Kontent qismiga oʻtish

Margʻilon

Koordinatalari: 40°28′16″N 71°43′29″E / 40.47111°N 71.72472°E / 40.47111; 71.72472
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Marg`ilondan yoʻnaltirildi)
Margʻilon
shahar
40°28′16″N 71°43′29″E / 40.47111°N 71.72472°E / 40.47111; 71.72472
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Fargʻona viloyati
Hukumat
 • Hokim Shukurulloxon Nisbatxonov [1]
Rasmiy til(lar)i Oʻzbek tili
Aholisi
246,7 ming kishi (2 023)
Konfessiyaviy tarkib musulmonlar, nasroniylar va boshqalar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Telefon kodi +998 73
Pochta indeks(lar)i 151100-151114
Avtomobil kodi 40
Margʻilon xaritada
Margʻilon
Margʻilon

Margʻilon (boshqa nomlari Margilan, Margelan) – Oʻzbekiston shaharlaridan biri. Fargʻona viloyatida joylashgan. Aholisi 246,7 ming kishi.[2] Shaharda 30 dan artiq millat va elatlar istiqomat qiladi. Jumladan, 91,9 % oʻzbeklar, 3,1 % ruslar, 1,4 % tatarlar. Shahar iqlimi – kontinental, qish yumshoq, yoz esa juda issiq keladi.

Geografik joylashuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fargʻona vodiysining janubiy qismida, Oltoy togʻlari etagida joylashgan. Geografik kordinatlari: 40°28' 16 N Shimoliy kenglik, 71°43' 29 E Sharqiy uzunlikda. Dengizdan 487 metr balandlikda. Fargʻona shahridan 10-12 km shimolida, 475 m balandlikda. Yaqin temir yoʻl stansiyasi – Margʻilon (4 km). Iyulning oʻrtacha temperaturasi 25—26°, yanvarniki —3,5°. Margʻilonning janubiy chekkasidan Janubiy Fargʻona kanali va shahar ichidan Margʻilonsoy oqib oʻtadi. Aholisi 183,2 ming kishi (2002; 1973-yilda 117 ming, 1939-yilda 46 ming, 1897-yilda 36 ming kishini tashkil etgan), asosan, oʻzbeklar (89,3%), shuningdek, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Margʻilondan 3-4 km janubroqda joylashgan Yangi Margʻilon (sobiq Gorchakova) shaharchasi Margʻilon shahar Kengashiga qaraydi.[3] 2007-yil YUNESKO qaroriga binoan shahrning 2000 yillik tantanalari oʻtkaziladi. Xozirda Marg‘ilon shahrining maydoni 4100 gektarni tashkil etadi. 54 ta mahalladan iborat.

Afsonalarga koʻra, Margʻilonga Iskandar Zulqarnayn tomonidan asos solingan. Aytishlaricha Zulqarnayn ovqatlangani toʻxtaganda, unga Murgʻ yaʼni tovuq va Non berilgan ekan va shundan Murgʻinon boʻlib shaharni nomi kelib chiqqan ekan. Lekin boshqa ishonchliroq maʼlumotlarga qaraganda Margʻilon Miloddan Keyingi IX asrda Buyuk Ipak yoʻli muhim shahrlardan boʻlgan. XV asrda yashab oʻtkan vatandoshimiz va Boburiylar imperiyasining asoschisi Bobur oʻzinig Boburnoma kitobida „koʻp yaxshi narsalarga boy shahar. Uning Shaftolilari va Anorlari ham koʻb yaxshidur“ deb yozgan. Va uning aytishicha „Samarqand ning va Toshkent ning eng koʻzga koʻringan bezori va urishqoqlari Margʻilonliklardir“. 1710—1876-yillarda Qo'qon xonligi davrida shahar Margʻilon bekligi markazi, xonlikning muhim strategik ahamiyatga molik kenti boʻlgan. Margʻilon Fargʻona vodiysining qadimiy shaharlaridan biridir.[4] 1994-2004 yillarda Oʻzbekiston Arxeologiya instituti xodimlari shaharda ish olib borib, Margʻilon vohasida eramizdan avvalgi IV – III asrlardan boshlab sugʻorma dehqonchilik mavjudligini aniqladilar. Margʻilon Chor Rossiyasi hukmronligi davrida Turkiston guberniyasi takibidagi, Farg'ona viloyati, Margʻilon uezdi markazi boʻlgan. Shaharda hamma zamonlarda ham hunarmandchilik va savdogarlik yuksak darajada rivojlangani maʼlum. Shuningdek, Margʻilonni „Sunduqul orifiyn“ (Oriflar sandigʻi) deydilar.[5] Bunga sabab esa bu shahardan juda koʻp olimu fuzalo, oriflarning chiqqanidir. Margʻilon savdogarlari Oʻrta Osiyo savdo-sotiq ishlarida muhim rol oʻynaganlar va Sovet ittifoqi davrida bu shaharni odamlarini qonun bilan chiqishmovchiliklari boʻlgan.

