Kontent qismiga oʻtish

Toshkent teleminorasi

Koordinatalari: 41°20′44.05″N 69°17′4.57″E / 41.3455694°N 69.2846028°E / 41.3455694; 69.2846028
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Toshkent Teleminorasidan yoʻnaltirildi)
Toshkent teleminorasi
Ташкентская телебашня (Ruscha)

Toshkent teleminorasi
Umumiy maʼlumot
Turi TV-translation, Radio-translation, communication, hydrometeorological research
Joylashuvi Toshkent, Oʻzbekiston
Balandligi
Antenna / Shpil 375 m (1,230.3 ft)
Eng yuqori qavati 97 m (318.2 ft), observation deck
Texnik holati
Liftlar soni 3
Dizayn va konstruksiya
Meʼmor Y.P. Semashko, I.N. Terziev-Tsarukov
Asosiy pudratchilar E.P. Morozov, M.D. Musheev
Toshkent teleminorasi
Pochta markasi (2000-yil)

Toshkent teleminorasiOʻrta Osiyodagi eng baland bino. Uning balandligi 375 metrdir. Rasmiy tilda Toshkent teleminorasi H-375m obyekti deb ataladi. Teleminora 1978-yildan boshlab, 6 yil davomida qurib bitilgan. 1985-yilning 15-yanvarida ishga tushirilgan.

Minora haqida maʼlumot

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Teleminora tarxi
Qurilish boshlangan yil 1978
Teleminora Mualliflari Y.P. Semashko va N.G. Terziyev-Sarukov
Konstruktorlar Y.P. Morozov va M.D. Musheyev
Qurilish vaqti 6 yil
Ishga tushirlgan vaqti 15-yanvar 1985-yil
Teleminora balandligi 375 metr
Teleminora poydevorining balandligi 11 metr
Umumiy massasi 6000 tonnadan ortiqroq
Hajmi 55500 m3
Qurilishda ishlatilgan materiallari Payvandlangan poʻlat
Inshoot mustahkamligini taʼminlash usullari Har biri 93 metrlik uchta konussimon oyoqlar
Tarqatiluvchi davlat telekanallari soni 4
Tarqatiluvchi davlat radiokanallari soni 5
Aylanuvchi ikki zalli „Koinot“ restorani, balandlik 120 metr
Tomosha maydoni, balandlik 115 metr
Tezkor liftlar soni (tezligi 4,8 m/s’dan kam emas) 3

Ishga tushirilayotgan paytida Toshkent teleminorasi jahonda balandligi boʻyicha toʻrtinchi oʻrinda turgan. Oʻshanda u Toronto, Moskva, Nyu-York va Tokiodagi inshootlar qatorida dunyoning buyuk minoralari xalqaro federatsiyasining a’zosiga aylangan. Bugungi kunda u Markaziy Osiyoning shu xildagi yagona va eng baland binosi hisoblanadi. MDH davlatlari teleminoralari ichida esa, Ostankinodan keyingi ikkinchi oʻrinni egallaydi.[1]

XX asrning 60-yillariga kelib televideniye va radio O‘zbekiston madaniy hayotida mustahkam joy egallay boshladi. 1957-yilda bunyod etilgan 180 metrlik birinchi Oʻzbekiston telemarkazi 4 millionlik poytaxt va Toshkent viloyati aholisi ehtiyojini yetarlicha qondirish, televizion koʻrsatuvlarni koʻpaytirish va togʻli tumanlarga dasturlarni yetkazishga ojizlik qilib qoldi.

1971-yilning 1-sentyabrida Oʻzbekiston Aloqa vazirligi (hozirgi Respublika Aloqa va axborotlashtirish agentligi) tasarrufida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi qurilishi direksiyasi tashkil etildi. Qisqa fursat ichida yangi teleminora loyihasini tayyorlashga kirishildi. Loyiha juda sinchkovlik bilan oʻrganildi, qayta-qayta sinovlardan oʻtkazildi. Chunki bunday balandlikdagi inshoot qurilishi hali tajribada boʻlmagandi. 1978-yilda teleminora qurilishi boshlandi.

Har qanday inshootning mustahkamligi albatta poydevoriga bogʻliq. Teleminoraning toʻrt tayanchi va unga tutashgan uchta oyoqlari 11 metrlik chuqurlikdan koʻtarilib chiqilgan, bir-biri bilan bogʻlanmagan temir-beton asoslarga tayangan boʻlib, muvozanatini oʻta yuqori darajada ushlab turishga qodir klassik tizim yaratildi.

Teleminora qurilishi “11-Balandqurilish” boshqarmasi quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. 1984—1985-yillardagi qahraton qish sharoiti, balandlik va muntazam shamol, tobora yuqorilab borayotgan qurilmalar nishab oʻlchovini toʻgʻri olish oson kechmadi. Qurilishda Rossiyalik mutaxassislar ham faol ishtirok etishgan. Minora qurilishi 25 tonna yukni 240 metr balandlikka koʻtarish qobiliyatiga ega boʻlgan maxsus kran yordamida amalga oshirilgan[2].

1985-yil 15-yanvarda Poytaxtning Yunusobod tumani Boʻzsuv yoqasida Toshkent teleminorasi qad rostladi, inshootning eng baland nuqtasida bayroq hilpiray boshladi.

Teleminora raqamlarda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Balandligi — 375 m. (14 ta toʻqqiz qavatli uy va yana bitta bir qavatli uyning umumiy balandligi bilan teng) Poydevor chuqurligi — 11 m Qurilmaga tirgak boʻlib turgan poʻlat oyoqlar uzunligi — 93 m Poʻlat oyoqlar poydevori diametri — 15 m Teleminora qurilish materiali — yaxlit payvandlangan po‘lat Minoraning ogʻirligi (jihozlarsiz) — 6000 tonna. (Bu 6192 dona „Gentra“ avtomobilining jamlangan ogʻirligiga teng.)

Teleminoraga chiqish uchun Shveysariyaning uchta „Shindler“ lifti oʻrnatilgan boʻlib, ularning tezligi 1 soniyada 4,8 metrni tashkil qiladi.[3]

Teleminorada sayyohlar uchun tomosha maydonchasiga ekskursiya va „Koinot“ restorani xizmatlari yoʻlga koʻyilgan. 2019-yil noyabrdan boshlab teleminoraga tashrif buyuruvchilardan shaxsni tasdiqlovchi hujjat soʻrash tartibi bekor qilindi. Yaʼni endi teleminoraga pasportsiz kirish mumkin.

Shu bilan birga, mehmonlarga yanada kulaylik yaratish maksadida QR-kodli tizim qurilmalari oʻrnatildi. Minoraning 100 metr balandligida tomosha maydonchasi va 105 metr balandlikda „Koinot“ restoranining „Moviy“ zali faoliyat koʻrsatyapti.

Ish vaqti — har kuni 10:00 dan 20:00 gacha. Chipta narxi kattalar uchun 40 ming soʻm, 7-16 yoshgacha boʻlganlarga esa 20 ming soʻmni tashkil etadi.

Qishki mavsumda kuniga 200-300 nafar tashrifchi keladi. Boshqa vaqtlari esa tashrif buyuruvchilar soni 1500 nafardan ham oshadi.

100 metr balandlikdagi tomosha maydonchasida shahar manzarasini tomosha qilish uchun bir nechta binokulyarlar oʻrnatilgan. Undan foydalanish uchun jeton tashlanadi. Bitta jeton narxi 2 ming soʻm.

105 metr balandlikdagi „Koinot“ restorani har 45 daqiqada bir marta aylanadi. Mehmonlar taom tanovul qilish asnosida shaharni yuqoridan toʻliq tomosha qilib olishlari mumkin.

Minora qoʻllanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent teleminorasining asosiy vazifalari tele- va radiouzatuvdir. Signal Toshkent shahri, Toshkent viloyati, qisman Sirdaryo viloyati hamda Qozog'iston janubiga uzatiladi. Bundan tashqari gidrometeorologiya xizmati ham oʻtaladi.

41°20′44.05″N 69°17′4.57″E / 41.3455694°N 69.2846028°E / 41.3455694; 69.2846028