Kontent qismiga oʻtish

Sulton Saodat majmui

Koordinatalari: 37°15′48″N 67°18′33″E / 37.26335°N 67.30922°E / 37.26335; 67.30922
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Sulton saodat majmuidan yoʻnaltirildi)
Sulton Saodat majmuasi

Sulton Saodat majmuasi
Eski nomlari Sulton as-Sodot
Muqobil nomlari Sultoni Sodot
Umumiy maʼlumot
Maqomi majmua
Shahar Termiz
Mamlakat Oʻzbekiston
Koordinatalar 37°15′48″N 67°18′33″E / 37.26335°N 67.30922°E / 37.26335; 67.30922
Qurilishi boshlangan X asr
Qurilishi tugagan XVII asr

Sulton Saodat majmui — Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (1017-asrlar). Termiz shahridan uch km shimoli-sharqda, Surxon daryosining oʻng qirgʻogʻida joylashgan bu ziyoratgoh 7 asr davomida shakllangan.

Sulton Saodat yoki Sulton Sodot majmuasining arabcha nomi „Sulton as-Sodor“, forschasi esa „Sultoni Sodot“ yaʼni sayyidlar sultoni degan maʼnoni anglatadi. Majmua termiz shahri sayyidlarining sulolaviy xilxonasi hisoblanadi. Qurilish ishlari X-XIII asrlar oraligʻida amalga oshirilgan.

Majmua 20 ga yaqin maqbarani oʻz ichiga olgan. Unda Sayyidlar sulolasining maqbaralari joylashgan. Asosiy maqbaralarning ichki oʻlchami birinchisi 10 x 10 metr, ikkinchisininki 9 x 9 metr boʻlib, ikkalasini birlashtiruvchi gumbaz ostida keng maydon masjid joylashgan. Dastlab shu atrofdagi yerlar egasi, paygʻambar avlodlaridan boʻlmish Hasan al Amir (9-asr 2-yarmida vafot etgan) va boshqa bir manbada Amir Sayyid Ali Akbar[1][2][3][4][5][6] maqbarasi bunyod etilgan. Xalq orasida Sulton Saodat majmuasi nomi bilan mashhur boʻlgan maqbaralar 10-asrda, qolganlari, asosan, 15—17-asrlarda yonmayon qurilib, uzun hovlining 2 tomonini egallagan. Maqbaralar peshtoq va gumbazli chorsi xonalar (9 × 9,05 metr va 10,15 × 10,25 metr) dan iborat. Hovlining toʻridagi peshtoq va ikki qanotidagi gumbazli maqbaralar bir xil tarxda, janubidagi maqbara zinalar hisobiga kichikroq koʻrinadi. Shimoli-gʻarbidagi maqbaraning qurilma va bezaklari oddiy gʻisht (27 ×27 × 5 sm) dan juft-juft qilib terilib, mavjli bezak hosil qilingan. Ichki xona devorlariga gʻishtdan hoshiyali boʻrtma ravoqlar ishlangan. Janubi-gʻarbdagi maqbara shimoli-gʻarbdagidan bir oz kichik, koʻrinishi oddiy, ganch suvoqli qilib bezaklangan. Mazkur 2 maqbara orasidagi peshtoqli supa toʻriga mehrob joylashtirilgan. Sirkor koshinlar binoga alohida husn bagʻishlagan. 15 —17-asrlarda qurilgan maqbaralarda oʻsha davrga xos yulduzsimon girih naqshlar, ganchkori bezaklar keng qoʻllangan. Majmua mustaqillikdan keyin taʼmirlanib, ziyoratgohga aylantirilgan[7].

Sulton Saodat majmuasi gʻarb-sharq oʻqi boʻylab 70 metrga choʻzilgan. Majmuaning birinchi eng katta maqbarasi „Sodoti buzruk“ (Sayyidlar ulugʻi) yoki „Sultoni solot“ (Sayyidlar sultoni) maqbarasidir. Bu maqbara XIII asrning 30-yillarida bunyod etilgan.

XV asrning ikkinchi yarmida majmuada yana ikkita inshoot qurilgan va ular oʻzaro ayvonlar bilan birlashtirilgan. XVI-XVII asrlarda esa ichki hovlilar qurib, bezaklangan[8].

Mirzo Ulugʻbek hukmronlik davrida ham majmua qayta taʼmir qilingan. Termizlik sayyidlar qabri ustida barpo etilgan xilxona Gumbazi Sayyidon nomi bilan atala boshlangan.

Majmua tarkibidagi eng soʻnggi tarixiy sagʻana bu Abdulmaoliyga tegishli boʻlib, Termiz sayyidlarning eng eski shajaranoma variantlaridan biri ham shu yerda saqlangan[9].

Taʼmirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sulton Saodat majmuasi 2002-yilda Islom Karimov tashabbusi bilan qayta taʼmirlangan[9].

2019-yil 6-aprelda majmua Shavkat Mirziyoyev tashrifi vaqtida taʼmirlangan. Tashrif davomida majmuani taʼmirlash va uning tarixini oʻrganish boʻyicha bir qator koʻrsatmalar berilgan. Shu koʻrsatmalar asnosida yangi masjid bunyod etilgan. Majmua atrofi obod qilingan[10].

  1. „Dastur al Mulk“ (Guide to Kings) (XVII sentury) by Khwaja Samandar Muhammad ibn Baqi al-Termizi, translator professor of history Jabbor Esonov, „Sharq“, Tashkent 2001, page 22
  2. „Durdonahoi Nasr“ book, „Adib“, Dushanbe 1985, page 375
  3. "Sayyidlar Shajarasi", „Islamic university“, Tashkent 2017, page 14
  4. „Sulton Sodot Amir Sayyid Ali Akbar“. Shajara.[sayt ishlamaydi]
  5. "Buyuk Termiziylar" (Buyuk Termiziylar) book by Mirzo Kenjabek, „Uzbekistan National encyclopedias“ 2017, page-267
  6. https://shajara.org/sulton-sodot-saodat-amir-sayyid-ali-akbar/ (Wayback Machine saytida 2022-02-24 sanasida arxivlangan) SULTON SODOT (SAODAT) AMIR SAYYID ALI AKBAR ibn SAYYID IMOM MUHAMMAD AL-ASKARIY AL-BAAJ SABAЪ DUJAYL
  7. "Sulton Saodat majmui" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  8. „Sulton Saodat me’moriy majmui“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
  9. 9,0 9,1 F.Abduxolikov; A.Hakimov; B.Abduhalimov; B.Bobojonov; A.Mansurov. O'zbekiston obidalaridagi bitiklar: Surxondaryo, Kolor Pak MCHJ, Toshkent: Uzbekistan today, 2015-yil — 207-208-bet. ISBN 978-9943-4509-6-7. 
  10. „Sulton Saodat majmuasi: go‘zal ziyoratgohga aylantiriladi“. surxon tongi (2023-yil 17-yanvar).