Said ota masjidi (Xiva)
Masjid | |
Said ota masjidi
Yor Muhammad Devon masjidi | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Hudud | Xiva |
Manzil | „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 26-uy |
Mulkdor | Davlat mulkiga qarashli |
Masjid turi | Masjid |
Meʼmoriy uslub | Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi |
Binokorlik | XVIII asr—XIX asr |
Umumiy maydoni | 8,95x13,5 m |
Said ota masjidi (yoki Yor Muhammad Devon masjidi) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Aksariyat manbalarga koʻra, masjid XVIII asrga tegishli boʻlib, XIX asr boshida, 1806—1825-yillar orasida hozirgi koʻrinishini olgan. Bugungi kunda „Ichan-qalʼa“ MFY, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 26-uyda joylashgan. Masjidni Ichan qalʼaning janubi-gʻarbiy qismiga Yor Muhammad Devon qurdirgan.
Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bugungi kunda Said ota nomi bilan ataladigan ushbu masjidni aslida XIX asrning boshida, Xiva xoni Muhammad Rahimxon I hukmronligi davrida (1806—1825) Yor Muhammad devon (devonbegi) mablagʻlari hisobiga bunyod qildirgan. Aksariyat manbalarda masjid XVIII asrda qurilgani aytiladi. Bir gumbazli hamda oldi ayvonli qilib qurilgan masjid Said Aloviddin maqbarasining janubida joylashgan va Abdurasulboy madrasasining sharq tomonidagi devoriga yopishtirib qurilgan[3].
Munis va Ogahiy kabi tarixchilarning asarida Yor Muhammad devonbegining xonlikdagi faoliyati haqida koʻplab maʼlumotlar keltirilib oʻtilgan, jumladan ulardan birida shunday yoziladi: “(U) xonning oʻz sir-asrorlariga sherik qiladigan eng yaqin kishisidir”. Masjidning mehrobi ustida saqlanib qolgan yozuvlardan va aholi orasidagi rivoyatlardan Yor Muhammad devonbegining paygʻambar avlodidan boʻlgan ekanligi maʼlum boʻladi. Masjid bugungi kunda qayta taʼmirdan chiqarilan[4]. Ayrim manbalarga koʻra, Abdurahmon ismli shaxs rahnamoligida 1988—1989-yillarda tiklangan[5].
Qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said ota masjidining umumiy tarhi 8,95x13,5 m ni tashkil etadi, xonaqoh murabba tarhli (6,3x6,3 m), gumbazi tomli, ayvoni oldida biroz turtib chiqqan. Ichki devoridagi ravoqlari xonani keng koʻrsatadi. Masjid bezaksiz, sirti ganch bilan suvalgan. Ayvon mehrobiga sirli oʻyma parchinlar qoplangan. Yogʻoch oʻymakorligida ishlangan ustunlari diqqatga sazovor. Tarhiga koʻra masjid toʻrtburchak shakliga oʻxshaydi va uning ikki tomoni gʻarbga qaratilgan. Biroq, keyinchalik masjid kub tuzilishiga ega boʻlgan. 1983-yilda qayta taʼmirlangan[6].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Yor Muhammad Devon (Saidota) masjidi“. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Sayyid ota masjidi“. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ „Yar Muhammad Devon Mosque“. Qaraldi: 2023-yil 28-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |