Kontent qismiga oʻtish

Koʻkaldosh madrasasi (Toshkent)

Koordinatalari: 41°19′24″N 69°14′10″E / 41.32333°N 69.23611°E / 41.32333; 69.23611
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Ko'kаldоsh mаdrаsаsidan yoʻnaltirildi)
Madrasa
Koʻkaldosh madrasasi
Koʻkaldosh madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Toshkent
Manzil Chorsu maydoni, Navoiy koʻchasi, 46-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Toshkent shahar Madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida.
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Qulbobo koʻkaldosh yoki Darveshxon
Homiylar Qulbobo koʻkaldosh yoki Darveshxon
Binokorlik 1568-yil—1569-yillar
Maqomi Davlat himoyasida[1]
Holati Oʻrta maxsus islom bilim yurti
Umumiy maydoni 62,7x44,9 metr
Bino maydoni {{{Bino maydoni}}}
Hujralar soni 38

41°19′24″N 69°14′10″E / 41.32333°N 69.23611°E / 41.32333; 69.23611


Koʻkaldosh madrasasiOʻzbekiston Respublikasi Toshkent shahrining tarixiy markazida, Chorsu maydonida joylashgan 2 qavatli madrasa inshooti.

Tashkil etilishi tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasining tashkil etilishi Shayboniylar davrining ikki mashhur shaxsi — Buxoro xonligining nufuzli amaldori Qulbobo Koʻkaldosh va Toshkent hokimi Darveshxonning nomlari bilan bogʻliqdir[2]. Ayrim, asosan, ilmiy-ommabop nashrlarda madrasa XVI asrda Qulbobo Koʻkaldosh tomonidan bunyod etilgan deyilgan va boshqa, ayniqsa inqilobdan oldingi asarlarda u Darveshxon tashabbusi bilan qurilgani yozib qoldirilgan[3].

Koʻkaldosh madrasasi Buxoro xonligi, Toshkent shahri oʻrta asr shahristonining janubiy chekkasida qurilgan, hozirgi koʻcha oʻrni handaq boʻlgan[2].

Tamirlash ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasi XVIII asrning 1-choragida qarovsiz holga kelib qolgan va karvonsaroy sifatida foydalanilgan (1735). 1866- va 1886-yillardagi zilzilalar oqibatida vayron boʻlgan peshtoqi qayta tiklangan. 1946-yilgi zilziladan ham qattiq shikastlangan. Madrasa 1930–1960-yillarda butunlay qayta taʼmirlangan. Guldastalarining balandligi 2-qavat bilan deyarli tenglashtirilgan. Bir necha bor taʼmirlanishi natijasida madrasaning tashqi koʻrinishi oʻzgarib ketgan. Madrasaning old tomonida anʼanaviy usulda zinapoya ishlangan[2].

1998-yildan binoning muhandislik ustuvorligini taʼminlash, tashqi va ichki tarzlarini asl holiga keltirish va atrofini obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan 2008-yilda Koʻkaldosh madrasasining kirish peshtoqi va old qismi taʼmirlangan[2].

Koʻkaldosh madrasasi 1991-yildan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufiga oʻtkazilib, binoda shu idoraga qarashli oʻrta maxsus islom bilim yurti oʻz faoliyatini boshlagan[2].

Ko'kaldosh madrasasi yon tarafdan ko'rinishi

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Binoni qurishda anʼanaviy kompozitsiyaga rioya qilingan: chorsi hovlisi keng, hujralar va ochiq ayvonlar bilan oʻralgan. Hovlining П-simon yoʻllari hujralarni (darsxonalarni) masjid bilan ulaydi. Hujralar soni 38 ta boʻlgan[2].Ushbu madrasa, Toshkentdagi eng chiroyli madrassalaridan biri deb hisoblanadi.

Madrasa dastlab 3 qavatli boʻlgan. Darvozadan kiraverishda chapda masjid, oʻngda darsxona joylashgan. Masjid va darsxonalarning usti oʻzaro kesishgan ravoqlarga oʻrnatilgan gumbazlardan iborat boʻlgan. Miyonsaroy 7 gumbazli. Meʼmorlar madrasani bezashda, asosan, binoning old tomoniga eʼtibor berishgan. Sirkor parchin va girih naqshlar bilan bezatilgan hashamatli peshtoqning ikki yoniga ikki qavatli ravoq ishlangan. Ikkinchi qavatdagi hujralar faqat peshtoqning ikki yonidagina saqlangan. Bosh tarzining ikki burchagidagi guldastalar bilan yakunlanib, tepasiga qafasa oʻrnatilgan[2].

Koʻkaldosh madrasasining umumiy oʻlchami 62,7x44,9 metr, hovlisi — 38x26,9 metr, peshtoqi bilan birga balandligi 19,73 metr[2].

Koʻkaldosh madrasasida tahsil olgan mashhur shaxslar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻkaldosh madrasasi hujralaridan birida Furqat 1889–1891-yillarda Toshkentda boʻlgan vaqtda bir muddat shu madrasada yashagan. Hamza 1910–1911-yillarda madrasa hujralaridan birida istiqomat qilgan[2].

  • Sultonov Oʻ. A.. Muhammad Solihxoʻja va uning „Tarixi jadidayi Toshkand“ asari. Toshkent: Oʻzbekiston, 2009 — 269-bet. ISBN 978-9943-01-077-2. 
  • Toshkent ensiklopediya. Toshkent: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2009 — 784-bet. ISBN 978-9943-07-096-7. .
  • Султонов У. А.. К истории образования и деятельности вакфной администрации медресе Кукельдаш (XVI — начало XX в.) (ВОСТОК (ORIENS) 2013 №5), 2013. .