Margʻilon toʻgʻrisidagi dastlabki yozma maʼlumotlar X asrga taalluqli[6]. Oʻsha davrlarda shahar „Margʻinon“ deb atalgan va keyinchalik har ikki nomi ham ishlatilib kelingan. Margʻilon nomining kelib chiqishi haqida aniq bir maʼlumot yoʻq. Ayrim toponimistlar „margʻ“ – „maysazor“, „oʻtzor“dan deb taxmin qiladilar. Margʻilon „murgʻ“ va „yunon“ soʻzlaridan degan mahalliy toʻqima rivoyat ham bor. Ibratning „Tarixi Fargʻona“ qoʻlyozma asarida yozilishicha, shaharga 883-yilda asos solingan. Arxeologik topilmalar Margʻilon oʻrnida mil. boshlaridan aholi yashab kelayotganligini, X asrda u katta qishloq boʻlganligini, XI – XII-asrlarda esa shaharga aylanganligi tasdiqlamoqda. V. V. Bartold „Moʻgʻullar istilosi davrida Turkiston“ asarida Qoraxoniylar davrida ham Margʻilon viloyatning bosh shahri hisoblanganligini qayd etgan. „Boburnoma“da Margʻilon Fargʻonadagi 8 ta shahardan biri ekanligi, shaharning obodligi, shirin mevalari haqida soʻz yuritilib, uning „donai kalon“ deb ataluvchi anori va „subhoniy“ navli oʻrigi maqtaladi. Shaharning qad. qismida oʻtkazilgan arxeologik qazilmalar natijasida Margʻilonga bundan 2 ming yil avval asos solinganligi aniqlandi. Mahalliy maʼlumotlar boʻyicha shaharning 12 darvozasi boʻlgan. Buyuk ipak yoʻlida joylashgan Margʻilon aholisi qadimdan atlas toʻqish bilan shugʻullanib kelgan va shu tariqa uni jahonga mashhur qilgan. Margʻilonning shoyi matolari Misr, Eron va Yunoniston, Qashgʻar savdogarlari tomonidan koʻplab xarid qilingan. Shuningdek, Margʻilonda doʻppidoʻzlik, misgarlik rivojlangan, shaharda vaqt-vaqti bilan tanga ham zarb qilingan. Shahar turli davrlarda Temuriylar, Shayboniylar davlatlari, keyingi davrda Qoʻqon xonligi tarkibida boʻlgan. 1875-yilda rus qoʻshinlari tomonidan bosib olingan. Margʻilonda oq podsho maʼmurlari zulmiga qarshi qaratilgan, tarixda maʼlum boʻlgan „Poʻlatxon qoʻzgʻoloni“ (1873—76), mahalliy aholini Rossiyadagi front orti ishlariga zoʻrlab olib ketilishiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (1916) boʻlib oʻtgan. Margʻilon 1876—1926-yillarda Fargʻona viloyatining uyezd shahri boʻlgan, soʻngra Fargʻona okrugi miqyosidagi shaharga aylantirilgan.

