Kontent qismiga oʻtish

Madaminbek

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madaminbek
Madaminbek (Muhammad Aminbek Ahmadbek oʻgʻli)
Tavalludi 1893
Marg‘ilon atrofidagi So‘kchilik qishlog‘i
Vafoti 20-may 1920
Qorovul qishlog‘ida o‘ldirilgan
Faoliyat yillari 19161920
Unvoni
  • Farg‘ona qo'shinlarining bosh qo‘mondoni
  • Muvaqqat Fargʻona hukumati raisi
  • Amiral-muslimin

Madaminbek, Muhammad Aminbek Ahmadbek oʻgʻli (1893, Margʻilon yaqinidagi Soʻkchilik qishlogʻi — 1920.14.5, Fargʻona vodiysidagi Qorovul qishlogʻi) — Turkistonda sovet rejimiga qarshi kurash harakati namoyondalaridan biri (1918—20), Muvaqqat Fargʻona hukumati raisi (1919—20). Boshlangʻich maktabda savod chiqargach, mahalliy boylar va ruslarning savdo doʻkonlarida ishlagan. Birinchi jahon urushi arafasida podshoga qarshi faoliyati uchun politsiya tomonidan qoʻlga olinib, 14 yilga Sibirdagi Nerchinsk degan joyga badarg'a qilingan (1914). 1917-yil fevral inqilobidan keyin Madaminbek ozodlikka chiqqan. "Shoʻroi Ulamo" tashkilotining rahbarlari uni Margʻilon shahri mirshablari boshligʻi lavozimiga tavsiya qilishgan. Turkistonda bolsheviklar hokimiyatni zoʻravonlik bilan egallagach, Fargʻona viloyati harbiy komissari K. Osipov uni Margʻilon militsiyasi boshligʻi etib tayinlaydi. Biroq sovet rejimining siyosati Madaminbekni ozodlik uchun kurashga undagan. 1918-yil mart oyining boshlarida u oʻz militsionerlari bilan bolsheviklarga qarshi kurashuvchilar safiga oʻtgan. Madaminbek 1000 — 1500 yigit toʻplab, Margʻilon va Toshloq atroflarida qizil askarlarga qarshi dastlabki janglarni boshlagan.

1918-yil yanvarda Madaminbek qoʻl ostida 16000 kishidan iborat qoʻshin boʻlgan boʻlsa, oʻsha yil kuzida ularning soni 30000 kishidan ortib ketgan. Madaminbek xalq orasida katta obroʻga ega boʻlgan. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda oʻz siyosiy boshqaruv usulini oʻrnatgan. Andijon uyezdidagi Oyimqishloq (hozirgi Andijon viloyati Jalolquduq, tumani)da boʻlgan Fargʻona vodiysi qoʻrboshilarining qurultoyida (1918-yil noyabr) milliy ozodlik harakati qatnashchilarining Oliy bosh qoʻmondoni etib saylangan.

1918-yilning oxiridayoq mustaqil harakat qilishga urinayotgan yirik qoʻrboshilarning faoliyatini Madaminbek boshqarishga muvaffaq boʻldi. Madaminbek yigitlari oʻrtasida harbiy intizom kuchli edi. Uning yigitlari qizil armiyaga qarshi jang qilish bilan bir qatorda bosqinchi va talonchilardan iborat ayrim mahalliy kichik toʻdalarga qarshi ham shafqatsiz kurashganlar.

Madaminbek 1919-yil 2-sentabrda Jalolobodda K. Monstrov bilan ittifoq tuzgan (qarang Krestyanlar armiyasi). 1919-yil sentabr — oktabrda uning qoʻshini Jalolobod, Oʻsh va Margʻilonni qizil askarlardan ozod qilgan, biroq Andijon uchun boʻlgan janglarda yengilgan. Madaminbek Buxoro amiri Sayid Olimxon va Xiva xonligining amaldagi hukmdori Junaydxon bilan qizil armiyaga qarshi birgalikda kurashish uchun muzokaralar olib borgan. Afgʻoniston va Turkiyaga oʻz vakillarini joʻnatgan. Rossiyaning Qashqardagi sobiq konsuli Uspenskiy va Buyuk Britaniyaning bosh konsuli P. Eserton orqali Yevropa davlatlari va AQShdan bolsheviklarga qarshi kurash olib borish uchun iqtisodiy va harbiy yordam olishga intilgan. Pomirning Ergashtom ovulida boʻlgan yirik anjumanda (1919.22.10) Madaminbek boshchiligida Fargʻona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzilgan. Madaminbek hukumat boshligʻi boʻlish bilan bir qatorda Oliy bosh qoʻmondon (Amiralmuslimin) etib ham saylangan.

Sovet rejimi va bolsheviklar milliy ozodlik harakatiga qarshi kurashish uchun Rossiya markazidan doimiy ravishda Turkistonga yangi-yangi qizil askar qismlari tashlangan. 1920-yil yanvar oyining oʻrtalariga kelib Fargʻona vodiysida jangovar tashabbus vaqtinchalik qizil armiya qoʻliga oʻtgan. Madaminbek vaqtdan yutish uchun 2-Turkiston oʻqchi diviziyasining boshligʻi N. A. Veryovkin Roxalskiy bilan Skobelev (hozirgi Fargʻona) shahrida yarash bitimini imzolagan (1920.6.3). Madaminbek bilan birga sovet hokimiyati tomoniga uning oʻnlab qoʻrboshilari va 3500 ta yigiti ham oʻtgan. Sovet qoʻmondonligi tomonidan muzokaralar oʻtkazish uchun qoʻrboshilar orasiga yuborilgan Madaminbek Xolxoʻja Eshon buyrugʻi bilan qirgʻizlarning Qorovul o'tlogʻi atrofida xiyonatkorona oʻldirilgan (1920.14.5). Uning qabri hozirgi Qirgʻiziston Respublikasi hududi — Olay vodiysidagi Shigʻay qishlogʻida joylashgan.

Madaminbek sovet rejimi davrida "bosmachi" sifatida nohaq qoralanib, uning faoliyati soxtalashtirilgan. Madaminbekning serqirra faoliyati haqida Oʻzbekiston, Italiya, Germaniya, Turkiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.[1]

  • Ibodinov M., Qoʻrboshi Madaminbek, T., 1993; Oʻzbekistonning yangi tarixi. 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Karimov I., Madaminbek, T., 2002; Rajabov Q. Xaydarov M, Turkiston tarixi (1917—1924), T., 2002.

Qahramon Rajabov.[2]

  1. https://rost24.uz/oz/news/1000
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil