Kontent qismiga oʻtish

Hazrati Xizr masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Masjid
Hazrati Xizr masjidi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Shahar Samarqand
Yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Masjid turi Jome-Masjid
Meʼmoriy uslub Islom meʼmorchiligi
Holati amaldagi
Tarovih
Saharlik va iftorlik

Hazrati Xizr masjidi – Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik (XIX asr oʻrtalari); afsonaviy oʻlmas taqvodor inson Hazrati Xizr nomi bilan bogʻliq. Bino Shohizinda majmuasi qarshisidagi tepalikda joylashgan qadimiy masjid poydevori ustiga qurilgan (mehrobdagi yozuvga koʻra 1855-yil). Yodgorlik Shohizinda va Toshkent koʻchalari chorrahasida joylashgan.

2018-yilda masjid hududida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasi ochildi.

Masjid haqida birinchi eslatma arablar Soʻgʻdni bosib olgan davrga (VIII asr boshlari) toʻgʻri keladi[1]. Rivoyatlarga koʻra, 712-yilda Qutayba qoʻshinlari Samarqandni egallagandan soʻng arablar Joʻyi arziz kanalini toʻgʻon bilan toʻsib, shahar qalʼasini suv ostida qoldirmoqchi boʻlganlar. Biroq osmondan ulkan oq qush tushib, toʻgʻonni buzdi. Bu voqeani xotirlash uchun Qutaybaning hamrohlaridan biri Muhammad ibn Vaso Temir darvozada, Afrasiyobning janubiy tomonida, soʻgʻdliklar hurmat qiladigan zardushtiylar ibodatxonasi oʻrniga „Hazrati Xizr“ masjidini qurdirdi. Masjid 1220-yilda moʻgʻullar istilosi davrida butunlay vayron qilingan.

Hozirgi masjid 1854-yilda qadimiy poydevor ustiga qurilgan. 1884-yilda binoda pardozlash va rekonstruksiya ishlari olib borildi. 1899-yilda masjidning ayvoni qayta qurilib, darvozaxona qoʻshildi. Rekonstruksiya 1919-yilda samarqandlik mashhur usta Abduqodir bin Boqiy tomonidan kirish portali va sharqiy minora oʻrnatilib, darvozaxona toʻgʻridan-toʻgʻri gumbaz bilan yopilganida nihoyasiga yetdi.

Arxitekturasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Masjid xonaqoh, uning 2 yonida hujralar, qoʻshimcha xonalar, omborxona, minoradan iborat; keyinchalik binoga qoʻshimcha ayvon (1899), darvozaxona (1919) qurilgan. Bosh tarzidagi tik zinapoyadan darvozaxonaga chiqiladi, undan uncha katta boʻlmagan xonaga kiriladi. Darvoza peshtoqgumbazli, peshtoqning 2 burchagiga qubbasi qovurgʻali guldasta-minoralar ishlangan; peshtoqning chap tomonida ravoqli, oʻymakori bezatilgan 5 ta yogʻoch ustunli peshayvon jozibador naqshlar bilan serhasham bezatilgan, qirma usulidagi ganch bezaklar mahorat bilan ishlangan. Peshayvondan baland gumbaz bilan yopilgan xonaqohga oʻtiladi. Tashqarisi piltavor gumbaz 8 qirrali poygumbazga oʻrnatilgan, oraligʻi muqarnaslar bilan ziynatlangan. Peshtoq hamda qafasali minora koshinkori bezatilgan, peshtoq poy-gumbaziga ravoqli darchalar ishlangan. Bino XX asr 90-yillarida qayta taʼmirlandi[2][3].

Islom Karimov maqbarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Islom Karimov maqbarasi

2016-yil 3-sentyabr kuni Oʻzbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdugʻaniyevich Karimov „Hazrati Xizr“ masjidi hududida dafn etildi. Dafn marosimidan koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bosh boshqarmasi Prezident qabri ustiga maqbara qurish loyihasini ishlab chiqishga kirishdi. Loyiha ustida ishlashda asosiy qiyinchilik Hazrati Xizr masjidining YUNESKO homiyligida ekanligi edi. Shu bois turli davrlarga oid ikkita binoni yagona meʼmoriy uslub bilan bogʻlashgina emas, balki jahon merosi obyektining tarixiy qiyofasini saqlab qolish ham muhim edi.

Maqbarani qurishda 2000 ga yaqin kishi, jumladan, Hindistondan kelgan usta-dekoratorlar ishtirok etgan. Qurilishni 2017-yil sentyabriga qadar yakunlash rejalashtirilgan edi, biroq soʻnggi lahzada Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga toʻgʻrilab ochilishiga qaror qilindi. 2018-yil 30-yanvar kuni maqbara tantanali ravishda ochildi va uning birinchi tashrifchisi Oʻzbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boʻldi[4][5].

  1. „Сайт посольства Узбекистана в РФ“ (deadlink). 2011-yil 22-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 13-avgust.
  2. OʻzME
  3. Samarqand davlat muzey-qoʻriqxonasi – SAMARQANDNING TARIXIY OBIDALARI VA MUZEYLARI BOʻYIChA EKSKURSIYA MATNLARI, 2010
  4. Shavkat Mirziyoev otkril v Samarkande mavzoley Islama Karimova (Wayback Machine saytida 2018-06-26 sanasida arxivlangan) .
  5. „Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi“ (2023-yil 2-sentyabr). 2023-yil 7-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 7-sentyabr.