1927-yilda Margʻilonda birinchi pillakashlik fabrikasini qurishga kirishildi. Bundan tashqari, ikkita elektr stansiyasi, bosmaxona, mexanika ustaxonasi, non va limonad zavodlari bor edi. Keyinroq mexanizatsiyalashgan koʻnchilik zavodi, taxta tilish tsexi, poyabzal f-kasi foydalanishga topshirildi. Shoyi toʻqish artellari yiriklashtirildi, bir qancha yangi hunarmandchilik korxonalari ishga tushirildi. 1963-yilda badiiy gazlamalar ishlab chiqaruvchi hunarmandchilik artellari negizida „Atlas“ firmasi vujudga keldi (1976-yildan „Atlas“ ishlab chiqarish birlashmasi). Shaharda 20 ga yaqin sanoat, 8 avtotransport korxonalari, 17 qurilish tashkiloti bor (2002). „Turonshoyi“, A. Navoiy nomli ipak gazlamalar va mexanika, „Fargʻonasut“, yogʻochsozlik korxonalari mavjud. „Doʻstlik— Margʻilon“ qoʻshma korxonasi, 600 dan ortiq kichik va xususiy korxona, markaziy dehqon bozori, „Margʻilon“ mehmonxonasi, avtobuslar shohbekati, savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishlab turibdi. Margʻilonda hunarmandchilik (ayniqsa, doʻppidoʻzlik, tandirchilik, misgarlik) rivojlangan. 34 umumiy taʼlim maktabi, „Istiqbol“ gimnaziyasi, milliy xunarmandchilik va aniq fanlar litseylari mavjud boʻlib, ularda 200 oʻquvchi taʼlim oladi. 2 musiqa, 2 kasb-hunar maktabi, qurilish, tijorat, hisob-kredit, tibbiyot va pedagogika kollejlari, maxsus maktab, mehribonlik uyi, „Shoyi“ korxonasiining ipakchilik instituti faoliyat koʻrsatmoqda.

Margʻilon hunarmandlari ish jarayoni

12 jamoat va bolalar kutubxonasi (168 ming kitob), 6 madaniyat uyi (jumladan, markaziy madaniyat uyi), Y. Oxunboboyev memorial muzeyi, madaniyat va sanʼat muzeyi, „Nurxon“ xalq teatri, madaniyat va istirohat bogʻi bor. „Al Hidoya“ xotira majmui mavjud. Shahar televideniyesi va radioeshittirishlari qoʻmitasi ishlab turibdi.

Margʻilon vodiydagi yirik shaharlar bilan avtomobil yoʻllari orqali bogʻlangan. „Margʻilon haqiqati“, „Turon shoyisi“ gazetalari chiqarilmoqda. Shaharda 1037 oʻringa moʻljallangan kasalxonalar, 2 tibbiyot sanitariya qismi, Salomatlik markazi, tez tibbiy yordam markazi va boshqa tibbiy muassasalarda 422 vrach, 1599 oʻrta tibbiy xodim xizmat qiladi. „Atlaschi“ va „Turon“ stadionlari, 33 sport zali, koʻplab voleybol, basketbol va futbol maydonlari, 3 bolalar va yoshlar sport maktabi bor. 56 ta jismoniy tarbiya jamoasida 43 ming nafardan ziyod yoshlar shugʻullanmoqda. Meʼmoriy yodgorliklardan Pir Siddiq majmui („Kaptarlik“, 18-asr oʻrtalari), Xoʻja Magʻiz maqbarasi (18-asrning birinchi yarmi), Chokar, Toronbozor masjidlari (20-asr boshlari), Saidahmad Xoja Eshon madrasasi (19-asr oxiri) va boshqa saqlanib qolgan. Margʻilonda buyuk alloma Burhoniddin Margʻinoniy yashab oʻtgan, shoira Uvaysiy (Jahon Otin) tugʻilgan va boshqa bir qancha mashhur kishilar ijod qilganlar[7]. Margʻilon shahri ming yillardan beri oʻzining usta-hunarmandlari, olimu fuzalolari bilan dunyoga mashhurdir.

