Yormat maxsum
Yormat maxsum (taxminan 1882— 1929) — Fargʻona vodiysida mustabid sovet rejimi va bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurashgan istiqlolchilarning soʻnggi bosh qoʻmondoni (1923—1929). Ulamo oilasida tugʻilib, yoshligida mukammal diniy tarbiya olgan. Yo. m. 1920 yildan boshlab qizil armiyaga qarshi janglarda qatnashib, mohir qoʻrboshi sifatida nom chiqardi. KoʻproqOʻsh uyezdida Olay vohasida harakat qilgan. 1923 y. 17-iyulda Oltiariqdagi Shunkmozor qishlogʻida boʻlgan Fargʻona vodiysi qoʻrboshilarining qurultoyida u Fargʻona istiqlolchilarining bosh qoʻmondoni etib saylandi. Unga amir lashkarboshi unvoni berildi. Ahmad polvon, Qoraboy, Umar Ali, Mama Roʻzi kabi qoʻrboshilar va ukasi Hoji ponsod uning eng yaqin yordamchilari edi. Yo. m. murakkab bir davrda istiklolchilarga rahbarlik qildi. 1923 y. avgustda Soʻx qishlogʻida boʻlgan qurultoydan keyin u oʻz harbiy kuchlarini 2 qismga ajratib, birini Soʻxda qoldiradi, ikkinchi qismini esa Olay vohasiga joʻnatadi. Yo. m. 1924 yilda boʻlgan janglarda asosiy kuchlardan ajralsa ham, u 1925—29 yillarda Margʻilon, Qoʻqon, Soʻx tomonlarda kurashni davom ettirdi. Bu paytda uning ixtiyorida 2000 yigit va 10 ta qoʻrboshi boʻlgan. 20y.larning oxirida uning asosiy qarorgohi Soʻx yaqinidagi Haydarkon qishlogʻi (hoz. Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh viloyati hududida) edi. 1929 y. Haydarkonda boʻlgan janglarning birida Yo. m. mardlarcha halok boʻldi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekistonning yangi tarixi, 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Oʻzbekiston tarixi (1917— 1991), T., 2000.
Qahramon Rajabov.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |