oʻrnatish orqali soliq tushumlari koʻpaygan. Uning xizmatlari umumiy iqtisodiy farovonlik ishlab chiqilgan qurilish dasturida ham yaqqol namoyon boʻlgan.
Al-Aziz Billoh hukmronligining 979-yilida Fotimiylar tarixidagi hokimiyatning eng yuqori lavozimi egasi, vazir Yaʼqub ibn Killis edi. Ibn Killis sharmanda boʻlgan ikki qisqa davrdan tashqari, 979 va 984-yillarda, 991-yilda vafotiga qadar al-Azizning bosh vaziri boʻlib xizmat qilgan[1]. Ibn Killis ham xuddi al-Aziz kabi 100 000 oltin dinor maosh olgan va hashamatli hayot kechirgan[1]. Ibn Killis xalifaning unga sarflagan katta mablagʻlarga qaramay[1], gʻaznani taʼminlovchi moliyaviy ishlarni ham mohirlik bilan boshqargan. Shuningdek, Ibn Killis adabiyot egalarining homiysi sifatidagi roli va Fotimiy qonunlari haqidagi kitob muallifi sifatida eʼtirof etilgan[1]. Biroq Ibn Killisdan farqli oʻlaroq, undan keyingi amaldorlar ushbu lavozimda uzoq qolishmagan. Keyingi besh yil ichida vazir lavozimini olti kishi Ali ibn Umar al-Addas, Abu al-Fadl Jaʼfar ibn al-Furot, al-Husayn ibn al-Hasan al-Boziyar, Abu Muhammad ibn Ammor, al-Fadl ibn Solih va Iso ibn Nasturus ibn Suruslar egallagan[1].
Harbiy islohotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Aziz Billoh katta harbiy islohotlarni amalga oshirgan. Oʻsha vaqtga qadar Berberlar va Kutama qabilasi askarlari xalifalik qoʻshinining asosiy tayanchi boʻlgan. Al-Azizdan oldin Ifriqiyani egallashda hamda Misr va janubiy Levantni bosib olishda Berberlar va Kutama askarlari qoʻshinda asosiy rol oʻynagan[5]. 970-yillarga qadar Kutama otliq qoʻshinlari slavyan va yunon askarlaridan, piyodalar qoʻshini esa qora tanli afrikalik qullardan iborat boʻlgan[5].
Biroq Levantga bosqinlar chogʻida asosiy qismini Kutama askarlari tashkil qiluvchi qoʻshinning zaif tomonlari koʻzga tashlandi. 978-yildan boshlab al-Aziz sharqdan yollanma askarlarni, ayniqsa turkiy va daylamiy qul askarlarini (ghilmān) qoʻshin tarkibiga kirita boshladi. Fotimiylar qoʻshini tarkibida ghilmān tizimining qabul qilinishi katta va samarali natijalarga olib keldi. Turkiy ghilmān askarlari tez firsatlarda xalifalikda yuqori lavozimlarni egallay boshladi. Oʻz taʼsir doiralarini kengaytirish maqsadida, ayniqsa, tax. 987–988-yillarda ular Kutama askarlari bilan raqobatlasha boshlashdi[5]. Al-Azizning oʻlimidan soʻng ochiq urushga aylanib ketgan va mos ravishda Maghāriba (gʻarbliklar) va Mashāriqa (sharqliklar) deb nomlangan ikki guruh oʻrtasida shiddatli qarama-qarshilik paydo boʻldi[5].
Diniy siyosati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Christian ibn Nesturusning yahudiy Manashsha kabi Suriya boshqaruvida kotib sifatida tayinlanishi Fotimiylarning diniy masalalardagi bagʻrikengligining yorqin namunasi boʻldi. Uning ikki ukasi, Orestes va Arsenius mos ravishda Quddus Patriarxi va Qohira mitropoliti yepiskopi etib tayinlandi[1]. Qibtiy nasroniylari ham xalifaning xayrixohligidan foyda koʻrdilar. Musulmonlarning qarshiliklariga qaramay, Avliyo Merkuriy cherkovini qayta qurishga ruxsat berildi, nasroniylikni qabul qilgan musulmonlarni jazolash bekor qilindi[1]. Ibn Nesturus va Manashshaning yuqori lavozimga tayinlanishi musulmon xalqining noroziligiga sabab boʻldi va ular orasida aylanib yurgan dushmanlik munosabatlarini yanada kuchaytirdi. Natijada, xalifa qisqa vaqt ichida ikki vazirni ishdan boʻshatib, qamoqqa tashlashga majbur boʻldi. Biroq tez orada xalifalik boshqaruvidagi mahorati ularning ozod etilishini va oʻz lavozimlariga qayta tiklanishini taʼminladi[1]. Xristianlarga qarshi adovat 996-yilda, Amalfi savdogarlari Qohiradagi arsenalni vayron qilgan yongʻin uchun javobgarlikda gumon qilinganida yaqqol namoyon boʻldi. Butun shahar boʻylab nasroniylarga qarshi pogromda Amalfitanlar oʻldirildi va cherkovlar talon-taroj qilindi[1].
Biroq bu bagʻrikenglik sunniy musulmonlarga nisbatan qoʻllanilmadi, chunki al-Azizning oʻzi ismoiliylar urf-odatlariga amal qilar edi. Xalifa mamlakatda sahobalarini qoralovchi yozuvlar oʻrnatdi, 982-yilda tarovih namozini bekor qildi va Qohirada Ashuro bayramini nishonlashni joriy qildi. 991-yilda uyidan sunniylarning Muvatta Imom Molik huquqiy risolasi topilgan odam qatl qilindi[1].
Al-Aziz hukmronligi madaniy jihatdan ham katta ahamiyatga ega boʻldi. Ibn Killis Qohirada al-Azhar universitetiga asos soldi (988). Ushbu universitet islom olamidagi eng muhim ilm markaziga aylandi. Xuddi shunday, Qohirada ham 200 000 jild kitob saqlanadigan kutubxona qurildi.
Professor Samy S. Swaydning soʻzlariga koʻra, Fotimiy missionerlari al-Aziz davrida xitoyliklarni oʻz harakatlariga daʼvat qilganlar[6].
Suriya hududlariga qadar kengayish ishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tashqi siyosatda al-Aziz Fotimiylarning Suriya ustidan nazoratini kengaytirishga[1] eʼtibor qaratdi. Suriyani bosib olish harakatlari 969-yilda Fotimiylar Misrni bosib olgandan soʻng darhol boshlanib ketgan[7].
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suriya, xususan, Falastin yerlariga egalik qilish Fotimiylardan oldin ham, ulardan keyin ham Misrning koʻplab hukmdorlari uchun doimiy tashqi siyosatining asosiy maqsadi boʻlgan. Ular Gʻarbiy Osiyo imperiyalarining mamlakatga bostirib kirishi mumkin boʻlgan yoʻlni toʻsib qoʻyishni niyat qilgan[8]. Fotimiylarning butun islom olamiga rahbarlik qilish hamda Iroq va islom diniga eʼtiqod qiluvchi sharqiy yerlarni zabt etish orqali Bagʻdod xalifaligini yoʻq qilish ambitsiyalari ularga Suriya va Falastinni zabt etish uchun qoʻshimcha turtki bergan[1]. Shu bilan birga, mintaqadagi kuchlar muvozanati Vizantiya imperiyasi Halabning Hamdoniylar amirligiga qarshi shimoliy Suriyaga bir vaqtning oʻzida kengayishi bilan oʻzgartirildi va bu harakat 969-yilda Antioxiyani egallab olish bilan yakunlandi. Fotimiylar kofirlar tahdidiga qarshi yagona himoya chorasi jihod ekanligini daʼvo qilishdi[9]. Biroq al-Aziz hukmronligining dastlabki davrida Fotimiylarning Suriyaga nisbatan olib borgan siyosatida vazir Ibn Killis hukmronlik qildi. Tarixchi Hugh Kennedyning soʻzlariga koʻra, Ibn Killis Fotimiylar Falastin va janubiy Suriyani nazorat qilishga eʼtibor qaratishlari kerak, deb hisoblagan[7].
Dastlabki muvaffaqiyatlarga qaramay, Kutama generali Jaʼfar ibn Falloh boshchiligidagi Fotimiylarning Suriyaga birinchi bosqini Damashq fuqarolari va Suriya choʻlidagi badaviy qabilalarining qoʻzgʻolonlari bilan tezda toʻxtatildi[9]. 971-yilning avgust oyida Fotimiylar badaviylar va ularning qarmatiy ittifoqchilariga qarshi jangda magʻlubiyatga uchradilar. Bu esa Suriya va Falastin janubidagi Fotimiylar nazoratining deyarli butunlay qulashiga, 971 va 974-yilda qarmatiylarning Misrga bostirib kirishiga olib keldi[7].
Al-Aziz hokimiyat tepasiga kelgach, Damashq turk Alptakin tomonidan boshqarildi. Alptakin atigi 300 nafar turk safdoshlari bilan xalifalik qoʻshinida Kutama askarlarining yetarlicha kuchga emasligidan foydalangan holda hokimiyatni qoʻlga oldi[1]. Janubda Falastin Fotimiylar nazorati ostida edi, lekin Banu Tayy qabilasining badaviy boshligʻi Mufarrij ibn Dagʻfal ibn al-Jarroh ularga qarshi chiqdi va viloyat markazi Ramlani ushlab turdi[1].
Damashqni qayta bosib olish
[tahrir | manbasini tahrirlash]975-yilda al-Aziz sunniylik mazhabiga eʼtiqod qiluvchi Muhammad ibn Ahmad an-Nablusiy va uning izdoshlarining Fotimiylarga qarshi qoʻzgʻolonlarini bostirish maqsadida Baniyasni oʻz nazorati ostiga oldi[10].
976-yilda Misrni zabt etgan fotimiy generali Javhar Damashqqa qarshi yurish qilgan. Biroq shahar oldida kechgan ikki oylik toʻqnashuvlardan soʻng Alptakinning qarmatiyalik ittifoqchilari ularga yordamga kelib, Javhar va uning qoʻshini ortga chekinishga majbur boʻlgan[1]. Alptakin qoʻshinlari ortidan Javhar Tiberiya, Ramla va Askalongacha chekingan va aynan oʻsha yerda qamal qilingan[1]. Oʻn yetti oy davom etgan qamal 978-yil boshida muzokaralar yoʻli bilan yakunlangan. Gʻazza toʻgʻridan-toʻgʻri Fotimiylar nazorati ostida qolgan. Javhar va uning odamlari Askalondan Misrga joʻnab ketayotganlarida magʻlubiyatga uchraganliklari sababli dushman askarlarining qilich va nayzalari ostida oʻtib, xoʻrlanishga majbur boʻlishgan[1].
Fotimiylar xalifalikning yuqori martabali aʼzolari, jumladan, Ibn Killisni Damashq atrofidagi muhim mulklardan mahrum qilgan ushbu haqoratli kelishuvni qabul qila olmadi[7]. Natijada, al-Aziz 978-yil avgustida jang maydoniga shaxsan oʻzi kirib, ulkan qoʻshin boshida Alptakinni magʻlub etib, uni asirga oldi[1]. Qarmatiylar Bahraynga chekinishlari uchun yillik soliq toʻlash vaʼdalari bilan pora oldilar va shu tariqa ularning Suriyaga bostirib kirishlarini toʻxtatib qoldilar[1]. Keyinchalik xalifa kutilmaganda Alptakinga rahm-shafqat koʻrsatib, uni va uning turk izdoshlarini Fotimiylar xizmatiga oldi[1]. Alptakinning oʻzi Qohiraga olib ketilib, u yerda xalifa tomonidan katta ehtirom koʻrsatildi. Bu esa Ibn Killisning hasadini uygʻotdi[1]. Suriyada turk ghilmān tizimi oʻziga xos nufuzga ega boʻlib oldi, ularning safida boʻlgan erkaklar esa Damashq hokimi lavozimini egallashdi[7].
