Kontent qismiga oʻtish

Chashmai Ayyub

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Chashmai Ayyub maqbarasidan yoʻnaltirildi)
Chashmai Ayyub
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi ziyoratgoh
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XII
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1
Chashmai Ayyub

Chashmai ayyub (forscha: چشمه ایوب) — Buxorodagi meʼmoriy yodgorlik (1208—1209[1], 1379—1380-yillar). Buxoro shahrining shimoliy-gʻarbiy qismida joylashgan maqbara (mazorot). XII asr boshlari qoraxoniylar davrida qurilgan. Amir Temur davrida XIV asrda qayta taʼmirlanib, hozirgi shaklga keltirilgan[2]. Hozirgi kunda Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan. 39°46′42″N 64°24′10″E / 39.7782664°N 64.4026628°E / 39.7782664; 64.4026628

Chashmai Ayyub maqbarasi
Chashmai Ayyub ichidagi quduq
Chashmai Ayyub

Chashmai Ayyub baʼzan maqbara sifatida ham tilga olinadi. Aslini olganda ushbu obida Ayyub paygʻambarining qadamjosidir. Mazkur obida bir necha asrlar davomida qurilgan. Obyektning eng qadimgi qismi XII asrga borib taqaladi. Mazkur davrda saqlanib qolgan lavhda 1380-yil sanasi oʻyib yozilgan. XVI asrga oid peshtoqlarda yozuvlar ham mavjud. Bino Amir Temurning Xorazmga qilgan yurishidan soʻng xorazmlik ustalar tomonidan bunyod etilgan[3]. Chashmai Ayyub mozori ham boʻlgan. Amir Temur davrida Amir Hajjoj degan kishi tomonidan bunyod etilgan va hozirgi kunda ham mavjud maqbara binosi ostida qolib ketgan. Buxoro xoni shayboniy Abdullaxon II davrida bino qaytadan toʻla taʼmirlangan va qurilish ishlari yakuniga yetkazilgan. Obidaning bosh fasadi sharq tomonga qaragan va ichkarida maxsus quduq joylashgan xona bor. Quduq joylashgan xona orqasida mehrob boʻlib, aynan shu xonada Ayyub paygʻambarning sagʻanasi yaʼni qadamjosi mavjud. Goʻrxonadagi eshik yuqorisida kitoba bitik boʻlib, Ayyub paygʻambarning Buxoroga tashrif buyurishi haqida yozilgan yogʻoch taxta mavjud. Hozirgi kunda Chashmayi Ayyubda Buxoro suv taʼminoti tarixi muzeyi joylashgan[4].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muqaddas ziyoratgoh binosi toʻgʻri toʻrtburchak tarhli (19x26 m) boʻlib, gʻarbdan sharqqa choʻzilgan 4 xonadan iborat, har bir xona birbiriga oʻxshamagan gumbazlar bilan qoplangan. Dastlab eng qadimgi xona — murabba tarhli (4,5 x 4,5 m) quduqxona bunyod etilgan. Ushbu xona Arslonxon tomonidan Minorai kalon va Namozgoh masjidi bilan bir davrda qurilgan degan rivoyatlar saqlangan. Uning ikki yonida ziyoratchilar uchun oʻz vaqtida 2 eshigi boʻlgan; old tomoniga toqli xona (4,5x4,5 m) tutashtirib qurilgan, u binoga peshtoq vazifasini oʻtagan, qoʻsh gumbazli, oldi peshtoqli. Ziyoratxona devorida Amir Temur farmoyishiga binoan 1379-yilda unga taqab kulohiy gumbazli katta xona, burchaklarida minoralari boʻlgan daxdiz qurilganligi yozilgan. Binoning qadimgi qismi ichkarida qolgan.

Rivoyat qilinishicha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rivoyatlarga koʻra chashma (buloq) Ayub Alayhis-salom Buxoro boʻylab dinni targʻib qilib yurgan payti bilan bogʻliq. Qurgʻoqchilik paytida mahalliy xalq chanqoqlikdan oʻlayotgan paytida undan suv soʻragan. Paygʻambar oʻz asosi bilan yerni bir urib hozirgi kungacha uni suvini ichib boʻladigan shifobaxsh buloq hosil qilgan. Rivoyatga koʻra chashma suvi shifobaxsh hisoblangan va buloq boshiga koʻplab ziyoratchilar kelavergan. Vaqtlar oʻtib ushbu maskan ziyoratchilar maskaniga aylanadi. Bu shamning suvi teri kasalliklariga, pes-moxovga ham qarshi shifobaxsh ekanligi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud[4].

  1. http://whc.unesco.org/en/tentativelists/5304/
  2. Ражабов 2016, s. 199.
  3. Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 97.
  4. 4,0 4,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 387.

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6. 
  • Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.