Kontent qismiga oʻtish

Muhammad ibn Ismoil

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad al-Maktum
مُحَمَّد ٱلْمَكتُوم

Ismoiliy taʼlimotiga koʻra 7-imom
Unvoni al-Maktum
al-Shakir
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi hijriy 122
milodiy 740
Vafoti hijriy 197
milodiy 813
Dini Shialik
Farzandlari
Ota-onasi

Muhammad ibn Ismoil al-Maktum (arabcha: مُحَمَّد ٱبْن إسْماعِيل ٱلْمَكتُوم, lotin alifbosida: Muḥammad ibn Ismāʿīl al-Maktūm; taxminan 740-813) Ismoil al-Muborakning toʻngʻich oʻgʻli va ismoiliylikdagi yettinchi imom edi. Ismoil vafot etgach, uning oʻgʻli Muhammad hijriy 148 (milodiy 765)-yilgacha bobosi Jaʼfar as-Sodiq qaramogʻida Madinada yashashni davom ettirdi. Abdulloh al-Aftahning vafotidan soʻng Muhammad ibn Ismoil Aliylar oqimining Husayniylar tarmogʻidagi eng asosiy aʼzosiga aylandi. Biroq, Muso al-Kozimni oʻz imomi deb tan olgan raqib guruhning mavjudligi va Abbosiylar xalifaligining barcha Aliylik tarafdorlarni taʼqib qilishi tufayli, Muhammad oʻgʻillari bilan Madinani tark etib, sharqqa yoʻl oladi. Shu sababli u „al-Maktum“ (soʻzma-soʻz „yashirin“) nomi bilan tanilgan. Madinada yashagan paytida uning ikki oʻgʻli, koʻchib ketganidan soʻng esa yana toʻrt oʻgʻli dunyoga keladi. Ular orasida uning vorisi Ahmad al-Vafiy ham bor edi. Muhammadning avlodlari keyinchalik Ifriqiya, Misr va Levantning katta qismini boshqargan, hamda Qohira shahrini barpo etgan Fotimiylar sulolasiga asos soladi.

Muhammad Ismoil ibn Jaʼfarning toʻngʻich oʻgʻli va shia imomi Jaʼfar as-Sodiqning katta nevarasi edi[1]. Muhammadning hayoti haqida maʼlumotlar kam boʻlib, bugungi kungacha yetib kelgan, mavjud maʼlumotlarning aksariyati 15-asrda yashagan yamanlik ismoiliy olim va diniy rahbar Idris Imodiddinning bayonotidan olingan[2]. Uning onasi Ummu Farva ismli choʻri (umm al-valad) edi[lower-alpha 1][3]. Manbalarda aytilishicha, Muhammad 765-yilda 26 yoshda boʻlgan, yaʼni u taxminan 738-yilda tugʻilgan, biroq Dastur al-Munajjimin nomli bir manbada, uning tugʻilishini hijriy 121-yilning Zulhijja oyiga (milodiy 739-yilning noyabri) toʻgʻri keladi deb koʻrsatilgan. Muhammad hayotining dastlabki 24 yilini bobosi bilan, keyingi 10 yilini esa oilasi bilan Madinada oʻtkazgan[4].

Sunniy tarixchi al-Tabariy (vafot etgan 923-yil) Muhammadni roviy deb ataydi[4][5]. U bu unvonni yashirinishidan oldin qoʻlga kiritgan boʻlishi kerak.

Muhammadning Sharqqa hijrat qilishidan oldin tugʻilgan Ismoil va Jaʼfar ismli ikki oʻgʻli boʻlgan[6][7]. Ular tarixiy shaxslar boʻlib, oʻzidan keyin koʻp avlodlari yashab oʻtgan[6]. Ammo Ismoiliy asarlarida ularning ismlari kamdan-kam holatda tilga olinadi va mazhab rivojida deyarli hech qanday rol oʻynamagan. Hijratdan soʻng Muhammadning yana toʻrt oʻgʻli dunyoga keladi. Ulardan biri Abdulloh boʻlib, ismoiliylarning taʼkidlashicha, u Muhammadning qonuniy vorisi hisoblangan[7][8].

  1. Al-Mufid Ummu Farvani Ismoil ibn Ja’farning tug‘ishgan singlisi sifatida qayd etgan. Shu sababli, Idrisning yozuvlarida adashuv bo‘lishi ehtimoli yuqori[3].
  1. Daftary 2007, ss. 91, 95.
  2. Daftary 2007, s. 95.
  3. 3,0 3,1 Buyukkara 1997, s. 63.
  4. 4,0 4,1 Tajddin 2009, s. 25.
  5. Hollister 1953, s. 205.
  6. 6,0 6,1 Ivanow 1942, s. 38.
  7. 7,0 7,1 Daftary 2007, s. 96.
  8. Tajddin 2009, ss. 26, 28.
Muhammad ibn Ismoil
Aliylar Tarmogʻi
Tavalludi: hijriy 122 (≈ milodiy 740 ) Vafoti: hijriy 197 (≈ milodiy 813)
Shialik unvonlari
Oldingisi Ismoiliy taʼlimotiga koʻra 7-imom
775–813
Keyingisi