Damashq Alptakinning askarlaridan biri Qassam tomonidan mahalliy aholi va shahar militsiyasi koʻmagida qoʻlga olindi. Ular Berberlar ishgʻolidan qochishni xohladilar[1]. Fotimiy generali al-Fadl ibn Solih, Ibn Killisning himoyachisi, Berber qoʻshini bilan Qassamga qarshi yuborildi, ammo qirgʻoq boʻyidagi shaharlarga qarshi kuch ishlatishdan boshqa hech narsaga erisha olmadi va Falastinga chekinishga majbur boʻldi[1]. Mosul taxtidan agʻdarilgan Hamdoniy hukmdori Abu Tagʻlib kelishi bilan vaziyat murakkablashdi. U al-Aziz bilan bogʻlanib, unga qoʻshin yuborib yordam qilishini, bunga javoban esa shaharni egallab olishini taklif qildi. Biroq ushbu taklifga Ibn al-Jarroh tomonidan qarshilik koʻrsatildi, chunki Hamdoniylar va ularning Banu Uqayl qabilasidan boʻlgan izdoshlari oʻz mavqeiga, xususan, Ramla qabilasi yaylovlariga egalik qilishiga tahdid solishi mumkin edi. Al-Fadl arab qabilalari oʻrtasida nizo keltirib chiqarish va Fotimiy hokimiyatini mustahkamlash maqsadida Ramlada Abu Tagʻlibni ragʻbatlantirib, ikki tomonlama oʻyin oʻynagandek koʻrinishga urindi. Ammo 979-yil avgust oyida Ibn al-Jarroh Ramlada Abu Tagʻlib va uning odamlariga hujum qilgan vaqtda al-Fadl oʻz qoʻshinlari bilan ularga yordamga keldi. Abu Tagʻlib asir olinib, qatl etildi[1]. Fotimiylar hukmronligini tan olganiga qaramay, Tayy qabilasi boshligʻi deyarli mustaqil hukmdor edi va oʻnlab yillar davomida Fotimiylar hukumatining ulardan xavfsirab yashashiga sabab boʻldi[7].
979–980-yillarda Damashq Kutama qabilasi boshligʻi Sulaymon ibn Jaʼfar ibn Falloh davrida Fotimiylarning uni bosib olishga urinishlariga qarshilik koʻrsatishda davom etdi[1]. Al-Fadlning ularni ushlab turish uchun Uqayldan foydalanishga urinishlariga qaramay, Tayyiylar va ular tomonidan amalga oshirilgan vayronagarchiliklar Suriya janubidagi oʻtroq va qishloq xoʻjaligi tumanlari uchun xavf tugʻdirdi. Tarixchi Kennedy soʻzlari bilan aytganda Ramla „arvoh shaharga“ aylanib qoldi. Damashq atrofidagi Gʻuta tekisligi va Havron mintaqasi shunchalik vayron boʻldiki, Damashq aholisi ocharchilikka duch keldi. Ushbu vaziyat faqatgina Turk Bakjur tomonidan boshqarilagan va Himsdan yuboriladigan oziq-ovqat taʼminoti orqali yengillashtirildi[7]. Berber qoʻmondonlarining Damashqni egallash va viloyatda tartib oʻrnatishdagi ketma-ket muvaffaqiyatsizliklari natijasida Fotimiylar sudi Alptakinning sobiq izdoshi Baltakinni Suriyaga navbatdagi yurishga qoʻmondon etib tayinladi. Baltakin Ibn al-Jarrohni magʻlub etib, vizantiyaliklarni himoya qildi. Qassam esa 983-yil boshida Damashqni taslim qilishga va dushman qoʻliga topshirishga majbur boʻldi[1].
Halab uchun bahs
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suriyaning markaziy va janubiy hududlarida Fotimiylar hukmronligi taʼminlangach, xalifa al-Aziz Halabni ham qoʻlga kiritishni maqsad qildi, biroq Ibn Killis tirikligida xalifani bu maqsadidan toʻxtatib qoldi[1]. Halab masalasi murakkab boʻlib, Vizantiya bilan toʻgʻridan-toʻgʻri qarama-qarshilikni keltirib chiqarishi mumkin edi[11]. 969-yildan boshlab Hamdoniylar amirligi Vizantiyaga boʻysungan. Uning hukmdori Saʼd ad-Davla (h. 967–991) bu qaramlikdan norozi boʻldi, ammo Fotimiylarning toʻgʻridan-toʻgʻri bosib olinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun unga rioya qilishga majbur edi. Natijada uning siyosati ikki kuch oʻrtasida oʻzgarib ketdi[12]. Shunga qaramay, Fotimiylar Hamdoniylarning zaifligidan foydalandilar, chunki koʻplab Hamdoniylar tarafdorlari Fotimiylar xizmatiga kira boshladilar. Misol uchun, Roja al-Siqlabiy oʻzining 300 nafar askari bilan Hamdoniylardan ajralib chiqib, Akko va Kesariya gubernatori etib tayinlangan[7].
983-yilda Hamdoniylar hukmdori Bakjur Hims hokimi boʻlgan. Bakjur al-Aziz bilan bevosita aloqa qilib, Damashq gubernatorligi evaziga Halabga qarshi Fotimiylar xizmatiga kirishni taklif qilgan[1]. Nafaqat Himsni, balki Halabni ham egallash imkoniyati paydo boʻlganini koʻrgan al-Aziz Bakjurning taklifiga rozi boʻlgan. U qisqa muddatga taxtdan agʻdarilgan va poytaxtda ocharchilikka olib kelgan hosil yetishmovchiligi tufayli qamoqqa tashlangan[7]. Xalifa Bakjurni qoʻshin bilan taʼminlagan va u bilan sentyabr oyida Halabga hujum uyushtirgan. Saʼd ad-Davla oʻzining generali Bardas Phokasni Halabga yordam berish uchun yuborgan Vizantiya imperatori Vasiliy II Bolgaroboysadan (h. 976–1025) yordam soʻrab murojaat qilishga majbur boʻlgan. Vizantiyaliklar Ibn al-Jarrohning yaqinlashayotganidan ogohlantirilgach, Bakjur Fotimiylar hududiga qochib ketgan. Vizantiyaliklar oktyabr oyida Himsni egallab olishgan va shaharni Hamdoniylar nazoratiga qaytarganlar[1]. 987–988-yillarda Vizantiyaliklar bilan yetti yillik sulh tuzilgan. Unga koʻra, asirlarni almashtirish, Vizantiya imperatorining Fotimiylar hukmronligidagi nasroniylarning himoyachisi, Fotimiylar xalifasi esa Vizantiya nazorati ostidagi musulmonlarning himoyachisi sifatida tan olinishi hamda Konstantinopol masjidida juma namozida Abbosiy xalifasi nomini Fotimiylar xalifasi nomi bilan almashtirilishi nazarda tutilgan edi[11].
Bakjur muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga qaramay, al-Aziz tomonidan Damashq hokimi etib tayinlangan. Ushbu qaror Ibn al-Jarroh tomonidan ham qoʻllab-quvvatlangan. Ikki oydan soʻng, ozodlikka chiqarilgan va oʻz lavozimiga qayta tiklangan Ibn Killis al-Aziz va Ibn al-Jarrohga qarshi harakatga tusha boshlagan. Bakjur oʻzining shafqatsizligi tufayli asta-sekin damashqliklar orasida mashhur boʻlgan. Bir necha muvaffaqiyatsiz urinishlardan soʻng, 989-yilda Ibn Killis, nihoyat, al-Azizni Bakjurni vazirning shaxsiy ghilmānidan biri Yaʼqub as-Siqlabiy bilan almashtirishga koʻndirgan. Bakjur Raqqaga qochib ketgan va u yerdan Halabga muvaffaqiyatsiz hujumlarini davom ettirgan[1]. Shuningdek, Baltakin Haj karvonlariga bostirib kirgan badaviy qabilalarini tinchlantirish uchun yuborilgan va bu Madina shimolidagi Vodiy al-Qurada Fotimiylar garnizonining tashkil etilishiga sabab boʻlgan[7].