"Al Hidoya" xotira majmuasi

2007-yil UNESCO qaroriga binoan shahrning 2000 yillik tantanalari oʻtkazildi.[8][9] Qadimiy Xitoy yozma manbalarida Dovonda Lar gi shahri keltirilgan, Xitoy olimlari ilmiy ishlarida bu shahar Hozirgi Margʻilon shahriga togʻri keladi va bu shahar 2700-yil tarihga ega ekanligini isbotlaydi. Yana shaharda,Oʻzbekistondagi eng yirik shoyi ishlab chiqaradigan Yodgorlkik shoyi Korhonasi va Turon shoyisi Korhonalari joylashgan.Fargʻona vodiysi Shoyi toʻqish qachon kelganligi nomaʼlum, lekin eski zamonlardan maʼlumki Margʻilon bu sohada juda mashhur boʻlgan.[10]

2019-yil Margʻilon shahrida oʻtkazilgan „Buyuk ipak yoʻli“ xalqaro folklor musiqa festivalining ochilish marosimida „Margʻilon qadim sanʼat darvozasi“ kitobi taqdim etidli.[11][12]

Tarixiy va arxitektura yodgorliklari va asosiy joylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yodgorlik ipak fabrikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanoatlashtirish sharoitida anʼanaviy ipak toʻqish texnikasini saqlab qolish maqsadida 1983-yilda tashkil etilgan „Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi yuqori sifatli qoʻlda ishlangan mahsulotlar ishlab chiqarishga eʼtibor qaratadi. Bu yerda 200 dan ortiq ishchi mehnat qiladi, ipak qurtlarini tut barglari bilan boqishdan tortib, ipaklarni tabiiy mineral va oʻsimlik boʻyoqlari bilan boʻyash, ipak toʻqishgacha boʻlgan toʻliq ishlab chiqarish jarayoni fabrikada amalga oshiriladi. Fabrikada sayyohlar Margʻilonning anʼanaviy ipak toʻqish sanoati bilan tanishish imkonini beruvchi ekskursiyalar uchun ochiqdir.[13]

„Yodgorlik“ ipakchilik fabrikasi.

Margʻilon ipak fabrikasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Margʻilon ipak kombinati sanoat ipak ishlab chiqarish boʻyicha davlat tasarrufidagi ulkan obyektdir. Oʻzining eng yuqori choʻqqisida u har yili 22 million kvadrat metrgacha ipak ishlab chiqargan 15 ming ishchi ishlagan[13]. Hali ham tashrif buyurish mumkin[14].

Qumtepa bozori

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qumtepa bozori Markaziy Osiyodagi eng jonli bozorlardan biridir. U yakshanba va payshanba kunlari shahar markazidan 5 km gʻarbda joylashgan joyda boʻlib oʻtadi. Ushbu bozor toʻqimachilik, yangi mahsulotlar va uy-roʻzgʻor buyumlarini sotib olish uchun yaxshi joy[13].

Margʻilon Qumtepa bozori. 2009-yil

Toron masjidi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toʻron masjidi Margʻilon markaziy bozorining shimolda joylashgan. Unga 19-asrda bolsheviklar inqilobi davrida Margʻilonga qochgan chor maʼmuriyatining maslahatchisi, boy filantrop Said Ahmad Xoʻjayev asos solgan[13]. 20-asrda bino qamoqxona sifatida ishlatilgan, keyin esa ofisga aylangan. Hozir bu yerda anʼanaviy atlas va adras toʻqimachilik texnologiyalari saqlanib qolgan Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi joylashgan[15].

Istirohat bogʻi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Margʻilonning eng katta va eng jozibali bogʻi – Erkin Vohidov nomidagi (sobiq Maʼmurjon Uzoqov nomidagi) Istirohat bogʻi.[16] U yoʻllar, maysazorlar va daraxtlar bilan yaxshi tartibga solingan va mahalliy aholi koʻplab tashrif buyuradigan madaniy maskanlardan biri hisoblanadi.

Ijodkorlar bog‘i kirish qismi

Xonaqoh jome masjidi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xonaqoh jome masjidi XVI asrda qurilgan va Madaniyat vazirligi tomonidan taʼmirlangan. Masjidda har birining balandligi 26 m boʻlgan ikkita taʼsirchan minora va margʻilonlik ustalar tomonidan sadr yogʻochidan yasalgan oʻziga xos oʻyilgan yogʻoch ustunlar mavjud[13]. Masjid gumbazi ostida osilgan oʻyilgan yogʻoch shift va qandil ham jozibali koʻrinishda.

