Kontent qismiga oʻtish

Shayx Muxtor Valiy maqbarasi

Koordinatalari: 41°20′22″N 60°33′24″E / 41.33931463004468°N 60.5565316404791°E / 41.33931463004468; 60.5565316404791
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Shayx muxtor valiy maqbarasidan yoʻnaltirildi)
Shayx Muxtor Valiy maqbarasi
Umumiy maʼlumot
Turi maqbara
Joylashuvi Yangiariq tumani, Xorazm viloyati
Manzili Ostona qishlogʻi
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 41°20′22″N 60°33′24″E / 41.33931463004468°N 60.5565316404791°E / 41.33931463004468; 60.5565316404791
Egasi Davlat mulkiga tegishli
Map
Shayx Muxtor Valiy maqbarasi xaritada

Shayx Muxtor Valiy maqbarasi – Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi meʼmoriy yodgorlik (XIV asr). Xorazm viloyatidagi eng katta ziyoratgohlardan biri[1]. Katta va kichik xona hamda goʻrxonadan iborat. Katta xonaning toʻrt tomoni chuqur ravoqli, keyinchalik yonlaridagi hujralarga eshik ochilgan. Kichik xonaning ham burchaklarida hujralar, shuningdek, ziyoratxona qurilgan. Orqasida ikkita goʻrxona, halimxona va omborxona bor. Maqbarada Shayx Muxtor Valiy, uning xotini va yaqin kishilari qabrlari joylashgan. Maqbara hajmi xar xil toʻrtburchak gʻishtlardan qurilgan. Yogʻoch oʻymakorligi bilan nafis bezatilgan toʻrtta eshik saqlanib qolingan, bularning birida usta Zayniddin ibn Odina Muhammadning nomi yozilgan. Muhammad Rahimxon hukmronligi davri (18061825)da taʼmir etilib, yangi bir ustunli ayvon va qorixona qurilgan.

Shayx Muxtor Valiy maqbarasi XIII asrda yashagan islom dinining mashhur ulamo sharafiga qurilgan[1]. Rivoyatlarga koʻra, Shayx Muxtor Valiy Xorazmda islom dinini qayta yoyishda jonbozlik qilgan. Uning qadamjoyi Xivaning Koʻhna Ark majmuasidagi Oq Shayx bobo tepaligi hisoblanadi. Tepalik juda qadimiy boʻlib, qaytadan XVII asr boshlarida barpo qilingan[2]. Tepalikda saqlanib qolgan ikki qavatli uying xarobalari soʻnggi davrga oid qasrning kuzatuv minorasi boʻlib xizmat qilganligini arxeologik qazishma maʼlumotlari dalolat beradi. Tepalikning ichki xonalariga XIX asrda toʻp quyish ustaxonasi va porox saqlanadigan ombor joylashtirilgan[2].

Maʼlumotlarga koʻra, Pahlavon Mahmudga madrasada dars bergan ustozlaridan biri boʻlgan. Manbalarga asosan Shayx Muxtor Valiyning vafoti tarixi „Oftobi olamiyon“ deb keltiriladi. Hijriy 685-yilda (milodiy 1286-yil) vafot etgan[1].

Maqbara Xivadan 20 kilometr janubi-sharqiy tomonda, Ostona qishlogʻida joylashgan[3]. Maqbara dastlab qurilgan vaqtida bir yoki ikki gumbazli kichik sagʻana boʻlgan. Maʼlumotlarga asosan Xiva xoni Muhammad Raximxon I (18061825) Shayx Muxtor Valiyning qabri ustidan maqbara, baland peshtoqli gumbaz, xonaqoh, masjid va qorixonalar, ziyoratchilar, qorilar uchun turar-joylar qurdirtirgan[1]. Maqbaraning fasadi sharqqa qaratib qurilgan, har ikki tomonida kichik va katta masjidlar barpo etilgan. Shuningdek, shayx nomi bilan ataluvchi masjid ham XIII asrda qurilgan boʻlib, XX asrning 1-yarmida sovet hukumati tomonidan buzib tashlgangan[4]. Masjid Said Aloviddin maqbarasi oldida, shaharning markaziy koʻchasida joylashgan. 1988-yilda masjid qayta tiklangan[4].

Shayx Muxtor Valiy maqbarasi 1840-yilda qayta taʼmirlangan[3]. 1975, 1991, 1997, 2011-yillarda esa restavratsiya qilingan[3]. Shayx Muxtor Valiy maqbarasi Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyingi yillarda qayta mukammal taʼmirlangan, peshtoq va ayvon koshin bilan qoplangan. Maqbara atrofida 700 yildan ortiq mavjud boʻlgan tut daraxtining oʻrni saqlanib qolgan[1].