991-yilda Ibn Killisning oʻlimidan soʻng, al-Aziz Halab masalasida yanada tajovuzkor pozitsiyani egalladi. U Ibn Killisning qoʻriqchisini lavozimidan boʻshatib, Turk Manjutakinni Damashqqa hokim qilib tayinladi[1]. Hugh Kennedy taʼkidlaganidek, Manjutakinning Damashqqa hokimligi „Suriyaning siyosiy va iqtisodiy geografiyasida“ bir qancha oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Badaviylar tomonidan amalga oshirilgan vayronagarchiliklar tufayli Fotimiylar Suriyadagi dengiz orqali, xususan, Tarobulus ash-Shom orqali oʻz qoʻshinlarini taʼminlab turdilar. Natijada qirgʻoq boʻyidagi asosiy shaharlar XII asrgacha Fotimiylar nazorati va boshqaruvi ostida boʻlgan, shuningdek, shahar savdo markazi sifatida muhim ahamiyat kasb etgan[7].
Manjutakin Hamdoniylar amirligiga bostirib kirdi. 992-yil iyun oyida Antioxiya qoʻshinlari Michael Bourtzes Vizantiya qoʻshinini magʻlub etdi va Halabni qamal qildi. Biroq qamalni mustahkam ravishda ushlab tura olmadi. Shu sababli shahar dushman qamaliga osonlikcha qarshilik koʻrsata oldi. 993-yil bahorida, oʻn uch oylik yurishlardan soʻng, Manjutakin taʼminot yoʻqligi sababli Damashqqa qaytishga majbur boʻldi[12]. 994-yilning bahorida Manjutakin yana bir bosqinni boshladi, sentyabr oyida Orontes jangida Bourtzesni yana magʻlub etdi va yana Halabni qamal qildi. Bu safar qamal ancha samarali amalga oshirildi, oradan koʻp oʻtmay yana oziq-ovqat taʼminotida muammolar yuzaga keldi. 995-yil aprelda Vizantiya imperatori Vasiliy II Bolgaroboysa shaharga shaxsan oʻzi tashrif buyurdi[12]. Vasiliy II ning oʻzi qoʻshin boshida turib Onadoʻlini atigi oʻn olti kun ichida kesib oʻtdi. Uning toʻsatdan kelishi va qoʻshin tarkibidagi askarlar sonining boʻrttirib koʻrsatilishi Fotimiylar qoʻshinida vahima uygʻotdi. Natijada, Manjutakin oʻz qarorgohini yoqib yubordi va jang qilmasdan turib Damashqqa chekindi[12].
Vizantiyaliklar Tarobulus ash-Shomni qamal qilishdi, lekin uni qoʻlga kirita olmadilar. Shunday boʻlsa-da, Fotimiylar shahar ustidan nazoratni yoʻqotdilar[11]. Shundan soʻng Vizantiya imperatori Tartusni egallab, nazoratni mustahkamladi[11]. Voqealarni kuzatib turgan al-Azizning oʻzi Qohirada keng koʻlamli tayyorgarlik ishlarini boshlab, vizantiyaliklarga qarshi maydonga tushishga tayyorlandi[11]. U 995-yil sentyabr oyida sulh boʻyicha takliflar olib borgan Vizantiya va Hamdoniy elchixonalarini qabul qildi, ammo ular tomonidan berilgan takliflarni rad etdi[11]. Al-Aziz tomonidan Qohirada koʻrilayotgan jangga tayyorgarlik ishlari yongʻin natijasida vayron boʻlgach, shaharda nasroniylarga qarshi pogrom boshlab yuborildi[7]. Manjutakinga Tartusni qaytarib olish buyrugʻi berildi, biroq arman garnizoni Manjutakinning hujumlarini toʻxtatib qolishga erishdi. Qamalga yordam berish uchun yuborilgan Fotimiy floti qirgʻoq yaqinidagi boʻrondan omon chiqmadi[11]. Al-Aziz 996-yil 14-oktyabrda oʻz yurishlarini amalga oshirmasidan oldin vafot etdi[7]. Vizantiya-Fotimiy mojarosi esa uning vorislari hukmronlik davrida 1000-yilda oʻn yillik sulh tuzilgunga qadar davom etdi[11].
Arabistonning kengayishi va Shimoliy Afrikadan chekinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Suriya bilan bir qatorda al-Aziz Arabiston yarim orolida ham Fotimiylar taʼsirini kengaytirish harakatlariga rahbarlik qilgan. Haj amallarini bajarish uchun yoki gʻarbiy islom dunyosi ziyoratchilari bilan birgalikda Qohiradan yoʻlga chiqayotgan karvonlar, ziyorat uchun zarur boʻlgan katta xarajatlarga qaramay, Fotimiylar nazorati va himoyasi ostida boʻlgan[7]. Makka amirlari, garchi amalda avtonom boʻlsalar ham, Misr Fotimiylar tomonidan bosib olinganidan beri ularga boʻysunishgan[13]. 975-yilda al-Mu’izzning oʻlimidan keyin Makka sharifi Fotimiylarning ular ustidan hukmronligini rad etishiga sabab boʻldi. Katta ehtimol bilan bu ish Qarmatiylarning daʼvati bilan amalga oshirilgan boʻlishi mumkin, ammo keyinchalik Fotimiylar nazoratni tezda qoʻlga olgan[13].
Nihoyat, 992-yilda Fotimiylar Yamanda xalifa sifatida eʼtirof etildi[7] va hatto ularning eski dushmanlari, bahraynlik qarmatiyaliklar ham Fotimiylarni xalifa sifatida tan olish uchun ularning huzuriga kelishdi[7]. Kennedyning soʻzlariga koʻra, bunday diplomatik harakatlar al-Aziz tomonidan Ibn Killisning oʻlimidan soʻng olib borilgan tashqi siyosatning eng samarali natijasi boʻlgan. Bu esa uning ikki asosiy davlat mas’uliyatini oʻz zimmasiga olishga qodirligi va tayyorligini koʻrsatgan[7].
Al-Aziz Billoh 996-yil 13-oktyabrda vafot etgan. Uning oʻrniga oʻgʻli Abu Ali al-Mansur (996–1021) xalifa etib tayinlangan.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Al-Azizning turmush oʻrtoqlari haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas[2]. 970-yilda tugʻilgan Sitt al-Mulk xalifaning tirik qolgan eng katta farzandi boʻlgan. Sitt al-Mulkning onasi manbalarda umm valad sifatida koʻrsatilgan. Bundan koʻrinib turibdiki, u al-Azizga oʻgʻil tugʻib bergan, biroq bola goʻdakligidayoq vafot etgan. Manbalarda uning nomi Sayyida al-Aziziya (maʼnosi: Azizning xonimi) deb berilgan. Sayyida al-Aziziya 995-yilda vafot etgan[2]. 979-yilda al-Aziz oʻzining amakisi yoki togʻasining qiziga uylangan (aynan qanday qarindoshligi nomaʼlum)[2]. Shuningdek, xalifaning uchinchi xotini ham boʻlib, u vizantiyalik nasroniy yunon al-Hakimning onasi boʻlgan[2].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 1,13 1,14 1,15 1,16 1,17 1,18 1,19 1,20 1,21 1,22 1,23 1,24 1,25 1,26 1,27 1,28 1,29 1,30 1,31 1,32 1,33 1,34 1,35 1,36 Canard 1960.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Halm 2015.
- ↑ Cortese & Calderini 2006.
- ↑ Daftary 2007.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 Lev 1987.