Oʻzbekiston, Margʻilon shahridagi Xonaqoh masjidi
  • Said Ahmadxoʻja madrasasi – XIX asrda faoliyat koʻrsatgan maktab, madrasa hisoblanadi.
  • Margʻilonda shoʻrolar davrida oʻzbek raqqosasi Nurxon Yoʻldoshxoʻjayeva sharafiga haykal qurilib, oʻrnatilgan, biroq 1991-yilda Oʻzbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi barham topganidan soʻng koʻp oʻtmay buzib tashlangan.
  • Pir Siddiq majmuasi (Kaptarlikmozor) – Burhoniddin Margʻinoniy yashab ijod qilgan chillahona va uning shogirdlarida biri dafn etilgan maqbara.
  • Hoʻja Maoz yoki Hasti Maoz – shahar chetida joylashgan, mashhur sahobai kirom Muoz ibni Jabal maqbarasi.
  • Hoʻja Porso maqbarasi.
  • Hoʻja Egiz masjidi
  • Oq masjid
    Pir Siddiq majmuasi
  1. Axatov Nematillo Asatovich,
  2. Nasibullo Rahmatullayev (2008-yil 29-maygacha),
  3. Ilhom Mamatov (2008-yil 29-maydan),
  4. Erkaboyev Shavkat Shokirovich (2012—2016)[17],
  5. Toirjonov Muhammadali Abdusattorovich (2019—2021).

Shahar Oʻzbekistondagi eng yirik anʼanaviy ipak fabrikasi – Yodgorlik ipak fabrikasi joylashgan. 2000 dan ortiq ishchini ish bilan taʼminlagan holda, hamma narsa anʼanaviy tarzda amalga oshiriladi, yiliga 250 000 kvadrat metr yuqori sifatli ipak mato ishlab chiqariladi.

Qoʻshni Margʻilon ipak kombinatida 15 ming nafar ishchi zamonaviy texnika asosida ishlaydi va yiliga qariyb 22 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqaradi. Fargʻona vodiysiga ipakchilik sirlari qachon kelgani nomaʼlum, lekin, albatta, Margʻilon qadimdan sanoatda faol.

Margʻilondan yetishib chiqqan mashhur shaxslar va davlat arboblari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jahon otin Uvaysiy



  1. [1]
  2. „O‘zbekistonda aholi soni eng ko‘p bo‘lgan shaharlar ma’lum qilindi“. 2023-yil 29-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  3. „Marg'ilon shahri va uning tarixi“. 2023-yil 8-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  4. „Marg’ilon – oltin vodiyning hikmat javohiri“. 2020-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  5. „Marg‘ilon bozori va savdogarlari haqidagi mish-mishlar qanchalik haqiqat?“. 2023-yil 10-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  6. „Margilan, Uzbekistan“. 2022-yil 8-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 3-fevral.
  7. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  8. [https://lex.uz/docs/-2346499 „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI MARG‘ILON SHAHRINING 2000-YILLIGINI NISHONLASH TO‘G‘RISIDA“]. 2019-yil 23-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  9. „Marg’ilon shahrining 2000 yillik yubileyiga bag’ishlangan tantanali marosim o’tkazilgan kun“. 2021-yil 17-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  10. „Yodgorlik fabrikasi“. 2023-yil 27-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  11. „“Margʻilon qadim sanʼat darvozasi” kitobi nashr etildi“. 2020-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  12. „Margʻilon shahrida xalqaro folklor festivali boshlanmoqda“. 2019-yil 1-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  13. 13,0 13,1 13,2 13,3 13,4 Ibbotson, Sophie. Uzbekistan. United Kingdom: Bradt Guides Ltd, 2020 — 149–150-bet. ISBN 9-781784-771089. 
  14. „Margilan Travel Guide“ (en-US). Caravanistan. Qaraldi: 2021-yil 20-aprel.
  15. „UNESCO - Margilan Crafts Development Centre, safeguarding of the atlas and adras making traditional technologies“ (en). ich.unesco.org. Qaraldi: 2020-yil 1-noyabr.
  16. „Marg‘ilondagi istirohat bog‘iga Erkin Vohidov nomi berilib uning haykali o‘rnatiladi“. 2022-yil 30-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 10-iyun.
  17. Shahar xokimi – Fargʻona shahar hokimligi rasmiy veb sayti (Wayback Machine saytida 2023-06-07 sanasida arxivlangan) (oʻzb.) Andoza:Архивировано