Otamurod matriza qushbegi masjidi
Otamurod matriza qushbegi masjidi | |
---|---|
Ota Murod qushbegi masjidi | |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Masjid |
Manzili | „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 40-uy |
Shahar | Xiva |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°24′08″N 60°21′38″E / 41.40221137311101°N 60.36054609395689°E / 41.40221137311101; 60.36054609395689 |
Qurilishi boshlangan | XVIII asr |
Qurilishi tugagan | 1800-yil |
Egasi | Davlat mulkiga qarashli |
Otamurod matriza qushbegi masjidi (yoki Ota Murod qushbegi masjidi) — Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik. Masjidni XVIII—XIX (1800-yil) asrlarda xon qushbegisi Otamurod Matriza qurdirgan. Bugungi kunda yodgorlik „Ichan qalʼa“ mahallasi, Boʻyoqchilar koʻchasi, 40-uyda joylashgan.
Masjid Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan[1]. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulki hisoblanadi[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Otamurod matriza qushbegi masjidi 1800-yilda Xiva xonligida qushbegi (vazir) lavozimida ishlagan Otamurod (manbalarda Ota Murod) qushbegi tomonidan qurdirilgan. 1837-yili Otamurod qushbegi Xiva xoni Muhammad Aminxon shaxsiga oid yomon soʻzlarni aytgani uchun qatl etilgan. Masjidning yozgi ayvonidagi marmar ustun tagida hijriy 1232-yilga oid marmar lavha oʻrnatilgan boʻlib, bu milodiy yil hisobida 1816-yilga toʻgʻri keladi. Otamurod qushbegining oʻgʻli Muhammadrizo (Matriza) 1837-yildagi otasinining vafotidan soʻng, masjidni yangidan qurdirdi. 1846-yilda Muhammad Aminning Xiva xonligi taxtiga oʻtirishida Otamurod Matriza qushbegi katta hissa qoʻshgan[3].
Otamurod matriza qushbegi masjidi Ichan qalʼa hududida, Koʻhna Arkdan shimol tomonda joylashgan. Xivadagi deyarli barcha masjidlarga xos boʻlgan minora bu masjidda ham boʻlgan, ammo u bugungi kungacha saqlanib qolmagan.
Qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Otamurod matriza qushbegi masjidi shimolga qaragan 28,7 metr uzunlikdagi toʻrtburchak maydonga qurilgan[4]. Masjidda koʻp ustunli yozgi ayvon va kvadrat shaklida bunyod qilingan qishki masjid mavjud. Yozgi ayvonining toʻrida, qibla tomonida mehrob joylashgan, mehrobning oʻng tomonida vaʼzxonlik uchun minbar, chap tomonida esa qishki masjidga kirish eshigi va Qurʼon oʻqiladigan maxsus joylar oʻrin olgan. Mehrob arkasimon qilib qurilgan va ganch bilan bezatilgan. Masjidning yozgi ayvonidagi yogʻoch oʻymakorligi bilan ishlangan ustunlari diqqatga sazovordir. Yozgi ayvonning 6 ta ustuni qurilish texnikasi boʻyicha juda mukammal holda arxitekturaviy kompozitsiyaga xos ravishda qurilgan[3].
Masjid xonaqoh, oʻng va ters ayvon hamda 2 ta qoʻshimcha xonadan iborat. Binoga sharqiy tarzdagi peshtoq orqali kiriladi. Kiraverishda 3 gumbazli xona va kichik minora bor. Xonaning shimoli-sharqiy burchagini miyonsaroy va 2 ta qoʻshimcha xona egallagan. Janubdagi ters ayvondan hovliga chiqiladi. Uning qarshisidagi oʻng ayvon 6 ta ustunli, markazidagi mehrob muqarnas naqshlar bilan bezatilgan. Orqasidagi xonaqoh tomi tekis toʻsinlar bilan yopilgan. Toʻsinlar 4 ta ustunga tayangan. Masjid Xorazm turar joylariga xos uslubda qurilgan. Ustunlari oddiy, poyustunlari marmardan, xonaqoh va ayvon devorlariga namoyonlar ishlangan[5].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Тарихий, бадиий ёки ўзга маданий қимматлилиги туфайли гаров ва ипотека қўлланилиши мумкин бўлмаган объектлар рўйхати (ЎзР ВМ 05.12.2014 й. 335-сон қарорига илова) | Majburiyatlar va shartnomalar toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar | Oʻz kuchini yoʻqotgan hujjatlar | Fuqarolik va oila qonunchiligi | OʻzR KonunchiligiMaʼlumotlar tizimi „Tarixiy, badiiy yoki oʻzga madaniy qimmatliligi tufayli garov va ipoteka qoʻllanishi mumkin boʻlmagan obʼektlar roʻyxati (OʻzR VM 05.12.2014 y. 335-son qaroriga ilova)“ | NRM.uz“. nrm.uz. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.
- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.
- ↑ 3,0 3,1 „«Ota Murod Qushbegi» masjidi“. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.
- ↑ „Ota Murod Qushbegi Mosque“. Qaraldi: 2023-yil 29-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |