Badeʼ Abdulla
Badeʼ Abdulla | |
---|---|
Tavalludi |
1909-yil |
Vafoti |
24-noyabr 1941-yil (32 yoshda) Magadan shahri yaqinida[1] |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi → SSSR |
Taʼlimi | Oʻzbekiston davlat universiteti |
Kasbi | Oʻqituvchi |
Bolalari | Era Abdullayevna |
Oʻzbekiston SSR |
Qatagʻon qurbonlari |
---|
|
Badeʼ Abdulla Mahmud oʻgʻli (1909—1941) — oʻqituvchi. XX asr boshlarida Germaniyaga oʻqish uchun yuborilgan taraqqiyparvar. Qatagʻon qurbonlaridan biri[2][3].
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badeʼ Abdulla 1909-yil Yangi Buxoro tumanining Rabot-qilich qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Buxoro amirining qorovulbegisi boʻlib, Badeʼ taxallusi ostida sheʼrlar yozgan. Keyinchalik Abdulla ham otasining taxallusini qabul qilgan. Otasi 1917-yil „Yosh buxoroliklar“ partiyasi aʼzosi sifatida qatl etilgan. Abdulla boshqa shahidlarning farzandlari bilan Buxoro shahridagi „Avlodi shuhado“ maktab-internatida tahsil olgan. Bu maktab amir tomonidan qatl etilgan „Yosh buxoroliklar“ partiyasi aʼzolari yoki qizil armiya bilan janglarda halok boʻlganlarning farzandlari uchun ochilgan edi.
1922-yil ushbu maktabning bir guruh oʻquvchilari qatori oʻqish uchun Germaniyaga yuborilgan. Yetib borgach, Abdulla hamrohlari Usmon Omon, Alovuddin Isomiddin, Ne’mat Narzulla, Muhammadjon va Rahmatjon Avazjonovlar kabi 18 nafar oʻquvchilar bilan Kyoslin (Köslin, bugungi Polsha tarkibidagi Koszalin) shahrida joylashgan xususiy maktab-internatda oʻqishni davom ettirgan.
1924-yil Kyoslin maktabini muvaffaqiyatli tamomlagan. Ammo oʻzi istagan Berlin universitetiga kira olmagan va bir muddat Berlin yaqinidagi Germsdorf qishlogʻidagi masjidda kun kechirgan. 1926-yil Berlinga, soʻng Oʻzbekistonga qaytishga majbur boʻlgan.
Samarqandga borib, dastlab rus maktabida oʻqigan. 1929-yildan Samarqanddagi Oʻzbekiston davlat universitetining matematika fakultetida tahsil olgan. Oliygohda Sulaymon Amirov, Salohiddin Ochilov, Obid Karimov, Muhammadjon Sobirov, Bahrom Ibragimov (Mahmud Oyqorli nomi bilan tanilgan), aka-uka Hamid va Olim Qodirovlar bilan tanishgan. Oradan koʻp oʻtmay, bu talabalar hibsga olingan. Tergov jarayonida asosiy eʼtibor Gʻulom Zafariy va Mirtemirga qaratilgani bois, qamoqdan qutilib qolgan.
1933-yil oʻqishni tamomlab, Kuybeshev nomidagi Oʻzbekiston Davlat qishloq xoʻjaligi institutida matematika oʻqituvchisi sifatida faoliyatini boshlagan. 1936-yil 8-sentyabrda dotsent vazifasini bajaruvchi unvonini olgan va kafedra mudiri etib tayinlangan[4].
Hibsga olinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1937-yil 28-noyabrda aksiinqilobiy tashviqot qilganlikda ayblanib, IIXK (Ichki ishlar xalq komissarligi) Samarqand boʻlimi tomonidan hibsga olingan. Oʻsha kunning oʻziqdayoq u istiqomat qilgan Samarqand shahri, Nurobod koʻchasi 26-uy, 4-xonadonda tintuv uyushtirilgan va hujjatlar hamda uyidagi hamma xatlanib, olib ketilgan. Ayolining bevaqt vafotidan soʻng Badeʼ bilan qolgan 4 yashar qizi Era yetimxonaga topshirilgan.
Qamoqxonada qiynoqlar ostida tuhmatdan iborat qogʻozlarni imzolashga majbur etilgan. Germaniyada birga oʻqigan safdoshlari qatorida boʻlgan Hamro Abdullayev josuslikda ayblangan soxta bayonnomaga ham majburan qoʻl qoʻygan[5].
Badeʼ Abdullaga IIXK Samarqand viloyat boshqarmasi boshligʻi Sergey Kalmikov tomonidan turli ayblovlar qoʻyilgan. Jumladan, 1925-yildan buyon „Ozod Turkiston“ aksiinqilobiy tashkiloti aʼzosi, 1926-yildan beri Germaniya uchun ishlagan josus, 1936-yildan Hamro Abdullayev orqali Gestapoga yollangan josus deb qaror chiqargan. Begunoh ekanligini isbotlash uchun yozgan arizalariga qaramay, josuslikda ayblanib, 1940-yil 19-avgustda 8 yilga Mehnat tuzatish lagerida jazo oʻtashi belgilangan.
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]1941-yil 24-noyabrda jazoni oʻtash chogʻida ogʻir kon ishlariga ixtisoslashgan Tenki lagerida vafot etgan.
Oqlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Era Abdullayevna otasining ishini qayta koʻrib chiqishni soʻrab 1977-yilda Turkiston Harbiy okrugi prokuraturasiga ariza yozgan. Taftish davomida IIXK masʼullari qonunbuzarlikka yoʻl qoʻygani aniqlangan va tirik qolgan guvohlar ham qayta tergov jarayonida ijobiy koʻrsatma bergan. Natijada, „Uchlik sudi“ qarori bekor qilingan va 1977-yil 22-iyul kuni Era Abdullayevnaga otasining oqlangani maʼlum qilingan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „U endigina 33 yoshga kirgandi yoxud 40 yil o‘tib tiklangan haqiqat haqida“. mtgazeta.uz. Qaraldi: 14-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Bade’ Abdulla Mahmudovich“. jadidlar.uz. Qaraldi: 14-noyabr 2024-yil.
- ↑ „BАDE’ АBDULLА MАHMUDOVICH“. jadid-media.uz. Qaraldi: 14-noyabr 2024-yil.
- ↑ „Болалигида Германия таълимини олгани учун жосус деб топилган ёш жадид Бадеъ Абдулла - Ўзбекистон, O'zbekiston“. www.bbc.com. Qaraldi: 14-noyabr 2024-yil.
- ↑ „So‘ngan yulduz fig‘oni“. mtgazeta.uz. Qaraldi: 14-noyabr 2024-yil.