- ↑ Samy S. Swayd. Historical dictionary of the Druzes, illustrated, Scarecrow Press, 2006 — xli-bet. ISBN 0810853329. Qaraldi: 2012-yil 4-aprel. „The fifth caliph, al-'Aziz bi-Allah (r.975-996). . . In his time, the Fatimi "Call" or "Mission" (Da'wa) reached as far east as India and northern China.“
- ↑ 7,00 7,01 7,02 7,03 7,04 7,05 7,06 7,07 7,08 7,09 7,10 7,11 7,12 7,13 7,14 7,15 7,16 Kennedy 2004.
- ↑ Bacharach 1975.
- ↑ 9,0 9,1 Brett 2001.
- ↑ Wilson, John Francis. (2004) ibid p 122
- ↑ 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 11,7 Lev 1995.
- ↑ 12,0 12,1 12,2 12,3 Stevenson 1926.
- ↑ 13,0 13,1 Halm 2003.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bacharach, Jere L. (1975). "The Career of Muḥammad Ibn Ṭughj Al-Ikhshīd, a Tenth-Century Governor of Egypt". Speculum 50 (4): 586–612. doi:10.2307/2855469. ISSN 0038-7134. https://archive.org/details/sim_speculum_1975-10_50_4/page/586.
- Bianquis, Thierry. Damas et la Syrie sous la domination fatimide (359-468/969-1076): essai d'interprétation de chroniques arabes médiévales. Tome premier (French). Damascus: Institut français de Damas, 1986. ISBN 978-2-35159130-7.
- Brett, Michael. [[[:Andoza:Google Books]] The Rise of the Fatimids: The World of the Mediterranean and the Middle East in the Fourth Century of the Hijra, Tenth Century CE], The Medieval Mediterranean. Leiden: BRILL, 2001. ISBN 978-90-04-11741-9.
- "Encyclopaedia of Islam (12 vols.)" (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 1960–2005. http://dx.doi.org/10.1163/1573-3912_islam_SIM_0953.
- Cortese, Delia. Women and the Fatimids in the World of Islam. Edinburgh: Edinburgh University Press, 2006. ISBN 0-7486-1733-7.
- Gil, Moshe. A History of Palestine, 634–1099. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-59984-9.
- Halm, Heinz „Prinzen, Prinzessinnen, Konkubinen und Eunuchen am fatimidischen Hof“, . The Heritage of Arabo-Islamic Learning. Studies Presented to Wadad Kadi (de) Pomerantz: . Leiden and Boston: Brill, 2015 — 91–110-bet. ISBN 978-90-04-30590-8.
- Lev, Yaacov (1987). "Army, Regime, and Society in Fatimid Egypt, 358–487/968–1094". International Journal of Middle East Studies 19 (3): 337–365. doi:10.1017/S0020743800056762. https://archive.org/details/sim_international-journal-of-middle-east-studies_1987-08_19_3/page/337.
- Lev, Yaacov. [[[:Andoza:Google Books]] State and Society in Fatimid Egypt]. Leiden: Brill, 1991. ISBN 90-04-09344-3.
- Lev, Yaacov (1995). "The Fatimids and Byzantium, 10th–12th Centuries". Graeco-Arabica 6: 190–208. OCLC 183390203.
- Salibi, Kamal S.. Syria Under Islam: Empire on Trial, 634–1097, Volume 1. Delmar: Caravan Books, 1977. ISBN 9780882060132.
- Stevenson, William B. „Chapter VI. Islam in Syria and Egypt (750–1100)“, . The Cambridge Medieval History, Volume V: Contest of Empire and Papacy Bury: . New York: The Macmillan Company, 1926 — 242–264-bet.
- Walker, Paul E. (1995). "Succession to Rule in the Shiite Caliphate". Journal of the American Research Center in Egypt 32: 239–264. doi:10.2307/40000841.
- Faraq, Wesam (January 1990). "The Aleppo question: a Byzantine-Fatimid conflict of interests in Northern Syria in the later tenth century A.D.". Byzantine and Modern Greek Studies (Birmingham: University of Birmingham) 14 (1): 44–60. doi:10.1179/byz.1990.14.1.44.