Kontent qismiga oʻtish

Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻjayev

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻjayev
Tavalludi 1893-yil
Vafoti 1937-yil 5-noyabr
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Turmush oʻrtogʻi Zulayha Xodjaeva
Bolalari Rashid, Salima, Ziyavuddin
Otasi Bahriddin Sayfuddinov.
Qarindoshlari Zaynab Gaspirinskaya

Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻja oʻgʻli (1893-yil, Toshkent — 1937-yil, 5-noyabr) — qatagʻon qurbonlaridan biri. 1924-yildan 1926-yilgacha faoliyat olib borgan „Turkiston“ aksiyadorlik jamiyati aʼzosi[1].

Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻjayev 1893-yilda Toshkentning Qoryogʻdi mahallasida tugʻilgan[2][3]. Boshlangʻich taʼlimni jadid maktabida olgan. Keyinchalik rus-tuzem maktabida Abdulla Qodiriy bilan birga oʻqigan. Birinchi Jahon urushi davrida otasiga Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida qimmatbaho toshlar hamda ipak mahsulotlari sotishga yordam bergan[2].

Shoʻrolar tomonidan xususiy savdo bekor qilingani sababli 1921-yilda eski shahardagi kutubxonada ishlay boshlagan. 1922—1923-yillarda Buxoro Respublikasining savdo konsulligida xoʻjalik mudiri, 1924—1926-yillarda „Usmon“ savdo oʻrtoqlik jamiyatida ishonchli vakil va 1927—1928-yillarda esa „Saidov“ oʻrtoqlik savdo jamiyatida mudir sifatida faoliyat olib borgan. 1920-yilda Toshkentda tataristonlik ulamo Muso Jorulloh Begiyev bilan tanishgan. „Islom Alifbosi“ asarini oʻqiganidan soʻng Yoqubxoʻja Jorulloh Begiyevning shogirdiga aylangan. 1924-yilda Moskvada adib va olim Fotih Karimiy bilan tanishgan. 1928-yil Bogʻchasaroydagi Gaspirinskiy muzeyiga borgan. Qaytishida Rossiyadan makaron ishlab chiqaruvchi uskuna olib kelgan va 1929-yilda Toshkentda „Beshbarmak“ makaron korxonasini ishga tushirgan[2].

1914—1917-yillardagi daromadining maʼlum qismini Toshkent shahrida joylashgan jadid maktablarini oʻquv qurollar va kitoblar bilan taʼminlash uchun sarflagan. 1918-yilda Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻlining 6 oylik muallimlar kursini tashkil etish uchun, Gʻozi Yunus rahbarligidagi „Toshkent musulmonlar shoʻrosi jamiyati“ va Akmal Ikromov boshqaruvidagi „Muallimlar jamiyati“ kabi tashkilotlarning faoliyati uchun xayriya qilgan[2]. „Koʻmak“ va Munavvar qori Abdurashidov tashabbusi bilan ochilgan „Nashri maorif“ jamiyatlariga homiylik qilgan[2]. 1928-yilda „Hazrati Muhammad“, „Qurʼoni nodir“ va „Hazrati Umar“ kitoblarini 200 donadan sotib olib, Turkiston musulmonlariga tarqatgan. 1928-yilda turmush oʻrtogʻining qarindoshi (Zaynab Gaspirinskaya)ga ham moddiy yordam koʻrsatgan[2].

Hibsga olinishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1929-yilda GPU tomonidan hibsga olingan. Shundan soʻng, Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻjayevga tahdid qilinib, „Sakkizinchi“ nomi bilan Munavvarqori Abdurashidxonovni kuzatish uchun yollangan. Lekin markazga Abdurashidxonov haqida hech qanday maʼlumot yetkazib bermagan. 1929-yil 5-noyabrda Yoqubxoʻjani hibsga olish haqidagi buyruq imzolangan va Qoryogʻdi mahallasida joylashgan uyidan qamoqqa olib ketilgan. Dastlab, Munavvarqori Abdurashidxonov, Salimxon Tillaxonov va Eshonxoʻja Xoniylar bilan aksilinqilobiy maqsadda aloqada boʻlganligi sababli OʻzSSR JKning 58-10, 66-moddalari bilan Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻja oʻgʻliga nisbatan ayblov eʼlon qilingan. 21-dekabr kuni esa „Milliy ittihod“ aʼzosi ekanligi, uyidan Muso Begiyev muallifligidagi 500 kitob musodara etilganligi va yil boshida GPUga yollanganligiga qaramasdan axborot yetkazmaganligi bilan bogʻliq ayblovlar ham qoʻshilgan. Buning natijasida yana bir yil hibsda qolishga majbur boʻlgan. 1930-yil 16-oktyabrda 10 yil muddatga konslagerga hukm qilingan. 1937-yil bahorda ozodlikka chiqarilgan. Shu yilning 20-iyulida yana hibsga olingan[2].

Yoqubxoʻja Bahriddinxoʻjayev 1937-yil 5-noyabr kuni otib tashlangan[2].

  1. Joʻrayev, Karimov 2011, s. 155.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 „YOQUBXO‘JA BAHRIDDINXO‘JA O‘G‘LI“. jadid-media.uz. Qaraldi: 15-noyabr 2024-yil.
  3. SHAMSUTDINOV, Rustambek; AKBAROVA, Nigoraxon (5-aprel 2024-yil). „QATAG'ON QURBONLARI“ (PDF). Jadid. № 15. 7-bet. Qaraldi: 16-noyabr 2024-yil.{{cite magazine}}: CS1 maint: date format ()