Kontent qismiga oʻtish

Lalmikon tuz koni

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Lalmikon tuz koni - Qashqadaryo viloyatining jan.-sharqidagi kon. Dehqonobod shaharchasidan 50 km janubda, Turkmaniston chegarasiga yaqin joyda. Sigmoid koʻrinishidagi antiklinaldan iborat. Antiklinalning uz. 6–8 km, eni 1—2,5 km. Tuz qatlamlari oʻrta qismida yer yuzasigacha koʻtarilgan. Antiklinalning qanotlarida esa tuz 200–2000 m gacha qalinlikdagi gilmoya, alevrolit, qumtosh va ohaktoshlar tagida, neogen va yuqori yura davri yotqiziqlari orasida uchraydi. 1950— 60 yillarda geologlar yuqori yura davri yotqiziqlaridagi osh tuzi qatlamlari orasida 600–1000 m chuqurlikda qishloq xoʻjaligi uchun zarur mineral oʻgʻit hisoblangan kaliy tuzining 3–5 m li qatlamlari borligini aniqladilar. Tuz qatlamlaridagi kaliy xloridning miqdori 32— 35%ni tashkil etadi. Kondagi osh tuzining zaxirasi bir necha mlrd. t, kaliy tuziniki — 200 mln. t dan ziyodligi maʼlum. Tuz qatlamining qalinligi 400–450 m. Baʼzi joylarida yer osti suvlari taʼsirida tuz yuvilib gʻorlar paydo boʻlgan. Lalmikon tuz konik. karvon yoʻli yoqasida joylashganligi uchun 10—13-asrlarda u yerdan qazib olingan tuzni savdogarlar Afgʻoniston, Hindiston va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlariga, Buxoro, Xorazm va Fargʻona vodiysi shaharlariga olib borib sotganlar. Bu tuz "samarqand tuzi", "qarshi tuzi" nomi bilan mashhur boʻlgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil