Shayx Muxtor ota masjidi
Shayx Muxtor ota masjidi | |
---|---|
Shayx Muxtor Vali masjidi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Masjid |
Manzili | „Ichan qalʼa“ mahallasi, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 9-uy |
Shahar | Xiva |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′59″N 60°21′57″E / 41.3830316200805°N 60.36581845579508°E / 41.3830316200805; 60.36581845579508 |
Qurilishi boshlangan | XIV asr |
Qurilishi tugagan | 1988-yil |
Egasi | Davlat mulkiga qarashli |
Shayx Muxtor ota masjidi (yoki Shayx Muxtor Vali masjidi) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Ayrim manbalarga koʻra, masjid qurilishi XIV asrga oid boʻlib, 1988-yilda hozirgi koʻrinishini olgan. Bugungi kunda „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 9-uyda joylashgan. XIII asrda yashab oʻtgan faylasuf Shayx Muxtor Vali sharafiga qurilgan.
Masjid Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Masjid Pahlavon Mahmud maqbarasining shimoliy qismiga tutash tomonda joylashgan boʻlib, baʼzi manbalarda XIV asrda, boshqasida 1810—1835-yillarda qurilgani aytiladi. Shayx Muxtor Vali nomiga qurilgan bu masjid XX asr birinchi yarmiga kelib, Sovetlarning mahalliy hukumati buyrugʻi bilan buzib tashlangan. Shunday boʻlsa-da, 1988-yilda qayta tiklangan. Masjid Said Aloviddin maqbarasi yonida, shaharning markaziy koʻchasida qurilganligiga Shayx Muxtor Valiga xivaliklar hurmati baland boʻlganining bir ishorati sifatida nisbat beriladi. Buzib tashlangan masjidni qayta tiklashda binoning saqlanib qolgan foto-suratlaridan keng foydalanilgan. Bundan tashqari, masjid ichida namoz oʻqigan xivalik qariyalar, mahalliy aholidan surishtirilib, arxiv hujjatlari asosida imorat tarhi tayyorlangan. Shayx Muxtorning dafn etilgan joyi boʻlgan maqbarasi Xivadan 20 chaqirim janubi-sharqiy tomonda, Ostona qishlogʻida joylashganligi aytiladi. Masjid 1997-yilda yana qayta rekonstruksiya qilingan[3].
Qurilish uslubi va joylashuv oʻrni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Orqasi tomonida 2 ta goʻrxona, halimxona va omborxona joylashgan. Masjidga yaqin va huddi shu nomdagi maqbarada esa Shayx Muxtor Valiy, uning rafiqasi, shuningdek, shayxga yaqin boʻlgan kishilarning qabrlari joylashgan. Maqbara turli xil hajmdagi toʻrtburchak gʻishtlardan bunyod etilgan. Yogʻoch oʻymakorligi bilan bezatilgan 4 ta eshik saqlanib qolgan boʻlib, ularning birida usta Zayniddin ibn Odina Muhammadning nomi yozilgan. Masjid dastlab Xiva xoni Muhammad Rahimxon hukmronligi davri (1806—1825)da taʼmir etilgan boʻlib, taʼmir jarayonida yangi ustunli ayvon va qorixona qurilgan[4].
Masjid binosida bugungi kunga kelib „Bir gumbaz“ oshxonasi xizmat koʻrsatmoqda.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 27-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 27-oktyabr.
- ↑ „Shayx Muxtor Vali masjidi“ (uz). Xiva. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.
- ↑ „Shayx Muxtor Valiy Maqbarasi“. meros.uz. Qaraldi: 2023-yil 26-oktyabr.